Ayni vaqtlarda Istanbul shahrida “Retaj Royale Istanbul” Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlari ishtirokidagi yig'ilishga katta hozirlik ko'rilmoqda.
Ushbu tarixiy muloqotda ishtirok etish va nutq so'zlash uchun O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari xizmat safarida bo'lib turibdilar.
Ma'lumki, Turkiy davlatlar tashkiloti tarkibiga O'zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog'iston va Qirg'iziston kiradi. Vengriya va Turkmaniston uning faoliyati kuzatuvchisi hisoblanadi.
Aziz muxlislar uchun Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlari haqida muxtasar ma'lumot berishni lozim topdik.
O'ZBYeKISTON
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlari 1968 yilda Andijon viloyatida tavallud topgaplar.
Muftiy Nuriddin domla hazratlari 1992 yilda Buxorodagi Mir Arab madrasasi, 1998 yilda Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti va 2007 yilda Farg'ona davlat universitetini tamomlaganlar.
Ish faoliyatlari davomida Andijon viloyati Asaka shahri “Ahmadali Maxdum” masjidi, Toshkent shahri “Oq tepa” jome masjidi imom-xatibi, poytaxtdagi “Ko'kaldosh”, Andijon viloyatidagi “Sayyid Muhyiddin maxdum” madrasalari mudarrisi, Andijon viloyati va Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifalarida mehnat qilganlar.
2021 yil 19 oktyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig'ilishida Nuriddin domla Holiqnazarov O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylandilar.
2022 yil 31 mart kuni Muftiy Nuriddin domla hazratlari O'zbekiston Halqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Halqaro ilmiy hay'ati raisi vazifasi saylandilar.
Muftiy hazratlari mo'min-musulmonlar diniy ehtiyojlarini qondirish, masjid-madrasalarni ochish va obod etish, diniy ta'lim sifatini oshirish, xalqaro aloqalarni rivojlantirish, nashr ishlarining sifatini oshirish, aholining diniy-ma'rifiy bilimini oshirish va islohotlar mazmun-mohiyatini keng tarannum etish borasida salmoqli ishlarni amalga oshirdilar.
Muftiy hazratlari 30 yildan ziyod din xizmati yo'lidagi faoliyatlari davomida ixlos, taqvo va ruhiy tarbiyaga oid chiqishlari ila mo'min-musulmonlar qalbidan chuqur joy olib kelmoqdalar.
TURKIYa
Ali Erbosh 1961 yil Turkiyaning O'rdu viloyatida tug'ilgan. U 2017 yildan buyon Diyonat ishlar boshqarmasi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
U 1980-84 yillarda Turkiyadagi Marmara universitetining ilohiyot fakul'tetida tahsil olgan. 1987 yil ushbu fakul'tetda “Qur'on tafsiri” mutaxassisligi bo'yicha “Qur'onda takrorlar” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1993 yilda “Dinlar tarixi” mutaxassisligi bo'yicha “Ilohiy dinlarda farishtalarga ishonish” asari uchun Dinshunoslik fanlari doktori ilmiy darajasiga sazovor bo'lgan.
2017 yil Yalova universiteti rektori lavozimida faoliyat yuritgan. 2017 yil 17 sentyabrda Diyonat ishlar boshqarmasi raisi lavozimiga tayinlangan.
OZARBAYJON
Ollohshukur Poshshozoda 1949 yil Ozarbayjonning Lenkoran viloyatida tug'ilgan.
1968 yil Buxorodagi Mir Arab madrasasiga o'qishga kirib, 1975 yilda Toshkent islom institutini tamomlagan. Kavkazorti musulmonlari idorasi mas'ul kotibi, “Tozapir” masjidi imomi va Kavkazorti musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari vazifalarida xizmat qilgan.
1980 yil u ilk bor Kavkaz (Kavkazorti) musulmonlar idorasi raisi etib saylanib, Kavkazning eng yosh o'n ikkinchi shayxulislomi maqomiga erishgan.
Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda 2003 yil Kavkaz musulmonlar idorasi raisi lavozimiga qayta saylangan. Shu bilan birga u Boku davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori hisoblanadi.
QOZOG'ISTON
Navro'zbay Tag'anuli 1977 yil Janubiy Qozog'iston viloyatida tug'ilgan. 1993-1997 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olgan. 1999-2001 yillarda Qozog'iston musulmonlari diniy idorasi qoshidagi Islom institutida o'qigan. 2017 yilda Misrning "Nur-Muborak" Islom madaniyati universitetiga o'qishga kirdi. U mazkur dargohda Islomshunoslik mutaxassisligi bo'yicha PhD doktoranturasida o'qidi.
2018 yil Navro'zbay Tag'anuli Qozog'iston musulmonlari diniy idorasining Turkiston viloyatidagi mintaqaviy vakili bo'lib xizmat qildi. Shuningdek, bosh muftiyning o'rinbosari lavozimida faoliyat yuritdi. Shu yilning oktyabr' oyidan boshlab u Qozog'iston poytaxtidagi Diniy idora vakili hamda “Hazrat Sulton” masjidi bosh imomi lavozimini egalladi.
2020 yilning 7 fevralida Qozog'iston musulmonlarining navbatdan tashqari IX qurultoyida Navro'zbay Tag'anuli Qozog'iston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy vazifasiga saylangan.
QIRG'IZISTON
Zamir qori Rakiyev 1978 yil Qirg'izistonning Norin viloyatida tug'ilgan. Misrdagi Al-Azhar islom universitetida "Din asoslari" mutaxassisligi bo'yicha tahsil olgan. Zamir qori Rakiyev Bishkek gumanitar universitetini sharqshunoslik mutaxassisligi bo'yicha ham ta'lim olgan.
Zamir qori Rakiyev mehnat faoliyati davomida 2016-2017 yillar Qirg'iziston musulmonlari diniy idorasi ta'lim bo'limi boshlig'i, 2017-2020 yillar Qirg'iziston muftiysi o'rinbosari, 2020 yil 10 avgustdan muftiy vazifasiga saylangunga qadar Bishkek qozisi bo'lib ishlagan.
2021 yil 26 iyun' kuni Zamir qori Rakiyev Qirg'iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylangan.
Turkmaniston muftiysi Yalkap Hodjaguliyev va Vengriya islom jamoasi rahbari Zoltan hoji Bolek to'g'risida kelgusida xabar beramiz.
O'zbekiston musulmonlariidorasiMatbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hikmat egalarining og‘zidan chiqqan eng go‘zal gaplar:
- Otlar ichgan yerdan suv iching, chunki otlar hech qachon iflos suvni ichmaydi.
- Yotog‘ingizni mushuk uxlaydigan joyga soling, chunki mushuk xotirjam joyda uxlaydi.
- Qurt tushgan, lekin teshib chiqmagan mevani yeng, chunki qurt doimo mevaning pishganini tanlaydi.
- Daraxtni yumronqoziq kavlagan yerga o‘tqazing, chunki o‘sha yer hosildor bo‘ladi.
- Uyni ilon isinib yotgan joyga quring, chunki o‘sha joy mustahkam va cho‘kmaydigan bo‘ladi.
- Qushlar issiq kunda panaga qochgan yerni qazisangiz suv chiqadi, chunki qushlar suv bor yerni biladi.
- Qushlar bilan bir vaqtda uxlab, ular bilan bir vaqtda uyg‘oning - zero bu muvaffaqiyat yo‘ldir.
- Ko‘proq sabzavot iste’mol qiling, shunda o‘rmon hayvonlari kabi oyoqlaringiz kuchli va yuragingiz baquvvat bo‘ladi.
- Imkon topganingizda suvda suzing, shunda yerda o‘zingizni huddi suvdagi baliqdek yengil his qilasiz.
- Imkon qadar osmonga ko‘proq qarang, shunda fikrlaringiz ravshan va tiniqlashadi.
- O‘zingizni xotirjam va sokin tutishga odatlaning, shunda qalbingizga sakinat kirib, ruhingiz orom topadi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV