Bugun, 31 mart kuni O'zbekiston musulmonlari idorasida Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda Qoraqalpog'iston musulmonlari qoziyoti qozisi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh imom-xatiblari, diniy ta'lim muassasalari hamda ilmiy-markazlar rahbarlari, taniqli ulamolar va imom-domlalar ishtirok etdi. Hududlardan Ulamolar Kengashi a'zolari ZOOM platformasi orqali onlayn tarzda qatnashdilar.
Majlis Qur'oni karim tilovati va ezgu duolar ila boshlandi.
Yig'ilishda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlari Ramazon oyini yuqori saviyada o'tkazish uchun amalga oshirilgan ishlar va ulug' oyda bajarilishi lozim bo'lgan muhim vazifalarga alohida to'xtalib o'tdilar. Hususan, mo'min-musulmonlar ibodat qilishi uchun masjidlarda qulay shart-sharoitlar tashkil etish, xatmi Qur'onlarni puxta tayyorgarlik bilan o'tkazish, iftorlik o'tkazishda isrofga yo'l qo'ymaslik, muborak oy fazilatlari haqida imom-xatiblar tomonidan muntazam OAVda targ'ibot ishlari olib borishni ta'kidlanib, qut-baraka oyini yuqori saviyada o'tkazish borasida bir qator tavsiyalarni berdilar.
Muftiy hazratlari so'zlarida davom etib, Ramazon oyining ilk oqshomida diyorimizning 2083 ta masjidida taroveh namozlari boshlanishi, oy davomida 1520 dan ortiq jomeda xatmi Qur'onlar amalga oshirilishini bildirdilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov so'zga chiqib, Islom dini ta'limotlarida muborak Ramazon oyi va hayitining birinchi kunini belgilashda, Hazrati Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning “Yangi oyni ko'rib ro'za tutinglar va yangi oyni ko'rib hayit qilinglar”, degan hadisi shariflari asos qilib olinganini izohladi.
Homidjon domla Ishmatbekov xorijdagi nufuzli astronomiya markazlarining ma'lumoti va diniy soha mutaxassislari kuzatishlariga asosan, yangi oy hiloli 2022 yil 1 aprel' kuni tug'ilishi va shu kuni dunyoning bir qancha mamlakatlarida yangi hilolni ko'rinishini bildirdi. Hanafiy mazhabiga ko'ra, dunyoning qaysi erida yangi hilol ko'ringani ma'lum bo'lsa, shu hilol e'tiborga olinishi, shunga muvofiq, diyorimizda 2022 yilda Ramazon oyining birinchi kuni 2 aprel', shanba kuniga to'g'ri kelishi haqida qaror qabul qilish taklifini taqdim etdi.
Shuningdek, O'zbekiston, Qozog'iston hamda Qirg'iziston ulamolari kuzatishlari natijasida ham Ramazon oyining birinchi kunini 2 aprel' – shanba kuniga to'g'ri kelishi haqida yakdil fikrga kelishganlarini bildirdi.
Ulamolar Kengashi a'zolari diyorimizda joriy yilda Ramazon oyining birinchi kuni shu yil 2 aprel', shanba kuniga to'g'ri kelishi haqidagi qaror qabul qilish taklifini qo'llab-quvvatladilar.
Yig'ilishda so'zga chiqqan notiqlar Ramazon oyi diyorimizda diniy-ma'rifiy sohada ulkan o'zgarishlar bo'layotgan bir davrda o'tayotgani uchun doimo shukrona qilish, bunday tinch-osoyishta kunlar haqida keng jamoatchilik orasida imom-xatiblar tomonidan targ'ibot ishlari olib borish, muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va Islom dini tartib-qoidalari asosida oyni kuzatish bo'yicha ishchi guruh tuzilgani, taniqli ulamolar va malakali mutaxassislardan iborat ushbu ishchi guruh Ramazon oyi kirishini astronomik tahlillar asosida kuzatib borayotganlari va uning natijalarini Ulamolar Kengashiga havola etganlari, shuningdek, mazkur yo'nalishda 14 davlat fatvo hay'atlari bilan muloqotlar olib borilganiga alohida urg'u qaratildi.
Shuningdek, so'zga chiqqanlar muborak Ramazon oyi qadimdan yurtimizda mehr-oqibat, xayr-saxovat va shukronalik kayfiyatida o'tkazilishi, xalqimiz asrlar davomida ezgulik va saxovat oyi sifatida nishonlab kelingani, Ramazon oyi joriy yilda ham butun dunyoda koronavirus infektsiyasi tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan murakkab epidemiologik vaziyat davom etayotgan davrga to'g'ri kelayotgani, shunga ko'ra, ushbu oyni munosib o'tkazish uchun obodonlashtirish, tozalik ishlari bilan bir qatorda, pandemiya tufayli sanitariya qoidalari rioya etgan holda o'tkazish, bu vaziyat barchadan, ayniqsa, diniy soha xodimlari, imom-xatiblardan yanada sergak bo'lish, mas'uliyatni yanada oshirishni, diniy soha xodimlari ushbu ishlarda barcha uchun o'rnak, masjidlar va diniy tashkilotlar hududlari esa namuna bo'lishi talab etilishini ta'kidladilar.
Yig'ilish yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.
«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.
Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi.
Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».
Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».
Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.
«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».
Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.
Alloh taolo «Tahrim» surasida:
«Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: «Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan najot bergin va menga zolim qavmdan najot bergin», deb aytdi», degan (11-oyat).
Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.
Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.
«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni (misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo‘ldi» (12-oyat).
Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.
«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».
Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.
O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.
Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!
Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.
Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:
«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.
«Oisha», dedilar.
«Erkaklardan-chi?» dedim.
«Uning otasi», dedilar.
«So‘ngra kim?» dedim.
«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».
Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?
Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?
Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.
Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:
«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.
– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.
– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.
– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.
– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.
– Men pokning huzurida pok yaratilganman.
– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».
Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:
«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:
«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.
Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.
Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».
Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?
Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.
"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.