Bugun, 5 aprel' kuni “Yangi O'zbekiston” bog'ida ko'chat ekish marosimi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari, turli millat vakillari va diniy konfessiya etakchilari ishtirok etdilar.
Marosimda muftiy hazratlari tadbir ishtirokchilari qatori ushbu hududda tashkil etilgan "Bag'rikenglik bog'i"ga turli daraxt ko'chatlari o'tqazdilar va bunday xayrli amallar bardavom bo'lishini so'rab duo qildilar.
Mazkur tadbir Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotganini alohida qayd etish kerak. Zero, ushbu tashabbus barcha yurtdoshlarimizni yagona maqsad atrofida birlashtirdi, desak yanglishmagan bo'lamiz.
Chunki ayni bahor kunlari yurtimizda amalga oshirilayotgan ko'kalamzorlashtirish ishlari diyorimizning yanada yashillika burkanishiga sabab bo'lmoqda. Loyihaga ko'ra, kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt ko'chat ekish maqsad qilingan bo'lib, ayni kunlarda loyiha doirasida ko'plab ko'chat ekish, hududlarni obod qilish ishlari jadal davom etmoqda.
Mazkur xayrli loyiha doirasida shu yil 1 mart kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining bayonoti ham qabul qilindi. Bayonotda “Yashil makon” umummilliy loyihasining hayotimizda tutgan o'rni haqida so'z yuritilib, dinimiz ta'limoti asosida barchani ushbu tadbirda faol ishtirok etishga chaqirish barobarida, qishloq-ovullarmiz, mahalla-ko'ylarimizni obod qilish orqali yurtimizni bog'u bo'stonga aylantirish nazarda tutilgan.
Ushbu savobli loyihada yurtimizdagi barcha masjidu mahallalarda uyushqoqlik bilan davom etib, masjidlar hududida yashil makonlar tashkil etish va ko'chat ekish ishlari faol davom etmoqda.
Zero, Islom dinimiz ham erni obod qilish, ko'chat o'tqazish masalalariga alohida fazilatli amal sifatida qarashini Muftiy hazratlari ta'kidladilar. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar bir musulmon banda ko'chat o'tqazsa, yoki ekin eksa, undan biron insonmi, qushmi yoki hayvonmi esa, buning uchun unga sadaqa qilinganning savobi bo'ladi”, dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
فَلَمَّا جَاءَ أَمْرُنَا نَجَّيْنَا صَالِحًا وَالَّذِينَ آمَنُوا مَعَهُ بِرَحْمَةٍ مِّنَّا
“Amrimiz kelgan paytda rahmatimiz ila Solihga va u bilan birga iymon keltirganlarga najot berdik” (Hud surasi, 66-oyat).
“Rahmatimiz ila” degan joyini taammul qiling.
Ziqlik ketidan xursandchilik keldimi, demak Allohning rahmati bilan.
Bemorlik ketidan shifosi keldimi, dori yo shifokor emas, Allohning rahmati bilan bo‘libdi.
Ishsizlik ketidan jo‘yali ish chiqdimi, diplom yo tajribangizdan emas, balki Allohning rahmati bilan ekan.
Umidingiz uzilganda farzandli bo‘ldingizmi, zo‘r shifoxonadan emas, Allohning rahmatidandir.
Bu dunyo sabablari Alloh izn bermasa, hech narsaga yaramaydi.
Ko‘rib turibmizku, minglab kasallar davolansa ham tuzalmayapti.
Qancha oliy ma’lumotlilar ishsizlikdan aziyat chekyapti.
Oila hammada bor, lekin farzand...
Huzuringizdagi barcha ne’matning muallifi Allohdir. Shunday ekan fazl qilgan Zotning fazlini e’tirof eting.
Sharqoviy. “Qurondan maktublar”.