Shu kunlarda yurtimizda Ramazonga tayyorgarlik ishlari yuqori kayfiyatda davom etmoqda. Ayniqsa, yurtimizda yangi masjidlarning ketma-ket ochilayotgani yurtdoshlarimiz uchun Ramazonga munosib tuhfa bo'layotir.
Kuni kecha O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari poytaxtimizdagi “Ko'kcha Oqtepa” masjidi ochilishida ishtirok etgan bo'lsalar, bugun, 25 mart kuni Sirdaryo viloyati Guliston tumanida joylashgan “Shodmonxo'ja” jome masjidi yangi binosining ochilish marosimida qatnashdilar.
Muftiy hazratlari dastlab yig'ilganlarga masjiddagi ilk juma mavi'zasini qilib berdilar. Shu paytgacha bu masjid faqat mahalla masjidi sifatida faoliyat yuritayotgan edi. Endilikda u jome masjidga aylantirildi.
Muftiy hazratlari so'zi avvalida masjidlarimizdagi qulaylik haqida gapirar ekan, bularning barchasi Allohning bizga bergan ulkan ne'mati ekanini alohida qayd etib, bu kunlarga shukronalar aytish kerakligini ta'kidladilar. Shu bilan birga masjid bunyod etish ulkan ajri savobli amal ekanini hadislar bilan dalillab, qurilish ishlarida ko'makchi bo'lgan barcha yurtdoshlarimiz haqiga duo qildilar.
Ma'lumot uchun qayd etish joizki, “Shodmonxo'ja” jome masjidi binosi yaqingacha yaroqsiz ahvolda bo'lib, namozxonlarga bir qancha noqulayliklar tug'dirar edi. Shu boisdan mahalla ahli va masjid ma'muriyati bilan kelishilgan holda o'tgan yilning iyun' oyida masjidni qayta qurish ishlarini boshlab yuborishdi. Mahalliy aholining ko'magi va hashari bilan masjid binosi qisqa fursat – to'qqiz oy ichida qaytadan bunyod etildi. Mingdan ziyod namozxonni sig'dira oladigan masjid zamonaviy qiyofaga keltirilib, namozxonlar uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Tahoratxonalar, masjid ma'muriyati xonalari, kutubxonalar kerakli jihozlar bilan jihozlandi. Issiqlik va sovutish tizimlari, shu bilan bir qatorda zamonaviy ovoz kuchaytirgichlar o'rnatildi. Masjid atroflarini ko'kalamzorlashtirish uchun zamonaviy sug'orish tizimlari tashkil etilib, archalar ekildi.
Allohga behisob shukrlar bo'lsinki, yurtimizda bu kabi jome masjidlarning soni yanada ko'payishi kutilmoqda. Alloh taolo Ramazon oyida ham bunday xushxabarlarni bardavom qilsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakili Habibulloh domla Zokirov boshchiligida namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Yangiyer shahrida o‘tkazildi.
“Muhammad Bobur” masjidida vakillik xodimlari, tuman shahar bosh imom-xatiblari va tajribali imom-xatiblar jamlanishdi.
Ishchi guruh tuzilib, ular hududdagi 2 ta masjid va 12 ta mahallaga biriktirildi. Shuningdek, mahallalardagi “Haj – 2024” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati