frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Jihod nima?

26.04.2022   2166   2 min.
Jihod nima?

Jihod so'zi lug'atda “g'ayrat qilmoq”, “harakat qilmoq”, “intilmoq”, “zo'r bermoq”, “bor kuchini sarflamoq”, “kurashmoq”, “mehnat qilmoq” kabi ma'nolarni ifodalaydi.

Hozirgi vaqtda buzg'unchi toifalar o'zlari ilgari surayotgan g'oyaga erishish va g'o'r yoshlarni ergashtirish maqsadida yangi “jihod” turlarini o'ylab topib, ulardan foydalanishga urinmoqdalar. Ular ko'pgina musulmonlarning Islom ahkomlarini bilmasligi, ilmiy saviyaga ega emasligidan foydalanib, “jihod – muqaddas urush” degan tushunchani targ'ib qilib, nohaq qon to'kilishiga sababchi bo'lishadi. Bunga ularning dunyoning turli chekkalarida “jihod” niqobi ostida sodir etayotgan qo'poruvchilik harakatlari misol bo'la oladi. Ular nafaqat boshqa din vakillari, balki musulmonlarga qarshi zo'ravonlik, qo'poruvchilik hamda bosqinchilik xatti-harakatlarini asoslash va oqlash uchun «jihod» tushunchasidan foydalanmoqdalar.

Jihod haqidagi oyatlarning barchasi o'rganib chiqilganida shu narsa ma'lum bo'ladiki, Islomda jihod hukmi sharoitga qarab o'zgarib turadi.

Jihod ikki qismdan iborat: talab va mudofaa. Talab jihodi hozir yo'qligiga ulamolar ijmo' qilishgan. Chunki hozirda hamma davlatlar urushmaslikka kelishganlar va o'zaro aloqalar o'rnatib, elchixonalar ochganlar. Mudofaa jihodi dushmanlar musulmon yurtga urush qilib, bostirib kirsalar, himoya uchun bo'ladi.

Qur'oni karimda begunoh odamlarning joniga qasd qilish qoralanadi. Jumladan, “Niso” surasining 93-oyatida bunday marhamat qilinadi: “Kimda-kim qasddan bir mo'minni o'ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g'azab qilgay, la'natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo'ygay”.

Hadislarda ham bu borada ko'plab xabarlar kelgan. Jumladan, Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning nazdida bir musulmon kishining nohaq qatl etilishidan ko'ra, yorug' dunyoning barbod bo'lib ketishi engilroqdir”, dedilar”.

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytganlar: «Qo'li bilan va tili bilan o'zgalarga ozor bermagan kishi musulmondir. Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi Alloh yo'lida jihod qilgan kishidir».

Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, bizning vatanimiz O'zbekistonda bu kabi noto'g'ri fikrlarning tarqalishining oldini olishimiz kerak. Ulamolarimizdan so'rab, o'rganmay turib internet tarmog'iga ishonib qolmasligimiz kerak. Umuman, g'arazgo'ylarning aldoviga yoshlarimiz ilinib qolmasliklari uchun barcha choralarni ko'rishimiz lozim.

 

Akbarali Yusufjanov

Uchqo'rg'on tuman Saidxon eshon jome' masjidi imom xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

21.08.2026   7896   2 min.
Anjuman diniy sohada zamoniy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.

Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.

Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.

Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari