Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Iyun, 2025   |   2 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
27 Iyun, 2025, 2 Muharram, 1447

Rayyon darvozasi hamon ochiq...

25.03.2022   2152   11 min.
Rayyon darvozasi hamon ochiq...

Ro'za – ruh tarbiyasi

 

 

Alloh taolo mo'min bandalariga o'ta karamlidir. U insonlarning amallarini kengligi osmonlaru Yercha bo'lgan jannat bilan taqdirladi. Mo'minlar jannatga barchasidan kirishlari uchun har bir darvoza oralig'idagi masofani qirq yillik yo'l qilib qo'ydi. Rivoyatlarda zikr qilinishicha, jannatga kiruvchilar shu qadar ko'p bo'ladiki, hatto bunday keng darvozalarda ham tiqilinch hosil bo'ladi.

Shunday bo'lsa-da, ro'zadorlar jannatga kirishlari uchun alohida darvoza bilan xoslandi. Payg'ambarimiz alayhissalom bunday marhamat qiladilar: «Jannatda “Rayyon” deb nomlanuvchi darvoza bor. Qiyomat kuni undan faqat ro'zadorlar kiradi. (Qiyomatda) “Ro'zadorlar qayerda?” deb nido qilinadi. Bas, (ro'zadorlar) o'rnilaridan turishadi. (Darvozadan) ulardan boshqa hech kim kirmaydi. (Barchalari) kirib bo'lgach, darvoza berkitiladi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Hofiz ibn Hajar rahimahulloh “Fathul Boriy”da bunday deydi: «Hadisda “jannatda” deyildi, “jannat uchun” deyilmadi. Sababi, jannatdagi mazkur darvozadan kirganlarga rohat-farog'at borligini his ettirish, unga nisbatan zavq-shavqni oshirishdir».

“Rayyon” lafzi tashnalikning ziddi – “chanqoqni qondirish” ma'nosini anglatadi. Demak, lafz bilan ma'no o'zaro uyg'un. “Rayyon” deb nomlanishiga yana bir sabab shuki, unda juda ko'p daryolarning mavjudligidir. Ya'ni, dunyoda ixlos bilan tutilgan ro'za evaziga qiyomatda ro'zadorning chanqog'i qondiriladi. Jannatda esa, salqinlik bardavomdir. “Rayyon” lafzi “chanqoqni qondirish”ni ifodalasa-da, to'qlikka ham ishoradir. Zero, chanqoqning bostirilishi to'qlikka ham dalolat qiladi. Bunday gap bor: “Ro'zadorni ko'proq ochlik qiynaydi. Chunki ko'pchilik suvsizlikka chidashi mumkin, lekin ochlikka sabr qilish qiyin”.

Bu ta'rif ro'zadorning holiga munosibdir. Alloh taolo bunday deydi: «Do'zax egalari jannat egalariga: “Bizga ham suvdan yoki Alloh sizga rizq qilib bergan narsadan to'kinglar”, deb nido qiladilar. Ular: “Albatta, Alloh bularni kofirlarga harom qilgan”» (A'rof surasi, 50-oyat). 

Rayyondan kirish uchun ro'zador ro'zasining savobi kamaymasligi kerak. Chunki ro'zada taom, ichimlik va boshqa hissiy narsalardan tiyilishgina emas, balki ajrni kamaytiruvchi barcha narsalardan saqlanish vojibdir.

E'tibor beraylik, Rayyondan kirish Ramazonning farz ro'zasini tutuvchi ro'zadorlar uchun xoslanayotgani yo'q. Boisi Ramazon ro'zasini barcha musulmonlar tutadi. Rayyon darvozasidan kiruvchilar deb farz ro'zalarga nafl ro'zalarni ergashtiruvchilar aytilyapti.

Bu esa ro'zaning Parvardigor nazdida qanchalik yuksak maqomga ega ekanini anglatadi. Nabiy alayhissalom ham buni yanada yorqinroq ifodalab: «“Ro'zadorlar qayerda?” deb nido qilinadi. Bas, (ro'zadorlar) o'rnilaridan turishadi. (Darvozadan) ulardan boshqa hech kim kirmaydi. (Barchalari) kirib bo'lishgach, darvoza berkitiladi», deb bashorat bermoqdalar.

Ba'zi olimlarning fikricha, qiyomatda ro'zadorlarga qilinadigan ushbu nido ularni ulug'lash, hurmatlash, amallarining savobi buyuk ekanini bildirish uchundir.

Jannat darvozalari sakkiztadir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o'sha darvozalarni birinchi bo'lib ochib, ularga kiruvchidirlar. So'ngra barcha mo'minlar amaliga muvofiq darvozadan kiradi. Chunki hammaning o'ziga yarasha turli yaxshi amallari bor, jannatga kirish imtiyozlariga egadir. Lekin Rayyon darvozasi orqali kirolmaydi. Yaxshi amallarda peshqadamlar jannatning barcha eshiklaridan chaqirilishga haqli bo'ladi. Fikrimizni Nabiy alayhissalomning bashoratlari tasdiqlaydi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Ota-onam sizga fido bo'lsin, yo Rasululloh! Qiyomatda nido qilinganlar faqat bitta eshikdan kirishadimi yoki hamma eshikdan chaqiriladigan biron kishi ham bo'ladimi?” deb so'radi. Nabiy alayhissalom: “Ha, bo'ladi. Siz o'shalardan bo'lishingizni umid qilaman”, deb javob berdilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Jannat ahli uchun ko'z ko'rmagan, quloq eshitmagan, bashar xayoliga kelmagan ne'matlar bor. Jannatda uzundan-uzoq soyalar, jilo sochuvchi nurlar, daryolar mavjud. Uning tuprog'i mushk va za'farondan. Toshlari yoqut va marjondan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Hamda O'zi ularga ta'riflab bergan jannatga kiritar” (Muhammad surasi, 6-oyat). Shuningdek, jannatda xonalar, ishkomlar, qasrlar bo'lib, behisht ahli o'z maskanini taniydi. Jannatdagi uylar tilladan bo'lib, bunga Payg'ambarimiz alayhissalom guvoh bo'lganlar. Alloh taolo u zotga jannatni ko'rsatgan.

Rivoyatda kelishicha, Nabiy alayhissalom jannatdagi tilladan barpo etilgan qasrning go'zalligidan ajablandilar. Qasr haqida so'radilar. U zot alayhissalomga: “Bu qurayshlik yigitga tegishli qasr”, deyildi. Payg'ambarimiz alayhissalom: “O'sha men bo'lsam kerak”, degan o'yda qasrning egasi kim ekanini so'radilar. Umar ibn Hattob roziyallohu anhu ekani aytildi. Nabiy alayhissalom Umar roziyallohu anhuga bu haqda xabar berar ekanlar: “Ey Abu Hafs, agar rashkchiligingni bilmaganimda, u erga kirgan bo'lardim”, dedilar. Umar roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomdan ushbu xabarni eshitib yig'ladi va: “Yo Rasululloh, sizdan rashk qilarmidim”, dedi (Imom Termiziy va Imom Nasoiy rivoyati).

Payg'ambarimiz alayhissalomdan jannat uylarini tasvirlab berishlarini so'rashganda, bunday deganlar: “Jannat binolarining g'ishti kumushdan va tilladan. Suvog'i hidi kuchli, yoqimli mushkdan” (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyati). Bundan tashqari, shunday xonalar borki, tashqaridan uning ichi, ichkarisidan tashqari ko'rinadi. Uylarni omonlik va xotirjamlik qurshagan, suvlarning mayin jildirashi eshitiladi. Uylar atrofida go'zal ishkomlar bor. Jannatda g'ulom va xizmatchilar bo'ladi. Likopchalari tilladan. Huru iynlar u erda istiqomat qilishadi, tashqariga chiqishmaydi: “Chodirlarni lozim tutgan hurlar bor” (Ar-Rohman surasi, 72-oyat). Jannatda anhorlar bor. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: ...(daraxtlar) ostidan anhorlar oqib turgan jannat bor” (Buruj surasi, 11-oyat). Unda daraxtlar bor. Payg'ambarimiz alayhissalom: “Jannatda bir daraxt borki, otliq kishi uning soyasida yuz yil yurib ham, undan o'tolmaydi” (Imom Termiziy rivoyati), deb marhamat qilganlar.

Ixlos bilan tutilgan har bir ro'za – ibodat, solihlarning odati, muttaqiylarning shiorlaridir. U nafsni poklovchi, xulqni go'zallashtiruvchi, taqvo madrasasi, hidoyat manzilidir.

Barchamizga nafaqat Rayyon darvozasidan, balki jannatning barcha darvozalaridan chaqirilish nasib etsin. Rayyon darvozasi hamon ochiq.

 

Abduqahhor YuNUSOV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi o'rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Guruhbozlik qilmang!”

26.06.2025   1858   1 min.
“Guruhbozlik qilmang!”

Sabrsizlik musulmonlar orasida turli ixtiloflar, urush-janjallar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Alloh Taolo sabr qiluvchilar bilan bo‘ladi. Ularni turli yomonliklardan asraydi. Sabr qilmay, chidamsiz bo‘lganlar esa, ixtilof girdobiga duchor bo‘ladilar.

Oyati karimaning oxirida Alloh taolo: “Va sabr qiling. Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilandir”, deb marhamat qilgan.

Shuningdek, Alloh taolo “Rum” surasi 31-32 oyatlarda mo‘min-musulmonlarga quyidagi xitobni qiladi: “...Va mushriklardan bo‘lmang. Dinlarida tafriqaga tushgan, guruh-guruh bo‘lib olib, har bir jamoa o‘z oldidagi narsadan shod bo‘lganlardan bo‘lmang”.

Demak, dinda tafriqaga tushish mushriklarning ishi bo‘lib tanilgan ekan. Guruh-guruh bo‘lib olib, ixtilof chiqarish, talashib-tortishish ham mushriklarning ishi ekan. Har bir jamoa o‘z oldidagi narsadan shod bo‘lib, boshqalarni past sanashi ham mushriklarning ishi ekan.

Alloh taolo “An’om” surasi 109-oyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib: “Dinlarini tafriqa qilib, o‘zlari guruhbozlik qilganlar bilan hech bir aloqang yo‘q. Albatta, ularning ishi Allohning O‘ziga havola. So‘ngra qilgan ishlarining xabarini berur”, degan.

Ushbu oyati karimada Alloh taolo tafriqa va guruhbozlikka olib boradigan nizo hamda ixtiloflarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yo‘llaridan boshqa, ul hidoyat yo‘liga teskari yo‘l hisoblamoqda. Alloh taolo bu oyatda tafriqa va guruhbozlik Payg‘ambarimizning ummatlariga munosib emasligini qattiq ta’kidlamoqda.

Alloh taolo “Oli Imron” surasida siz bilan biz musulmonlarga xitob qilib: “O‘zlariga ochiq bayonotlar kelganidan keyin bo‘linib, tafriqaga tushganlarga o‘xshash bo‘lmanglar! Ana o‘shalarga ulug‘ azob bordir”, degan.

Tafriqaga tushib bir-birimiz ila tortishish nizolar urchib, fayzu baraka ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.

Yangiqo‘rg‘on tumani "Sayid bobo Termiziy" jome masjidi

imom-xatibi Abduvali Mahmudxonov

@SOFTALIMOTLAR

MAQOLA