frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

01.04.2022 y. Hush kelding Ramazon!

29.03.2022   16426   16 min.
01.04.2022 y. Hush kelding Ramazon!

 بسم الله الرحمن الرحيم

HUSh KYeLDING RAMAZON!

Muhtaram jamoat! Muborak kunlar ostonasida turibmiz. Oylarning sultoni Ramazon soya solib turibdi. Ramazon so'zining ma'nolaridan biri shuki, arablar bahor kirib kelganda eng birinchi yog'adigan yomg'irlarni Ramazon deb atashgan. Dehqonlar shu yomg'irlardan keyin qarashar, qaysi daraxt shu yomg'irdan keyin kurtak otsa unga parvarishni davom ettirishar, qaysi bir daraxt kurtak otmagan bo'lsa undan umidni uzishar ekan. Bir so'z bilan aytganda u yomg'ir ular uchun umid yomg'iri hisoblanar ekan. Biz mo'min-musulmonlar uchun ham Robbimiz rahmatlari yog'iladigan oy – Ramazon yaqinlashmoqda. Kim Ramazon kelganidan xursand bo'lsa va unda yomonliklardan tiyilish hamda oz bo'lsada yaxshilik sari qadam qo'yishni niyat qilsa, uning yaxshilikka erishishidan umid qilsa bo'ladi. Ayni shu kunlar arafasida Payg'ambarimiz alayhissalom sahobalarga quyidagi so'zlarni aytganlari rivoyat qilingan:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّهُ قَدْ أَظَلَّكُمْ شَهْرٌ عَظِيمٌشَهْرٌ مُبَارَكٌ فِيهِ لَيْلَةٌ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ فَرَضَ اللَّهُ صِيَامَهُ وَجَعَلَ قِيَامَ لَيْلِهِ تَطَوُّعًا فَمَنْ تَطَوَّعَ فِيهِ بِخِصْلَةٍ مِنَ الْخَيْرِ كَانَ كَمَنْ أَدَّى فَرِيضَةً فَمَا سِوَاهُ وَمَنْ أَدَّى فِيهِ فَرِيضَةً كَانَ كَمَنْ أَدَّى سَبْعِينَ فَرِيضَةً وَهُوَ شَهْرُ الصَّبْرِ وَالصَّبْرُ ثَوَابُهُ الْجَنَّةُ وَهُوَ شَهْرُ الْمُوَاسَاةِ وَهُوَ شَهْرٌ يُزَادُ رِزْقُ الْمُؤْمِنِ فِيهِ مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا كَانَ لَهُ عِتْقُ رَقَبَةٍ وَمَغْفِرَةٌ لِذُنُوبِهِ" قِيلَ: يَا رَسُولَ اللهِ لَيْسَ كُلُّنَا يَجِدُ مَا يُفَطِّرُ الصَّائِمَ قَالَ: "يُعْطِي اللَّهُ هَذَا الثَّوَابَ مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا عَلَى مَذْقَةِ لَبَنٍ أَوْ تَمْرَةٍ أَوْ شَرْبَةِ مَاءٍ وَمَنْ أَشْبَعَ صَائِمًا كَانَ لَهُ مَغْفِرَةٌ لِذُنُوبِهِ وَسَقَاهُ اللَّهُ مِنْ حَوْضِي شَرْبَةً لاَ يَظْمَأُ حَتَّى يَدْخُلَ الْجَنَّةَ وَكَانَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِهِ مِنْ غَيْرِ أَنْ يَنْقُصَ مِنْ أَجْرِهِ شَيْئًا وَهُوَ شَهْرٌ أَوَّلُهُ رَحْمَةٌ وَأَوْسَطُهُ مَغْفِرَةٌ وَآخِرُهُ عِتْقٌ مِنَ النَّارِ وَمَنْ خَفَّفَ عَنْ مَمْلُوكِهِ فِيهِ أَعْتَقَهُ اللَّهُ مِنَ النَّارِ

(أخرجه الإمام البيهقي عَنْ سَلْمَانَ الْفَارِسِيِّ رضي الله عنه)

ya'ni: “Ey, insonlar! Ulug', muborak oy sizlarga soya solib turibdi. Bu oyda ming oydan ko'ra yaxshiroq bir kecha bor. Alloh taolo bu oyning ro'zasini farz qildi, kechasi bedor bo'lishni nafl qildi. Kim unda biror bir yaxshilik ila Allohga yaqinlik hosil qilsa, xuddi boshqa oylarda farzni ado qilganga o'xshaydi. Kim unda bir farz amalni ado etsa (boshqa oylarda) etmishta farzni ado qilgandek bo'ladi. Bu oy sabr oyidir. Sabrning savobi jannatdir. Bu oy o'zgalardan ko'ngil so'rash, mehr-muruvvat oyidir. Bu oyda mo'min kishining rizqi ziyoda bo'ladi. Kim u kunda biror ro'zadorga iftorlik qilib bersa, bu uning gunohlariga mag'firat va jahannamdan ozod bo'lishiga sabab bo'ladi”, – dedilar. Shunda: “Ey, Allohning Rasuli! Hammamiz ham ro'zadorga beradigan iftorlik topa olmaymiz-ku”, – deyishdi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Alloh taolo bu savobni ro'zadorga bir yutum sut yo bir dona xurmo yo bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga beradi. Kim ro'zadorni to'ydirsa, bu uning gunohlariga kafforat bo'ladi va Alloh taolo uni mening havzimdan sug'oradiki, undan keyin to jannatga kirguncha chanqamaydi. Iftorlik qilib berganga ham ro'zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmagan holda, uning ajriga teng savob bo'ladi. Bu oyning avvali rahmat, o'rtasi mag'firat, oxiri jahannamdan ozod bo'lishdir. Kim Ramazon oyida qo'l ostidagi (xizmatchisi)gaengillik qilsa, Alloh taolo uni mag'firat qiladi va uni do'zaxdan ozod qiladi”, – dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Ushbu hadisdan Ramazondagi har qanday amalning ajri bir necha barobar qilib berilishini bilib oldik. Bularni yaxshi anglagan ummat peshvolari bo'lmish sahobai kiromlar Ramazonni xuddi bir ulug' mehmondek kutib olar edilar. Ular Ramazonga o'tgan gunoh va xatolari uchun tavbalar qilib, imkon qadar zimmalaridagi qarzlarni ado qilib, hatto ba'zilari zimmasida hech qanday haq qolmasligi uchun zakotlarini ado qilib kirar edilar. Zotan, ushbu oy mo'min-musulmonlar uchun ibodat mavsumi hisoblanadi. Misol uchun ba'zilar bozor va katta-katta do'konlarning chegirmalar mavsumini kutib yashaydilar. Narsalarning narxi pasaytirib beriladigan, bitta narsaning narxiga ikki yoki uchta narsa beriladigan kunlarda do'konlar odamlarga to'lib ketadi. Oldingi solih zotlar Ramazonni ajr va savoblar bir necha o'nlab marta ko'p beriladigan mavsum sifatida ko'rganlar. Shuning uchun ham ular Ramazonga olti oy qolganidan boshlab unga etkazishni so'rab Alloh taologa duo qilganlar. Aslida Ramazonga etib kelish ulkan ne'mat va katta imkoniyatdir. Chunki oy rahmat oyidir, omonlik oyidir. Unda qancha-qancha insonlar do'zaxdan najot topish baxtiga musharraf bo'ladilar. Bu xususda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:

إذا كان أولُ ليلةٍ من شهرِ رمضانَ صُفِّدَتِ الشياطينُ ومَرَدةُ الجنِّ ، وغُلِّقتْ أبوابُ النارِ فلم يُفتحْ منها بابٌ ، وفُتِّحَتْ أبوابُ الجنةِ فلم يُغلقْ منها بابٌ ، ويُنادي منادٍ كلَّ ليلةٍ : يا باغيَ الخيرِ أقبلْ ، ويا باغيَ الشرِّ أقْصرْ ، وللهِ عتقاءُ من النارِ ، وذلك كلَّ ليلةٍ

(رواه الترمذي عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Ramazonning birinchi kechasida shaytonlar va sarkash jinlar zanjirband qilinadi. Do'zax eshiklari yopiladi. Uning bironta eshigi ochilmaydi. Jannat eshiklari ochiladi. Uning bironta eshigi yopilmaydi. Har kechada bir nido qiluvchi nido qiladi: “Ey yaxshilik istovchi!. Ey yomonlik istovchi!. Allohning do'zaxdan ozod qilingan bandalari bo'ladi va bu har kechada sodir bo'ladi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ushbu oyni alohida e'tibor bilan o'tkazar edilar. Bu haqda shunday deyiladi:

عن ابن عباس رضي الله عنهما ، قَالَ : كَانَ رسول الله صلى الله عليه وسلم أجْوَدَ النَّاسِ، وَكَانَ أجْوَدَ مَا يَكُونُ في رَمَضَانَ حِيْنَ يَلْقَاهُ جِبْريلُ ، وَكَانَ جِبْريلُ يَلْقَاهُ في كُلِّ لَيْلَةٍ مِنْ رَمَضَانَ فَيُدَارِسُهُ القُرْآنَ ، فَلَرَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم حِيْنَ يَلْقَاهُ جِبرِيلُ أجْوَدُ بالخَيْرِ مِن الرِّيحِ المُرْسَلَةِ

 متفقٌ عَلَيْهِ

ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam insonlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng saxovatli holatlari Ramazonda – Jabroil bilan uchrashgan vaqtda  bo'lar edi. Jabroil alayhissalom Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bilan Ramazonning har tunida uchrashar edi va Qur'onni dars qilishar edi. Haqiqatda shu kunlarda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yaxshilikda erkin shamoldan ham saxiy bo'lib ketar edilar” (Muttafaqun alayh).

Bundan ma'lum bo'ladiki, Ramazon Qur'on va saxovat oyidir. Zero Qur'on Ramazonda nozil qilingan. Qur'oni karim oyatlarida ham Ramazon Qur'on nozil  qilingan oy sifatida vasf etilgan:

  شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنْزِلَ فِيهِ الْقُرْآَنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ

ya'ni: “Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat Qur'on nozil qilingandir”, deyiladi (Baqara surasi 185-oyat).

Ramazonning Qur'on tushirilishi uchun tanlab olingani ham uning ulug' fazilatga ega ekaniga dalolat qiladi. Zero bu Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan sunnat bo'lgan amaldir. Sahobai kiromlar va tobe'inlar ushbu oyda Qur'on tilovati va darsiga alohida ahamiyat berishlari ham shundandir.

Sufyon Savriy Ramazon kirsa odamlarga ko'p aralashmay Qur'on tilovatiga yuzlanar edi. Imom Molik Ramazon kirishiga hadis darslarini qo'yib, mushafni olib tilovatga berilar edi.

Ramazonda qaysi amalga bel bog'lasam bo'larkan, qaysi amal ko'proq ajr va baraka keltirar ekan, deb o'ylab turgan insonlarga ulamolar bu oyda ko'proq Alloh taoloning kalomi Qur'oni karimni tilovat qilish, uni tinglash va uni o'rganishni tavsiya qiladilar. Shuning uchun taroveh namozlarida Qur'oni karimni xatm qilish sunnat hisoblanadi. Ramazon va Qur'on qiyomatda mo'minlar uchun shafoatchi maqomida bo'ladi. Hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:

الصيامُ والقرآنُ يَشْفَعانِ للعبدِ، يقولُ الصيامُ: أَيْ رَبِّ! إني مَنَعْتُهُ الطعامَ والشهواتِ بالنهارِ، فشَفِّعْنِي فيه، ويقولُ القرآنُ: مَنَعْتُهُ النومَ بالليلِ، فشَفِّعْنِي فيه؛ فيَشْفَعَانِ

ya'ni: “Ro'za va Qur'on ikkisi Qiyomat kuni bandani shafoat qiladi: Ro'za: “Ey Rabbim, men buni kunduzlari taom va shahvatlardan to'sgan edim. Uning haqida shafoatimni qabul qil. Qur'on: “Men uni kechalari uyqudan to'sgan edim. Uning haqida shafoatimni qabul qil”, deydi. Bas, ikkovining ham shafoati qabul qilinadi” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Alloh taolo bandalarini yaxshi ko'rsada, ularga onalaridan mehribonroq bo'lsada ularning zimmasiga ro'zani farz qildi va bu oyning ma'lum vaqtida och va tashna yurishlarini xohladi. Bunga sabab shuki, ro'za ular uchun ham ma'naviy, ham jismoniy ma'noda shifo bo'ladi. Buning misoli ona bolasini yaxshi ko'rsa ham bola kasal bo'lgan vaqtda achchiq dorilarni unga majburlab ichirib, uni shifo topishini xohlashi kabidir. Shuning uchun ham ro'za farz qilingan oyatning oxirida “shoyadki taqvo qilsangiz” deyildi. Ya'ni sizlar ro'za tutish orqali taqvoga ya'ni zohiriy va botiniy gunohlardan saqlanish malakasiga ega bo'lasiz.

Ro'zaning mo'minlar uchun eng katta manfaati bu uni do'zax otashidan himoya qilishi va undan uzoqlashtirishi hisoblanadi. Bu xususda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deydilar:

 مَا مِنْ عبْدٍ يصُومُ يَوماً في سبِيلِ اللَّه إِلاَّ باعَدَ اللَّه بِذلك اليَومِ وجهَهُ عَن النَّارِ سبعينَ خرِيفاً 

(متفقٌ عليه عَنْ أَبي سَعيدٍ الخُدْريِّ رَضيَ اللَّه عنهُ)

ya'ni: “Qaysi bir banda Alloh yo'lida bir kun ro'za tutar ekan Alloh taolo uning yuzini shu tufayli etmish kuz (ya'ni etmish yillik masofaga) do'zaxdan uzoq qiladi” (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar:

مَنْ صَامَ رَمَضَانَ إيمَاناً وَاحْتِسَاباً، غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ

(متفقٌ عَلَيْهِ عن أَبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim Ramazon oyida imon bilan, savob umidida ro'za tutsa, uning o'tgan gunohlari kechiriladi” (Muttafaqun alayh).

Ushbu hadisda Ramazondek buyuk fazilatlarga boy oyda faqat ro'za tutibgina kifoyalanmasdan, balki kechalari qoim bo'lib, taroveh namozlarida Qur'on tilovatini tinglasalar, Alloh taoloning buyuk va'dalariga sazovor bo'ladilar.

Bu oyda fursatni g'animat bilish uchun odatdagi ibodatlarga qo'shimcha ravishda 20 rakat tarovih namozi sunnat qilingan. Bu esa savoblarning bir necha barobar bo'lishiga sabab bo'ladi. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:

 مَنْ قَامَ رَمَضَانَ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ

(رواه الامام البخاري عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim imon bilan, savob umidida Ramazon kechalari qoim bo'lsa, uning o'tgan gunohlari kechiriladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Muhtaram azizlar! Ushbu oy toat va ibodat, mehr va oqibat, muruvvat va saxovat oyidir. Yuqoridagi o'tgan hadislardan Ramazonda qilinadigan amallarning fazilatlari, xususan ro'zadorlarga iftor qilib berish gunohlarimizga kafforat bo'lishini tushunib oldik. Lekin shu o'rinda bir mulohazani eslatib o'tamizki, xalqimizning diniy saviyasi ortib, savob va gunoh to'g'risidagi tushunchalari ham shakllanib bormoqda. Qilayotgan amallari qabul bo'lishi uchun ixlos qanchalik zarur bo'lsa, riyo amallarning savobini bekor qilishini yaxshi anglamoqdalar. Shundan kelib chiqib iftorlik bermoqchi azizlarimiz qiladigan iftorliklarini ixcham tarzda, dabdaba va riyokorliklardan chetlangan holda, hashamatli restoran yoki kafelarda emas, balki uyda oila va yaqinlari davrasida o'tkazishlari maqsadga muvofiq bo'ladi. Dabdaba qilib, o'ziga to'q kishilarga iftorlik bergandan ko'ra, beva-bechora va etim-esirlarga, mehribonlik uylariga xayr-ehson qilish dinimizda eng maqbul ishlardandir.    

Shuningdek,  Ramazon tavba va istig'for, zikr va tasbehlar oyidir. Duo va tazarru' oyidir. Rahm-shafqat va kechirimli bo'lish oyidir. Bu muborak oyga tavba bilan, bir-birlarimizdagi haqlarni ado etib, bir-birimizga bo'lgan gina va adovatlarni unutib, bir-birimizni kechirib kirib boraylik. Yaxshilikda musobaqalashaylik. Mo''minning umri faqatgina yaxshilikni ziyoda qilishi kerak. Bu kunlar ham o'tib ketadi. Bundan so'ng to'qlik kunlari yana keladi. Tomoqlarimiz yana ho'l bo'ladi, ammo ajr qoladi insha Alloh!

Majruh qalblarga davo bo'ladigan, mahzun qalblarga tasalli bo'ladigan, tog'lar qadar ajr bo'ladigan Qur'on xatmlarida qatnashaylik. Elu yurt haqiga, aziz vatanimiz haqiga duolar qilaylik. Tinchlik va xotirjam kunlar bardavom bo'lishini Haq taolodan so'raylik.

Barchamizga Ramazon oyi muborak bo'lsin! Uni g'animat bilib, yaxshiliklar bilan o'tkazishni barchamizga nasib qilsin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

11.08.2026   32360   10 min.
“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.

“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:

﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾

“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).

Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.

Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:

‏ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ:‏ الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.

«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.

Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.

“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾

“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.

«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).

Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.

Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.

Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.

Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.

Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.

Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).

Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.

Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:

وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.

“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.

Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.

Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:

قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ

فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.

Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).

Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.

Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar

﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾

“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.

Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.

Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.

Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.

Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA