Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

08.04.2022 y. ZAKOT – MOLIYaVIY IBODAT

6.04.2022   4581   16 min.
08.04.2022 y. ZAKOT – MOLIYaVIY IBODAT

 بسم الله الرحمن الرحيم

ZAKOT – MOLIYaVIY IBODAT

 

Muhtaram jamoat! Islom nuqtai nazarida insonga berilgan mol-mulk ham sinovlardan biridir. Odam molu davlatini Alloh taolo va Payg'ambari ko'rsatganidek sarf qilsa, to'g'ri yo'lga va ezgulikka ishlatsa, mol-mulk unga berilgan ne'mat bo'ladi. Agar mol-mulkini gunohga va er yuzida buzg'unchilik qilishga sarflasa, bu uning uchun azobga aylanadi. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

  إِنَّمَا أَمْوَالُكُمْ وَأَوْلَادُكُمْ فِتْنَةٌ وَاللَّهُ عِنْدَهُ أَجْرٌ عَظِيمٌ 

ya'ni: “Sizlarning mol-mulklaringiz va farzandlaringiz faqat bir sinovdir. Ulug' mukofot esa Allohning huzuridadir(Tag'obun surasi 15-oyat).

Mol-dunyo fitnasi mo'min uchun katta sinovdir. Bu sinovni hamma ham engib o'ta olmaydi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bu haqda shunday deydilar:

﴿إِنَّ لِكُلِّ أُمَّةٍ فِتْنَةً، وَإِنَّ فِتْنَةَ أُمَّتِي الْمَالُ

ya'ni: “Har bir ummatning sinovi bor. Ummatimning sinovi moldir” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Imom Ahmad rahimahulloh aytadilar:

اُبْتُلِيْنَا بِالضَّرَّاءِ فَصَبَرْنَا، وَابْتُلِيْنَا بِالسَّرَّاءِ فَلَمْ نَصْبِرْ

ya'ni: “Qiyinchilik bilan imtihon qilinganda sabr qildik. Kengchilik bilan sinalganda, sabr qila olmadik”.

Dinimizda mol-dunyoning muhabbati qalbni egallamasligi uchun turli sadaqalar va infoq-ehson qilib turishga buyuriladi. Mana shu sadaqalarning boshida boylarga farz bo'lgan zakot turadi. Sadaqalar ichida eng savoblisi ham zakotdir. Chunki amallar ichida eng savobi ko'pi farz amallardir. Nafl sadaqalar undan keyin turadi.

Zakot – Islomning besh farzidan biri, moliyaviy ibodatdir. Uning “o'sish”, “salohiyat” va “poklash” kabi ma'nolari bor. Istilohda esa, boy kishi ma'lum bir mollardan zimmasiga vojib bo'lgan miqdorni kambag'alga mulk qilib berishidir. Zakot berishda nisob (boylikning eng kam miqdori) va yil o'tishi e'tiborga olinadi. Zakot bir yilda bir marta beriladi.

Zakotning farzligiga Qur'oni karim, hadisi shariflar va ummatning ijmosi  dalolat qiladi. Alloh taolo shunday deydi:

                                             وَأَقِيمُوا الصَّلاَةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ

ya'ni: “Namozni qoim qiling va zakotni bering...” (Baqara surasi 43-oyat). Qur'oni karimda xuddi shu buyruq sakkiz marta takrorlangan.    

Payg'ambarimiz alayhissalom Islom besh narsa ustiga qurilganini zikr qilib ularni ichida zakotni ham sanadilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

U Zot atrofdagi musulmonlarning zakot mollarini yig'ish uchun xodimlar jo'natar edilar. Jumladan, Muoz ibn Jabal raziyallohu anhuni Yamanga jo'nata turib:

﴿أَعْلِمْهُمْ أَنَّ اللَّهَ افْتَرَضَ عَلَيْهِمْ صَدَقَةً فِي أَمْوَالِهِمْ تُؤْخَذُ مِنْ أَغْنِيَائِهِمْ وَتُرَدُّ عَلَى فُقَرَائِهِمْ

ya'ni: “Ularga ma'lum qilingki, Alloh taolo ularning molida boylaridan olinib kambag'allariga qaytariladigan bir sadaqani vojib qilgan”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Zakotni bermaydiganlarni Alloh taolo qattiq azob bilan ogohlantiradi:

  وَالَّذِينَ يَكْنِزُونَ الذَّهَبَ وَالْفِضَّةَ وَلَا يُنْفِقُونَهَا فِي سَبِيلِ اللَّهِ فَبَشِّرْهُمْ بِعَذَابٍ أَلِيمٍ  

ya'ni: “...Oltin va kumushlarni kon (maxfiy xazina) qilib olib, ularni Alloh yo'lida sarf qilmaydiganlarga alamli azob haqida «xushxabar» bering!” (Tavba surasi 34-oyat).

Zakot berganda nafaqat mol poklanadi, balki bu bilan mo'minning qalbi ham poklanadi. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:

  خُذْ مِنْ أَمْوَالِهِمْ صَدَقَةً تُطَهِّرُهُمْ وَتُزَكِّيهِمْ بِهَا وَصَلِّ عَلَيْهِمْ إِنَّ صَلَاتَكَ سَكَنٌ لَهُمْ وَاللَّهُ سَمِيعٌ عَلِيمٌ 

ya'ni: “Mol-mulklaridan ularni u sababli poklashingiz va tozalashingiz uchun sadaqa oling va ular (haqqi)ga duo qiling! Albatta, duoingiz ularga taskin (tasalli)dir. Alloh eshituvchi va biluvchidir” (Tavba surasi 103-oyat).

Demak zakot bergan kishi gunohlardan poklanadi.

“Mo'minun” surasida zikr qilingan, Firdavs jannatini meros qilib oluvchi mo'minlarning bir sifati zakot beruvchi ekanidir. Bu haqida shunday deyiladi:

  وَالَّذِينَ هُمْ لِلزَّكَاةِ فَاعِلُونَ

ya'ni:Ular zakotni ado etuvchidirlar(Mo'minun surasi, 4-oyat).

Bu zakot ibodati bizdan avvalgi ummatlarga ham farz bo'lgan edi. Qur'oni karimda Ibrohim, Lut, Ishoq, Yaqub, Ismoil, Muso va Iso alayhimussalomga zakot farz qilingani haqida bayon qilinadi. Demak, zakot ham qadimiy ibodatlardan biridir. Qur'oni karimda Iso alayhissalom tilidan aytiladi:

 وَجَعَلَنِي مُبَارَكًا أَيْنَ مَا كُنْتُوَأَوْصَانِي بِالصَّلَاةِ وَالزَّكَاةِ مَا دُمْتُ حَيًّا

ya'ni: “Yana meni qayerda bo'lsam barakotli qildi va modomiki, hayot ekanman, menga namozni va zakotni (ado etishni) buyurdi” (Maryam surasi 31-oyat).

Muhtaram jamoat! Zakot berish oltin-kumush, tijorat uchun boqilayotgan hayvonlar, xom ashyo, ishlab chiqarilayotgan barcha turdagi yarim tayyor mahsulotlar va tayyor mahsulotlar, qog'oz pul­lar­, do'kondagi sotiladigan atir-upa, kiyim-kechak va boshqa shularga o'xshash narsalardan o'zi yoki qiymatini chiqarish bilan bo'ladi. Asliy hojatga kiradigan narsalar zakot beriladigan mollarga qo'shilmaydi. Kundalik (asliy) hojatiga yashashi uchun hojatini chiqarib turgan narsalar: uy-joy va uy jihozlari, avto-ulov, sog'in sigir, har bir kasb egasiga o'sha kasb asboblari, eyish uchun saqlab qo'yilgan oziq-ovqat mahsulotlari kiradi. Bulardan zakot berilmaydi.

Demak, kimning moli nisob (85 gr tilla yoki qiymati)ga etib, bir yil to'lsa, unga zakot farz bo'ladi. Ana shu molning qirqdan birini haq­dorga chiqarib beradi. Zakotni ajratayotganda yoki berayotgan paytida zakot berishni niyat qilishi farzdir.

O'zbekiston musulmonlari idorasi 2022 yil uchun nisob miqdorini 34 mln so'm deb belgiladi. Demak, odamning zaruriy hojatlaridan tashqari mablag'i va tijorat mollari 34 mlndan oshsa, u boylik darajasiga etgan bo'ladi. U endi boshqalardan zakot ola olmaydi. U shu yilning o'zida qurbonlik qilishi, o'zi va balog'atga etmagan bolalariga fitr sadaqasi berishi vojib bo'ladi. Bir yil o'tgach esa boyligi nisobdan kamaymagan bo'lsa, mablag'ining qirqdan birini zakot qilib beradi.

Moli birinchi marta nisobga etgan bo'lsa, bir yil o'tsa ham nisobdan kamayib ketmasa, zakot berishi farz bo'ladi. Doim zakot berib yurgan kishilar, yil davomida qo'shilgan boyligi bir yil aylanishini kutib o'tirishmaydi. O'sha qo'shilgan yilining o'zida qo'lidagi boyligiga qo'shib hisoblab, zakot chiqaradi.

Tijorat uchun sotib olingan har qanday mol mulkni zakot hisobiga qo'shiladi. Agar mol-mulk sotish niyatida olinmagan bo'lsa, qiymati harchand baland bo'lsa-da, undan zakot berilmaydi. Masalan, biror mahsulot ishlab chiqaradigan tsex – korxona va undagi qimmatbaho uskunalardan zakot berilmaydi. Balki ularni ishlatib topgan pulidan zakot beradi.

Kumush, qog'oz pullar va tijorat mollarining zakoti bir-biriga qo'shib hisoblanadi. Lekin  chorva mollarining zakoti bularga qo'shilmasdan, alohida hisoblanadi.

Zakot beriladigan chorva mollari yilning ko'p qismida (6 oydan ko'proq) daladan o'tlab yurgan bo'lishi kerak. Qo'lda boqiladigan hayvonlardan, modomiki tijorat maqsadida boqilmayotgan bo'lsa, zakot berilmaydi. Tijorat maqsadida olib boqilayotgan har qanday hayvonlarning qiymati tilla-kumush, qog'oz pul va tijorat mollari qiymatiga qo'shib hisoblanadi.

Zakot beriladigan chorva hayvonlari: qo'y-echki, sigir, tuya va ot. Bu chorvalarning turlari ham bir-biriga qo'shib hisoblanmaydi. Alohida-alohida nisobga etishi shart bo'ladi. Qo'y qirqtaga etsa, bitta qo'y; sigir o'ttiztaga etsa, bitta bir yoshni to'ldirgan buzoq; tuya beshtaga etsa, bitta qo'y; urg'ochi yoki erkak-urg'ochi otlar aralash bo'lganda, otning har bittasidan qiymatining 1/40 i zakot qilib beriladi. Bu hayvonlarning soni ortib borgan sari zakotga beriladigan soni o'zgarib boradi. Ularni batafsil bilib olish uchun fiqh kitoblarga murojaat qilish kerak.  Bunda hayvonning o'zidan ham, qiymatini ham berish mumkin. Qaysi hayvon bo'lsa ham, faqat bolalarining o'zi bo'lsa, undan zakot berilmaydi, lekin kattalari bilan aralash bo'lsa, kichiklarini ham hisobga qo'shiladi.

Muhtaram azizlar! Zakot olishga haqdor kishilar asosan kambag'al va miskinlardir. Zakot berishni kambag'al aka-uka, opa-singil va ularning farzandlari, amaki-amma va ularning farzandlari, tog'a-xola va ularning farzandlaridan boshlash afzaldir. Yuqorida sanalganlar ichida haqlilar topilmasa, yon qo'shni, keyin mahalla aholisi, keyin shahar ahliga beradi.

Zakotni nisob miqdoricha moli bo'lgan boy kishiga, o'zining ota-onasi, bobo-momosiga, o'zining o'g'il-qizlariga va ularning farzandlariga, er-xotin bir-biriga berish mumkin emas.

Shuni eslatib o'tamizki, haqdorlarni topa olmaydiganlar zakot va fitr sadaqalarini masjidlarda “Vaqf” xayriya jamoat fondi uchun qo'yilgan alohida zakot qutilari orqali ado qilishlari maqsadga muvofiqdir. Zakot va fitr sadaqasi uchun maxsus jamg'arma tashkil qilingan bo'lib, mablag'larning haqdorlarga etib borishi shaffof ko'rinishda olib boriladi.

Azizlar! Quyida O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'atining milodiy 2022 (hijriy 1443) yilgi zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdori bo'yicha qarorini bayon qilamiz:

  1. Zakotning tillodan nisobi 85 gramm bo'lib, bugungi kunda 585 probali  1 gramm tilloning o'rtacha narxi 400 000 (to'rt yuz ming) so'm ekani e'tiboridan, bu yilgi ZAKOT nisobi 34000 000(o'ttiz to'rt million) so'm deb belgilandi.

Shunga ko'ra, zaruriy ehtiyojidan tashqari bir yil davomida 34000 000(o'ttiz to'rt million) so'm va undan ortiq pul mablag'i yoki ushbu qiymatdagi savdo-tijorat moliga ega bo'lgan musulmon kishi, jami mablag'ining qirqdan biri (1/40)ni ajratib, uni zakot niyatida kambag'al va faqirlarga beradi.

 

  1. Fitr sadaqasining miqdori bug'doydan yarim so' (≈ 2 kg.), arpadan bir so' (≈ 4 kg.), mayizdan yarim so' (≈ 2 kg.) va xurmodan bir so' (≈ 4 kg.)dir.

Bugungi kunda mazkur mahsulotlarning Toshkent shahar bozorlaridagi o'rtacha narxlari 1 kg. bug'doy – 5 ming, 1 kg. arpa  – 4 ming,   1 kg. mayiz  –  50 ming va 1 kg. xurmo  –  40 ming so'm ekanligini inobatga olib, bu yilgi FITRsadaqasining miqdori  quydagicha etib belgilandi:

 

  • bug'doydan ≈ 2 kg. 10 000(o'n ming) so'm;
  • arpadan ≈ 4 kg. 16 000(o'n olti ming) so'm;
  • mayizdan ≈ 2 kg. 100 000 (yuz ming) so'm;
  • xurmodan ≈ 4 kg. 160 000 (bir yuz otmish ming) so'm deb belgilandi.

Har kim o'z imkoniyatiga qarab ushbu to'rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya qiladi.

 

  1. Fidya miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati qiymatida bo'lib, bugungi kunda bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati o'rtacha 25 000 (yigirma besh ming) so'mga to'g'ri kelganidan, bu yilgi FIDYa miqdori bir kun uchun 25 000 (yigirma besh ming) so'm, bir oyga 750 000 (etti yuz ellik ming) so'm deb belgilandi.

Eslatma: Mazkur qiymatlar Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilandi. Har bir viloyat o'z bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.

Barchamizga Ramazon oyi muborak bo'lsin! Uni g'animat bilib, yaxshiliklar bilan o'tkazishni barchamizga nasib qilsin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   6326   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.