Milliy matbuot markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga doir Davlat dasturining joriy yil birinchi choragidagi ijrosi yuzasidan bajarilgan ishlariga bag'ishlangan matbuot anjumani o'tkazildi.
O'zA xabariga ko'ra, mavzu yuzasidan Imom Buxoroiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov batafsil ma'lumot berdi.
Ta'kidlanganidek, Davlat dasturining 267-bandiga muvofiq ushbu markazga buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma'naviy merosini keng targ'ib etish maqsadida yurtimizdan etishib chiqqan allomalar asarlarining xalqchil tarjimasini amalga oshirish, ular asosida ilmiy va ommabop risolalar yaratish vazifasi belgilangani bo'lib, mazkur band ijrosi bo'yicha joriy yilning birinchi choragida tizimli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, ayni paytda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari mutaxassislaridan iborat ishchi guruh shakllantirildi.
Ishchi guruh tomonidan tarjima qilinadigan asarlar ro'yxati shakllantirilmoqda.
Shu vaqtgacha shakllantirilgan ro'yxat asosida asarlarni bosqichma-bosqich tarjima qilishga e'tibor qaratilmoqda. Hususan, Abdulhamid ibn Humayd Keshiy “Musnadi Keshiy” asarining 1- va 2- jildlari va Alouddin Kosoniyning “E'tiqodi Kosoniy” asari nashrga tayyorlandi.
“Musnadi Keshiy” asarining 3-jildi, Imom Termiziyning “E'tiqodi ahlis sunna”, Abu Azabaning “Ravzatul bahiyya” asarlari tarjimasi va tahrir ishlari nihoyasiga etkazildi va 2022 yil 8 fevral' kuni Din ishlari bo'yicha qo'mita, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi, O'zbekiston musulmonlari idorasiga soha mutaxassislaridan xulosa va taqriz olish uchun taqdim etildi.
Shu bilan birga “Sunani Dorimiydan saylanma hadislar” kitobining tarjima va tahrir ishlari nihoyasiga etkazilib, 2022 yil 24 mart kuni Din ishlari bo'yicha qo'mita, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi, O'zbekiston musulmonlari idorasiga xulosa va taqriz uchun taqdim etildi.
Abu Lays Samarqandiyning “Bahrul ulum” va Sayid Abdulmajid G'avriyning “Hadis ilmi istilohlari” asarlari tarjimalari hamda Imom Buxoriyning “Tarixus sag'ir” asarlari tahriri davom etmoqda. Joriy yil yakuniga qadar jami 15 ta asarning xalqchil tarjimasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Davlat dasturining navbatdagi bandiga ko'ra, Markaz tomonidan Imom Buxoriy asarlarida tarannum qilingan yuksak odob-axloq, ilmga muhabbat, Vatanga sadoqat singari ezgu qadriyatlarni targ'ib etish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Italiya, Shveytsariya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlarda Imom Buxoriy asarlari misolida islom san'ati ko'rgazmasini tashkil etish belgilangan.
Joriy yilning noyabr' oyida o'tkazilishi rejalashtirilgan mazkur ko'rgazmaga qizg'in tayyorgarlik ishlari doirasida Tashqi ishlar vazirligiga ko'rgazmani o'tkazish bo'yicha tuziladigan Tashkiliy ishchi guruhiga nomzodlar taqdim qilindi. O'z navbatida vazirlik tomonidan ham mazkur tadbirni xorijiy davlatlarda tashkil etish bo'yicha ikki nafar xodim biriktirildi.
Markazning o'zida esa ko'rgazmani o'tkazish bo'yicha 16 nafardan iborat bo'lgan Tashkiliy guruh shakllantirildi. Markaz tomonidan “Bukhari Creative Agency LLC” tashkiloti bilan birgalikda ko'rgazma kontseptsiyasi ishlab chiqildi.
Bundan tashqari markazning qo'lyozmalar bilan ishlash va muzey bo'limi 3 nafar ilmiy xodimlari joriy yil 15 yanvardan 16 fevralgacha Turkiya qo'lyozma asarlar bosh boshqarmasi kitob shifoxonasi va arxiv ishlari boshqarmasida ilmiy safarda bo'lib qaytdi.
Safar davomida Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, san'ati va madaniyatini tadqiq qilish markaziga tashrif buyurib, bo'lim boshlig'i, tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Mo'minov va Tashkiliy ishlar bo'yicha koordinator Samet Yalchin bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda Imom Buxoriy asarlari misolida islom san'ati ko'rgazmasini o'tkazish bo'yicha rejalashtirilayotgan ishlar muhokama etildi. IRSIKA tomoni ikki tashkilot hamkorligida joriy yilda o'tkaziladigan ko'rgazmalar va xalqaro konferentsiyalarni hamkorlikda tashkil etishga doim tayyor ekanini bildirdi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga batafsil javob qaytarildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati