“Sizlargaro'zakechasidaxotinlaringizgayaqinlikqilishhalolqilindi. Ularsizgalibosdir, sizulargalibosdirsiz. Allohsizningo'zingizgaxiyonatqilayotganingiznibildi, tavbangizniqabuletdivasizlarniafvetdi. EndiulargayaqinlashaveringvaAllohsizgayozgannarsanitalabqiling. Tongpaytidaoqipqoraipdanajragunchaeb-ichavering. So'ngraro'zanikechasigachabatamomqiling. Masjidlarda, e'tikofdaligingizdaulargayaqinlikqilmang. BularAllohningchegaralaridir, ungayaqinlashmang. AllohodamlargaO'zoyatlarinishundoqbayonetadi. Shoyadki, taqvoqilsalar» (Baqarasurasi, 187-oyat).
“Sizlarga ro'za kechasida xotinlaringizga yaqinlik qilish halol qilindi”. Ro'za ilk farz qilingan davrda ro'zador iftordan keyin uxlab qolsayu keyin uyg'onsa, unga emoq, ichmoq va xotiniga yaqinlik qilmoq mumkin bo'lmasdi. «Qays ibn Sarma Ansoriy ro'zador holida xurmo bog'ida ishlab, iftor paytida xotinidan: “Taoming bormi?” deb so'radi. Ayoli unga: “Yo'q, hozir borib biron narsa topib kelaman”, deb tashqariga chiqdi. Kunduzi ishlab charchagan Qays uxlab qoldi. Hotini kelib, erining uxlaganini ko'rib: “Sho'ring qurisin”, dedi-yu, uyg'otmadi. Ertasiga kunning yarmida Qays roziyallohu anhu hushidan ketib yiqildi. Hodisadan Payg'ambarimiz alayhissalom xabar topdilar. So'ng Alloh taolo ushbu oyatni nozil qildi».
“Ular sizga libosdir, siz ularga libosdirsiz”. Ya'ni, har ikkisi o'z juftiga halol bo'lmagan narsalardan pardadir.
“Alloh sizning o'zingizga xiyonat qilayotganingizni bildi, tavbangizni qabul etdi va sizlarni afv etdi”. Oyatdagi “xiyonat”dan murod ro'za kechasida ayoliga yaqinlik qilish istagi ko'ngildan kechganidir. Ayrim rivoyatlarda ba'zilar bu ishni qilganlari zikr etilgan.
Imom Tabariy rivoyatida Umar roziyallohu anhu Payg'ambarimiz alayhissalom bilan suhbatlashib, uyiga kechroq qaytdi. Ayoli uxlab qolgan ekan. U zot xotiniga yaqinlik qilishni xohladi. Ayol: “Uxlab turdim-ku”, deb rad etdi. Hazrati Umar ayoliga, uxlamagansan, deya yaqinlik qildi.
Ertasiga Umar roziyallohu anhu Rasululloh alayhissalomning oldilariga bordi va: “Yo Rasululloh, Alloh va sizdan uzr so'rayman. Nafsim unab ayolimga yaqinlik qildim, menga biror ruxsat topib bera olasizmi?” dedi. Hazrati Umar uyiga qaytib borganida, Rasululloh alayhissalom uning ortidan odam yubordilar va Alloh taolo ushbu oyat bilan u kishining uzrini qabul qilgani xabarini berdilar.
“Endi ularga yaqinlashavering va Alloh sizga yozgan narsani talab qiling”. Ya'ni endi ruxsat. Sizlar xotinlaringizga yaqinlik qilib, “Alloh yozgan narsani” – farzandni talab qiling. Ibn Abbos: «“Alloh yozgan narsadan” murod Qur'ondir», degan. Ibn Abbos va Muoz ibn Jabal: «“Laylatul qadrni” talab qiling», degan. Ba'zi olimlar “ruxsat va kenglik” deyishgan. Ibn Arabiy ushbu oyatning nozil bo'lishiga Umarning voqeasi sabab bo'lgan, Qaysning och qolib hushidan ketgani emas, deydi.
“Tong paytida oq ip qora ipdan ajraguncha eb-ichavering”. Imom Buxoriy Adiy ibn Hotamdan rivoyat qiladi: «“Tong paytida oq ip qora ipdan ajraguncha eb-ichavering” oyati nozil bo'lganda, bitta oq, bitta qora ipni oldim-da, yostig'im ostiga qo'ydim, ularga qarab-qarab, oqiqorasidan ajraganda og'zimni berkitdim. Tong otganida Rasululloh alayhissalom huzurlariga borib, qilgan ishimni aytdim. U zot alayhissalom: “Undoq bo'lsa, yostig'ing keng ekan-da, u gap kunduzning oqi bilan kechaning qorasi haqida edi”, dedilar».
“Tong paytida”dan murod subhi sodiq bo'lib, yorug'likning ufqda tarqalishini bildiradi. Samura ibn Jundub roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Nabiy alayhissalom: “Saharliklaringizdan Bilolning azoni ham, ufqda bundoq ko'tarilgan oqlik ham sizni aldab qo'ymasin. Toki mana bundoq bo'lib yoyilguncha (bo'laveradi)”, dedilar (Beshovlaridan Imom Buxoriy rivoyat qilmagan).
Tong otish vaqti ikki bosqichdan iborat bo'ladi. Birinchi bosqichda yorug'lik pastdan yuqoriga ko'tariladi. Bu “subhi kozib”, ya'ni “yolg'onchi tong” deyiladi. Ikkinchi bosqich esa, yorug'likning ufq bo'ylab ko'ndalang tarqalgan paytidir. Bu “subhi sodiq”, ya'ni “rost tong” deyiladi. Shu vaqtda saharlik vaqti tugagan bo'ladi.
“So'ngra ro'zani kechasigacha batamom qiling”. Alloh taolo Ramazon oyida kechani eb-ichish va jimo uchun vaqt qilib belgilab berdi. Kunduzni esa bu ishlardan tiyilish vaqti qildi. Ushbu oyatda ikki vaqtning ham o'ziga tegishli hukmlarini bayon qildi. Demak, Ramazonda ro'zador kechasi ruxsat berilgan ishlardan birortasini qilishi joiz bo'lmaydi. Kimda-kim Ramazonda kunduzi qasddan eb-ichsa yoki jimo qilsa, o'sha kun ro'zasining qazosini tutib berishi va kafforatini o'tashi lozim.
Kafforat bir qulni ozod qilish, bunga imkoni bo'lmasa, 60 kun paydar-pay ro'za tutish, bunga ham qodir bo'lmasa, 60 miskinga taom berishdir.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Bir odam Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning rasuli, halok bo'ldim”, dedi. Nabiy alayhissalom: “Seni nima halok qildi?” dedilar. Haligi kishi: “Ramazonda xotinimning ustiga chiqdim”, dedi. “Qul topib, uni ozod qila olasanmi?” deb so'radilar. Haligi kishi: “Yo'q”, dedi. “Ikki oy ketma-ket ro'za tuta olasanmi?” dedilar. U kishi: “Yo'q”, dedi. “Oltmish miskinga taom berishga narsa topa olasanmi?” deb so'radilar. Haligi odam: “Yo'q”, dedi. So'ngra kutib o'tirdi. Payg'ambarimiz alayhissalomga bir idishda xurmo keltirishdi. U zot alayhissalom:“Mana buni sadaqa qilib yubor”, dedilar. U odam: “Ey Allohning Rasuli, bizdan ko'ra faqirroqqami? Allohga qasam, u (Madina)ning ikki chetining orasida bizdan ko'ra muhtojroq oila yo'q”, dedi. Payg'ambarimiz alayhissalom kuldilar, hatto tishlarining oqi ko'rinib ketdi. So'ngra: “Bor! Uni ahlingga taom qilib ber”, dedilar (Beshovlari rivoyat qilishgan).
Alloh taolo ushbu oyatda kechasi jimo qilish mumkinligini va kunduzi esa bu ishlardan tiyilish xabarini berdi.
Ramazon oyida kunduzlari er-xotinning o'zaro yaqinlik qilishi ro'zani buzadi. Yaqinlikka olib keluvchi o'pish, quchoqlash kabi ishlar ro'zani buzmaydi. Lekin o'ziga ishonmagan odam uchun bu ishlar makruh.
“Tong paytida oq ip qora ipdan ajraguncha eb-ichavering”. Kechaning oxiri subhi sodiq kirishi bilan tugashini hisobga olsak, inson junub holatida tong vaqtiga kirishi mumkin. Shunday bo'lsa, junub holida tong ottirsa va ro'zaga niyat qilsa, ro'zasi sahih bo'laveradi.
Hayzli ayolning hukmi ham shunga o'xshash. Agar ayol bomdod namozining vaqti kirishiga bir daqiqa qolganida poklansa, shu kunning ro'zasini tutishi vojib. Aksincha, bomdod namozining vaqti kirganidan biror daqiqa o'tganida poklansa ham, o'sha kunning ro'zasini tutmaydi.
“Bular Allohning chegaralaridir, unga yaqinlashmang. Alloh odamlarga O'z oyatlarini shundoq bayon etadi. Shoyadki, taqvo qilsalar”. Ushbu zikr qilinganlarning bari Alloh taoloning hukmlari va ularning chegaralaridir. Parvardigor ularga yaqinlashmaslikka buyurdi, chunki qancha yaqinlashilsa, chegarani buzish ehtimoli shuncha ko'payadi.
“Tafsiri Qurtubiy” asosida
“Hadichai Kubro” ayol-qizlar o'rta
maxsus islom bilim yurti
katta o'qituvchisi
Surayyo IBRAGIMOVA
tayyorladi.
“Hidoyat” jurnali 3-son