Moturidiy yashagan davr Somoniylar hukmronlik qilgan davrga to'g'ri keladi. Samarqand dastlab bu davlatning poytaxti bo'lib, so'ngra IH asrning oxiridan boshlab poytaxt Buxoroga ko'chirildi. Biroq o'sha vaqtda ham Samarqand Buxoro bilan bir qatorda Movarounnahrning iqtisodiymadaniy markazi bo'lib qolaverdi.
Abu Mansur Moturidiy 870 yilda tug'ilgan, Samarqandda 945 yilda vafot etgan va shahar chekkasidagi Chokardiza degan qabristonga dafn etilgan.
Ba'zi manbalarda uning Samarqanddagi “Iyoziy” madrasasida ta'lim olgani qayd etilgan. Moturidiy Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad Iyoziy, Imom A'zam mazhabidagi buyuk olim Nasr ibn Yahyo Balxiy, Muhammad ibn Fazl kabilarni o'zining ustozi deb bilgan.
Moturidiy fiqh va kalom masalalari bilan qiziqib, hanafiy mazhabi olimlaridan dars olib o'z bilimini oshiradi. Shu vaqt davomida ko'plab mashhur faqihlar va muhaddislar bilan muloqotda bo'lgan va munozaralar qilgan. Butun umri davomida quyidagi asarlar yozib qoldirgan:
“Kitoab at-Tavhid” (“Allohni yagona deb bilish haqidagi kitob”), “Kitob alMaqomat”, “Ka'biy zalolatlarining boshlanishini rad qilishga bag'ishlangan kitob”, “Mu'tazila g'avg'olari va undan qo'rqmaslik haqidagi kitob bayoni”, “Qur'on ta'vili kitobi”.
Abu Mansur al-Moturidiyning “Shariat asoslari”, “Kitob al-jadal”, “Dialektika haqida kitob” kabi asarlari ham bo'lgan. Bulardan tashqari Moturidiyning islom huquqshunosligiga oid “Usul kitobi” asari ham ma'lum.
Moturidiyning yana bir asari “Ta'vilot ahli sunna” yoki boshqa bir nomi “Ta'vilot al-Qur'on” deb nomlanadi. Moturidiy bu asarda sunniy aqidaga (ta'vilda) zid qarashlarni rad qilishga harakat qiladi va Imom Abu Hanifaning qarashlariga suyangan xolda ish ko'radi. Bu asar O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo'lyozmalar fondida saqlanadi...
Muhammad Ayub Faxriddinov
Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.
Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.
Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.
“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.
Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.
“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.
Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.
Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.
Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati