Bugun, 3 may kuni erta tongda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga jo'nab ketdi.
O'tgan ikki yil davomida pandemiya tufayli butun dunyo mo'min-musulmonlari haj amallarini ado etish baxtidan bebahra bo'ldilar. Shu yil yanvar' oyidan boshlab fuqarolarimizning Umra ziyoratiga borishlari qayta yo'lga qo'yildi va qisqa vaqt ichida 35 mingga yaqin yurtdoshlarimiz umra amallarini bajarish imkoniyatiga ega bo'ldi. Yana bir xursandchilik – bu yil muborak Haj ibodatini amalga oshirish uchun imkoniyat paydo bo'lgani Alloh taoloning yana bir marhamatidir.
Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi “Haj – 2022” mavsumi bo'yicha rasmiy bayonotida, joriy haj tadbiriga chet ellik va mahalliy hojilarga jami 1 million kishi uchun haj ibodatini amalga oshirishga ruxsat beriladi.
O'zbekiston delegatsiyasi ushbu safar davomida “Haj – 2022” mavsumini tashkil etish bilan bog'liq bo'lgan masalalarni Saudiya Arabistonidagi mutasaddi idoralar bilan kelishish rejalashtirilgan.
Ayni kunlarda yurtimiz mo'min-musulmonlari katta intiqlik bilan haj mavsumi boshlanishini kutishmoqda. Umid qilamizki, yurtimiz musulmonlari yana emin-erkin haj ibodatlarini ado etish saodatiga erishadilar, insha Alloh.
Haq taolo ushbu safarni xayrli qilsin, mana shunday sharafli va mas'uliyatli vazifada O'zbekiston delegatsiyasiga kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar ato etsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muslim.uz
#HAJ #MUFTIY #DYeLYeGATsIYa
@muslimuzportal | @mp3muslim | @diniysavollar