Ayni kunda yurtimizda Ramazon oyi o'zgacha ruh va shukuhli tarzda davom etmoqda. Aksariyat kishilarning dilida, tilida ezugilik, yaxshilik, amallari esa ibodat bo'lmoqda.
Bunday xayrli va shukuhli onlarda bugun poytaxtimizdagi Hazrati Imom majmausida bo'lib o'tayotgan “Kitob – kamolot kaliti” ilmiy-ma'rifiy kitoblar ko'rgazmasi va savdosining tashkil etilgani ham Ramazon oyiga munosib tuhfa bo'ldi, deyish mumkin. Chunki ko'rgazmada turli rasmiy chiqishlardan so'ng, talabayu o'quvchilar va jajji bolajonlarning Ramazon oyiga bag'ishlangan sahna ko'rinishlari kitob ko'rgazmasiga bayramona tus berdi.
7-8 aprel' kunlari bo'lib o'tayotgan mazkur ko'rgazma O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi tashabbusi tashkil etildi. Unda O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari hada bir qator nashriyotlar, kitob do'konlari o'zlarining bir-biridan qiziq, ilmiy-ma'rifiy va badiiy kitoblari hamda matbaa mahsulotlari bilan ishtirok etmoqdalar.
Ramazon munosabati bilan tashkil etilgan ma'rifiy tadbir doirasida turli yangi kitoblar taqdimoti ham bo'lib o'tdi. Shuningdek, taniqli ulamoyu olimlar ishtirokida yoshlarni iml-ma'rifatga da'vat etadigan suhbatlar hamda ko'rgazma ishtirokchilari o'rtasida “Ko'rgazmaning eng faol ishtirokchisi”, “Eng yaxshi diniy-ma'rifiy kitob”, “Eng yosh kitobxon”, “Eng faol talaba” nominatsiyasida sovrinli tanlovlar ham o'tkazilmoqda.
Qolaversa, ko'rgazmada xattotlik san'ati bo'yicha mahorat darslari, nashriyot va bosmaxonalar o'rtasida turli nominatsiyalar bo'yicha tanlovlarning tashkil etilgani uning yanada qizg'in o'tishiga xizmat qilmoqda.
Nashriyotlar va kitobxonlarni bir-biriga yaqinlashtirish va kitobxonlik madaniyatini shakllantirish kabi ezgu maqsadlar ko'zlangan ko'rgazma tom ma'noda o'zini oqladi, deyish mumkin. Buni ko'rgazamaga tashrif buyuruvchilarning ko'pligi hamda aholimizning kitobga bo'lgan munosabatidan bilish mumkin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Baquvvat va bo‘yi uzun bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan o‘tib ketdi. U zot sahobalar bilan birga o‘tirgan edilar. Sahobalar uning kuch va quvvatidan hayron qolib deyishdi:
– Yo Allohning Rasuli! Qani endi uning mana shu kuchi Allohning yo‘lida ishlatilganida edi?! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga dedilar:
– Agar u go‘dak bolalari uchun ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u qari ota-onasi uchun ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u riyo va faxrlanish uchun ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, shaytonning yo‘lidadir!
Insonlar faqatgina jangga qilich yalang‘ochlab chiqishni jihod deb o‘ylashadi. Qolgan narsalar ularning nazdida go‘yo bir maromdagi oddiy urf-odatlar. To‘g‘ri, jang qilish Alloh yo‘lidagi ishlar ro‘yxatining avvalida turadi. Ammo negadir «Allohning yo‘lida» deyilsa, eng avval miyaga jihod keladi. Holbuki, halol tirikchilik qilish ham Allohning yo‘lidagi ish!
Sahobalar insonning kuchi va quvvati faqat Allohning yo‘lidagi jihodda ishlatilishi kerak deb o‘ylashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning tushunchalarini to‘g‘rilab qo‘ydilar. Ularga kishi xotini va bola-chaqasining tashvishida ko‘chaga chiqsa, ota-onasining xizmati uchun ko‘chaga chiqsa, uylanish uchun mahrga yaroqli narsa topish ilinjida uchun ko‘chaga chiqsa, u ham Allohning yo‘lida yurganini anglatdilar!
Alloh yo‘lida qilgan har bir halol amalingizning ajrini tasavvur qilib ko‘ring! Farzand va ayolingiz yaxshi yeb, yaxshi kiyinishi uchun ko‘chada, uyingiz tartibli bo‘lishi uchun uyingizda ishlashingiz oddiygina odatiy ish emas, Alloh yo‘lidagi kundalik jihoddir!
Ota-onangizni shifoxonaga olib borishingiz oddiy ish emas. Bu yaxshilik Alloh yo‘lidagi amalingizdir!
Bir bemorni ko‘rgani borishingiz oddiy insoniy burch emas. Bu Alloh yo‘lidagi ko‘ngil olishdir!
Birovning otasi yoki onasi vafot qilganida borib ta’ziya bildirishingiz oddiygina ijtimoiy ko‘rinish emas. Bu Alloh yo‘lida bir-biriga qilinadigan rahm-shafqatdir!
Toat, yaxshilik va ma’ruf ishda hayot kechirish barchasi Alloh yo‘lida hayot kechirishdir. Bu ishlardagi ajrni tasavvur qilsak, Alloh yo‘lidagi kurash bizga yengil kechadi!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi