Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam: “Ixtilof qilmanglar, yana qalblaringiz ixtilofli bo'lib qolmasin”, deb marxamat qilganlar.
O'tgan ulamo domlalarimiz dinda shariat ahkomlarini bajarishda musulmonlarni turli ixtiloflardan qaytarib, birdamlikka chaqirganlar.
Taajjubki, hozirgi zamonda, dindorlarga qarab dinlarga baho beriladigan bo'lib qolgan. Shu sababli, boshqalar, tirnoq ichidan kir qidirib, bular musulmonlik da'vosini qilishar edi, musulmonlik shu ekan-da, deyishlari mumkin.
Turli omillarga ko'ra dinimizdan uzoqlashgan xalqimiz, o'tmishda turli balo-ofatlarga giriftor bo'ldi, dinimizdan uzoqlashgani sari qoloqlikka uchradi, zaiflikka yuz tutdi va nihoyat, mustamlaka asoratida qoldi. Alaloqibat xalqimizning bir qismi xudosizlikka yuz tutdi. Dahriy tuzum xuddi shular yordamida yurtimizda dinimizdan asar ham qoldirmaslikka jon-jahdlari bilan kurashdilar.
Asrlar osha turli sharoitlarga qaramay, mujtahid ulamolarimiz tomonidan Qur'oni Karim va Sunnati Nabaviyyadan olib, xalq ommasiga imkon qadar ulab kelmoqdalar.
Ular ko'pchilik musulmon xalqlari qatori islom shariatini Hanafiy mazhabi orqali o'rganib, Hanafiy mazhabi bo'yicha hayotiga tatbiq qilib keldilar.
Lekin oxirgi paytga kelib, “bemazhab” atamasi ahli sunnaning so'zi e'tiborli olimlari tomonidan to'rt haq mazhabdan birida sobitlikni inkor etib, ijtihod da'vosi bilan o'rtaga chiqqan va ommani ham shunga undovchi kishilarning “biz mazhabga qaramaymiz, mazhabni bid'at deymiz, o'zimiz Qur'on va hadisdan ijtihod qilamiz, mazhab ahlidan emasmiz, biz sahobalar davridagi kabi ibodat qilamiz“ deb jar soluvchi bemazhablar paydo bo'ldi.
Sizu-biz etiqodiy betayin kimsalarga ergashmasdan, butun dunyo tan olgan to'rt buyuk imomlarning biriga ergashishligimiz, mazhabparast yoki mutaasib bo'lmasligimiz kerak. Ulug' ulamolarimiz, dono ajdodlarimiz me'rosini o'rganib, buni kelgusi avlodlarimizga etkazishga xarakat qilmog'imiz kerak
Muhammadxon Nuriddinov manbalar asosida tayyorlandi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati