Bugun, 11 aprel kuni peshin namozida Qo‘qon shahridagi “Degrezlik” masjidi Muftiy hazratlarining tashriflarini eshitgan minglab namozxonlar ila har qachongidan-da fayzga to‘ldi.
Dastlab Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev so‘z olib, shu kunlarda viloyatda katta xursandchilik bo‘layotgani, buning boisi soha rahbarlari kelganini aytib, mehmonlarni tashrif bilan qutladilar, so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlarini minbarga taklif qildi.
Muftiy hazratlari mav’izalari avvalida jomega yig‘ilgan qo‘qonlik mo‘min-musulmonlarni Ramazoni sharif bilan qutlab, iliq tilak va duolar qildilar.
Muftiy hazratlari suhbatlari asnosida Haq taoloning ne’matlariga burkangan ayni zamonda shukrni ziyoda qilishimiz lozimligi, duolar qilganimizda o‘z hojatlarimizni so‘raganda, albatta, yurt tinchligi, xalq farovonligini so‘rash lozimligini uqtirdilar.
Ma’ruza davomida Muftiy hazratlari jamoatga ayni kunlarda yurtimizdagi taniqli va voiz ulamolar, soha rahbarlari hududlardagi masjidlarda bo‘lib, mo‘min-musulmon xalqimiz diniy savodxonligini oshirilayotgani, yurtimiz va dunyodagi voqea-hodisalardan xabardor qilinayotgani, mazkur tashrifdan ham ayni maqsad ko‘zlanganini aytib o‘tdilar.
Muftiy Nuriddin domla hazratlari suhbat asnosida ro‘zaning fazilat va foydalari haqida ham ta’sirli va mazmunli mav’iza qilib, jumladan bunday dedilar:
“Alloh taolo hadisi qudsiyda: «Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men – O‘zim berurman. Ro‘zadorning og‘zidagi hid Alloh huzurida mushku anbar hididan ham xushbo‘yroqdir», degan» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan). “Barcha ibodatlar o‘zi faqat Alloh taolo uchun bo‘lsa, u holda nega Alloh taolo ro‘zani O‘zi uchun xosladi?” degan savol barchamizda paydo bo‘lishi tabiiy. Keling ushbu hadisni sharhlagan muhaddis ulamolarimizga murojaat qilsak.
Ulamolar ushbu hadisi sharif ustida fikr yuritib, quyidagi so‘zlarni aytishadi: Qiyomat kuni mazlumlar zolimdan qasos olib, qilgan zulmi evaziga yaxshi amallarni tortib olishlari mumkin. Chunki boshqa bir hadisda: «Kishi qiyomat kuni tog‘lar kabi yaxshiliklar bilan keladi. Lekin uni so‘kkan, buni urgan yoki yana birining molini yeganligi sababli uning yaxshiligidan mazlumga olib beriladi. Hatto zolimning yaxshiligi tugab, hech narsa qolmagach, endi mazlumning gunohidan zolimga yuklanadi va zolim (gunohi ko‘payib ketgach,) do‘zaxga tashlanadi», deyilgan. Faqat ro‘za unday emas. Ro‘zani qiyomat kuni haqdorlarga ulashib berilmaydi. Alloh ro‘zani uning egasi uchun shu darajada saqlab qo‘yar ekanki, unga hatto haqdorlar ham jur’at qila olmas ekan. Shunga binoan «Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men – O‘zim berurman», degan». Ya’ni Odam bolasining amallari qasos sababli talafot ko‘rib, haqdorlar tortib olishi sababli kamayishi mumkin ekan. Faqat ro‘zaga daxl qila olmas ekan.
Demak, ro‘zadan boshqa amallarning savobi qay miqdorda ko‘paytirib berilishi aniq aytilgan. Bir amal uchun savob o‘n martadan to yetti yuz martagacha ko‘paytirilishi mumkin. Ammo undan ortiq bo‘lmasligi ham mumkin. Ro‘za uchun beriladigan savob esa shu darajada ko‘p bo‘ladiki, uni Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi, idrok ham qila olmaydi. Ro‘zadorning amali bunchalar yuqori baholanishining sababi shuki, u taomi va shahvatini faqat Alloh taolo uchun tark qilib, ro‘za tutganidir”.
Yakunda Muftiy hazratlari Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligi, elimiz farovonligi va baxti-iqboli, muborak Ramazon oyi barokati, fayzini so‘rab xayrli duolar qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Mashhur ishbilarmon bilan bo‘lgan suhbatda undan hayotidagi esda qolarli voqea haqida so‘rashdi. U bunday hikoya qilib berdi:
«Bir kuni o‘zimda ikkilanish, taraddudni his qilib, ochiq havoda sayr qildim. Eshigi ochiq turgan bir masjid yonidan o‘tarkanman, o‘zimga-o‘zim: “Kirib ikki rakat namoz o‘qiy”, deya masjidga burildim. Unda bir kishi qiblaga yuzlanib, qo‘llarini ko‘targancha yolvorib duo qilayotgan ekan. Bildimki, biror muammosi bor. U duo qilib bo‘lgach, sekin oldiga bordim:
– Biror muammo bormi?
– Bo‘ynimda qarzim bor, – dedi u. – Shu meni bezovta qilyapti.
– Qancha?
– To‘rt ming.
Saxiyligim tutdi. Cho‘ntagimdan pul chiqarib, unga to‘rt ming berdim. U juda xursand bo‘lib ketdi va menga rahmat aytib, haqqimga duo qildi. Men tashrif qog‘ozimni berib: “Biror ehtiyojingiz bo‘lsa qo‘ng‘iroq qiling yoki ishxonamga keling”, dedim. Bu taklifdan yanada xursand bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Biroq uning javobi meni hayratda qoldirdi! U aytdiki: “Yo‘q, birodar! Alloh sizni mukofotlasin, bu tashrif qog‘oziga ehtiyojim yo‘q. Men biror ehtiyojim bo‘lsa, ikki rakat namoz o‘qib, qo‘limni duoga ochib, hojatimni Allohdan so‘rayman. Alloh tez orada hojatimni ravo qiladi. Xuddi hozir sizni bu yerga boshlab kelib, vosita qilganidek!..”
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan bir hadis yodimga keldi: “Agar Allohga haqiqiy tavakkal qilsangiz, Alloh xuddi qushlarga rizq berib qo‘yganidek rizqingizni yetkazadi. Ular tongda hech vaqosiz chiqib ketib, kech bo‘lganda qorinlarini to‘yg‘azib qaytgani kabi”.
Masjiddan Alloh taoloning quyidagi oyatini takrorlab chiqdim: “Va barhayot, o‘lmaydigan Zotga tavakkal qil hamda Uni hamdu sano ila poklab yod et. Bandalarining gunohlaridan o‘ta xabardor bo‘lishda Uning O‘zi kifoyadir” (Furqon surasi, 58-oyat)».