Bugun, 29 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Toshkent shahrida joylashgan “Siroj Solih” masjidida juma namozini qavm bilan birga ado etish va ma’ruza qilish uchun tashrif buyurdilar.
Juma namozidan avval, muftiy hazratlari jamoatga silai rahm haqida ma’ruza qilib, bu fazilatni Hazrati Payg‘ambarimiz hadislari asosida tushuntirib bunday dedilar:
– Rasululloh sollallohu alayhi va sallam payg‘ambarlikning ilk kunlaridanoq silai rahmga chaqirishni boshlaganlari ham ushbu ish naqadar ahamiyatga ega amal ekanini bildiradi.
Abu Umoma Bohiliy raziyallohu anhu aytadilar: Men Amr ibn Abasa raziyallohu anhudan: “Sizni nega “Islomda ilk musulmonlardan” deyishadi? – deb so‘radim. U zot bunday deb javob berdilar: “Men odamlar zalolatda ekanini ko‘rardim va butlar hech narsa emasligini bilardim. So‘ngra Makkada bir odamning xabarini eshitdim. Tuyamga minib Makkaga keldim. Qarasam, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni qavmi o‘rab turibdi. Yonlariga bordim va: “Siz kimsiz?” – dedim. “Payg‘ambarman”, – dedilar. “Payg‘ambar nima degani?” “Allohning elchisi”, – degani. “Sizni Alloh yubordimi?” “Ha”. “Nima uchun yubordi?” “Allohning biru borligini bildirib, Unga hech narsani sherik qilmaslik, butlarni yo‘q qilish va silai rahmni mustahkamlash uchun yubordi” dedilar.
Ushbu hadisda silai rahm payg‘ambarlikning asosiy vazifasi sifatida hamda Islom dinining asosiy g‘oyalari bilan bir o‘rinda keltirilmoqda. Demak, silai rahm o‘ziga xos bo‘lgan juda ko‘p ajrlarga ega qiluvchi ibodat hisoblanadi, – dedilar muftiy hazratlari.
Muftiy hazratlarining fayzli suhbatlaridan so‘ng juma namozi o‘qilib, muborak Ramazon kunlari qilayotgan ibodatlarimiz qabul bo‘lishi va xalqimiz orasida silai rahm yanada keng yoyilishi uchun xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati