بسم الله الرحمن الرحيم
SILAI RAHM – QARINDOShLIK ALOQALARINI YaHShILASh
Muhtaram jamoat! Alloh taolo biz bandalariga shu qadar mehribonki, O'zining roziligini ibodat bilan topishimiz bilan bir qatorda, o'zaro muomalalarni chiroyli va xolis qilish bilan ham topish imkoniyatini bergan.
Silai rahm – qarindoshlik rishtalarini bog'lash bo'lib, u insoniy muomalalarning eng afzalidir. Uning aksi bo'lgan qarindoshlik rishtalarini uzish esa, u eng og'ir gunohlardan hisoblanadi.
Silai rahm dinimiz mohiyatini ko'rsatib beruvchi buyuk bir ibodatdir. U Qur'oni karim oyatlarida Allohning o'zigagina ibodat qilish barobarida zikr etiladi:
وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَبِذِي الْقُرْبَى
ya'ni: “Allohga ibodat qilinglar. Unga hech narsani sherik qilmanglar. Ota-onangizga va yaqin qarindoshlarga yaxshilik qiling” (Niso surasi 36-oyat).
Ushbu amal mo'min-musulmonlar hayotida eng ahamiyatli amallardan biri bo'lgani uchun Qur'oni karim oyatlarida qayta-qayta takrorlanadi. Quyidagi oyatda Alloh taolo silai rahmni o'zi buyurganini ta'kidlaydi. Vaholanki, dinimizdagi barcha amallarni Alloh taolo buyurgan. Barcha buyruqlarni bergan zot aynan silai rahmga buyurganini ta'kidlagani ushbu ibodat naqadar muhim amal ekanini bildiradi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday dedi:
وَالَّذِينَ يَصِلُونَ مَا أَمَرَ اللَّهُ بِهِ أَنْ يُوصَلَ وَيَخْشَوْنَ رَبَّهُمْ وَيَخَافُونَ سُوءَ الْحِسَابِ
ya'ni: “Ular Alloh bog'lanishga buyurgan narsalarni (ya'ni qarindoshlar bilan aloqani) bog'laydilar, Parvardigorlaridan qo'rqadilar va (oxiratda) hisob-kitobning noxush kechishidan cho'chiydilar” (Ra'd surasi 21-oyat).
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham silai rahmni namoz va zikr ibodatiga tenglashtirganlar: “Bir a'robiy Nabiy sallallohu alayhi vasallamning yo'llarini to'sib chiqib: “Menga jannatga yaqinlashtiradigan va do'zaxdan uzoqlashtiradigan amalning xabarini bering”, – dedi. Shunda Rasululloh alayhissalom: “Allohga ibodat qilasiz. Unga hech narsani shirk keltirmaysiz. Namozni ado qilasiz. Zakotni berasiz. Silai rahm qilasiz”, –dedilar”.
Silai rahm insoniylikning yuksak ko'rinishi hisoblanadi. U kishining asliyatini ochib beruvchi go'zal bir xislatdir. Buni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Hiro g'orida bo'lganlarida Jabroil alayhissalom kelib: “O'qing!” deb “Alaq” surasi nozil bo'lgan mashhur voqeadan ham anglashimiz mumkin. Ushbu voqeadan keyin Nabiy sallallohu alayhi vasallamning qalblari titrab-qaqshab, uylariga qaytdilar. Hadicha onamizning oldilariga kirganlarida: “Meni o'rab qo'yinglar! Meni o'rab qo'yinglar!” dedilar. U zotdan qo'rqinch ketguncha o'rab qo'yishdi. Keyin u zot Hadicha onamizga xabarni ayta turib: “O'zimga bir narsa bo'lmasa edi, deb qo'rqdim”, – deganlarida Hadicha onamiz: “Unday emas! Allohga qasamki, Alloh sizni hech qachon sharmanda qilmaydi. Siz silai rahm qilasiz. Zaifga yordam berasiz. Odamlar qilmagan yaxshiliklarni qilasiz. Mehmonga ziyofat berasiz. Musibatga uchraganlarga yordam berasiz”, dedilar. Ushbu hadisda silai rahm Rasululloh sallalohu alayhi vasallamning buyuk axloqlari qatorida zikr etilmoqda. Shuningdek, ushbu hadisdan mazkur axloqlar, jumladan silai rahm bilan sifatlangan insonlarni hech qachon Alloh taolo sharmanda qilmasligini ham bilib olishimiz mumkin. Zero, bu so'zlarni insoniyat tarixida eng buyuk ayollar safida zikr etiladigan, eng birinchi bo'lib Islom ne'mati bilan sharaflangan va o'ta kuchli farosat sohibasi bo'lgan onamiz Hadicha binti Huvaylid raziyallohu anho aytmoqdalar va bu so'zlar Islomning eng ishonchli manbalarida bugungi kungacha naql etilib kelinmoqda.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam payg'ambarlikning ilk kunlaridanoq silai rahmga chaqirishni boshlaganlari ham ushbu ish naqadar ahamiyatga ega amal ekanini bildiradi.
Abu Umoma Bohiliy raziyallohu anhu aytadilar: Men Amr ibn Abasa raziyallohu anhudan: “Sizni nega “Islomda ilk musulmonlardan” deyishadi? – deb so'radim. U zot bunday deb javob berdilar: “Men odamlar zalolatda ekanini ko'rardim va butlar hech narsa emasligini bilardim. So'ngra Makkada bir odamning xabarini eshitdim. Tuyamga minib Makkaga keldim. Qarasam, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni qavmi o'rab turibdi. Yonlariga bordim va: “Siz kimsiz?” – dedim. “Payg'ambarman”, – dedilar. “Payg'ambarnima degani?”“Allohning elchisi”, – degani. “Sizni Alloh yubordimi?”“Ha”.“Nima uchun yubordi?” “Allohning biru borligini bildirib, Unga hech narsani sherik qilmaslik, butlarni yo'q qilish va silai rahmni mustahkamlash uchun yubordi”.
Ushbu hadisda silai rahm payg'ambarlikning asosiy vazifasi sifatida hamda Islom dinining asosiy g'oyalari bilan bir o'rinda keltirilmoqda.
Silai rahm o'ziga xos bo'lgan juda ko'p ajrlarga ega qiluvchi ibodat hisoblanadi. Amr ibn Dinor rahmatullohi alayh: “Bilinglarki, farzga bosilgan qadamdan keyin qarindosh tomon bosilgan qadamdan ko'ra kattaroq ajr keltiruvchi amal yo'qdir”, – deganlar.
Silai rahmning o'ziga xosligi shundaki, uning mukofoti dunyoda ham o'ta tez beriladi va oxirat uchun ham katta zaxira bo'ladi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ibn Hibbon rivoyat qilgan hadisda:
الطاعاتِ ثوابًا صلةُ الرَّحِمِإنَّ أعجلَ
ya'ni: “Ibodatlar ichida eng savobi tez keladigani silai rahmdir”, –deganlar.
Payg'ambarimiz alayhissalom bizga silai-rahm sababli rizqning mo'l-ko'l bo'lishi, umrning uzoq bo'lishini uqtiradilar:
من أحَبَّ أنْ يُبْسَطَ لَهُ في رِزْقِهِ، ويُنْسأَ لَهُ في أثَرِهِ، فَلْيَصِلْ رَحِمَهُ
(مُتَّفَقٌ عَلَيهِ)
ya'ni:“Kim rizqi keng bo'lishi, umri uzun bo'lishini xush ko'rsa, qarindoshlik aloqalarini bog'lasin”(Muttafaqun alayh).
Dinimiz ko'rsatmalarida yaxshilik qilishni avvalo yaqin qarindoshlardan boshlash lozim ekanligi ta'kidlanadi. Zero bu holatda qilingan yaxshilik ikki barobar ajr olishga sabab bo'ladi. Bu xususda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
الصَدَقَةُ عَلَى الْمِسْكِيْنِ صَدَقَةٌ، وَعَلَى ذِي الرَّحْمِ ثِنْتَانِ، صَدَقَةٌ وَصِلَةٌ
ya'ni: “Miskinga qilingan bir sadaqadir. Qarindoshga qilingan sadaqa ikki yaxshilikdir: sadaqa va silai rahmdir” deganlar.
Rivoyatlarda keladiki, bir kishining amakisining o'g'li og'ir kasallik bilan vafot etganda uning bolalaridan: “Otangizning birortasidan qarzi bormidi?” deb so'raydi. Ular otalarining qarzi bor ekanini aytadilar. U kishi: “Qarzlar mening zimmamga, o'zim to'lab beraman”, – deydi. U qarz nari borsa o'n ming yoki yigirma ming tanga bo'lsa kerak, deb o'ylagan edi. Biroq bolalardan qarzning 385 ming ekanini eshitadi. Uning o'zi bu xususda shunday degan: “Qarzlarning barchasini bitta-bitta qilib to'ladim. Allohga qasamki, bir necha yillardan beri kasod bo'lib turgan mollarim bor edi. Bir necha kunda sotilib ketdi. Hisoblab qarasam ushbu savdolardan topgan foydam to'lagan qarzlarim teppa-teng chiqdi”.
Umuman olganda silai rahmni bog'lash dinimiz hukmiga ko'ra vojibdir. Uni uzish esa katta gunohlardan biri hisoblanadi. Bunga ulamolar ittifoq qilishganini Imom Qurtubiy va Qozi Iyozlar naql qilganlar.
Silai rahmni joriy qilish qanchalik ulug' bo'lishi barobarida uni uzish gunohi kabiralardandir. Zero oyati karima va hadislarda qarindosh urug'lik aloqalarini uzganlarga qattiq tahdid qilinadi:
فَهَلْ عَسَيْتُمْ إِنْ تَوَلَّيْتُمْ أَنْ تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ وَتُقَطِّعُوا أَرْحَامَكُمْ أُولَئِكَ الَّذِينَ لَعَنَهُمُ اللَّهُ فَأَصَمَّهُمْ وَأَعْمَى أَبْصَارَهُمْ
ya'ni: “Agar (imondan) bosh tortsangiz, aniqki, sizlar erda buzg'unchilik qilarsizlar va qarindoshlaringiz (bilan ham aloqalaringiz)ni uzasiz, albatta unday kimsalarni Alloh la'natlagandir, bas, ularning (quloqlarini) «kar», ko'zlarini «ko'r» qilib qo'ygandir” (Muhammad surasi 22-23-oyatlar).
Ushbu oyat sharhida Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayhning quyidagi so'zlari keltiriladi:“Silai rahmni uzgan kishilar bilan do'st bo'lmagin, chunki Alloh taolo ularni Qur'oni karimning ikki oyatida la'natlagan” (Bu erda mazkur oyat bilan Ra'd surasi 25-oyati nazarda tutilgan).
Alloh taoloning izni bilan rahm (qarindoshlik) o'zini bog'laganlarni haqiga yaxshi duo, o'zini uzganlarni duoibad qilib turadi. Oisha onamiz Payg'ambarimiz alayhissalomdan rivoyat qiladilar:
الرَّحِمُ مُعَلَّقَةٌ بِالْعَرْشِ، تَقُولُ: مَنْ وَصَلَنِي وَصَلَهُ اللهُ، وَمَنْ قَطَعَنِي قَطَعَهُ اللهُ
(أخرجه البخاري عن عائشة رضي الله عنها)
ya'ni:“Rahm (qarindoshlik) Arshga osilib: “Kim meni ulasa, Alloh uni ulasin! Kim meni uzsa, Alloh uni uzsin!”, deydi”(Imom Buxoriy rivoyatlari).
Silai rahmni uzganlar jannatga kirmasligi haqida Payg'ambarimiz alayhissalomdan quyidagi hadis rivoyat qilinadi:
لَا يَدْخُلُ الْجَنَّةَ قَاطِعٌ" قَالَ سُفْيَانُ فِي رِوَايَتِهِ: "يَعْنِي قَاطِعَ رَحِمٍ
(متفق عليه)
ya'ni:“Kesuvchi jannatga kirmaydi”. Sufyon rahimahulloh o'z rivoyatlarida: “Qarindoshlikni uzuvchi nazarda tutilgan”, – deydilar (Muttafaqun alayh).
Yuqoridagi oyati karima va hadisi shariflarga ko'ra silai-rahm musulmon kishiga farz bo'lgan amaldir.
Ba'zi odamlar o'zaro bordi-keldi qilib turgan qarindoshlargagina yaxshilik qilishni silai rahm deb hisoblaydilar. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ushbu tushunchani xato ekanini aytadilar va silai rahmning haqiqiy mohiyatini bayon qilib berganlar:
لَيْسَ الْوَاصِلُ بِالْمُكَافِئِ وَلَكِنْ الْوَاصِلُ الَّذِي إِذَا قَطَعَتْ رَحِمُهُ وَصَلَهَا
(رواه الامام البخاري)
ya'ni: “Haqiqiy silai rahm qiluvchi kishi qarindoshlari tarafidan unga qilingan aloqaga javob tariqasida (bordi-keldi) aloqa qilayotgan odam emas, balki ular tarafidan aloqa uzilgan paytda ularga aloqani bog'lagan odamdir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Demak, silai rahm qarindoshlar bilan chiroyli munosabatda bo'lish, ularning xursandchiliklari bilan quvonish, musibatlariga hamdard bo'lish, muhtoj bo'lsalar yordam berish, ularni doimo ziyorat qilib turish, ko'ngillarini olish, dillarini og'ritishdan saqlanish, ulardan biror yomonlik etsa ham kek saqlamay kechirib yuborish, qalbida ularga nisbatan hasad va adovat saqlamasdan o'rtada muhabbat paydo qilishni o'z ichiga oladi.
Bugungi kunimizda silai-rahm bilan bog'liq, gohida ko'zga tashlanadigan noxush voqealar dinimiz ko'rsatmalariga ziddir. Masalan, ota-onalar dunyodan o'tgach, aka-uka, opa-singillar o'rtasida arzimagan mol-mulk, erni deb kelishmovchiliklar chiqishi yoki sekin-sekin munosabatlar yomonlashib, o'zaro uzoqlashib, begonalardek bo'lib ketishlari, bir-birlarini yo'qlash, tez-tez xabarlashishni ham unutishlari o'ta ayanchli holatlardir. Bu ishlarga mol-dunyoning sababchi bo'layotgani yanada ayanchlidir. Vaholanki, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam molu-mulk haqida bunday deganlar:
تَقيءُ الأرضُ أفلاذَ كبدِها أمثالَ الأُسطوانِ منَ الذَّهبِ والفضَّةِ قالَ: فيجيءُ السَّارقُ فيقولُ: في مثلِ هذا قُطِعَت يدي ويجيءُ القاتلُ فيقولُ: في هذا قَتلتُ: ويجيءُ القاطعُ فيقولُ: في هذا قَطعتُ رحِمي ثمَّ يدَعونَهُ فلا يأخُذونَ مِنهُ شيئًا
(الترمذي)
ya'ni: “Yer o'zining oltin va kumushdan bo'lgan xazinalarini ustunlardek uyum-uyum qayt etib chiqarib tashlaydi. Shunda qotil keladi va: “Men shular sababli odam o'ldirgandim”, – deydi. Silai rahmni uzgan keladi va: “Men shular sababli silai rahmni uzgandim” – deydi. O'g'ri keladi va: “Men shular sababli o'g'rilik qilgandim”, – deydi. Keyin ular bu narsalarni tashlab ketadilar va undan hech narsa ololmaydilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, barchadan qoladigan mol-dunyoni deb Alloh taologa osiy bo'lish, u buyurgan amrlarni tark etish, xususan silai rahmdek dunyo va oxiratimiz uchun o'ta foydali ishga beparvo bo'lish mo'min-musulmonga yarashmaydigan ish hisoblanadi.
Alloh taolo barchalarimizning tutayotgan ro'zalarimizni qabul qilsin. Barchalarimizni silai rahm degan buyuk ibodatga amal qiladigan va uning fazilatlariga erishadigan bandalardan aylasin!
Bismillahir Rohmanir Rohiym
“Agar bilsangiz, ro‘za tutishlaringiz o‘zingiz uchun yaxshirokdir” deb marhamat qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Ro‘za tutish ovqat hazm qilish tizimidagi bir qancha kasalliklarga shifo bo‘ladi. Ro‘za –miya va yurak qon hujayralarini faollashtiradi va tartibga soladi. Ro‘za ortiqcha vazndan xalos etadi va tanadan zaharli moddalarni chiqarib yuboradi.
Tibbiyot xodimlari aytadilar: “Ro‘za qon hujayralarini birinchi kundan boshlab yangilaydi. Qon hujayralari va dangasa hujayralar faol ishlay boshlaydi. Ro‘za tutish butun tanani tozalash amaliyotidir. Badanga yiliga bir marta shunday parvarish juda muhim”.
Olib borilgan tadqiqotlarda ro‘za qon bosimining ko‘tarilishi bilan bog‘liq 100 dan ortiq kasalliklarga davo bo‘lishi aniqlangan. Xususan, ro‘za qon bosimining ortishi, qandli diabet, surunkali astma, nafas olish, yurak, jigar, allergiya, surunkali ekzema, teri kasalliklari kabi juda ko‘plab kasalliklarga shifo bo‘ladi. Ayniqsa, ro‘za – yurak saratoni, miya xurujiga qarshi samarali sanaladi.
Olimlar “ro‘za xujayralarda to‘plangan zaharlarni davolashning eng foydali usuli” degan xulosaga kelishgan. Hatto G‘arb davlatlarida zamonaviy tibbiyot muvaffaqiyatsizlikka uchragan ayrim kasalliklarni davolashda ro‘za orqali davolaydigan markazlar samarali faoliyat yuritmoqda.
Iftorlikda xurmo iste’mol qilish jigar faoliyatini tartibga soladi. Xurmo – jigarda to‘planib qolgan zaharlarni yo‘qotuvchi eng yaxshi tabiiy dori hisoblanadi.
2016 yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan yaponiyalik olim Yosinori Osumi aniqlagan eng qiziq holatlardan biri – organizmning eng faol ishlaydigan vaqti – ochlik paytida bo‘larkan. Ya’ni, ochlik orqali odam organizmi birinchi o‘rinda o‘zidagi turli darajada zararlangan, kasallangan, keraksiz hujayralardan qutulib, ularni energiyaga aylantirib iste’mol qilib yuborar ekan.
Natijada, ro‘za tutish orqali organizm turli xiltlar, chiqitlar va toksinlardan tozalanadi.
Shuningdek, bu jarayonda yo‘q qilingan zararli hujayralar o‘rni yangi yosh hujayralar bilan qoplanadi, tana yosharadi. Ro‘za orqali ruh gunohlardan poklanib yengil bo‘ladi, organizm ham tozalanib, yangilanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, ro‘za tutish orqali hech qanday dori-darmon va salbiy oqibatlarsiz bir necha yillar davomida erishish mumkin bo‘lgan ijobiy natijalar bir oy davomida qo‘lga kiritiladi. Ro‘za butun tananing faoliyatini oshiradi va ortiqcha yog‘larni kamaytiradi. Ayniqsa, ro‘zador masjidga ko‘proq yurib borsa, sog‘liq uchun yanada foydali bo‘ladi.
Muborak ramazon oyini foydasiz ishlar bilan isrof qilmasdan, uni g‘animat bilib, ibodatlar bilan o‘tkazishga harakat qiling. Alloh taolo tutayotgan ro‘zamizni, o‘qiyotgan namoz va qilayotgan barcha ibodatlarimizni qabul etsin.
Davron NURMUHAMMAD