Shoazim MINOVAROV,
O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi
markazi direktori:
— Hamma narsa xalq manfaati uchun. Insonni ulug'lash — oliy qadriyat. Shonli tarixdan — buyuk kelajak sari. Mahalla — zaminimiz, tayanchimiz. Yoshlar — Vatan kelajagi kabi ulug' va olijanob maqsadlarni o'z oldiga qo'ygan xalqimiz o'zi ishonch bildirgan rahbar etakchiligida olg'a intilmoqda.
Maqsad — O'zbekiston Respublikasini rivojlangan, qonun ustuvorligi ta'minlangan, korruptsiya jilovlangan, ilm-fan taraqqiy topgan va jahon hamjamiyatida munosib o'rin egallaydigan davlatga aylantirish. Quyosh va gidroelektr stantsiyalari, intensiv bog'lar, paxta va boshqa xomashyolarimizning joyida chuqur qayta ishlash ob'ektlari, og'ir va engil sanoat sohalarida amalga oshirilgan ishlar va rejalar O'zbekistonni tobora mazkur maqsadga yaqinlashtiryapti. Ilgari biz faxr bilan tilga oladigan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Sho'rtan gaz kimyo majmuasi kabi yirik sanoat ob'ektlari endi “O'zbekiston GTL” zavodi timsolida o'z alambardorlariga — etakchilariga ega bo'ldi.
“O'tgan yili Qashqadaryoda “O'zbekiston GTL” zavodini ochib, butun dunyoga mamlakatimizning iqtisodiy qudratini ko'rsatdik. Bu markaz xalqimizning ma'naviy va ma'rifiy qudrati timsoli bo'lib qoladi”, dedi muborak Ramazon oyining birinchi jumasida Islom tsivilizatsiyasi markazi qurilishiga tashrif buyurgan O'zbekiston rahbari. An'anaga ko'ra, Prezidentimiz Islom tsivilizatsiyasi markazida so'nggi oylarda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi va mutasaddilar hamda quruvchilarga zarur tavsiyalar berdi. Shuningdek, tashqi va ichki bezak ishlarining mazmuni va shaklini ma'qulladi, ayni paytda qo'llaniladigan barcha matnlar ilmiy asosga ega bo'lishi zarurligini ta'kidladi. Tashrif davomida Islom tsivilizatsiyasi markazi muzeyi tarkibida shakllantirilayotgan “Yangi O'zbekiston — Uchinchi Renessans” bo'lim taqdimoti ham bo'lib o'tdi. Bo'limda boy va uzoq asrlarga taqaladigan tariximiz, din va ilmda maktablar yaratgan bobolar merosi, ma'rifatchi ajdodlarimiz, muftiylar sulolasi to'g'risidagi ma'lumotlar taqdim etilgan kontseptsiya bo'yicha o'z takliflarini bildirdi. Islom tsivilizatsiyasi markazi binosida Halqaro islom akademiyasining magistratura va doktorantura bo'limlari joylashadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Birlashgan Arab Amirliklari Islom ishlari va vaqflar bosh boshqarmasi hamkorligida o‘zbekistonlik imom-xatiblar uchun BAAda malaka oshirish o‘quvlari boshlandi. Bu haqda mazkur jarayonda ishtirok etayotgan Masjidlar bilan ishlash bo‘limi xabar berdi.
Mazkur o‘quv kurslarining asosiy maqsadi ikki qardosh mamlakat diniy soha vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or ma’rifiy yondashuvlar, zamonaviy ish usullari hamda dolzarb diniy-ijtimoiy masalalar yuzasidan fikr almashishdan iboratdir.
Safar doirasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ilmiy-amaliy mashg‘ulot davlatchilik asoslari, bag‘rikenglik madaniyati va zamonaviy diniy-ijtimoiy yondashuvlar mavzusiga bag‘ishlandi. Unda BAAning taraqqiyot yo‘li, qonun ustuvorligi va jamiyat barqarorligida «vasatiyya» (mo‘tadillik) tamoyilining o‘rni muhimligi ta’kidlandi. 200 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv istiqomat qilayotgan ushbu mamlakatda inson qadri va o‘zaro hurmat asosiy mezon ekaniga urg‘u berildi.
O‘z navbatida, BAA tomoni O‘zbekistonning boy sivilizatsiyasi va dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini yuksak ehtirom bilan tilga oldi.
Malaka oshirish jarayonida ishtirokchilar masjidlar faoliyatini tashkil etish, jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash, xususan, ma’ruza va suhbatlarni zamonaviy axborot texnologiyalari — interaktiv taqdimotlar va proyektorlar orqali ko‘rgazmali yetkazish bo‘yicha ilg‘or amaliyotlar bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Tadbir davomida BAA rahbariyatining global miqyosdagi insonparvarlik va xayriya tashabbuslari ham alohida e’tirof etilib, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan mazkur manfaatli safarni tashkil etgan mutasaddilarga samimiy minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati