Allohdan ramazon oyiga sog'-salomat etkazishini hamda Ramazon ro'zasini tutishga musharraf etishini so'rab duo qiling.
Chunki Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Rajab oyi kelsa, Allohga “Yo Alloh, bizga Rajab va Sha'bon oylarini xayrli qilgin va Ramazonga etkazgin”, deb duo qilar edilar. Shuningdek, sahobiylar ham muborak Ramazon oyi kelmasidan oldin “Alloh bizni ramazonga etkaz”, deb duo qilishga odatlanganlar.
Ramazon oyining har bir kunining rejasini tuzing.
Ramazon – g'animat oydir. Uning har bir soniyasidan unumli foydalanish lozim. Alloh taolo Ramazon oyining har bir kunini bandalar savoblarini ko'paytirib olishlari boshqa kunlardan ko'ra afzal qilgan.
Ramazon ro'zasini tutishga xolis niyat qiling.
“Havo juda issiq, ro'za tutishga kuchim etmaydi” kabi turli bahonalar bilan bu oyning fazilatlaridan bebahra qolmang! Agar ro'za tutishni xolis Alloh uchun ado etishni niyat qilsangiz, Allohning o'zi engillik, baraka ato etadi.
Ramazon oyi kelayotganidan xursand bo'ling.
Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Ramazon oyi kelsa, baxtiyor va xursand bo'lib ketar edilar. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) “Ramazon oyi keldi. Ramazon oyi Alloh ro'za tutishni farz qilgan rahmat oyidir. Bu oyda jannat eshiklari ochilib, do'zax eshiklari berkitiladi”, der edilar.
Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning sahobiylari, tobeiylar bu oy kelishini intizorlik bilan kutishar edi.
Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) o'ta saxiy zot bo'lsalar-da, Ramazon kirishi bilan saxovatlari, yaxshiliklari yanada ortib ketar edi.
Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhumo) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng saxovatlisi edilar. U zotning saxovatlari Ramazon oyida – har kecha Jabroil (alayhissalom) Qur'onni ta'lim berish uchun huzurlariga tushadigan paytlarda – ayniqsa, ziyoda bo'lardi. Darhaqiqat, Allohning rasuli (sollallohu alayhi va sallam) odamlarga muruvvat ko'rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da tez edilar”
(Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Muborak Ramazon oyiga etkazgani uchun Allohga hamd ayting.
Chunki Alloh sizni sog'-salomat bu oyga etkazib, o'zining cheksiz rahmat va marhamatiga loyiq ko'rdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati