Terrorning asl maqsadi Islom niqobi ostida obod yurtlarni buzish va tinch aholini sarosimaga solish ekanini xalqimiz to'g'ri tushunib etgan. Shu sababli azal-azaldan diyorimizda turli diniy-siyosiy oqimlarga salbiy munosabatda bo'lib kelingan. Ularning yurtimizga kirib kelishi va aholi orasida yoyilishiga katta din ulamolari bilan bir qatorda oddiy xalq ham qattiq qarshilik ko'rsatgan. Bundan ajdodlarimiz muqaddas dinimizni chuqur va to'g'ri anglaganliklari va uning nozik jihatlariga bir tomonlama yondoshmaganliklari ma'lum bo'ladi.
Lekin bugungi kunimizda turli chetdan kelgan, mutaassib guruhlarning yolg'on ig'volari va yot g'oyalariga aldanib qolayotgan yoshlarning uchrab turishi achinarli holatdir. Muqaddas islom dinimizning sof ta'limotlaridan bexabar yoshlarimiz islomga g'araz ko'zi bilan qarayotgan, uni dunyoga yomon otliq qilib ko'rsatishga harakat qilayotgan, bu yo'lda har qanday jirkanch va yolg'ondan tiyilmayotgan kishilarning asl yuzlarini tanimasdan ularga ergashmoqdalar. Ular yoshlarimiz ongiga musulmonlar yashaydigan yurtni boshqarib turgan hukumat va uning fuqarolari kofir, islom o'lkalarini kufr yurt, u erlarda terrorchilik harakatlarini amalga oshirish mumkin, islom diniga kirmagan kishilarni o'ldirish halol, din yo'lida senga hamfikr bo'lmagan har qanday insondan, xoh u ota-onang bo'lsa ham voz kechishing kerak, degan noto'g'ri g'oyalarni singdirishmoqda. Eng achinarlisi ushbu g'oyalarni go'yo islom ko'rsatmasi sifatida talqin qilinishi kuzatilyapti.
Aslida Islom bag'rikenglik, kechirimlilik, muhtoj va etimlarga yaxshilik qilib, mehr-muruvvat ko'rsatish, qariyalarni qadrlash, qarindoshlar bilan silai rahmni mustahkamlash, ota-onaga hurmat kabi ezgu ishlarni olg'a suradi. Dinimizda yaxshilik yo'liga chaqirish qay tarzda amalga oshirilishini Qur'oni karim oyatlari va Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari quyidagicha belgilab qo'ygan:
Alloh taolo Qur'oni karimda: «Robbingizning yo'liga hikmat va chiroyli nasihat bilan da'vat eting….»,- deb marhamat kiladi.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasulullox sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar: «Din nasihatdir».
Ya'ni, insonlar dinni bir-birlariga nasihat va samimiyat bilan tushuntirishidir.
Bashariyat ichida kechirimlilik, rahmdillik, mehr-shavqat kabi islomiy fazilatlarni o'zida mujassam etgan buyuk zot – Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlari davomida yuqoridagi gapimizga ko'plab tasdiqlarni ko'rishimiz mumkin. Makka fathi voqeasi esa bunga yaqqol misoldir. U zotga risolat kelganidan keyin atrofdagi odamlar dushmanlik nazari bilan qaray boshlaydi. U kishi ularning aziyatidan Madinaga hijrat qiladilar. So'ngra katta kuch to'plab Makkani fath qiladilar. Shaharga kirishdan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga dushmanchilik qilgan kishilarga quyidagicha amr qiladilar:
- Ulardan kim qurolini tashlasa o'ldirilmasin;
- Kim Ka'ba ichiga kirsa o'ldirilmasin;
- Kim Abu Sufyon uyiga kirsa o'ldirilmasin;
- Kim o'z uyiga kirsa o'ldirilmasin;
- Kim Hakim ibn Hizom uyiga kirsa o'ldirilmasin;
- Qochganlar ortidan quvilmasin;
- Yaradorlarga tegilmasin;
- Asirlar o'ldirilmasin;
Abu Sufyon Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ko'plab aziyatlar etkazgan, bir nechta g'azotlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga qarshi urush olib borgan bo'lsa ham uni va uning uyidan boshpana topgan kishilarni avf etdilar.
Tolibjon Sharipov
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati