Bismillahir rahmonir rahim!
«Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!» deb,(Kalomulloh Qur'oni karimning Qalam surasi 4 oyati)da marhamat qilib, makorimi axloqni takomillashtirish uchun yuborilgan Janobi sevimli Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni ulug'lagan Parvardigori olamga behisob hamdu sanolarimiz bo'lsin!
«Haq bo'laturib tortishuvni tark qilgan kishi uchun jannatning chekkasida bir qasr bino qilinishiga; hazil bo'lsa ham yolg'onni tark qilgan kishiga jannatning o'rtasida bir qasr bino qilinishiga; xulqi go'zal bo'lgan kishi uchun esa jannatning yuqorisida bir qasr bino qilinishiga kafilman» deb, (Imom Abu Dovud rivoyatlari) marhamat ila va'da etgan habibimiz, ko'zimiz nuri, boshimiz toji Janobi sevikli Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga cheksiz salavot-shariflarimiz va salomlarimiz bo'lsin!
Kalomulloh Qur'oni karim oyati karimalarida, Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak hadisi shariflarida, sahobai kiromlarning go'zal fe'l-atvorlarida, ulamolarimizning noyob asarlarida, ulug'larimizning kitoblarida va dono xalqimizning dono maqollarida kelgan “Hayot” universitetida uchraydigan har xil savollarga mukammal va to'liq, batafsil va aniq javoblar har birimiz uchun ZARUR va DARKOR bo'lsa kerak...
Hozirgi davrda, axborot texnologiyalari o'ta tezkorlik bilan rivojlanayotgan bir paytda, nanotexnologiya zo'r shiddatlik bilan avjiga chiqayotgan zamonda, har xil ommaviy axborot vositalari xilma-xil ma'lumotlarni kechayu kunduz zo'ravonlik bilan tarqatayotgan bir onda, farzandlarimiz o'z-o'zlari bilan yolg'iz qolib 25 soat vaqtlarini telefon, komp'yuter bilan mashg'ul bo'lib, bolalarimiz ular bilan “band” bo'lib qolganlarida mazkur vazifalar va purma'noli hikmatlar jannatmakon yurtimizning, muqaddas Vatanimizning, dono xalqimizning har bir fuqarosiga qushga – havo, baliqqa – suv zarurligiday zarur bo'lsa kerak...
Muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g'arazli xuruj va xamlalardan, tuxmat va bo'htonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini o'nib-o'sib kelayotgan yosh avlodimizga to'g'ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g'oyalarini keng targ'ib etish vazifasi xamon dolzarb bo'lib qolmoqda. Bu vazifa nafaqat biror vazifador yoki biror sohadagi mas'ullarga belgilangan, balki har bir (!) OTA UChUN, har bir (!) ONA UChUN buyuk vazifa va bugungi XXI asr zamonasida ENG KATTA vazifa, deb bilmog'imiz lozim!
«JONLI» VA «JONSIZ» TARBIYa
«Agar ogohsan sen – shoxsan sen.
Agar shoxsan sen – ogohsan sen»
Albatta, xalqimiz, jumladan, yosh avlod g'arb fan-texnikasi, madaniyati, adabiyoti, san'atining ilg'or jihatlarini inkor etmaydi. Biroq g'arbda din va odobga zid bo'lgan qarashlarning ko'pchilikka singdirilishi oqibatida yuzaga kelgan «ommaviy madaniyat» tushunchasini g'arb ziyolilarining o'zi «g'arbning muammosi» sifatida baholayotganini hamda «ommaviy madaniyat»ning ma'naviy-axloqiy tubanliklarini yoshlarimiz qancha tez anglasa, shuncha yaxshi.
Bugungi kunda tarbiya ham, ming afsuslar bo'lsinki, ikki xil bo'lib qoldi: 1) «jonsiz» tarbiya va 2) «jonli» tarbiya.
1) «Jonsiz» tarbiya – bu internet, komp'yuter, telefon, disklar, televizor. Ming afsus va nadomatlar bo'lsinki, bu narsalar ham ko'p yoshlarimizni, ba'zi o'rinlarda sal kattaroqlarimizni ham to'g'ri yo'ldan, o'z ota-onalari ne-ne mashaqqatlar chekib o'rgatgan yo'ldan, ota-bobolarimizdan buyuk va beqiyos meros bo'lib kelayotgan yo'ldan ozdirib va adashtirib qo'ymokda. Natijada, dono xalqimiz maqolida «yaxshini sharofati, yomonni kasofati» deb aytilganidek, o'zlari ham, oilasi ham, qarindoshlari ham, qo'shnilari ham, do'stlari ham, yaqinlari ham, atrofdagilari ham sarson bo'lib, ularning kasofatlari yashab turgan mahallasiga ham, ishlab turgan ishxonasiga ham, butun el-yurtiga ham etmoqda.
Bunday shakldagi «jonsiz» tarbiya – dono xalqimiz dunyoqarashiga va millatimiz mentalitetiga ham, Qur'oni karim oyatlari va Payg'ambarimiz alayhis salomning hadisi shariflariga ham, dinimiz ko'rsatmalari va shariatimiz hukmlariga ham, ulamolarimiz fatvolari va davlatimiz qonunlariga ham, sharqona odoblarimiz va mazhabimiz me'yorlariga ham, jamiyatshunoslik aloqalari va odamgarchilik munosabatlariga ham, insoniy tuyg'ular va ruhshunoslik sir-asrorlariga ham, yurtimiz urf-odatlari va o'zbekchilik qoidalariga ham, madaniyatimiz axloqlari va insoniy aqlga ham, axloqiy norma va dono xalqimiz maqollariga ham, milliy an'analarimiz va diniy qadriyatlarimizga ham, xalqimiz ongi va musulmonchiligimiz asoslariga ham, Islom dinimiz tushunchalariga ham MUTLAQO zid ekanligini unutmaylik!
Horijiy telekanallarda nima namoyish etilsa yoki internetda nima targ'ib qilinsa, barchasini qabul qilaverish aslo mumkin emas! Biz ular orasidan imon-e'tiqodimiz, an'anayu qadriyatlarimizga MOS KYeLADIGANLARINIGINA saralab olmog'imiz shart. Bu maqsadga esa yoshlarimizga telefon, televideniye, komp'yuter va internetdan oqilona foydalanish yo'llarini o'rgatish, ularning mazkur axborot manbalaridan foydalanishlarini nazorat qilib borish orqaligina erishish mumkin. Toki xali suyagi qotib ulgurmagan yoshlarimizning beg'ubor ma'naviyatiga jiddiy zarar etmasin.
Mutaxassislarning tadqiqotlariga ko'ra, AQShda jinoyatchilarning yarmidan ko'pi buzilgan oilalar farzandlari ekani ma'lum bo'lgan. Ularga ota-onasining ajrashgani tufayli etkazilgan kuchli ruhiy zarba o'rta yosh, xatto keksalik chog'ida ham salbiy ta'sir o'tkazishi aniqlangan.
2) «Jonli» tarbiya – bu ulug' ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan oltindan qimmat rivoyatlari va noyob hikmatlari, buyuk ota-bobolarimizdan eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari va betakror hikoyalari, mehribon ota-onalarimizdan o'rganib kelayotgan gavhar o'gitlari va mislsiz so'zlari, elimiz tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan ta'lim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari, jannatmakon yurtimiz – muqaddas Vatanimiz ta'lim maskanlarida taralayotgan durdan a'lo fanlar va beqiyos bilimlar.
Bu «jonli» tarbiyadagi ma'lumotlar esa ma'naviyat va ma'rifat yo'nalishiga hamda tarbiya sohasiga daxldor har bir inson uchun, har bir (!) OTA UChUN, har bir (!) ONA UChUN beqiyos entsiklopedik manba bo'lib xizmat qiladi.
Oiladagi bosh – bobo yoki buvi, ota yoki ona har kuni, ayniqsa juma oqshomi, bozor oqshomi kunlarida oilaviy dasturxon atrofida o'tirganlarida oilasining har bir a'zolarini ismlarini nomma-nom aytib, har bir o'g'il-qizlarini, har bir kelin-kuyovlarini, har bir nevara-chevaralarini xaqlariga yaxshi tilaklar aytib, yaxshi duolar qilsalar – bu ham «jonli» tarbiyaning bir turi hisoblanadi. Zero bunday shakldagi «jonli» tarbiyani hammalarimizning ota-bobolarimiz, ona-momolarimiz avval-azaldan chin ixlos bilan, sof e'tiqod bilan, go'zal namuna va chiroyli ibrat bo'lib, barkamol darajada berib kelishgan. Shunda «meni otam meni xaqimga bunday duo qilganlar», «meni onam meni bunday bo'lishimni Hudodan so'rar edilar» degan ongi-shuuridagi dasturxon atrofidagi surat uni ko'z oldida doim turadi. Dasturxon atrofida, oilasi huzurida aytilgan ota-onasining umidlari, orzulari uni boshqa nojo'ya xatti-harakatlardan tiyilishga, har kuni qo'l ochib Yaratgandan so'rayotgan tilaklarni eslab, mazkur tilaklarga mos kelmaydigan ishlardan saqlanishga undaydi.
Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo'lib qolib kelayotgan dono xalqimizni yuksak ma'naviyatiga davlatimiz rahbari Muxtaram Prezidentimiz ham: «Duo qilgan, duo olgan hech qachon kam bo'lmaydi. Bunday joydan hech qachon baraka arimaydi» deb, yana qo'shimcha sifatida bizlarga engilmas kuch qilib berdilar.
Halqimizning milliy ma'naviyati, oilalarimizda amal qilinadigan tartib-qoidalar yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga egadir. Ular oila mustahkamligini ta'minlashda ulkan poydevor vazifasini o'taydi. Diyorimizda milliy qadriyatlar va muborak dinimizning ezgu ta'limotlari asosida oilaga doir qonun-qoidalar yanada mukammal qayta ishlandi. Janob hazrat Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'z hadisi shariflarida marxamat qiladilar: «Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar!» Bu xususda shoirlarimizni ibratli so'zlari bor:
«Birinchi g'ishtni qiyshiq qo'yarkan me'mor,
Osmonga etsa ham qiyshiqdir devor».
Oilada erning mavqei balandligi, xotin ham o'z xaq-huquqlariga egaligi, farzandlarning ota-onani hurmat qilishlarini olaylik. Ko'p yillar davomida ota-bobolarimiz qalbiga singib ketgan ushbu milliy va diniy qadriyatlarni bugun yanada sayqallash kerakligini zamon talab etmoqda. Ayniqsa, shiddat bilan o'zgarib borayotgan hozirgi zamonda bema'ni xurujlar ko'payib, ularning inson va jamiyat hayotiga salbiy ta'sirlari misli ko'rilmagan darajada kuchayib bormoqda. Shuning uchun barchamiz ko'zimizni kattaroq ochib, ziyraklik va ogohlik bilan bunday xamlalarga qarshi kurashmog'imiz lozim.
Ayniqsa hozirgi Muborak Ramazon sharif oylaridan serma'no, sermahsul, mazmunli va unumli foydalanib, har bir ota, har bir ona o'z farzandiga odob-axloq namunalarini, kindik qoni to'kilgan mislsiz Vataniga – vatanparvarlik his-tuyg'ularini, bobo-buviga – ehtirom-hurmatni, ota-onaga – mehr va itoatkorlikni, oila a'zolariga – rahmdillik va mehribonlikni, o'z juft haloliga – haqiqiy muhabbat va sodiqlikni, qo'ni-qo'shnilarga – oqibat va chiroyli munosabatni, qavm-qarindoshlarga – saxovat-muruvvatni, sinfdosh-kasbdoshlarga – chin do'stlik va yordam berishni, atrofdagi barcha odamlarga – insonparvarlik va samimiylikni, xayvon-parranda-xasharotlarga – rahm-shafqatni uqtirib, yuqtirib, tushuntirib, singdirishimiz – ham burchimiz, ham qarzimiz, ham farzimizdir! Hudoni oldida ham, bandasini oldida ham, yurt-xalqimiz oldida ham!
Bularni hammasini bolalarimizga o'rgatish uchun bizlarga hech qanday maxsus oliy ma'lumot ham, tegishli sertifikat ham, hech kanday qizil diplom ham kerak emas! Yoshlarimizda bu jihatlarini biz uyg'otishimiz (!) kerak xolos. Zero shu sifatlarning hammasi farzandlarimizning qonida bor, ularning xamirturushlarida bor! Zero shu fazilatlarning hammasi bolalarimizning DNK larida mavjud! Chunki bu xususiyatlarning barchasi bizlarning ota-onalarimizdan avloddan-avlodga, qon orqali o'tib kelayapdi! “Buning qonida bor-da o'zi!” deb yoki “olma pishsa, tagiga tushadi” deb bejizdan-bejiz aytmaydi dono xalqimiz!
Kimning ona Vatanni sevish tuyg'usi kuchli va imon-e'tiqodi mustahkam bo'lsa, o'zining o'tmishini hurmatlab, yaxshi bilsa, «ommaviy madaniyat» tuzog'iga tushib qolmaydi, dinu davlatimizning “xaqiqiy do'stlari”ning qarmog'iga ilinmaydi. Buning uchun oilada ota-onalar farzandlari bilan milliy musiqa, xalq qo'shiq-ashulalarimizni eshitishsa, birgalikda kitob o'qishsa, o'qigan asarlarini birgalikda muhokama qilishsa, ularni turli sport sektsiyalariga va musiqa to'garaklariga jalb etishsa, erishilgan yutuqlari va egallayotgan tajribalariga qiziqishsa, ilm-hunar o'rganishlarida hamnafas bo'lishsa, yoshlarning yot g'oyalar uchun vaqti ham, qiziqishi ham bo'lmaydi.
Iloho o'zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz O'zi buyurgan, janob Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam tavsiya etgan, o'tmishda o'tganlarimizni ro'hlari shod bo'ladigan, xalqimiz xursand bo'ladigan, ota-onalarimiz rozi bo'ladigan yo'llardan yurishimizni nasib etsin!
Ibrohimjon INOMOV
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
Do‘stingiz sizga ayblaringizni aytishi, siz esa hushyor tortib, o‘zingizni o‘nglab olishingiz naqadar go‘zal!
Shu sabab Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Ayblarimni ko‘rsatib qo‘ygan kishiga Alloh rahm qilsin”, degan edilar.
Ulug‘lardan biri aytadi: “Har gal ko‘rishganingizda sizdan bir ayb topadigan birodaringiz, har safargi uchrashuvda qo‘lingizga bitta tillo tanga qistirib qo‘yadigan birodardan ko‘ra yaxshiroqdir”.
Darhaqiqat, ayblaringizni ko‘rsatib qo‘yadigan kishi sizni hadya va mol-dunyoga ko‘mib tashlaydigan kishidan yaxshiroqdir.
Hotamul Asom aytadi: “Birodaringda birorta ayb ko‘rsang-u, uni berkitib, indamay qo‘yaverasang, shubhasiz, unga xiyonat qilibsan. Mabodo o‘zidan boshqaga aytadigan bo‘lsang, u holda g‘iybat qilibsan. Uning bu aybini yuziga solsang, do‘stligingni buzibsan. Shuning uchun ham unga yumshoqlik ila nasihat qil. Unga aybi nimada ekanini tushuntir. Biroq bu ishlarni odamlarning oldida qila ko‘rma!”.
Imom Shofe’iy aytadilar: “Birodariga maxfiy tarzda pand-nasihat qilgan kishi haqiqiy ma’noda nasihat qilibdi va uning obro‘sini saqlabdi. Kim birodariga oshkora (odamlarning oldida) nasihat qilsa, uni sharmanda qilibdi va obro‘sini to‘kibdi”.
Shoir aytadi:
Yolg‘iz paytim yomg‘ir ayla nasihating,
Olamonda aslo bunday qila ko‘rma!
Koyishdir ul jamoatda pand aytganing,
Quloq osmoqqa men hech rozi bo‘lmam!
Leonardo da Vinchi bunday degan: “Do‘stingga maxfiy holda tanbeh beravergin, biroq boshqalarning oldida uni maqtab qo‘y”.
Birodaringizning obro‘sini saqlang, zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Kim bir birodarining obro‘sini himoya qilsa, Alloh taolo qiyomat kuni o‘sha kishidan jahannam azobini daf qiladi” .
O‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ladiki, do‘stingizdan ayrilmaslik uchun uning ba’zi kamchiliklarini kechirishingizga to‘g‘ri keladi.
Shoirlardan biri shunday degan edi:
Do‘stsiz yashamoqdan xavfsirab doim,
Yumib o‘taman kamu ko‘stiga ko‘zim.
Xolid ibn Safvondan “Birodarlaringiz orasida qay biri sizga mahbubroq?” – deb so‘rashganida, u kishi: “Qoqilishimni kechiradigan, kamchiliklarimni qabul qiladigan va xatolarimni berkitadigani”, deb javob bergan ekan.
Suqrot aytadi: “Do‘sting uchun o‘zingni qurbon qilishing juda ham oson, biroq bu qurbonlikka tom ma’noda haqli bo‘lgan do‘stni topish anchayin mashaqqatdir”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.