Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Har bir soniyaga so'roq bor

23.05.2022   1548   4 min.
Har bir soniyaga so'roq bor

Tahririyatga turli mavzudagi xatlar keladi. Shulardan birida bunday deyiladi.

Assalomu alaykum, “Hidoyat” jurnali tahririyati. Sizlardan yordam umidida xat yo'llamoqdaman.

Aksariyat hamqishloqlarim dehqonchilik va mavsumiy ishlar shug'ullangani bois,  gohida ishsiz qoladi. Bekorchilikdan esa turli nomaqulchiliklar yuzaga keladi.  Ayniqsa, turli yoshdagi er-yigitlar ko'cha-mahalla boshlarida to'planib, kuni bo'yi suhbatlashib, karta, narda o'ynab o'tiradi. Ularning biror kishiga ziyoni tegmaydi. Lekin ko'chadan o'tayotgan ayolu qizlargaa qiyin. Bir tasavur qilib ko'ring, 10-15 chog'lik yigit sizga bir nazar solsa qay ahvolga tushasiz. Hatto erkak kishi ham bir seskanadi. Ayollarniku qo'yavering. Qishlog'imizga biror uzoqroqdan mehmon kelsa, bu manzaradan hayratga tushadi. Nahotki, “ Nahot, shunday bekor yurasizlarmi?” deya.  Bir necha bor ularga vaqtni behuda sarflamasliklari uchun nasihat qildim. Gapim zoye ketdi. Shunga sizlardan mana shu kabi insonlarga vaqtni bekor o'tkazish, umrni befoyda ishlarga sarflash haqida maqolalar berib, pand-nasihat qilsangizlar, deya iltimos qilmoqdaman”.

Darhaqiqat, kuyunchak jurnalxonning gaplarida jon bor. Ba'zi qishloqlarimizda bunday holat odat tusiga kirgan. Biroq hamma ham ko'chaning o'z odoblari borligini bilishmaydi. Bu haqda Abu Sa'id Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:“Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Yo'llarda o'tirishdan ehtiyot bo'linglar”, dedilar. “Ey Allohning Rasuli, biz gaplashib o'tirishga majbur bo'lamiz,” deyishdi. Shunda u zot: “Agar o'tirsangiz, yo'lning haqqini ado qiling”, dedilar. “Yo'lning haqqi nima ey Allohning Rasuli”, deyishdi.“Ko'zni tiyish, ozor bermaslik, amru ma'ruf va naxyi munkar,” dedilar.

Bizning suhbatlarimizda shu odoblar bormikin?

Yana bir gap. Ayrim joylarda har kunini oshxo'rlikda o'tkazayotgan erkaklar ham bor ekan. Ularga biror nima deb ko'ringchi, gohidagi tinimsiz mehnatiyu yoki umuman ish yo'qligini pesh qiladi. Bir qaraganda ularning so'zlari to'g'ridek, guyo... Biroq zamon tezlashib, insoniyat ilmda butun koinotni zabt etayotgan bir paytda biz qorin g'amida yashashimiz to'g'rimikin? O'zimiz shunday bo'lsak, kelajakda farzandlarimiz kim bo'ladi? Musulmon kishi har jabhada o'rnak bo'lishi lozim emasmi?

Afsuski, vaqtdan unumli foydalanish borasida xalqimiz ancha nunoqligi bor gap. Telekanallarning ko'pligi, ayniqsa, internetning keng tarqalishi bu narsani yanada oshirdi. Chunki umrini televizor, internet qarshisida o'tkazayotganlar kam emas.

 Qadimda ota-bobolarimiz  vaqtdan unumli foydalanish maqsadida ko'proq diniy ilmlariini mustahkamlash payida bo'lib, imkoni etguncha adabiyot bilan ham oshno bo'lgan. Bu esa ularning ma'naviy olamining yuksalishiga xizmat qilgan. Bugun-chi? Bu savolga javob topish o'ta mushkul.

Dinimiz ta'limotiga ko'ra, musulmon kishi har bir so'zi, amali va umrini nima bilan o'tkazgani haqida Alloh taolo oldida hisob beradi.  Bu haqda quyidagicha hadis kelgan: “Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Qiyomatda kunida banda oyoqda turar ekan, to'rt xislat borasida so'raladi: umrini nima bilan o'tkazgani, yoshligini nimaga ketkazgani, mol-mulkini qayerdan ishlab topgani va qayerga sarflagani, ilmiga qanday amal qilgani”( Imom Bazzor va Imom Tabaroniy rivoyati).

Bir o'ylab ko'ring, hayotimizni nimaga sarflaganimiz haqida Haq taologa qanday hisob beramiz? Vaqtimizni behuda suhbatlaru choyxonalarda o'tkazdik debmi? Yoki ilm xususida so'rasa-chi? Biror kitob o'qimadim, sharoitim yo'q edi, deya olamizmi?

Shunday ekan imkon borida, vaqtning, umrning qadrini bilaylik.

Bobur MUHAMMAD

 

“Hidoyat” jurnali

2022 yil 2-son

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir

23.12.2024   834   3 min.
Farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

أَلْعِلْمُ فِى الصِّغَرِ كَالنَّقْشِ فِى الْحَجَرِ

Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir.

Ilm olish uchun eng afzal davr bu insonning yoshlik chog‘idir. Chunki yoshlikda bolaning xotirasi kuchli bo‘ladi. Bu vaqtda olingan ilm bola xotirasida uzoq vaqtgacha saqlanib qoladi. Shuningdek, yoshlikda har xil tashvish va yumushlardan uzoq bo‘lgan bolaning fikri faqat o‘qishda bo‘lib, natijada u ilmni yaxshi o‘zlashtiradi. Katta bo‘lib, ishlari ko‘paygach, fikri bo‘linadi yoki ilm olishga vaqt ajratolmay qoladi.

Afsuski, aksariyat bolalar ayni ilm olish payti kelganda ham o‘yin-kulgi va bekorchi mashg‘ulotlar bilan ovora bo‘lib yuraveradilar. Ota-onalari ham: “Hali farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir”, deya bunga beparvo qaraydilar. Aslida bola taxminan 3-4 yoshlarida xotirasi eng yaxshi ishlaydigan davr bo‘ladi. O‘sha paytdan boshlab, bolani sekin-asta ilmga jalb qilish yaxshi natija beradi.

So‘zimizni dalili sifatida bir misol keltiramiz. Mashhur alloma bobomiz Abu Ali ibn Sino 4 yoshida Qur’oni karimni to‘liq yod olgan. Bundan tashqari, tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa fanlarni chuqur o‘zlashtirgan. O‘n sakkiz yoshigacha hayotida kerak bo‘ladigan barcha ilmlarni mukammal o‘rganib, mashhur olim, tabib darajasiga ko‘tarilgan. Bundan kelib chiqadiki, ota-onalar farzandlarini yoshlik davridan unumli foydalanib, kerakli ilmlarni egallashlari uchun qulay sharoitlarni ta’minlab berishlari lozim.

 

مَنْ لَمْ يَتَعَلَّمْ صَغِيرًا لَمْ يَتَقَدَّمْ كَبِيرًا

Kim yoshlik chog‘ida ilm olmasa, katta bo‘lganida yuksalmaydi.

Ushbu maqolni ikki xil ma’noda tushunish mumkin:

1. Kim yoshlik chog‘ini g‘animat bilib, ilm egallamasa, katta bo‘lganida bunga iloj topa olmaydi. Kishining yoshi keksaygan sari uning xotirasi pasayishi ham bor haqiqat.

2. Kim yoshligida ilm olmasa, katta bo‘lganida biron pog‘onaga ko‘tarila olmaydi, insonlar orasida ham eng keyingi o‘rinda turadi, chunki uning ilm-ma’rifati yo‘q. Ilm insonni yuksaltiradi va ravnaq topishiga yordam beradi. (Lekin, o‘rni kelganida shuni ham aytib qo‘yish lozimki, ilm faqat biron martabaga erishish uchungina o‘rganilmaydi).

 

يُطَيَّبُ القَلْبُ لِلْعِلْمِ كَمَا تُطَيَّبُ الأَرْضُ لِلزِّرَاعَةِ

Yer ekin ekish uchun tozalangani kabi qalb ham ilm uchun tozalanadi.

Ilmning makoni qalbdir. Ma’lumki, ilm ezgulik va nurdir. Kishi ilmni puxta egallash uchun qalbini turli xil ma’naviy illatlar, jumladan kibr, hasad, gina, kudurat, g‘iybat va shu kabilardan tozalashi lozim. Ushbu kamchiliklar bor qalbga ilm yaxshi o‘rnashmaydi, tezda unutiladi yoki biron manfaat keltirmaydi. Shuning uchun ilm olishga kirishayotgan kishi birinchi navbatda qalbini tozalashi, so‘ngra yaxshi niyat bilan ilm tahsliga o‘tishi kerak.

Bola yoshligida xotirasi kuchli, qalbi toza va beg‘ubor bo‘ladi. Bunday paytda olingan ilm har taraflama pishiq va mustahkam bo‘ladi. Demak, ota-onalar bu borada mas’uliyatliroq bo‘lsalar, farzandlarining kamolga yetib, olim bo‘lib, dini va yurtiga foydasiga tegadigan chin inson bo‘lishida hissa qo‘shgan bo‘ladilar.

 

Odilxon qori Ismoilov

 

Maqolalar