Shunday illat borki, u qotillik, zino, o'g'irlik kabi razilliklarning kalitidir. U na din biladi, na millat. Har qanday jamiyatni emirib, erkagu ayol, yoshu qarini birdek domiga tortib, ikki dunyosini kuydiradi. Uning kasriga bolalar etimu majruh, oilalar parokanda, farzandlar oqpadar, yoshlar bevaqt hayotdan ko'z yumadi. Unga asr vabosi deya ta'rif berilishi ham bejiz emas.
Birlashgan millatlar tashkilotining ma'lumotlariga ko'ra, so'nggi yillarda giyohvand moddalar iste'mol qiluvchilar soni tobora ortmoqda. Hususan, o'tgan yili dunyo bo'ylab 15-64 yoshgacha bo'lgan aholining qariyb 5,5 foizi ilk bor giyohvand modda iste'mol qilgan bo'lsa, 36 yarim million kishi giyohvandlikka mubtalo bo'lgan. 2030 yilga borib, dunyo bo'yicha zaqqum iste'molchilari 11 foizga oshishi taxmin qilinmoqda. Afsuski, bu borada respublikamizda ham holat qoniqarli emas.
Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent shahar filiali ma'lumotlariga ko'ra, giyohvand modda iste'mol qiluvchilar 2019 yilda salkam uch 2020 yilda esa to'rt foizga yaqinlashgan. Raqamlarning bunday o'sishi tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi moddalar mavjud bo'lgan dori vositalarining ham sezilarli ulushi bor. Afsuski, keyingi paytda bu dori vositalariga ruju qo'yish holatlari ham borgan sari ko'paymoqda.
Achinarlisi, ularning aksariyatini yoshlar tashkil etmoqda. Boisi, ularning qiziquvchan, yangilikka o'ch va irodasizligidir. Bu esa zahri qotil ta'siriga tushish uchun etarli omil bo'lmoqda.
Agar biror kashandadan chekishni qachon boshlaganini so'rasangiz aksariyati yoshligida qiziqib tamaki chekkanini, keyin bunga o'rganib qolganini ta'kidlaydi. Giyohvandlik ham ana shu oddiy qiziqishdan boshlanib keyinchalik yomon oqibatlar bilan yakunlanadi. Buni bila turib amal qilmaydiganlar oramizda topiladi. Buning hayotiy misollarini yon-atrofimizda, ayrim mahallayu qishloqlarda uchratish mumkin.
Yaqinda mahallamiz maktabi yonidan o'tarkanman, bir burchakda yashirincha tamaki tutayotgan o'smirlarga ko'zim tushib, maktab chog'larim yodimga keldi...
Sinfimizda ham uch-to'rt nafar sigareta chekuvchi bolalar bo'lardi. Ularning yoshlikdagi qiziqishi yillar o'tib odatga, keyinchalik illatga aylandi. Ya'ni yashirincha sigareta chekkan, aroqqa mehr qo'ygan yigitlar yillar o'tib o'tkir ta'sir qiluvchi moddalarni tatib ko'rishdi. Natijada taqdir yo'llarida ko'p bor adashdi, yiqildi, na oila, na vatan qildi. Dunyodan hech vaqo ko'rmay o'tib ketganlari ham bor.
Albatta, hech kim farzandini giyohvand bo'lishini istamaydi. Biroq bunga ruju qo'yayotganlar qayerdan paydo bo'lyapti?
Buning sabablari o'rganilganda, avvalo, insonlarning ruhiyatidagi salbiy kechinmalar va genetik moyilliklar omil bo'layotgani aniqlangan. Hususan, muammolar va qiyinchilikdan qochish, farzandga bee'tiborlik, bolani haddan ortiq erkalash, ichki kechinmalar, qiziquvchanlik, o'z hayotidan qoniqmaslik, turli nizolar, yolg'izlik kabi omillar giyohvandlikka turtki berarkan. Shu bilan birga, bu illat bolaga ota-onadan qon orqali o'tishi ham tadqiqotchilar tomonidan isbotlangan. E'tiborlisi, mazkur sabablarning aksari ota-ona va oilaviy muhitga borib taqaladi.
Demak, muammoning nozik nuqtasi oiladir. Giyohvandlik illatining oldini olish uchun oilalarni, ota-onalarni isloh qilish shart. Ularni isloh qilishning birdan-bir yo'li islomdir. Muqaddas dinimiz kishini odob-axloqqa, halollikka chaqiradi, xaromdan tiyiltiradi. Eng asosiysi, farzandni barkamol bo'lib voyaga etishiga, turli illatlardan xoli bo'lishiga asos bo'ladi. Ayniqsa, inson sog'lig'iga salbiy ta'sir etuvchi eguligu ichimliklar iste'mol qilishni man etadi.
Bu borada Qur'on karimda bunday deyiladi: “Ey odamlar, erdagi halol-pok narsalardan tanovul qilingiz va shaytonning izlaridan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara surasi 168-oyat) deyilgan.
Shuningdek, Moida surasida: «Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va yomon ko'rishlikni solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan to'sishni xohlaydi» (91-oyat) deya marhamat qilinadi. Oyati karimada xamr, ya'ni mast qiluvchi narsalar bilan yomonliklar, shaytoniy qilmishlar ortishi ta'kidlanmoqda. Shu bois turli jirkanch jinoyat ishlariga nazar tashlasangiz, ko'pincha uni giyohvand modda ta'sirida amalga oshirilganining guvohi bo'lasiz. Demak, zaqqum iste'mol qilish butkul shayton izmiga bo'ysunish va ikki dunyoni kuydirish bilan barobardir.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Ummu Salama roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam har bir mast qiluvchi va bo'shashtiruvchidan qaytardilar» (Imom Abu Dovud rivoyati) deyilgan.
Demak, inson salomatligiga salbiy ta'sir etuvchi har qanday eguligu ichimlikdan tiyilmoq kerak. Afsuski, sarxush qiluvchi narsalarni bir tatib ko'rgan kishi nafsini boshqara olmay, yana iste'mol qilgisi keladi. O'zida unga qarshi kuch, iroda topa olmaydi. Unga qaram bo'lmaslikning eng yaxshi yo'li esa umuman og'izga olmaslikdir. Buning uchun esa farzandarimizni imon-e'tiqodli qilib tarbiyalash, xarom-halolni chuqurroq anglatish kerak. Shundagina ular nomaqul ishlarga ham qo'l urmaydilar.
Bir so'z bilan aytganda, dinimiz ko'rsatmalariga amal qilib yashasak, nafaqat o'zimizni balki farzandlarimizni ham turli balolaru zahri qotillardan asragan bo'lamiz. Eng asosiysi, zurriyotlarimiz jinoyatchi, giyohvandlar emas, balki orqamizdan duo qilguvchi solih insonlar bo'lishi tayin.
Bobur MUHAMMADIYeV
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi