Tafsir
بِسْمِ اللهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ
يَاأَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَقُولُوا قَوْلًا سَدِيدًا. يُصْلِحْ لَكُمْ أَعْمَالَكُمْ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَقَدْ فَازَ فَوْزًا عَظِيمًا. إِنَّا عَرَضْنَا الْأَمَانَةَ عَلَى السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَالْجِبَالِ فَأَبَيْنَ أَنْ يَحْمِلْنَهَا وَأَشْفَقْنَ مِنْهَا وَحَمَلَهَا الْإِنْسَانُ إِنَّهُ كَانَ ظَلُومًا جَهُولًا
«Ey mo'minlar! Allohdan qo'rqingiz va to'g'ri so'zlangiz! (Shunda Alloh) ishlaringizni o'nglar va gunohlaringizni mag'firat etar. Kimki Allohga va Uning payg'ambariga itoat etsa, bas, u ulug' yutuqqa erishibdi. Biz (bu) omonatni (chin bandalik omonatini) osmonlarga, Yerga va tog'larga taklif etdik, ular uni ko'tarishdan bosh tortdilar va undan qo'rqdilar. Inson esa uni o'z zimmasiga oldi. Darhaqiqat, u (o'ziga) zulm qiluvchi va nodondir»(Ahzob surasi, 69–71-oyatlar).
Alloh taolo mo'min bandalariga taqvodor bo'lishni, xuddi U zotni ko'rib turgandek ibodat qilishni buyurdi. Allohdan qo'rqqan va U zotni ko'rib turgandek ibodat qiluvchi kishi to'g'riso'z bo'ladi.
Oyatdagi “...to'g'ri so'zlangiz”dan murod istiqomatda bo'lish, qing'ir-qiyshiq yo'llarga yurmaslik va o'zgarmaslikdir. Agar bandalar shunday qilsalar, Alloh taolo ularning amalarini isloh etishni va'da qilmoqda. Ya'ni, biz to'g'ri yo'lda yursak, Rabbimiz bizni solih amallarga muvaffaq qiladi hamda gunohlarimizni afv etadi.
Ikrima roziyallohu anhu oyatdagi “to'g'ri so'z”ni “Laa ilaha illalloh” degan. Ayrim olimlar barcha haq va ishonchli so'z “to'g'ri so'z” ekanini ta'kidlashgan.
Imom Zamaxshariy rahmatullohi alayh “Kashshof” asarida: “Tilni yolg'ondan tiyish va har doim to'g'ri so'zlash har bir yaxshilikning boshidir”, degan. Ajdodlarimiz buyuk mufassirning ana shu gapiga asoslanib: “Boshingga qilich kelsa ham, rost so'zla”, degan va bu gap ko'p ishlatilgani bois maqol darajasiga etgan.
“Kimki Allohga va Uning payg'ambariga itoat etsa, bas, u ulug' yutuqqa erishibdi”. Rabbisiga itoatli va Payg'ambarining sunnatlariga so'zsiz bo'ysungan kishi do'zaxdan ozod bo'lib, jannatga kirishi bayon etilyapti.
Ibn Abu Hotim Abu Hurayra va Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisni keltiradi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizga peshin namozini o'qib berdilar. Namoz tugagach, qo'llari bilan ishora qildilar, biz o'tirdik. U zot: “Menga Alloh taolo sizlarga Allohdan qo'rqish va to'g'ri so'zlashni buyurishimni amr etdi”, dedilar. So'ngra ayollarning oldiga kelib: “Menga Alloh taolo sizlarga Allohdan qo'rqish va to'g'ri so'zlashni buyurishimni amr etdi”, dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).
Ibn Abu Dunyo “Taqvo” kitobida Oysha onamizdan rivoyat qilingan hadisni keltiradi. Oysha roziyallohu anho aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam minbarga chiqqanlarida u zot: “Ey mo'minlar! Allohdan qo'rqingiz va to'g'ri so'zlangiz!” oyatini ko'p o'qir edilar».
Ibn Abbos roziyallohu anhumo: “Kimni insonlarning eng ulug'i bo'lish xursand etsa, Allohdan qo'rqsin”, degan.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: «Alloh taolo Odam alayhissalomga aytdi: “Men omonat (farzlar)ni osmonlaru Yerga hamda tog'larga taklif qildim. Ular: “Ey Rabbimiz, u nimalardan iborat?” deyishdi. Men: “Agar yaxshilik qilsangiz, mukofotini ko'rasiz, yomonlik qilsangiz, jazolanasiz”, dedim. Ular: “Ey Rabbimiz, biz bunga toqat qila olmaymiz. Bordi-yu, uni bizga yuklasang, jiddu jahd qilamiz”, deyishdi.
Alloh taolo Odam alayhissalomga: “Sen ularni o'z zimmangga olasanmi?” dedi. Odam alayhissalom: “Ey Rabbim, ular nimalar?” dedi. Alloh taolo: “Agar yaxshilik qilsang, mukofotini ko'rasan, agar yomonlik qilsang, jazolanasan”, dedi. Shunda Odam alayhissalom omonatni zimmasiga oldi.
Imom Termiziy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisda: “Odam alayhissalom omonatni qabul qilib olgach, ko'p o'tmay jannatda uni ko'tara olmasdan taqiqlangan daraxt mevasidan eb qo'ydi”, deyilgan.
Imom Molik Zayd ibn Aslamdan rivoyat qiladi: “Omonat uch xil: 1) namoz; 2) ro'za; 3) janobatdan poklanishdir”.
Bu so'zlar aslo bir-biriga zid emas, balki taklif hamda buyruqlar va qaytariqlarni qabul qilish jihatidan to'g'ridir. Chunki mukallaf kishi zimmasidagi buyruqlarni bajarsa, mukofot oladi, bajarmasa, jazolanadi.
Ibn Abu Hotim Hasan Basriydan rivoyat qiladi. Hasan Basriy “Biz (bu) omonatni (chin bandalik omonatini) osmonlarga, Yerga va tog'larga taklif etdik” oyatini tilovat qilgach, dedi: «Yulduzlar bilan bezatilgan etti qavat osmonga omonat taklif qilinib: “Bu omonatni zimmangizga olasizmi?” deyilganida, ular bosh tortdi. So'ngra tog'lar qoziq qilib mustahkamlangan etti qavat erga taklif qilinganida, Yer ham, tog'lar ham bosh tortdi».
Muqotil ibn Hayyon rahmatullohi alayh aytadi: «Alloh taolo maxluqotlarini yaratgach, insonlar va jinlarni, osmonlar va Yerni, tog'ni bir Yerga jamladi. Ularga omonat (toat)ni taklif qildi va kim bu taklifni qabul qilsa, unga jannatda fazl, ulug'lik va savob ko'p berilishini aytdi. Osmonlar “toqatimiz etmaydi”, erlar “sabrimiz etmaydi”, lekin: “Ey Rabbim, aslo Senga osiy bo'lmaymiz, itoat etamiz”, deyishdi.
Odam alayhissalom bu omonatni zimmasiga oldi. Odamning boshqa maxluqotlardan afzal va mukarram qilinishi boisi ham shundadir: u Rabbisining taklifiga so'zsiz itoat etib, ulug' fazlga erishdi».
Ha, azizlar, bizga otamiz Odam alayhissalomdan Alloh taologa itoat etish go'zal meros bo'lib qolgan. Ana shu merosga rioya qilib, Rabbimiz buyruqlariga labbay deb javob berish, qaytariqlaridan qaytish, Rasululloh sollallohu alayhi va salamning sunnatlariga rioya qilish orqali omonatni ado etgan bo'lamiz, inshoalloh.
“Ibn Kasir”, “Bahrul ulum”, “Kashshof” tafsirlari asosida
Tolibjon NIZOM tayyorladi.
Bir savdogar boy odam oshqozon-ichak kasalligidan azob chekib, ko‘p muolaja olgan, bir necha marta jarrohlik amaliyotini ham o‘tkazgan edi. Turli xil muolajalardan so‘ng ham ahvoli o‘nglanmadi. Bir kuni bu tashvishlardan juda zerikib ketdi va mashinasiga o‘tirib boshi oqqan tomonga qarab ketdi. Yo‘l-yo‘lakay, Nil daryosi bo‘yida joylashgan kichik bir qishloqcha yonida to‘xtadi. Uzoqdan bir dehqonni ko‘rib qoldi. Dehqon esa yerga to‘shalgan tuproqda o‘tirib, bir nima yeyish bilan band edi. Boy odam mashinasidan tushib, dehqonning ovqat yeyayotganini kuzata boshladi.
Dehqon uni ko‘rib qolib: "Mehmon bo‘ling, ovqatdan yeng, choy iching!" deb chaqirdi. Boy odam o‘zining ovqat yeya olmasligini tushuntirmoqchi bo‘ldi, ammo dehqon uning bahonasiga qaramay, uni taklif qilishda davom etdi. Axiri boy odam yerga to‘shalgan joyga o‘tirdi. Uning oldiga ovqat to‘la patnis qo‘yildi. Unda butun pomidorlar, bodring, ko‘katlar, salat bargi, pishirilgan bedana tuxumlari, non va ko‘mirda qaynatilgan choy bor edi.
Boy odam dehqonni xafa qilmaslik uchun bir dona pomidorni olib og‘ziga solmoqchi bo‘ldi. Dehqon unga: "Bismilloh" deb yegin, dedi. Boy "bismilloh"ni aytib pomidorni og‘ziga soldi. Biroq zum o‘tmay qornida qattiq og‘riq paydo bo‘lib, yerga yiqildi. Dehqon qo‘rqqanidan oilasi bilan uni uyiga olib kirib, yotoqxonaga yotqizishdi. Boy odam o‘zining dori-darmonlarini olib, og‘riqni bosishga urinish bilan ovora bo‘ldi.
Shu kecha dehqon uyidagi namozxonada qoim bo‘lib, boy odam uchun Allohdan shifo so‘rab, tinmay duo qildi. Saharga yaqin, boy odam dehqonning “Allohim, echkining haqqi bilan!” deb qo‘llarini duoga ochganini ko‘rib qoldi. Hayratda qolgan boy, dehqondan so‘radi: "Bu "echkining haqqi" nima degani?".
Dehqon shunday javob berdi: "Bu Alloh bilan mening oramdagi bir sir".
Boy odam dehqondan bu sirni ochishni so‘radi va holi joniga qo‘ymaganidan keyin dehqon hikoya qila boshladi: "Yoshligimda ishchi bo‘lib ishlardim, olgan maoshimni to‘plab, uylanish uchun saqlardim. Uylanishim uchun menga 100 junayh miqdorida mablag‘ zarur edi. Bir kuni qo‘shnimning qizi ikki egizak bola tug‘ib, onasi vafot etib qoldi. Qo‘shnimning boshi qotgan, bolalarni emizadigan ona kerak. Ammo qishloqda esa, o‘zini bolasiga qo‘shib yana ikki bolani emizadigan ayol yo‘q. Bolalarning ochlikdan yig‘lashlari menga eshitilgan sari yurak-bag‘rim ezilib ketadi. Shundan keyin men to‘yim uchun yig‘ib yurgan 35 junayh pulni olib, bozorga bordim. Bolalar uchun kiyim-kechak va uy uchun kerakli buyumlar sotib oldim va qo‘shnimga sezdirmay narsalarni uning hovlisiga kiritib qo‘ydim. Qo‘shnim narsalarni ko‘rib xursand bo‘ldi, ammo yana bu bilan qo‘shnimning muammosi hal bo‘lmasligini bilar edim.
Bir kecha tushimda bir shayx kelib: "Qo‘shningning hovlisiga echki bog‘la", dedi.
Ertalab turib, qolgan pulimga yangi bolalagan echki sotib oldim. Qo‘shnimning hovlisiga olib kirib bog‘ladim. Shundan keyin qo‘shnimning uyida bolalarning chinqirab yig‘lagan ovozi tindi. Qo‘shnim esa har kuni “Echkini olib kelgan odamga Allohning rahmati bo‘lsin!” deb duo qilar edi. Men uchun bu echki Alloh bilan oramdagi bir sir bo‘lib qoldi. Har qachon shu duo bilan Allohdan so‘rasam, Alloh qabul qiladi. Bu kecha echkining haqqi bilan senga shifo so‘rab Allohga duo qildim. Inshaalloh, Alloh senga shifo beradi, dedi. Boy odam dehqonning hakoyasini eshitdiyu, ammo unga unchalik e’tibor qilmadi.
Lekin shu voqeadan keyin yana bir marta shifokorning huzuriga tahlil uchun borganida shifokorning xulosasini eshitib hayratdan qotib qoldi. Chunki unga bir necha yillardan beri og‘riq azobini berib kelayotgan oshqozon va ichaklaridagi dardidan asar ham qolmagan edi.
Boy odam bu gapni eshitgach, shoshilgancha dehqonning huzuriga bordi va uning qo‘llarini o‘pib minnatdorchilik bildirdi va unga ham shunday savobli ishlar qilishni o‘rgatishini so‘radi. Dehqon esa uni qishloq bo‘ylab olib yurib, faqir va muhtojlarning uylarini ko‘rsatdi va har bir faqirning uyini oldida bir to‘xtab, unga: "Alloh bilan savdo qil!" dedi. Boy odam: - Qanday qilib Alloh bilan savdo qilish mumkin? deb so‘radi. Shunda dehqon: "Alloh bilan savdo qilishning yo‘llari ko‘p. Eng muhimi ixlos bo‘lsin. Shunda bir og‘iz shirin so‘zing ham sadaqa hisobida bo‘ladi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV