بسم الله الرحمن الرحيم
RAMAZON HAYITINGIZ MUBORAK BO'LSIN!
Muhtaram jamoat! Alloh taoloning tavfiqi bilan muborak Ramazon oyini kunduzlarini ro'zador, kechalarini xatmi Qur'onlarda qoim bo'lib o'tkazdik. Ibodatlarni oson qilgani, zavqu shavq bergani uchun Rabbimiz Alloh subhanahu taologa beadad hamdu sanolarimiz bo'lsin!
Barchamiz behad xursandchilik bilan dinimizdagi katta bayramlardan biri – Iydul-fitr kunida hozir bo'lib turibmiz. Bu vaqt – ibodatlarga savob olinadigan, Alloh taoloning fazli-marhamati bilan gunohlar kechiriladigan fursatdir.
Dinimizda Ramazon hayiti va Qurbon hayiti kunlarini mo'min-musulmonlar uchun bayram kuni etib belgilangan. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida madinaliklarning ko'ngilochar ikki kunlari bor edi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Bu qanday kunlar?”, deb so'radilar. Ular: “Johiliyatda bu kunlari ko'ngillarimizni xush qilardik”, deyishdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo bu ikki kunni ulardan ham yaxshi qurbonlik va fitr kunlariga almashtirdi”, dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Ushbu hadisdagi “fitr kuni”dan murod – Ramazon hayiti kunidir. Qurbon hayiti va Ramazon hayiti kunlarida har bir musulmon o'z xursandchiligi, saxovati va yuksak odob-axloqini har qachongidan ko'ra ko'proq izhor qilishi kerak.
Bir oy davomida mo'min-musulmonlar ko'tarinki kayfiyatda tarovehlar, xatmi Qur'onlarda ishtirok etdilar. Qur'oni karimni boshidan-oxirigacha to'liq tinglash baxtiga muyassar bo'ldilar. Bu oyda tajribali, xalqqa manzur ulamolarimiz va imom-xatiblarimiz bel bog'lab xalq xizmatida bo'lib, yurtdoshlarimizga ma'naviy ozuqa bo'ladigan mavzularda pand-nasihatlar qildilar.
Ramazon oyi davomida masjidda ibodat uchun ishtirok etish, ro'za tutib nafsidan ustun bo'lish, xayr-u sadaqotlar qilish, chiroyli xulqlar bilan sifatlanish kabi ishlar yil bo'yi davom etishi lozim bo'ladi. Bu oyda hosil bo'lgan taqvo va chiroyli xulq kelgusi Ramazon oyiga qadar ham davomiy bo'lishi kerak. Zero, Ramazonda g'ayrat qilib qolgan oylarda g'aflatda qolmaylik. Chunonchi, Alloh taoloning rahmat eshiklari doim ochiqdir.
Islomdagi besh farzdan boshqa farzlar ham borki ular jamiyatdagi o'zaro do'stlik aloqalari, halollik va bag'rikenglik ruhi tarqalishiga sabab bo'ladi. Jumladan:
وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا
(سورة النساء / الآية 36)
ya'ni: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz!” (Niso surasi, 36-oyat).
وَالَّذِينَ يَصِلُونَ مَا أَمَرَ اللَّهُ بِهِ أَنْ يُوصَلَ وَيَخْشَوْنَ رَبَّهُمْ وَيَخَافُونَ سُوءَ الْحِسَابِ
ya'ni: “Ular Alloh bog'lanishga buyurgan narsalarni (ya'ni qarindoshlar bilan aloqani) bog'laydilar, Parvardigorlaridan qo'rqadilar va (oxiratda) hisob-kitobning noxush kechishidan cho'chiydilar” (Ra'd surasi 21-oyat).
مَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ فَلْيُكْرِمْ جَارَهُ
(رواه الإمام البخاري عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ)
ya'ni:“Kimning Allohga va oxirat kuniga imoni bo'lsa, qo'shnisini izzat-ikrom qilsin” (Imom Buxoriy rivoyati).
لَأَنْ يَأخُذَ أحَدُكُمْ أحبُلَهُ ثُمَّ يَأتِيَ الجَبَلَ ، فَيَأْتِيَ بحُزمَةٍ مِنْ حَطَب عَلَى ظَهْرِهِ فَيَبِيعَهَا ، فَيكُفّ اللهُ بِهَا وَجْهَهُ ، خَيْرٌ لَهُ مِنْ أنْ يَسْألَ النَّاسَ ، أعْطَوْهُ أَوْ مَنَعُوهُ
(رواه الامام البخاري عن الزبير بن العَوَّام رضي الله عنه)
ya'ni: “Birortangiz arqonini olib toqqa borishi, u erdan bir bog' o'tinni orqalab kelib, (odamlarga) sotishi va Alloh shu (kasb) sababli uni tilanchilikdan asrashi, uning odamlardan tilanishi ular yo berib, yo bermasliklaridan yaxshiroqdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
إِنْ تُبْدُوا الصَّدَقَاتِ فَنِعِمَّا هِيَ وَإِنْ تُخْفُوهَا وَتُؤْتُوهَا الْفُقَرَاءَ فَهُوَ خَيْرٌ لَكُمْ
وَيُكَفِّرُ عَنْكُمْ مِنْ سَيِّئَاتِكُمْ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ
ya'ni: “Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordi-yu, kambag'allarga pinhona bersangiz – o'zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o'tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir” (Baqara surasi, 271-oyat).
أناَ زَعِيْمٌ بِبَيْتٍ فِي رَبَضِ الْجَنَّةِ لمَن تَرَكَ الْمِرَاءَ وَإِنْ كَانَ مُحِقًّا ، وَبِبَيْتٍ فِي وَسَطِ الْجَنَّةِ لِمَنْ تَرَكَ الكَذِبَ وَإِنْ كَانَ مَازِحًا ، وَبِبَيْتٍ فِي أَعْلَى الْجَنَّةِ لِمَنْ حَسُنَ خُلُقُهُ
(رواه الإمام أبو داود عن أبي أمامة الباهلي رضي الله عنه)
ya'ni: “Garchi haq bo'lsa ham tortishmagan kishiga jannatning chetidan uy berilishiga kafilman. Garchi hazillashib bo'lsa ham yolg'on gapirmagan kimsaga jannatning o'rtasidan uy berilishiga kafilman. Hulqi chiroyli bo'lgan kishiga esa jannatning eng oliy joyidan uy berilishiga kafildirman” (Imom Abu Dovud rivoyati).
يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ
( سورة المجادلة/11)
ya'ni: “...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11-oyat).
وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا
ya'ni: Ular (ayollar) bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko'rsalaringiz, (bilib qo'yingki,) balkim sizlar yomon ko'rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko'pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin (Niso surasi, 19-oyat).
مَا نَحَلَ وَالِدٌ وَلَدًا مِنْ نَحْلٍ أَفْضَلَ مِنْ أَدَبٍ حَسَنٍ
(رواه الإمام الترمذي)
ya'ni: “Ota o'z bolasiga chiroyli odobdan ko'ra yaxshiroq narsa bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).
Ota-ona va farzand tarbiyasiga mas'ul bo'lgan shaxslar yosh avlodni rostgo'ylik, va'daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o'zgalarga mehr-oqibatli bo'lish kabi fazilatlar sohibi qilib voyaga etkazishga katta ahamiyat qaratishlari – dinimiz talabidir!
Demak, yuqorida zikr qilingan dinimiz ko'rsatmalariga barchamiz doimo amal qilib yashasak, ikki dunyoda ham saodatli bandalar qatorida bo'lamiz, inshaalloh.
Muhtaram jamoat! Kuni kecha Prezidentimizning Ramazon hayitini nishonlash to'g'risidagi qarori chiqdi. Keyingi paytlarda guvohi bo'lib turganimiz, diniy sohada jadal islohotlar davom etmoqda. Yangi masjidlar ochilishi, eskilarini qayta ta'mirlanishi, Umra ziyoratining qayta yo'lga qo'yilgani, haj ziyoratining qayta yo'lga qo'yilish arafasida turilgani, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiya markazi qurilishi qizg'in davom etayotgani va boshqa shu kabi ishlar xalqimiz ma'naviy hayotiga ko'tarinki kayfiyat olib keldi. Bunday islohotlar hur, istiqboli porloq vatanimizga yarashadi, albatta. Yana shuni unutmasligimiz lozim, bunday islohot-u yutuqlar odilona olib borilayotgan siyosat, xalqni rozi qilish uchun qattiq harakat va tinchlik xotirjamlikning natijasidir. Mana shu tinchlik farovonlikni saqlab qolish har bir katta-kichik vatandoshning burchidir.
Azizlar! Endi hayit namozi qanday o'qilishi haqida suhbatlashamiz. Birinchi, niyat qilib namozga kirishiladi. Ya'ni, “Ramazon hayiti namozini imomga iqtido qilgan holda o'qishni niyat qildim” deb, “Allohu akbar”ni aytib quloq qoqiladi. Keyin qo'lni qovushtirib, har kim ichida sano (Subhanakallohumma...) duosini o'qiydi. So'ngra imom qo'llarini quloqlariga ko'tarib, uch marta takbir aytadi. Jamoat ham qo'llarini quloqlariga ko'tarib uch marta takbir aytadi. Takbirlar orasida qo'llar bog'lanmaydi, yonga tashlanadi. To'rtinchi takbir aytilgach, qo'llar bog'lanadi, qiyom holida turiladi.
Keyin imom ichida “A'uzu”ni va “Bismillah”ni aytib, ovoz chiqarib “Fotiha” surasini va zam surani o'qiydi. Qavm jim eshitadi. Qiroatdan so'ng takbir aytib, ruku va sajdalar qilinib, ikkinchi rakatga turiladi.
Ikkinchi rakatda imom “Fotiha” surasi bilan zam sura o'qiydi. Qiroatdan so'ng rukuga bormay turib, xuddi birinchi rakatdagi kabi, imom va jamoat birgalikda uch marta ikki qo'lni ko'tarib, takbir aytadilar. Takbirlar orasida qo'llarini bog'lamay, yonga tashlaydilar. Va to'rtinchi takbirni aytib, rukuga boradilar va sajda qiladilar. Sajdadan so'ng o'tirib, tashahhud, salovat va duo o'qib, salom berib, namozni tugatadilar.
Yana bir-bor barcha mo'min-musulmonlarni Ramazon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz! Alloh taolodan yurtimiz hamisha obod, halqimiz tinch va ittifoqlikda yashashini, farovon bo'lishini so'rab duoi xayrlar qilamiz! Omin!
Ma’naviy ozuqa olishning, chin inson bo‘lib yetishishning asosiy yo‘li — kitob mutolaasidir. Inson kamoloti manbai ham kitobdir. Darhaqiqat, kitob — insonning dunyoqarashini kengaytirib, nutqini o‘stiruvchi, xotirasi va fikrlash qobiliyatini mustahkamlovchi ma’naviy sarchashmadir. Ana shunday bebaho asarlardan biri — Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan tasnif etilgan “Ey bandalarim... Bir qudsiy hadis sharhi” nomli kitobdir.
Joriy yilning 19 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi tomonidan mazkur asarning taqdimoti o‘tkazilib, tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Tadbirni Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi, ustoz Habibulloh domla Zokirov ochib berib, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Ey bandalarim... Bir qudsiy hadis sharhi” kitoblari bugungi kun va kelajak uchun o‘ta dolzarb ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar. U kishi asarning xalqimiz, imomlar, noiblar va otinoyilar uchun manfaatli bo‘lishini Yaratgandan so‘radilar.
Kitob muqaddimasida har bir o‘quvchi Ustoz Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining marhum ota-onalari haqlariga duo qilish iltimosi keltirilgani ham ayni muddaodir. Chunki ota-ona xizmatini inkor etib bo‘lmaydi — olim farzandning har bir yutug‘ida ularning mehri va duosi turgan bo‘ladi.
Shuningdek, hazratning “Yoshlarga nasihatim” kitoblari o‘zbek va rus tillarida chop etilayotgani ham muborak xabar sifatida qayd etildi. U kishi tomonidan yozilgan “Islomda Vatan tushunchasi”, “Fitna – ko‘z ilg‘amas xatar”, “Haj — buyuk ibodat”, “Umra — ulug‘ amal” kabi asarlar ham har birimiz uchun muhim qo‘llanma ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida vakillik o‘rinbosari Sulton Jangirov, Abdurauf domla Yorbekov, Oqoltin tumani bosh imom-xatibi Mansurjon Ismailov, Boyovut tumani bosh imom-xatibi Fayzulloh domla Eshbekov kitob haqida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek, Xovos va Mirzaobod tumanlari bosh imom-xatiblari ham asarning ahamiyati, imomlar, noiblar va barcha diniy soha xodimlari uchun muhim manba ekanini qayd etib o‘tdilar.
Guliston shahar bosh otinoyisi Mavluda Yo‘ldosheva ham asarning o‘ziga xos jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir so‘ngida xayrli duolar qilindi va taqdimot ko‘tarinki ruhda o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Sirdaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati