Saudiya Arabistoni safari davomida Muftiy Nuriddin domla hazratlari va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiqjon Toshboyev Madina shahrida o'z ibodatlarini ado etayotgan o'zbekistonlik umrachilar bilan muloqot qildilar.
Ayni kunlarda bir guruh hamyurtlarimiz Rasul alayhissalom shahri – Madinai munavvarada amallarini imonu ixlos, cheksiz baxt va shukronalik ila ado etishmoqda. Hususan, Masjidul Nabaviyda, Muhammad sollollohu alayhi vasallamning Ravzai mutohharalarida, minglab sahobai kromlar abadiy qo'nim topgan “Baqi” qabristoni, “Qubo” va “Qiblatayn” masjidlari va Uxud tog'ida ziyorat va ibodatda bo'lmoqdalar.
Muloqotda umrachilarimiz barcha sharoitlar muhayyo qilingani, ayniqsa, mehmonxonaning Masjidu Nabaviyga yaqinligi, besh mahal namoz va ziyoratlarni ado etishga qulayligi, mehmonxonadagi ozoda, keng va shinam xonalar kishining bahru dilini ochishi, taomlari ibodatga quvvat bo'layotgani, malakali shifokorlar tomonidan doimiy kuzatuv olib borilishini mamnuniyat ila izhor qildilar.
Alloh taolo barcha umrachilarimizning ibodatlarini O'z dargohida qabul aylasin!
O'zbekiton musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati