Tahririyatga turli mavzudagi xatlar keladi. Shulardan birida bunday deyiladi.
“Assalomu alaykum, “Hidoyat” jurnali tahririyati. Sizlardan yordam umidida xat yo'llamoqdaman.
Aksariyat hamqishloqlarim dehqonchilik va mavsumiy ishlar shug'ullangani bois, gohida ishsiz qoladi. Bekorchilikdan esa turli nomaqulchiliklar yuzaga keladi. Ayniqsa, turli yoshdagi er-yigitlar ko'cha-mahalla boshlarida to'planib, kuni bo'yi suhbatlashib, karta, narda o'ynab o'tiradi. Ularning biror kishiga ziyoni tegmaydi. Lekin ko'chadan o'tayotgan ayolu qizlargaa qiyin. Bir tasavur qilib ko'ring, 10-15 chog'lik yigit sizga bir nazar solsa qay ahvolga tushasiz. Hatto erkak kishi ham bir seskanadi. Ayollarniku qo'yavering. Qishlog'imizga biror uzoqroqdan mehmon kelsa, bu manzaradan hayratga tushadi. Nahotki, “ Nahot, shunday bekor yurasizlarmi?” deya. Bir necha bor ularga vaqtni behuda sarflamasliklari uchun nasihat qildim. Gapim zoye ketdi. Shunga sizlardan mana shu kabi insonlarga vaqtni bekor o'tkazish, umrni befoyda ishlarga sarflash haqida maqolalar berib, pand-nasihat qilsangizlar, deya iltimos qilmoqdaman”.
Darhaqiqat, kuyunchak jurnalxonning gaplarida jon bor. Ba'zi qishloqlarimizda bunday holat odat tusiga kirgan. Biroq hamma ham ko'chaning o'z odoblari borligini bilishmaydi. Bu haqda Abu Sa'id Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:“Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Yo'llarda o'tirishdan ehtiyot bo'linglar”, dedilar. “Ey Allohning Rasuli, biz gaplashib o'tirishga majbur bo'lamiz,” deyishdi. Shunda u zot: “Agar o'tirsangiz, yo'lning haqqini ado qiling”, dedilar. “Yo'lning haqqi nima ey Allohning Rasuli”, deyishdi.“Ko'zni tiyish, ozor bermaslik, amru ma'ruf va naxyi munkar,” dedilar.
Bizning suhbatlarimizda shu odoblar bormikin?
Yana bir gap. Ayrim joylarda har kunini oshxo'rlikda o'tkazayotgan erkaklar ham bor ekan. Ularga biror nima deb ko'ringchi, gohidagi tinimsiz mehnatiyu yoki umuman ish yo'qligini pesh qiladi. Bir qaraganda ularning so'zlari to'g'ridek, guyo... Biroq zamon tezlashib, insoniyat ilmda butun koinotni zabt etayotgan bir paytda biz qorin g'amida yashashimiz to'g'rimikin? O'zimiz shunday bo'lsak, kelajakda farzandlarimiz kim bo'ladi? Musulmon kishi har jabhada o'rnak bo'lishi lozim emasmi?
Afsuski, vaqtdan unumli foydalanish borasida xalqimiz ancha nunoqligi bor gap. Telekanallarning ko'pligi, ayniqsa, internetning keng tarqalishi bu narsani yanada oshirdi. Chunki umrini televizor, internet qarshisida o'tkazayotganlar kam emas.
Qadimda ota-bobolarimiz vaqtdan unumli foydalanish maqsadida ko'proq diniy ilmlariini mustahkamlash payida bo'lib, imkoni etguncha adabiyot bilan ham oshno bo'lgan. Bu esa ularning ma'naviy olamining yuksalishiga xizmat qilgan. Bugun-chi? Bu savolga javob topish o'ta mushkul.
Dinimiz ta'limotiga ko'ra, musulmon kishi har bir so'zi, amali va umrini nima bilan o'tkazgani haqida Alloh taolo oldida hisob beradi. Bu haqda quyidagicha hadis kelgan: “Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Qiyomatda kunida banda oyoqda turar ekan, to'rt xislat borasida so'raladi: umrini nima bilan o'tkazgani, yoshligini nimaga ketkazgani, mol-mulkini qayerdan ishlab topgani va qayerga sarflagani, ilmiga qanday amal qilgani”( Imom Bazzor va Imom Tabaroniy rivoyati).
Bir o'ylab ko'ring, hayotimizni nimaga sarflaganimiz haqida Haq taologa qanday hisob beramiz? Vaqtimizni behuda suhbatlaru choyxonalarda o'tkazdik debmi? Yoki ilm xususida so'rasa-chi? Biror kitob o'qimadim, sharoitim yo'q edi, deya olamizmi?
Shunday ekan imkon borida, vaqtning, umrning qadrini bilaylik.
Bobur MUHAMMAD
“Hidoyat” jurnali
2022 yil 2-son
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Doktor Muhammad Rotib Nobulsiy aytadilar: “Damashqlik ustozim 97 yoshda bo‘lsalarda, tetik, hatto tishlari ham soppa-sog‘, ko‘zlari ravshan edi. Qiziqib buning sababini so‘raganimizda: “Yoshligimizda a’zolarimizni gunohlardan asragandik, qariganimizda Alloh taolo ularning xizmatidan bizni mahrum etmadi”, deb javob berdilar”.
Alloma Tabariy rahimahulloh 70 yoshida ham kemadan quruqlikka sakrab tushardilar. Yoshlar taajjublanib: “Buncha kuch-quvvat qayerdan?” deb so‘rashganda, u zot: “Biz a’zolarimzni yoshligimizda gunohlardan saqlagan edik, qariganimizda esa Alloh taolo ularni biz uchun saqlab qoldi”, dedilar.
Tobe’in Hasan Basriy rahmatullohi alayh yoshlari 90 dan oshgan bo‘lsada dalada ishlardilar. Buni ko‘rgan odamlar: “Yoshligingni qanday saqlab qolding?” deb so‘rashdi. Hasan Basriy rahimahulloh: “Men yoshligimni saqlab qoldim, Alloh esa keksaligimni saqlab qoldi”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir”, deganlar. Boshqa bir rivoyatda “Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi (nomahramga) qarashdir”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD