Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2024   |   25 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:03
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2024, 25 Jumadul soni, 1446

22.04.2022 y. Qadr kechasining fazilati

20.04.2022   4581   16 min.
22.04.2022 y. Qadr kechasining fazilati

بسم الله الرحمن الرحيم

QADR KYeChASINING FAZILATI

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, Ramazon oyining fazilatlaridan yana biri Qadr kechasini shu oyda bo'lishidir. Qadr kechasining ulug'ligi va undagi ajr-savoblarga  yilning boshqa oylaridagi biror-bir kecha teng kela olmaydi. Ibn Abu Hotimdan rivoyat qilinadi, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bir kuni Bani Isroil payg'ambarlaridan Ayyub, Zakariya, Huzayqiyl va Yusha' ibn Nun alayhissalomlarni zikr qilib, “ular Allohga sakson yil ibodat qilganlar. Bu muddat davomida bir ko'z ochib yumguncha ham gunoh ish qilmaganlar” deganlarida sahobai kiromlar bundan g'oyatda ajablandilar. Shunda Rasulullohning huzurlariga Jabroil alayhissalom kelib: “Ummatingiz shundan ajablandimi? Alloh taolo sizlarga undan ko'ra yaxshisini nozil qildi”, deb, quyidagi Qadr surasini vahiy orqali tushurganlar:

إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ  وَمَا أَدْرَاكَ مَا لَيْلَةُ الْقَدْرِ  لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ  تَنَزَّلُ الْمَلَائِكَةُ وَالرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِمْ مِنْ كُلِّ أَمْرٍ  سَلَامٌ هِيَ حَتَّى مَطْلَعِ الْفَجْرِ

 (سورةالقدر/1-5)

ya'ni: “Albatta, Biz U (Qur'on)ni Qadr kechasida nozil qildik. (Ey Muhammad) Qadr kechasi nima ekanini Sizga ne ham anglatur?! Qadr kechasi ming oydan yaxshirokdir. U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorining izni ila (yil davomida qilinadigan) ishlar (rejasi) bilan (osmondan erga) tusharlar. U (kecha) tong otgunicha salomatlikdir” (Qadr surasi, 1-5 oyatlar). 

Shundan keyin Jabroil alayhissalom: “Bu sizning ummatingiz ajablangan narsadan afzaldir”, dedilar. Shunda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam va atroflaridagi sahobai kiromlar juda xursand bo'ldilar.

Demak, Qadr kechasi uchun alohida bir to'liq surani nozil bo'lishi – bu kechaning naqadar ulug' ekaniga dalolat qiladi. 

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Qadr kechasini maqtab bunday deganlar:

"لِلَّهِ فِيهِ لَيْلَةٌ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ, مَنْ حُرِمَ خَيْرَهَا فَقَدْ حُرِمَ"

(رواه الإمام أحمد عن أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya'ni: “Allohga qasamki, Ramazon oyida ming oydan afzalroq bir kecha bor. Kim unning yaxshiligidan mahrum bo'lsa, shubhasiz (juda ko'p narsadan) mahrum bo'libdi” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Demak, Qadr kechasini topib, uni ibodat bilan o'tkazkan kishi 83 yilu to'rt oy to'xtovsiz ibodat qilganni savobini olar ekan. Bu biz ummat uchun naqadar katta baxt. Alloh barchamizga nasib qilsin!

Boshqa bir hadisi sharifda shunday deganlar:

"مَنْ قَامَ لَيْلَةَ الْقَدْرِ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ"

(رَوَاهُ الامَامُ البُخَارِيُّ عن أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o'tkazsa, uning shu kechagacha qilgan gunohlari mag'firat qilinur” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Azizlar! Qadr kechasi Ramazon oyining nechanchi kechasi ekanini Alloh va Rasuli tomonidan sir tutilgan. Sababi, bandalar Ramazon oyining oxirgi o'n kunligida imkon qadar kechalarini toat-ibodat, duo-tazarru'lar bilan o'tkazib, dunyo va oxiratlariga tegishli barcha narsalarni bunday duolar ijobat bo'ladigan kunlarda so'rab olsinlar.

Sahobai kiromlar Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan Laylatul qadrni qaysi kecha ekanini so'raganlarida Ramazon oyining uchinchi o'n kunligining toq kechalaridan izlash kerakligini aytganlar (“Tafsiri Bag'aviy”).

Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:

"تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْوِتْرِ مِنَ الْعَشْرِ الْأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ"

(رَوَاهُ الشَّيْخَانِ عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا)

ya'ni: “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o'n kunligini toq kechalaridan izlanglar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Qadr kechasi haqidagi dalillarni o'rganib chiqqan ulamolarimiz Ramazonning yigirma ettinchi kechasi (yigirma oltinchidan yigirma ettinchiga o'tar kechasi)ni Qadr kechasi ekaniga ba'zi ishoralar borligini bayon qilganlar. Shuningdek, Qadr surasining tafsirida ham qadrning yigirma ettinchi kechada ekaniga engil ishoralar borligini aytganlar. Masalan, Qadr surasida “Laylatul Qadr” kalimasi uch bora qaytarilgan. Aslida arab tili fasohati qoidasiga ko'ra bunday vaziyatda zamirlar (olmoshlar) ishlatilishi kerak edi. Lekin Qur'oni karim biz bilgan har qanday nisbiy  qonuniyatlardan ustun turadi. Buni bilgan ulamolar aynan ushbu “Laylatul Qadr” kalimasining uch marta qaytarilishi bejiz emas, deyishib, undan ayrim ishoralarni chiqarib oldilar: Arab yozuvida “Laylatul Qadr” kalimasi to'qqiz harfdan iborat. Uning uch marta qaytarilishi esa bu harflarning yig'indisi yigirma ettiga teng ekanini bildiradi. Bu bilan Qadr kechasi yigirma ettinchi kechada ekaniga ishora bo'lmoqda, deydilar.

Yana bundan tashqari ushbu sura o'ttizta kalimadan tashkil topgan. Bu kalimalarning yigirma ettinchisi “هِيَ ” ya'ni “U” olmoshidir. Ushbu olmoshdan “Laylatul Qadr” iroda qilingan. Demak, bu o'rinda ham Qadr kechasining yigirma ettinchi kechada ekaniga engil ishora bor deyilgan.

Shunday ekan, musulmon kishi ramazon oyining oxirgi o'n kunida jiddi-jahd bilan ibodat qilishi, xususan 27 kechada esa boshqa kunga nisbatan yanada shijoat ila ibodatga berilmog'i kerak bo'ladi. Shoyad, Alloh taolo o'zining keng rahmati ila ming oydan yaxshiroq bo'lgan kechani topishga barchamizni muvaffaq qilsa!

Oysha raziyallohu anho onamiz “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo'lsam nima deb duo qilay?” deb so'raganlarida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

"اللَّهُمَّ إِنَّكَ عُفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي"

(رواه الامَامُ الترمذى عن عائشةَ رضِيَ اللهُ عنها)

ya'ni: “Siz: “Allohumma innaka 'afuvvun, tuhibbul 'afva fa'fu 'anniy”, ya'ni, “Yo Alloh, albatta, Sen kechiruvchisan, kechirishni yaxshi ko'rasan. Meni (gunohlarimni) kechirgin” deb ayting”, – dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Shunday ekan, bu kechada ro'zador bedor bo'lib, ahli ayolini ham, yoru do'stlarni ham savobli ishlarga chorlashi maqsadga muvofiq. Alloh taolo o'sha kechaning barakotidan ming oylik ibodatning ajru savobidan ko'ra yaxshiroq ajru savob berishidan umidvor bo'lishi kerak.

Qadr kechasini nafl va qazo namozlar, zikru tasbihlar, Qur'on tilovati, kitobxonliklar kabi savobli amallar bilan o'tkazishimiz kerak. Shuningdek, fursatdan foydalanib ibodatimiz so'ngida Alloh taologa duo-tazarrular qilib, Ramazon oyidan gunohlardan forig' bo'lib chiqishimiz va barcha ezgu maqsadlarimizga erishishimiz kabi hojatlarimiz hamda Alloh taolo yurtimizni tinch qilib, har xil balo-ofatlardan O'z hifzu himoyasida saqlashini Allohdan so'rashimiz maqsadga muvofiq bo'ladi.

 Shuni ta'kidlash kerakki, Qadr kechasini isrofgarchilik va maishatparastlik hamda va turli foydasiz ishlar bilan o'tkazmaslik lozim.

Muhtaram azizlar! Shu o'rinda Ramazonning saxovat oyi ekanini yana bir bor yodga olsak. Qavmu qarindosh va mahalla ko'y ichida boquvchisi yo'q, qiynalganlarga taom berish, ularni holidan xabar olib mashaqqat va tashvishlarini aritish mo'minning og'irini engil qilish hisoblanadi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallam shunday deganlar:

وَلأَنْ أَمْشِيَ مَعَ أَخٍ لِي فِي حَاجَةٍ، أَحَبُّ إِلَيَّ مِنْ أَنْ أَعْتَكِفَ فِي هَذَا الْمَسْجِدِ يَعْنِي مَسْجِدَ الْمَدِينَةِ شَهْرًا، ...وَمَنْ مَشَى مَعَ أَخِيهِ فِي حَاجَةٍ حَتَّى يُثْبِتَهَا، أَثْبَتَ اللَّهُ قَدَمَيْهِ يَوْمَ تَزُولُ الأَقْدَامُ 

(رواه الإمام الطبراني)

ya'ni: “Bir birodarimning hojatida yurish men uchun mana bu masjidda (ya'ni Masjidi Nabaviyda) bir oy e'tikof o'tirishdan yaxshiroqdir. Kim birodarining hojatini ravo qilib bergunigacha u bilan birga yursa, Alloh uni qadamlar toyiladigan kunda (qiyomat kunda) sobitqadam qiladi (qadami toyilmaydi) (Imom Tabaroniy rivoyati).

Dinimiz ezgulik, yaxshilik, mehr-muruvvat, xayru saxovat dinidir. Muhtojlarga yordam qo'lini cho'zish, o'zganing ehtiyojini o'zinikidan ustun ko'rish dinimizda eng yuksak qadrlanadigan, barchaga o'rnak qilib ko'rsatiladigan chinakam islomiy fazilatdir.

Demak, biz jamiyatda yashar ekanmiz, kundalik hayotimizda qo'ni-qo'shni, do'stu yorlar va turli insonlar orasida qiyinchiliklarga uchragan kishilarga duch kelamiz. Bunday holatdagi insonlarni dardini eshitish va imkon darajasida ham moddiy ham ruhiy ko'mak berish mo'minlik vazifasi hisoblanadi. Qolaversa, bundan xayrli ishlarni nafl ibodatga farzni savobi beriladigan va farz ibodatga etmishta farzni savobi beriladigan Ramazon oyida qilsak ayni muddao bo'ladi.

Azizlar! Mav'izamiz davomida namozdagi avvalgi safga bog'liq ba'zi hukmlar haqida suhbatlashamiz. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam birinchi safda namoz o'qishning fazilati haqida shunday deganlar:

 “Agar odamlar azon va birinchi safda qanday savob borligini bilib, keyin unga qur'a tashlashdan boshqa iloj topilmasa, shubhasiz, qur'a tashlagan bo'lardilar...” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Ya'ni, qur'a bilan bo'lsa ham, birinchi qatordan joy olardingiz, deyilmoqda. O'zini avvalgi saflardan orqaga tortayotgan kishilarni ko'rib, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari yodimizga tushadi: “...Bir qavm doim o'zini orqaga tortaveradi, Alloh ham ularni orqaga surib qo'yadi”, – dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Bayhaqiy rivoyatlari). Shuning uchun kim masjidga birinchi kelsa, avvalgi qatordagi bo'sh joylarni to'ldirib borishi kerak bo'ladi. O'zini orqaga tortib, oxirgi safga o'tirib olish – sunnatga xilofdir.

Safda turganlar safni to'g'ri tutish bilan birga, oralarida ochiq joy qoldirmasliklari kerak. Agar safda bir kishi sig'adigan miqdorda ochiq joy bo'lsa, uni orqadagi kishi to'ldirishi kerak bo'ladi. Oldingi safda ochiq joy bo'la turib, namoz o'qish makruhdir. Namozga kirishgandan keyin oldingi safda ochiqlik paydo bo'lsa, uni to'ldirish maqsadida oldinga yurish har bir rukn (qiyom, ruku')da ikki qadamdan oshmasligi shart. Agar oshsa, namoz buziladi.

Saf borasida yana bir qancha holatlar borki imomga iqtido qilishdan to'sadi:

  1. Imom bilan iqtido qiluvchi o'rtasida arava (mashina) o'tadigan umumiy yo'l bo'lsa; Ya'ni, ularning o'rtasi kamida uch kishidan iborat saf bilan bog'lanishi kerak. Agar o'rtani ulovchi saf bo'lmasa, yo'lning narigi tomonidagilarning iqtidosi durust emas, natijada namozi ham bekor bo'ladi.
  2. Imom bilan iqtido qiluvchi o'rtasida qayiq o'ta oladigan ariq bo'lsa; Ya'ni, ularning o'rtasi kamida uch kishidan iborat ko'prik ustidagi saf bilan bog'lanishi kerak. Agar o'rtani ulovchi ko'prik orqali bog'lovchi saf bo'lmasa, ariqning narigi tomonidagilarning iqtidosi va namozi durust emas.
  3. Ochiq joylarda, jumladan, masjid hovlisidan tashqaridagi saflar o'rtasida ikki saf sig'adigan miqdorda bo'sh joy bo'lishi; Ya'ni, masjidning hovlisi (darvozasi)dan tashqarida turib iqtido qiluvchilar bilan masjid hovlisida iqtido qilganlar o'rtasida ikki saf sig'adigan miqdorda uzilish paydo bo'lsa, masjiddan tashqarida turuvchilarning iqtidosi va namozi durust bo'lmaydi.

Ramazon kunlarida va juma namozlarida yuqorida sanalgan ba'zi iqtidoga xalal beruvchi holatlar ko'zga tashlanadi. Masalan, taroveh namozlarida masjid hovlisidan tashqarida iqtido qiluvchilarning saflari masjid hovlisidagi saflardan uzilib qoladi. Iqtido durust bo'lishi uchun ana o'sha saflar ulanishi kerak.

Kunlar tobora isigan sari juma kuni namozxonlar masjid hovlisidan tashqarida soya-salqinlarda namozni ado qilishni xohlashadi. Lekin yuqorida aytilgani kabi masjidning hovlisidan tashqaridagi saflar ichkaridagi saflarga ulanmasa, iqtido durust emas. Hech bo'lmaganda jumaning farzida (Bu ozgina vaqtni oladi) soya salqinda o'tirganlar kelib masjid hovlisidagi yoki eng oxirgi saflarga qo'shilishlari shart. Sunnatlarni yana salqin joylarda o'qishlari joiz. 

Alloh taolo barchamizga muborak Ramazon oyining qadriga etish, Qadr kechalarini topish va duolarimizni ijobat aylash baxtini nasib aylasin! Omin!

            

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Kelinlikka nomzod shaxsning huquq va odoblari

26.12.2024   295   3 min.
Kelinlikka nomzod shaxsning huquq va odoblari

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Kelinlikka nomzod shaxsning ham o‘ziga yarasha huquqlari va odoblari mavjud.

1. Kelinlikka nomzod shaxs o‘zini xushro‘y ko‘rsatish uchun ziynatlanishga haqli.

Ulamolarimiz bunga misol qilib, Subayha binti Horis roziyallohu anhoning hadisini keltirishadi. Unda «Qachonki nifosdan poklanganda, sovchilar uchun ziynatlandi» degan jumla bor. Boshqa bir rivoyatda: «...surma surtib, xino qo‘yib tayyorlandi», deyilgan.

2. Kelinlikka nomzod shaxs kuyovlikka nomzodni ko‘rishga haqli.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Mug‘iyra roziyallohu anhuning hadisidagi: «Unga nazar sol, chunki bunday qilish ikkingiz orangizda bardavomlikka kerakdir», deganlari kelinlikka nomzodga ham tegishli.

3. Kelinlikka nomzod shaxs kuyovlikka nomzod bilan suhbatlashishga haqli. Bu – tabiiy holat. Ko‘rishgandan keyin, oila qurish niyati bo‘lgandan keyin, o‘rtada suhbat bo‘lishi turgan gap.

4. Kelinlikka nomzod shaxs muayyan erkakni yoqtirish va unga nikohlanish istagini bildirishga haqli.

قَالَتْ أُمُّ سَلَمَةَ وَلَدَتْ سُبَيْعَةُ الْأَسْلَمِيَّةُ بَعْدَ وَفَاةِ زَوْجِهَا بِنِصْفِ شَهْرٍ، فَخَطَبَهَا رَجُلَانِ أَحَدُهُمَا شَابٌّ وَالْآخَرُ كَهْلٌ، فَحَطَّتْ إِلَى الشَّابِّ، فَقَالَ الشَّيْخُ: لَمْ تَحِلِّي بَعْدُ، وَكَانَ أَهْلُهَا غَيَبًا وَرَجَا إِذَا جَاءَ أَهْلُهَا أَنْ يُؤْثِرُوهُ بِهَا، فَجَاءَتْ رَسُولَ اللهِ r، فَقَالَ: قَدْ حَلَلْتِ فَانْكِحِي مَنْ شِئْتِ. رَوَاهُ مَالِكٌ.

«Ummu Salama aytadilar:

«Subayha Aslamiya erining vafotidan yarim oy o‘tib tug‘di. Unga ikki kishi sovchi qo‘ydi. Ulardan biri yosh, boshqasi qari edi. U yoshiga moyil bo‘ldi. Chol: «Hali halol bo‘lganing yo‘q», – dedi. Ayolning ahli g‘oyib edi. Chol ayolning ahli kelganda uni o‘ziga berishlaridan umidvor bo‘ldi. Ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordi. Bas, u zot: «Sen halol bo‘lding. Kimni istasang, o‘shanga nikohlan», dedilar» (Molik rivoyat qilgan).


Ikki taraf rioya qilishi lozim narsalar

Kelinlik va kuyovlikka nomzodlar nikohdan oldingi uchrashuv va boshqa munosabatlarda rioya qilishlari lozim bo‘lgan narsalar quyidagilardan iborat:

1. Ikkovlari bir-birlariga nomahram ekanliklarini unutmasliklari zarur.

Chunki asli mahram bo‘lmagan ikki jinsdagi shaxsning nikohdan boshqa narsa mahram qila olmaydi, jumladan, sovchilik qilish va unashtirish ham.

2. Ikkovlari uchrashmoqchi bo‘lsalar, faqat mahramlarining ishtirokida uchrashishlari shart.

3. Ikkovlari uchrashganda qo‘l berib ko‘rishishlari mutlaqo mumkin emas.

4. Nikohdan oldin ikkovlari xoli qolishlari mutlaqo mumkin emas.

"Baxtiyor oila" kitobidan

Maqolalar