Asli dindan bo'lmagan narsani dinga kiritish "bid'at" deyiladi.
"Bid'at" so'zi "yangi paydo bo'lgan narsa" ma'nosini anglatadi.
Shar'iy istilohda esa, din komil bo'lgandan keyin unda paydo qilingan narsa bid'atdir.
Dinga yangilik kiritish xarom sanaladi. Nega desangiz, Islom dini Alloh taolo ko'rsatgan yo'l-yo'riqlardan iborat. Banda o'z aqliga, havoyi nafsiga suyanib dinga biror narsa kiritsa, qattiq adashibdi. Zero, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Dinda yangi paydo bo'lgan narsadan chetlaninglar. Har qanday yangi paydo qilingan narsa bid'at, har bir bid'at zalolatdir".
Yana bir hadisi sharifda: "Kim dinimizga-unda bo'lmagan narsani qo'shsa u qaytariladi" deyilgan.(buxoriy va muslim rivoyati)
Shuni ham aytib o'tish lozim: musulmonlar hayotida yangi paydo bo'lgan, Islom dini asosiga tegishli bo'lmagan narsalar bid'at hisoblanmaydi. Ya'ni dinga zid, din dalillariga, qoidalariga xilof har qanday bid'at rad qilinadi. Ammo dinga zid bo'lmagan, uning asoslariga tayangan xolda keyinchalik dinni ximoya qilish yoki musulmonlar hayotida qulaylik yaratish maqsadida joriy etilgan amallar rad etilmaydi.
Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qilishicha, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Kim Islomda yaxshi sunnat (ya'ni, yo'l) paydo qilsa, unga o'shaning, o'zidan keyin amal qilganlarning savobi kamaytirilmasdan beriladi" (muslim, nasoiy dorimiy rivoyati).
Bu erda aytilishicha, Islom shariatiga muvofiq yaxshi narsalarni joriy etish joiz. Uning savobi o'sha ishni boshlab bergan odamga yoziladi.
Bazilarimiz o'ylaganimizdek agar yangi paydo bo'lgan narsa bid'at bo'laversa, unda musulmonlar juda tang axvolda qolishardi. Zero, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam davrlarida Qur'oni karim ham kitob shakliga keltirilmagan, madrasalar qurilmagan, turli ilmlar alohida bo'lib shakllanmagan, va kitoblar ham yozilmagan edi. Albatta bularning barchasi keyin paydo bo'lgan.
Alloh taolo hammamizni xaq yo'ldan adashtirmasin.
Mashhad mozor masjidi imom xatibi A. Tursunov. Manba asosida tayyorladi.
Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.
Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati