Fiqhiy mazhablarning kelib chiqish tarixi sahobalar va Nabiy alayhissalom vafot etgandan keyingi keladigan asrga taqaladi.
Hijratning avvalgi ikkinchi asridan to'rtinchi asrning yarmigacha ijtihodning oltin davri bo'ldi. Bu vaqt oralig'ida mazhablari yozilib va fikrlariga ergashiladigan o'n uchta mujtahid namoyon bo'lishdi. Ular: Makkada Sufyon ibn Uyayna, Madinada Molik ibn Anas, Basrada Hasan Basriy, Kufada Abu Hanifa va Sufyon Savriy, Shomda Avzoiy, Misrda Shofe'iy va Lays ibn Sa'd, Niysoburda Is'hoq ibn Rohivayh, Bag'dodda Abu Savr, Ahmad, Dovud Zohiriy va ibn Jarir Taboriylardir.
Ulardan to'rttasi jumhur musulmonlar tomonidan rasmiy fiqhiy mazhablar, deb tan olindi. Ular: Hanafiy, Shofe'iy, Molikiy, Hanbaliy mazhablaridir.
Bu o'rinda shuni ta'kidlab o'tish joizki, bugungi kunda dunyodagi taxminan 1,3 milliard musulmon aholisining 92,5 foizini sunniylar tashkil etadi. Ular mazhablar bo'yicha quyidagi nisbatda bo'linadilar: Hanafiylar 47 foiz, shofe'iylar 21 foiz, molikiylar 17 foiz, hanbaliylar 7,5 foiz.
Bu to'rt mazhab o'rtasida katta farqlar ko'zga tashlanmaydi. Juda ko'p masalalarda bir xillik mavjud. O'rtalarida faqat juz'iy ixtiloflar mavjud.
Demak, fiqhiy mazhablarning vujudga kelish tarixini o'rganar ekanmiz, hozirgi kundagi ba'zi mazhabsizlarning yoki soxta “salafiylar”ning: “Mazhabga ergashish bid'at”, “Imomga ergashish sunnatdan yuz o'girishdir” kabi da'volari puch ekanini ko'ramiz. Aksincha fiqhiy mazhablarning tarixiy ildizi buyuk sahobalar va ulug' tobeinlar asos solgan yo'l ekaniga guvoh bo'lamiz.
Abdulloh Samatov
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati