بسم الله الرحمن الرحيم
QADR KYeChASINING FAZILATI
Muhtaram jamoat! Ma'lumki, Ramazon oyining fazilatlaridan yana biri Qadr kechasini shu oyda bo'lishidir. Qadr kechasining ulug'ligi va undagi ajr-savoblarga yilning boshqa oylaridagi biror-bir kecha teng kela olmaydi. Ibn Abu Hotimdan rivoyat qilinadi, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bir kuni Bani Isroil payg'ambarlaridan Ayyub, Zakariya, Huzayqiyl va Yusha' ibn Nun alayhissalomlarni zikr qilib, “ular Allohga sakson yil ibodat qilganlar. Bu muddat davomida bir ko'z ochib yumguncha ham gunoh ish qilmaganlar” deganlarida sahobai kiromlar bundan g'oyatda ajablandilar. Shunda Rasulullohning huzurlariga Jabroil alayhissalom kelib: “Ummatingiz shundan ajablandimi? Alloh taolo sizlarga undan ko'ra yaxshisini nozil qildi”, deb, quyidagi Qadr surasini vahiy orqali tushurganlar:
إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ وَمَا أَدْرَاكَ مَا لَيْلَةُ الْقَدْرِ لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ تَنَزَّلُ الْمَلَائِكَةُ وَالرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِمْ مِنْ كُلِّ أَمْرٍ سَلَامٌ هِيَ حَتَّى مَطْلَعِ الْفَجْرِ
(سورةالقدر/1-5)
ya'ni: “Albatta, Biz U (Qur'on)ni Qadr kechasida nozil qildik. (Ey Muhammad) Qadr kechasi nima ekanini Sizga ne ham anglatur?! Qadr kechasi ming oydan yaxshirokdir. U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorining izni ila (yil davomida qilinadigan) ishlar (rejasi) bilan (osmondan erga) tusharlar. U (kecha) tong otgunicha salomatlikdir” (Qadr surasi, 1-5 oyatlar).
Shundan keyin Jabroil alayhissalom: “Bu sizning ummatingiz ajablangan narsadan afzaldir”, dedilar. Shunda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam va atroflaridagi sahobai kiromlar juda xursand bo'ldilar.
Demak, Qadr kechasi uchun alohida bir to'liq surani nozil bo'lishi – bu kechaning naqadar ulug' ekaniga dalolat qiladi.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Qadr kechasini maqtab bunday deganlar:
"لِلَّهِ فِيهِ لَيْلَةٌ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ, مَنْ حُرِمَ خَيْرَهَا فَقَدْ حُرِمَ"
(رواه الإمام أحمد عن أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
ya'ni: “Allohga qasamki, Ramazon oyida ming oydan afzalroq bir kecha bor. Kim unning yaxshiligidan mahrum bo'lsa, shubhasiz (juda ko'p narsadan) mahrum bo'libdi” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Demak, Qadr kechasini topib, uni ibodat bilan o'tkazkan kishi 83 yilu to'rt oy to'xtovsiz ibodat qilganni savobini olar ekan. Bu biz ummat uchun naqadar katta baxt. Alloh barchamizga nasib qilsin!
Boshqa bir hadisi sharifda shunday deganlar:
"مَنْ قَامَ لَيْلَةَ الْقَدْرِ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ"
(رَوَاهُ الامَامُ البُخَارِيُّ عن أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
ya'ni: “Kim Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o'tkazsa, uning shu kechagacha qilgan gunohlari mag'firat qilinur” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Azizlar! Qadr kechasi Ramazon oyining nechanchi kechasi ekanini Alloh va Rasuli tomonidan sir tutilgan. Sababi, bandalar Ramazon oyining oxirgi o'n kunligida imkon qadar kechalarini toat-ibodat, duo-tazarru'lar bilan o'tkazib, dunyo va oxiratlariga tegishli barcha narsalarni bunday duolar ijobat bo'ladigan kunlarda so'rab olsinlar.
Sahobai kiromlar Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan Laylatul qadrni qaysi kecha ekanini so'raganlarida Ramazon oyining uchinchi o'n kunligining toq kechalaridan izlash kerakligini aytganlar (“Tafsiri Bag'aviy”).
Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
"تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْوِتْرِ مِنَ الْعَشْرِ الْأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ"
(رَوَاهُ الشَّيْخَانِ عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا)
ya'ni: “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o'n kunligini toq kechalaridan izlanglar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Qadr kechasi haqidagi dalillarni o'rganib chiqqan ulamolarimiz Ramazonning yigirma ettinchi kechasi (yigirma oltinchidan yigirma ettinchiga o'tar kechasi)ni Qadr kechasi ekaniga ba'zi ishoralar borligini bayon qilganlar. Shuningdek, Qadr surasining tafsirida ham qadrning yigirma ettinchi kechada ekaniga engil ishoralar borligini aytganlar. Masalan, Qadr surasida “Laylatul Qadr” kalimasi uch bora qaytarilgan. Aslida arab tili fasohati qoidasiga ko'ra bunday vaziyatda zamirlar (olmoshlar) ishlatilishi kerak edi. Lekin Qur'oni karim biz bilgan har qanday nisbiy qonuniyatlardan ustun turadi. Buni bilgan ulamolar aynan ushbu “Laylatul Qadr” kalimasining uch marta qaytarilishi bejiz emas, deyishib, undan ayrim ishoralarni chiqarib oldilar: Arab yozuvida “Laylatul Qadr” kalimasi to'qqiz harfdan iborat. Uning uch marta qaytarilishi esa bu harflarning yig'indisi yigirma ettiga teng ekanini bildiradi. Bu bilan Qadr kechasi yigirma ettinchi kechada ekaniga ishora bo'lmoqda, deydilar.
Yana bundan tashqari ushbu sura o'ttizta kalimadan tashkil topgan. Bu kalimalarning yigirma ettinchisi “هِيَ ” ya'ni “U” olmoshidir. Ushbu olmoshdan “Laylatul Qadr” iroda qilingan. Demak, bu o'rinda ham Qadr kechasining yigirma ettinchi kechada ekaniga engil ishora bor deyilgan.
Shunday ekan, musulmon kishi ramazon oyining oxirgi o'n kunida jiddi-jahd bilan ibodat qilishi, xususan 27 kechada esa boshqa kunga nisbatan yanada shijoat ila ibodatga berilmog'i kerak bo'ladi. Shoyad, Alloh taolo o'zining keng rahmati ila ming oydan yaxshiroq bo'lgan kechani topishga barchamizni muvaffaq qilsa!
Oysha raziyallohu anho onamiz “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo'lsam nima deb duo qilay?” deb so'raganlarida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
"اللَّهُمَّ إِنَّكَ عُفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي"
(رواه الامَامُ الترمذى عن عائشةَ رضِيَ اللهُ عنها)
ya'ni: “Siz: “Allohumma innaka 'afuvvun, tuhibbul 'afva fa'fu 'anniy”, ya'ni, “Yo Alloh, albatta, Sen kechiruvchisan, kechirishni yaxshi ko'rasan. Meni (gunohlarimni) kechirgin” deb ayting”, – dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Shunday ekan, bu kechada ro'zador bedor bo'lib, ahli ayolini ham, yoru do'stlarni ham savobli ishlarga chorlashi maqsadga muvofiq. Alloh taolo o'sha kechaning barakotidan ming oylik ibodatning ajru savobidan ko'ra yaxshiroq ajru savob berishidan umidvor bo'lishi kerak.
Qadr kechasini nafl va qazo namozlar, zikru tasbihlar, Qur'on tilovati, kitobxonliklar kabi savobli amallar bilan o'tkazishimiz kerak. Shuningdek, fursatdan foydalanib ibodatimiz so'ngida Alloh taologa duo-tazarrular qilib, Ramazon oyidan gunohlardan forig' bo'lib chiqishimiz va barcha ezgu maqsadlarimizga erishishimiz kabi hojatlarimiz hamda Alloh taolo yurtimizni tinch qilib, har xil balo-ofatlardan O'z hifzu himoyasida saqlashini Allohdan so'rashimiz maqsadga muvofiq bo'ladi.
Shuni ta'kidlash kerakki, Qadr kechasini isrofgarchilik va maishatparastlik hamda va turli foydasiz ishlar bilan o'tkazmaslik lozim.
Muhtaram azizlar! Shu o'rinda Ramazonning saxovat oyi ekanini yana bir bor yodga olsak. Qavmu qarindosh va mahalla ko'y ichida boquvchisi yo'q, qiynalganlarga taom berish, ularni holidan xabar olib mashaqqat va tashvishlarini aritish mo'minning og'irini engil qilish hisoblanadi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallam shunday deganlar:
وَلأَنْ أَمْشِيَ مَعَ أَخٍ لِي فِي حَاجَةٍ، أَحَبُّ إِلَيَّ مِنْ أَنْ أَعْتَكِفَ فِي هَذَا الْمَسْجِدِ يَعْنِي مَسْجِدَ الْمَدِينَةِ شَهْرًا، ...وَمَنْ مَشَى مَعَ أَخِيهِ فِي حَاجَةٍ حَتَّى يُثْبِتَهَا، أَثْبَتَ اللَّهُ قَدَمَيْهِ يَوْمَ تَزُولُ الأَقْدَامُ
(رواه الإمام الطبراني)
ya'ni: “Bir birodarimning hojatida yurish men uchun mana bu masjidda (ya'ni Masjidi Nabaviyda) bir oy e'tikof o'tirishdan yaxshiroqdir. Kim birodarining hojatini ravo qilib bergunigacha u bilan birga yursa, Alloh uni qadamlar toyiladigan kunda (qiyomat kunda) sobitqadam qiladi (qadami toyilmaydi)” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Dinimiz ezgulik, yaxshilik, mehr-muruvvat, xayru saxovat dinidir. Muhtojlarga yordam qo'lini cho'zish, o'zganing ehtiyojini o'zinikidan ustun ko'rish dinimizda eng yuksak qadrlanadigan, barchaga o'rnak qilib ko'rsatiladigan chinakam islomiy fazilatdir.
Demak, biz jamiyatda yashar ekanmiz, kundalik hayotimizda qo'ni-qo'shni, do'stu yorlar va turli insonlar orasida qiyinchiliklarga uchragan kishilarga duch kelamiz. Bunday holatdagi insonlarni dardini eshitish va imkon darajasida ham moddiy ham ruhiy ko'mak berish mo'minlik vazifasi hisoblanadi. Qolaversa, bundan xayrli ishlarni nafl ibodatga farzni savobi beriladigan va farz ibodatga etmishta farzni savobi beriladigan Ramazon oyida qilsak ayni muddao bo'ladi.
Azizlar! Mav'izamiz davomida namozdagi avvalgi safga bog'liq ba'zi hukmlar haqida suhbatlashamiz. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam birinchi safda namoz o'qishning fazilati haqida shunday deganlar:
“Agar odamlar azon va birinchi safda qanday savob borligini bilib, keyin unga qur'a tashlashdan boshqa iloj topilmasa, shubhasiz, qur'a tashlagan bo'lardilar...” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Ya'ni, qur'a bilan bo'lsa ham, birinchi qatordan joy olardingiz, deyilmoqda. O'zini avvalgi saflardan orqaga tortayotgan kishilarni ko'rib, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari yodimizga tushadi: “...Bir qavm doim o'zini orqaga tortaveradi, Alloh ham ularni orqaga surib qo'yadi”, – dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Bayhaqiy rivoyatlari). Shuning uchun kim masjidga birinchi kelsa, avvalgi qatordagi bo'sh joylarni to'ldirib borishi kerak bo'ladi. O'zini orqaga tortib, oxirgi safga o'tirib olish – sunnatga xilofdir.
Safda turganlar safni to'g'ri tutish bilan birga, oralarida ochiq joy qoldirmasliklari kerak. Agar safda bir kishi sig'adigan miqdorda ochiq joy bo'lsa, uni orqadagi kishi to'ldirishi kerak bo'ladi. Oldingi safda ochiq joy bo'la turib, namoz o'qish makruhdir. Namozga kirishgandan keyin oldingi safda ochiqlik paydo bo'lsa, uni to'ldirish maqsadida oldinga yurish har bir rukn (qiyom, ruku')da ikki qadamdan oshmasligi shart. Agar oshsa, namoz buziladi.
Saf borasida yana bir qancha holatlar borki imomga iqtido qilishdan to'sadi:
Ramazon kunlarida va juma namozlarida yuqorida sanalgan ba'zi iqtidoga xalal beruvchi holatlar ko'zga tashlanadi. Masalan, taroveh namozlarida masjid hovlisidan tashqarida iqtido qiluvchilarning saflari masjid hovlisidagi saflardan uzilib qoladi. Iqtido durust bo'lishi uchun ana o'sha saflar ulanishi kerak.
Kunlar tobora isigan sari juma kuni namozxonlar masjid hovlisidan tashqarida soya-salqinlarda namozni ado qilishni xohlashadi. Lekin yuqorida aytilgani kabi masjidning hovlisidan tashqaridagi saflar ichkaridagi saflarga ulanmasa, iqtido durust emas. Hech bo'lmaganda jumaning farzida (Bu ozgina vaqtni oladi) soya salqinda o'tirganlar kelib masjid hovlisidagi yoki eng oxirgi saflarga qo'shilishlari shart. Sunnatlarni yana salqin joylarda o'qishlari joiz.
Alloh taolo barchamizga muborak Ramazon oyining qadriga etish, Qadr kechalarini topish va duolarimizni ijobat aylash baxtini nasib aylasin! Omin!
Bu zotning to‘liq ismi Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Abu Lays as-Samarqandiy al-Hanafiydir. Samarqandda tavallud topgandir. Samarqand o‘zining ko‘p olimlari bilan mashhur bo‘lgan hamda Samarqand ahli ilmni yaxshi ko‘rgan. Bu ma’lumotlar Najmiddin Umar ibn Muhammad Nasafiyni “Al qand fiy ulamai Samarqand” asarida keltirilgan.
Abu Lays Samarqandiy boshlang‘ich ta’limni Samarqandda olgan. So‘ng ulamolarining ko‘pligi bilan mashhur bo‘lgan Balxga ketadi. Ilmni mustahkamlab Samarqandga qaytadi. Abu Lays nafaqat Samarqand va Balx ulamolari orasida ilmiy mavqega ega, balki Hanafiy ulamolarining orasida ham o‘z mavqega egadir. Bunga bir qancha misollar dalolat qiladi:
U yashagan davrda yurtimizda lug‘at, tafsir, hadis, fiqh ilmlari rivojlangan. Mana shunday ilmiy muhitda yashab ijod etgan alloma samarali meros qoldirgan. Uning “Bahr al-ulum” (“Ilmlar ummoni”), “Uyun al-masoyil” (“Masalalar sarchashmasi”), “Tanbehul-g‘ofilin” (G‘ofillarga tanbehlar”), “Bo‘ston al-orifin” (“Oriflar bo‘stoni”) kabi asarlari bizgacha yetib kelgan va nashrlar etilgan.
Allomaning tug‘ilgan yili sifatida muarrixlar hijriy 301-310 yillar orasi va 911-milodiy yilni ko‘rsatadilar. Olimning kunyasi Abu Lays, ya’ni “Laysning otasi”. “Lays” lug‘atda sher, arclon ma’nosini beradi. U zotning Lays degan farzandlari bo‘lganmi yoki “Abu Turob” singari majoziy laqabmi, noma’lum. Har holda kunya ekani aniq. Kunyasi bilan laqabi qo‘shib aytilar edi, masalan: "Faqih Abu Lays aytdi" kabi. Laqablaridan biri “al-Faqih” bo‘lib, shu laqab bilan mashhur bo‘lgan. Alloma fiqh ilmida yuksak martabaga erishgan, o‘z zamonasida unga teng keladigan olim topilmas edi. Faqih so‘zining
oldida arab tilidagi “al” artikli qo‘shilib, uni “al-Faqih” deb atalishi ham shunga ishoratdir.
Abu Laysning o‘zi ham “al-Faqih” laqabini yaxshi ko‘rar edi. Chunki, rivoyatlarga qaraganda, “Tanbehul g‘ofilin” kitobini yozgan mahallarida bir kecha u kishining tushlariga Nabiy sollallohu alayhi vasallam kirib, yozgan kitoblarini tutqazib: "Yo Faqih! Kitobingni ol!” deydilar. Uyg‘onganlarida kitoblarida Payg‘ambarimiz alayhissalom muborak qo‘llarini, izlarini ko‘radilar. Shundan keyin “Faqih” degan nomni yaxshi ko‘rdi va u tufayli ko‘p barokatlarga noil bo‘ladi. Ikkinchi unvoni “Imomul-huda”. Bu laqab bilan yana bir buyuk alloma Abu Mansur al-Moturidiy ham atalgan.
Abu Laysning vafoti haqida ham muarrixlar turli sanalarni ko‘rsatadilar. Dovudiy o‘zining “Tabaqot al-Mufassirin” kitobida 393-hijriy yilning jumod al-oxir oyining seshanba 11-kechasida vafot etgan, degan. “Javohir al-mo‘zi’a” asarida 373-seshanba kechasida, “Kashf az-zunun” asarida 376, yoki 383, yoki 375-hijriy yilda vafot etgan deyiladi. Arab merosi tarixida 373, yoki 375, yoki 393-hijriy vafot etgan deyilgan.
Ya’ni, alloma 985 va 1003-milodiy yillar orasida vafot etgan. Manbalarda uning oilasi haqida hech narsa yozib qoldirilmagan. Abu Lays Samarqandiy Samarqandda shayxul-islom darajasiga ko‘tarilgan. Lekin uning rasman qozi bo‘lgani haqidagi ma’lumot manbalarda kuzatilmaydi. U o‘z davrida eng zaruriy ilm – fiqhni egallagani bois, fatvolar aytishga loyiq bo‘lgan va uning fatvo hamda hikmatli so‘zlari kishilar orasida tarqalgan. Jumladan, Salohiddin Nohiy uning fiqhiy asarlari matni tuzilishiga ko‘ra o‘z tadqiqotida allomani madrasalarda mudarrislik qilganini taxmin qiladi. Shuningdek, Abu Lays tafsirida hadislar, rivoyatlar, qiroatlar, lug‘aviy manbalarga alohida ahamiyat berilishi ham uning mudarrislik qilganini tasdiqlashi mumkin. Abu Lays Samarqandiy ilmiy salohiyatining shakllanishida avvalo olim oilasida tavallud topgani ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, keyinchalik Balx, Samarqand va Buxoro kabi muhim ilmiy mavqega ega bo‘lgan shaharlar olimlarining ta’lim-tarbiyalari sezilarli bo‘lgan. Abu Lays Samarqandiy Balxlik olimlarning Samarqandga kelishi, u yerga safar qilish munosabati bilan ilm o‘rgangan bo‘lsa, ayrim hollarda ularning asarlarini mutolaa qilish va o‘rganish orqali ularni o‘zining ustozi deb hisoblagan.
Abu Lays Samarqandiy shakllangan ilmiy muhit asosan hanafiy mazhabi olimlari ta’sirida bo‘lgan. Ko‘pchilik tarojum asarlarida Abu Lays Samarqandiyning ikki yoki uch ustozi zikr etiladi xolos. Bunga sabab balki olimga ko‘proq tahsil bergan ustozini zikr etish bilan kifoyalanish bo‘lsa kerak. Uning asarlarida o‘z davridagi ko‘plab olimlarning so‘zlari, rivoyatlari keltirilgan. Olim ularni o‘z asarlarida zikr etgan. Tadqiqot doirasida Abu Lays Samarqandiyning 24 ustozi aniqlandi. Tafsirida 20 ustozi, “Tanbih-l-g‘ofilin”da 4 ustozi zikr etilgan. Olimning barcha ustozlari hanafiy mazhabi ulamolari bo‘lib, ularning ko‘pchiliklarining silsilasi Nu’mon ibn Sobit Abu Hanifa, Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasanga borib taqaladi. Bu ustozlarning ba’zilari haqidagi ma’lumotlar tarojum asarlarida zikr etilgan. Muhammad ibn Fazl Buxoro va Samarqandga kelgani va Samarqandda vafot etgani, Xalil ibn Ahmad Farg‘ona qozisi bo‘lgani va shu yerda yoki Samarqandda vafot etgani, Abu Ja’farning Buxoro va Samarqandga kelgani va Buxoroda vafot etgani haqidagi ma’lumotlar ularning Samarqand ilmiy muhiti bilan bog‘likligini ko‘rsatadi. Ular o‘z zamonlarining yetuk olimlari bo‘lib, Abu Lays Samarqandiyga ustozlik qilganlar Abu Lays Samarqandiy tafsirining O‘zRFA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan nusxasining birinchi varag‘ida shunday ma’lumot mavjud: “Abul-Mahomid Muhammad ibn Ibrohim ibn Anush Hasiyriy “Hodiy Hasiyriy” asarining oxirgi qism ikkinchi – “Fatvo berishda ehtiyot qilish” nomli faslida shunday yozadi: 258/872 sanada vafot etgan Samarqand hofizi faqih Abu Lays: “Samarqandda 40 yil fatvo berdim, ushbu 40 yilda faqat ilgari o‘tgan ulamolarning so‘zlariga tayandim. Mening kitobimdan qiyomat kuni g‘iybatdan biror narsa chiqmaydi. O‘ng qo‘limni chap qo‘limdan ajratganimdan buyon yolg‘on gapirmadim, hech kimga qushning boshini suvga solib ko‘targanda boshida qolgan suvchalik yomonlik istamadim”, degan.
“Abu Lays fozil, taqvodor, buyuk imom bo‘lib, yuz ming hadisni yod bilgan. Vaki’, Muhammad ibn Hasan, Ibn Muborak, Abu Yusuf va boshqa olimlar kitoblarini mutolaa qilar edi. Uning ko‘plab asarlari bor”.
Barcha manbalarda Abu Lays Nasr ibn Sayyor hofiz, Nasr ibn Muhammad esa faqih deb atalgan. Yuqoridagi ma’lumotda Abul-Lays Nasr ibn Muhammad bilan hofiz Abu Lays Nasr ibn Sayyor ibn Fath haqidagi ma’lumotlar chalkashtirib yuborilgan. Shuningdek, ko‘rsatilgan vafot yili ham hofiz Abul-Lays vafot etgan yiliga yaqinroq keladi. Shu kabi ushbu ikki allomani adashtirish hollari manbalarda uchraydi.
Jumladan, u ikkisini bir olim deb ko‘rsatilgan o‘rinlar ham mavjud. Faqih Abu Lays Samarqandiyning Muhammad Shayboniyning kitobi bilan tanishganligi, o‘z ijodida Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasan Shayboniy, Vaki’, Ibn Muboraklarning silsilalar orqali rivoyatlarini ko‘p keltirganligi sababli bu ma’lumotlar Abu Lays Nasr ibn Muhammadga tegishli deb hisoblash mumkin. U o‘zining tafsirida Muhammad ibn Hasan “As-Siyar al-Kabir” asaridan ma’lumot keltiradi.
Tug‘ilgan joyi Samarqanddir. “Bahr al-ulum” tafsirining kirish qismida u shahar haqida bunday deyiladi: “Arablar uni Siron ham deydilar. Safd vodiysining janubida joylashgan bu joy iqlimi yaxshi va katta shahardir”. Bir shoir bu yer haqida shunday degan edi:
Insonlar uchun oxiratda jannat bordur,
Bu dunyoning jannati Samarqanddur.
Bu shahar tolibi ilmlar maskani bo‘lgan. Bu yerga ulamo-yu fuqaholar, tasavvuf ahllari safar qilar edilar. Shuning uchun bu yer boshqa yurtlar ichida muhim ilmiy o‘rin egallab turar edi, chunki Abu Lays Samarqandiy qatorida u kishining olimlardan bo‘lgan sheriklari va do‘stlari ham ko‘p edi.
TII talabasi Mirzaqosim Saidmirzayev
[1] Tarixi at-turas al-arabiy. 1-jild, 3-juz, 107 va undan keyingi sahifalar.