Islom san'ati va madaniyati haqidagi «Bayt Al Fann» onlayn platformasida O'zbekiston turizm sohasining Buyuk Britaniyadagi elchisi Sofi Ibbotsonning" Buxoroi Sharif va O'zbekistonning muqaddas joylari "sarlavhasi ostida maqolasi chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" axborot agentligi.
Material O'zbekistonga ziyoratchilar va sayyohlarni jalb etishda davom etayotgan O'zbekistonning boy tarixiy merosiga bag'ishlangan.
Muallifning fikricha, bundan ming yil muqaddam Buxoro islom dunyosining yirik markazlaridan biri bo'lib, o'sha davrda Bag'dod va Qohira bilan raqobatlashgan. Imom Buxoriy, Abu Ali ibn Sino (Avitsenna) va uning ustozi Al-Qumriy, Sadriddin Muhammad Aufiy, Bahouddin Naqshband va Amir Kulol (Shams ud-Din) – Sharq Renessansi olimlari Buxoro madrasasida tahsil olganlar. Bi-bi-si xabarida O'zbekistonni "Ming qadamjolar mamlakati" deb atagani qayd etilgan maqolada ziyoratgoh uchun eng muhim besh joy ko'rsatiladi.
Imom Al-Buxoriyning Samarqanddagi yodgorlik majmuasini ta'riflab, muallif 810 yilda tug'ilgan Muhammad Ismoil Buxoriy bolaligidan hadislarni o'rganib, 16 yoshida Haj qilganligini qayd etadi. 30 yoshida u o'zining "Al-Jomiy as-Sahih" ("Sahih Al-Buxoriy" nomi bilan ham tanilgan) asarida eng sahih hadislardan 7272 tasini to'pladi, hali ham bu sunniylar tomonidan eng muhim hadis to'plami sanaladi.
"Buxorodagi Bahouddin Naqshband maqbarasi XVI asr o'rtalariga borib taqaladi, jahon merosi maqomini olish uchun YuNYeSKOning taxminiy ro'yxatiga kiritilgan", - deydi muallif. - Ayni paytda u Markaziy Osiyo musulmonlari, shuningdek, Janubiy Osiyo va Buyuk Britaniyadan kelgan Naqshbandiya izdoshlari uchun muqaddas maskan hisoblanadi.
O'nlab maqbaralar joylashgan Samarqanddagi Shohi-Zinda ko'pchilik tomonidan Temuriylarning shoh maqbarsi deb ataladi va maftunkor firuza rang koshinlari bilan ajralib turadi. Majmua YuNYeSKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan bo'lib, shubhasiz O'zbekistonning eng diqqatga sazovor joylaridan biri hisoblanadi, deb yozadi muallif.
Termiz shahrida tashrif buyuruvchilar (shuningdek, Kampir Tepa deb nomlanuvchi) Oksus ustida qurilgan Iskandariya yo'qolgan shahari, Fayoz Tepa va Qora Tepada buddaviylar monastirlari, shuningdek, yaxshi saqlanib o'rta asr yodgorliklarining muhim kollektsiyasi, shu jumladan, bir qator arxeologik yodgorliklarni ko'rishlari mumkin.
Islom merosiga qiziquvchilarga X-XVII X-XVII asrlarga oid maqbaralar va masjidni o'z ichiga olgan Sulton Saodat majmuasini ziyorat qilish tavsiya etiladi. Majmuadagi ilk qabrda Termiz sayyidlari xonadonining asoschisi Hasan al-Amirning hoki yotibdi. Uning Islom dunyosida e'tirof etilgan shajarasi Hazrat Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam borib taqaladi.
Miloddan avvalgi IV asrda tashkil etilgan Mizdaxon maqbarasi Nukusda saqlanib qolganligi ham qayd etiladi.
Hulosa qilib aytganda, muallif O'zbekiston bugungi kunda o'zining boy merosini qayta kashf etish va ulug'lash bilan bir qatorda ziyorat turizmini ham rivojlantirayotganini alohida ta'kidlaydi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:
Birinchisi – o‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.
Ikkinchisi – haqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.