Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Payg'ambarimiz qachon tug'ilganlar?

21.04.2022   3626   15 min.
Payg'ambarimiz qachon tug'ilganlar?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Har yili rabiul avval oyi kelishi bilan sevimli Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tug'ilgan kunlari haqidagi fikr-mulohazalar muhim mavzuga aylanadi. Bu haqda kim qayerda nima o'qigan, eshitgan bo'lsa, boshqalarga etkazishga harakat qiladi. Biz ham bu boradagi izlanishimizni Siz azizlarga ilindik.

Har xil kitoblarda Payg'ambarimizning tug'ilgan kunlari deb rabiul avval oyining 1, 2, 17, 18, 21, 22-kunlari ko'rsatiladi yoki ramazon oyining 12-si, deb ham ma'lumot berilgan. Ammo alloma Ibn Kasir kabi muhaqqiq ulamolar bu to'g'rida tadqiqotlar olib borib, bu ma'lumotlarning asossiz, ishonchsiz, ya'ni sahih ma'lumotlarga zid ekanini ochiq bayon qilishgan.[1]Sahobalar, tobeinlar, muhaddislar, tarix, siyrat, falakiyot olimlari hamda jumhur muhaqqiq ulamolarning xulosalari bunday: “Payg'ambarimiz milodiy 571 – Fil yili, bahor fasli, dushanba kuni, tong vaqtida tug'ilganlar. Bu kun milodiy 20-aprelga to'g'ri keladi. Qamariy rabiul avval oyining esa 8, 9, 10 yoki 12-kunidir.

 
 Rabiul avvalning 8-kuni tug'ilganlari haqidagi naql Abdulloh ibn Abbos, Jubayr ibn Mut'im va Baro ibn Ozib[2] roziyallohu anhumdan rivoyat qilingan[3]. Ibn Hazm[4] va ulug' tobein Muhammad ibn Jubayrlar[5] u Zotning tavalludlarini “Rabiul avval oyining sakkizinchi kuni”, deyishgan.

Ibn Abdul Barr ba'zi tarixchilarning mana shu ma'lumotni sahih-to'g'ri deganlarini keltirgan[6].

Muhammad ibn Muso Horazmiy bu ma'lumotni qat'iy deb hisoblab: “Bundan boshqasi to'g'ri emas, zohiriy tarixchilari mana shunga ijmo' qilishgan”, degan[7].

Hofiz Abul Hattob Umar ibn Dihya “At-tanvir fi mavlidil basharin nazir” kitobida ushbu ma'lumotni boshqa ma'lumotlardan afzal va ustun ko'rgan.

Imom Tabariy “Hulosatu siyari sayyidil bashar” kitobida ko'p olimlarning bu ma'lumotni to'g'ri deganlarini qayd etib o'tadi.

Hofiz Qastaloniy: “Ko'p ahli hadis mana shu ma'lumotni ixtiyor etishgan”, degan[8].

Quzo'iy: “Astronomik taqvim-jadval olimlari bu ma'lumot borasida ittifoq qilishgan”, deb aytadi[9].

Rabiul avvalning 9-kuni tug'ilganlari haqidagi xabarlar Shayx Muhammad Huzariyning “Nurul yaqin”, Muhammad Sulaymon Mansurfuriyning “Rahmatun lil olamin”, Shayx Safiyur Rahmon Muborakfuriyning “Ar-rahiqul maxtum”, Doktor Abdulloh Faqihning “Fatovosh shabakatil islomiya”, Shayx Ali ibn Noyifning “Mavsu'atul buhusi val maqolotil ilmiya”, Ibrohim Ibyoriyning “Al-mavsu'atul Qur'oniya”(1/25), misrlik tarixchi Muhammad Tal'atbek Harbning “Tarixu duvalil arabi val islom”, Sayyid Mahmud Taroziy (Oltinxonto'ra)ning “Nurul basar”, Sobit hoji Abdul Boqiy o'g'lining “Siyratu xotamin nabiyyin” kitoblarida bayon qilingan.

Mashhur olim Ali Tantoviy (1909 – 1999) mana shu ma'lumotni boshqa ma'lumotlardan afzal va ustun ko'rgan[10].

“Al-mavsu'atul islomiyatul mu'osira” kitobi (5/366) mualliflari ham mana shu hisobni qabul qilishgan.

Misr rasadxonasining sobiq mudiri, geometriya fanlari doktori astronom Mahmud Posho “Taqvimul arabi qoblal islom” kitobida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tug'ilgan kun rabiul avval oyining 9-kuni dushanba, milodiy 571 yil, 20-aprel ekanini astronomik daqiq hisob bilan aniqlagan[11].

Shuningdek, “Hijri-Gregorian Converter” ya'ni, milodiydan hijriyga va hijriydan milodiyga o'tkazadigan maxsus komp'yuter hisoblagich dasturi orqali hisoblaganimizda, milodiy 571 yildagi rabiul avval oyining 9-kuni dushanbaga to'g'ri keldi!

Rabiul avvalning 10-kuni tug'ilganlar, degan ma'lumotni Muhammad ibn Sa'd “At-tabaqotul kubro” kitobida keltirgan.

Shuningdek, Hofiz Abul Hattob Umar ibn Dihyaning “At-tanvir fi mavlidil basharin nazir” kitobida, Ibn Asokirning Abu Ja'far al-Boqirdan qilgan rivoyati[12], imom Sha'biy[13] va Abu Ja'far Muhammad ibn Ali[14]ning rivoyatlarida ham shu kun ekani bayon qilingan.

Imom Zahabiy: “Shayximiz Abu Muhammad Dimyotiy o'zi ta'lif qilgan “As-siyratun nabaviya” kitobida: “Abu Ja'far Muhammad ibn Alining (rabiul avval oyining 10-kuni) rivoyati bilan Abu Ma'shar Nujayhning (rabiul avval oyining 12-kuni) rivoyatini keltirib, Abu Ja'farning rivoyati (ya'ni, 10-kun) to'g'ri, degan”, deydi [15].

Rabiul avvalning 12-kuni tug'ilganlari haqidagi ma'lumot esa, Abdulloh ibn Abbos, Jobir roziyallohu anhum[16], Ibn Hibbon[17], Muhammad ibn Ishoq[18], Ibn Hishom[19], Abu Ma'shar Nujayh[20] va Ibn Haldun[21]lardan rivoyat qilingan[22]. Shuningdek, Ibn Kasir “Al-bidoya van nihoya”, Ibn Rajab Dimashqiy “Latoiful ma'orif”, Movardiy “A'lomun nubuvvah”, Ibn Sayyidin nas “Uyunul asar”, doktor Muhammad ibn Abdu Rahmon Shoyi' “Nuzulul Qur'on”, Doktor Muhammad Sa'id ibn Ramazon Butiy “Fiqhus siyra”, Doktor Shavqiy Abu Halil “Atlasus siyratin nabaviya”, Muhammad Habboz “Ba'sul himam li mujazi siyrati sayyidil umam”, “Al-lajnatud doima lil buhusil ilmiyati val ifto” fatvolarida, Alixonto'ra Sog'uniy “Tarixi Muhammadiy”, Ahmad Lutfiy “Saodat asri qissalari” kitoblarida hamda, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Hadis va Hayot”, 19-juzi va “Mavlud haqidagi xilof” nomli ilmiy maqolalarida rabiul avval oyining o'n ikkinchi kuni deyishgan.

Usmonli turk davlati davrida ham bu kunni “Mavlidi nabiy” sifatida qutlanishi buyurilgan[23].

Ammo rabiul avval oyining 12-kuni tug'ilganlar degan ma'lumot mashhur bo'lsa-da, Ibn Abbos bilan Jobir roziyallohu anhumning bu haqdagi rivoyati roviylari ichida “inqito'” (uzilish) borligini muhaddislar bayon qilishgan.

Qolaversa, turk olimi Zakoi Ko'nrapa “Payg'ambarimiz va asharai mubashshara” asarida: “Rabiul avval oyining 12-kuni dushanba kuniga to'g'ri kelmaganini (balki payshanba kuniga to'g'ri kelishini) unutmaslik kerak”, deydi.

Hulosa:

Mazkur ma'lumotlarni sanad mezonida o'lchasak, rabiul avval oyining 8-kuni asosli bo'lib chiqadi. Falakiyotshunoslik taqvimi asosida hisoblasak, 9-kuni ilmiy hisob bo'ladi. Mashhurlik jihatini olsak, 12-kuni kuchli bo'ladi.

Payg'ambarimizning tug'ilgan kunlarini aniqlash o'rnida imom Qastaloniyning: “Payg'ambarimizning tug'ilgan vaqtlari rabiul avval oyidir, kuni emas (ya'ni, tug'ilgan oylari aniq, u rabiul avval oyidir, kuni esa, ma'lum emas)[24], degan xulosalarini keltirish o'rinli bo'lsa kerak.

Endi, Payg'ambarimizning tug'ilgan kunlariga munosabat o'rnida quyidagi xulosalarni keltiramiz:

Zakoi Ko'nrapa: “Payg'ambarimizning xotirini yod etishni istagan har bir musulmon buning uchun aniq bir kunni tanlashi shart emas. Qiymat kun yo soatga emas, shaxsning hartomonlama komil va namuna bo'lishiga bog'liqdir. U zotning shaxsiyatiga ko'rsatiladigan hurmat-ehtiromni u yoki bu kunda marosim o'tkazish bilan ado etib bo'lmaydi. Bu narsa ul zotga eng samimiy rishtalar bilan bog'lanish orqali amalga oshirilishi mumkin”, deydi[25].

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari “Ulug' zot tavallud topgan kun” nomli maqolalarida: “Bugungi kunda Payg'ambarimiz tavallud topgan muborak kunlarini xotirlash va ul zotning siyrati saniyalarini o'qib o'rganib va eshitish bilan birga, butun olamga rahmat etib yuborilgan Rasululloh (s.a.v.)ning hayot tarzlari, xulq-odoblaridan o'rnak olib yashamog'imiz lozimdir”, deganlar.

Shayx Muhammad Sodiq hazratlari “Mavlud haqidagi xilof” deb nomlangan ilmiy maqolalarida bunday xulosa berganlar: “Rabiul avval oyi hijriy yil hisobida uchinchi oydir. Bu oy musulmonlar uchun alohida mahbub oydir. Unda Robbul olaminning habibi, olamlarning sarvari Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam tavallud topganlar. Shuning uchun ham bu oyga musulmon ummati “mavlid oyi” nomini bergan. Mavlid oyida ular o'z payg'ambarlari sollallohu alayhi vasallamning tug'ilishlari va buyuk hayotlarini esga oladilar. U zot sollallohu alayhi vasallamga bo'lgan ahdlarini yangilaydilar va hayotlari hamda siyratlarini yana ham mukammalroq o'rganish harakatida bo'ladilar. Qur'oni azimush sha'nda ulug' xulq egasi sifatida vasf qilingan, o'zlarining xulqlari Qur'on bo'lgan, husni xulqlilarning imomi bo'lgan Muhammad sollallohu alayhi vasallamning mavlidlarini eslayotgan bugungi kunimizda u zotga to'liq ergashadigan, u zotning xulqlarini o'ziga xulq qilib oladigan, u zotning ta'limotlarini to'liq o'zlashtirib, er yuzida tirik Qur'on bo'lib yuradigan musulmon ummatining qaytadan tug'ilishi uchun harakat boshlash zarurligini ham eslashimiz lozim. Mahbub Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning mavlidlarini eslar ekanmiz, u zotga sodiq ummat bo'lish ahdini yangilaymiz, u zotga salovotu salomlar yuboramiz, Alloh taolodan bu dunyoda u zotga ergashib yashashlikni nasib etishini, u dunyoda O'zining roziligiga va Payg'ambarining shafoatiga muyassar qilishini so'raymiz. Omin”.

Allohdan Payg'ambarimiz Muhammad Mustafoga beadad salovot va salomlarimizni etkazishini iltijo qilamiz.

Abdul Azim ZIYoUDDIN

[1] Ibn Kasir, “As-siyratun nabaviya”.

[2] Ibn Javziy, “Al-vafo bi ta'rifi fazoilil mustafo”.

[3] “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”.

[4] Ibn Kasir, “As-siyratun nabaviya”.

[5] Ibn Kasir, “As-siyratun nabaviya”; Imom Molik, Uqayl va Yunus ibn Yazidlar sahih isnod bilan rivoyat qilishgan.

[6] Ibn Kasir, “As-siyratun nabaviya”.

[7] “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”; Muhammad Munoviy, “Fayzul Qodir sharhul jome'is sag'ir min ahodisil bashirin nazir” (3/40);

[8] “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”.

[9] “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”.

[10] “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”.

[11] “Fatovo al-Azhar” (8/255).

[12] Ibn Kasir, “As-siyratun nabaviya”; “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”.

[13] Ibn Kasir, “As-siyratun nabaviya”; “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”.

[14] Imom Zahabiy, “As-siyratun nabaviya”.

[15] Imom Zahabiy, “As-siyratun nabaviya”; “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”.

[16] Ibn Kasir, “As-siyratun nabaviya”; “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”.

[17] Abu Hotim ibn Hibbon, “As-siyratun nabaviya”; Shayx Muhammad ibn Rizq, “Al-islom va nabiyul islom”.

[18] Imom Hokim, “Al-mustadrak 'alas sahihayn”; Imom Bayhaqiy, “Daloilun nubuvvah”, “Shu'abul iymon”; Ibn Kasir, “As-siyratun nabaviya”; Imom Tabariy, “At-tarix”; Abdu Rahmon Suhayliy, “Ar-ravzul unf fi sharhi siyrati Ibn Hishom”; Doktor Ahmad Abu Zayd, “As-siyratun nabaviya”; “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”.

[19] Ibn Hishom, “As-siyratun nabaviya”; Abdul Hafiz Ali Qarniy, “An-nabiy fi mir'oti ashobihi”.

[20] Imom Zahabiy, “As-siyratun nabaviya”.

[21] “Al-istiqso fiy axboril mag'ribil aqso”.

[22] Abu Shayba, “Al-musannaf”; Doktor Ahmad Abu Zayd, “As-siyratun nabaviya”; Muhammad Abu Zahra, “Zuhratut tafosir”; “Fatovo al-Azhar”.

[23] Zakoi Ko'nrapa, “Payg'ambarimiz va asharai mubashshara”.

[24] “Al-mavohibul laduniya”.

[25] “Payg'ambarimiz va asharai mubashshara”.

manba: https://islom.uz/maqola/2077

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   6449   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.