frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Kim adashgan: moturidiy va ash'ariylarmi yoki "salafiylar"?...

25.03.2022   1732   11 min.
Kim adashgan: moturidiy va ash'ariylarmi yoki

Haddidan oshgan, o'zlaridan boshqa musulmonlarni adashganlikda ayblovchi toifalardan biri masjidda dars berayotgan edi.

Dars asnosida:

- Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan tavassul (vasila) qilish mumkin emas, - dedi.

Masjiddagilar:

- Nima uchun mumkin emas?, - deya savol berishdi.

U bo'lsa:

- Chunki, Alloh taolo mavjuddir. Alloh mavjud bo'la turib, qanday qilib payg'ambarga murojaat qilish mumkin bo'lar ekan, - deya javob berdi.

Bir kishi:

- Ko'plab ulamolar bu ishni joiz deyishgan-ku, - dedi.

U bo'lsa:

- U ulamolar tavhidni bilishmaydi. Dinda bid'atlar paydo qilishgan. Bid'atchilar zalolatda, zalolat esa do'zaxda bo'ladi. Biz ergashgan ulamolar haqiqiy tavhid ahli. Sof din ularga ergashish bilangina bo'ladi. Tavhid ahliga tog'utga sig'inadiganlar barobar bo'la olmaydi. Yana aytaman: payg'ambarni vasila qilish mutlaq nojoiz. Allohdan to'g'ri so'rayverish kerak, nima keragi bor o'rtaga bandani qo'yib, - deb aytdi.

Ushbu mutaassib kimsa tavassul to'g'ridan-to'g'ri bandaga murojaat qilish emas, balki, Alloh taologa payg'ambar orqali murojaat qilish ekanini bilmaydi yoki bilishni ham istamaydi.

Masjid ahli ichidagi yoshi ulug' bir kimsa gapirdi:

- Ey shayx, men o'qish va yozishni bilmaydigan omi odamman. Sizga savolim bor.

- Savollaringizni beravering, javob beraman. Mendan ahli tavhidlarning sof javoblarini eshitasizlar.

- Qiyomat kungi dahshatli vaziyatdan xalos topish uchun mahshargohda turgan barcha insonlar kimning oldiga borishadi?

- Darslarimda qatnashayotganmidingiz?

- Ha, qatnashayapman.

- Unda bu savolga avval ham sahih hadis bilan javob berganman, hozir ham shu javobni beraman. Qiyomat kuni insonlar o'ta qo'rqinchli vaziyatda, nochor qolishadi. Barcha insonlar va hatto payg'ambarlar ham o'zi bilan o'zi ovora bo'lib qolishadi. Shunda ular mavjud qo'rqinchi vaziyatdan chiqish uchun Muhammad sollallohu alayhi vasallam oldiga borib yordam so'rashadi. U zot hammaning shafoatchisi bo'ladi.

- Unda aytingchi, nega insonlar kiyomat kuni dahshatli holatlardan najot topish uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borib, u zotga murojaat qilishadi, vaholanki, Alloh mavjud-ku?! Nega Allohdan so'rab qo'ya qolishmaydimi?!

Axir Nabiysi oldiga borishni kim buyurgan? Bu amrni Allohning O'zi buyurgan-ku!

-----------

Yolg'onlar ana shunday fosh bo'ladi!

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday aytdilar: “Qiyomat kuni bo'lganida odamlar qayoqqa va kimning oldiga borishni bilmay qoladilar. Odam alayhissalomning oldiga kelishib: "Allohdan biz uchun shafoat so'rang”, deyishadi. Odam alayhissalom: "Men shafoat qilolmayman. Sizlar Ibrohimning oldiga boringlar", deydilar. Ular Ibrohim alayhissalomning oldiga borishib shafoat so'rashadi. Ibrohim alayhissalom ham: "Men shafoat qilolmayman, sizlar Musoning oldiga boringlar", deydilar. Ular Muso alayhissalomning oldiga kelishadi. Muso alayhissalom ham: "Men shafoat qilolmayman, sizlar Iysoning oldiga boringlar", deydilar. Ular Iyso alayhissalomning oldiga kelishadi. Iyso alayhissalom ham: "Men shafoat qilolmayman, sizlar avvalgi va keyingi gunohlari kechirilgan Muhammadning oldiga boringlar", deydilar. Ular mening oldimga kelishadi. Men Robbimdan izn so'rayman, menga izn beriladi. Men sajdaga yiqilaman. Sajdada Alloh xohlagancha qolaman. So'ng Alloh: "Boshingni ko'tar ey Muhammad. Gapir eshitilasan. Shafoat qil shafoating qabul qilinadi. So'ra senga so'raganing beriladi", deydi. Men boshimni ko'tarib: “Ummatim, ummatim”, deyman. So'ng menga: “Bor, qalbida zarra miqdoricha iymoni bo'lgan kishini do'zaxdan chiqar”, deyiladi. Men borib ularni do'zaxdan chiqaraman" (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Hozirda o'zlaridan boshqa barcha musulmonlarni adashganga chiqaradigan, garchi o'zlari juda ham ozchilik bo'lishsa ham, o'zlarini juda ham ko'pchilikdek ko'rsatayotgan toifalar bor. Ular nazdida o'zlarining yo'llaridan boshqa yo'lda bo'lgan barcha musulmonlar zalolatda. Ular yo'liga ergashmaganlar mushrik va tog'utning malayi.

Bu toifadagilar musulmonlarni hech bir taraddudsiz zalolat va shirkda ayblayverishadi. O'zlarini go'yoki Alloh taolodan faqatgina ulargina jannatiy bo'lishi va qolgan barcha do'zaxiy bo'lishiga vahiy kelganidek tutishadi. Huddi Nabiy alayhissalomdan to ular davrigacha barcha ummat olimlari-yu omilari zalolat-u shirkda bo'lishgan va ular paydo bo'lgachgina haqiqiy muvahhidlar vujudga kelgandek.

Nauuzu billah...

Nabiy sollallohu alayhi vasallam o'z huzurlariga kelib "La ilaha illallohu Muhammadun Rasululloh", degan har bir kimsani muvahhid ekani, agar shu aqidada sodiq bo'lib vafot qilsa jannatiy bo'lishini aytganlar. Bunga ko'plab hadislar bor.

Ammo o'zlarini "salafiylar" deb atab olgan-u, yo'llari salafi solihlar yo'liga mutlaq zid bo'lgan bu toifa "La ilaha illalloh"ni aytishning o'zi mo'min-musulmonlik uchun kifoya deb hisoblashmaydi. Musulmon bo'lish uchun tavhidning uch qismiga iymon keltirish shart, bo'lmasa musulmon bo'lmaydi deyishadi. Ularni yo'lboshchilaridan biri Ibn Abdulvahhob: “Mengacha bo'lgan barcha musulmonlar tavhidni asl sirini tushunishmagan. Alloh taolo menga hech kimga bermagan sirni anglatib qo'ydi, hattoki shayx (ustoz)larim ham buni bilishmagan”, deya iddao qilgan va minglab musulmonlarni kofirga chiqarib, qonini halol sanab o'ldirilishiga sababchi bo'lgan. Qarang-a? Bu illatga ko'ra tavhid siri faqat shu odamgagina berilib, boshqalar betavhid bo'lgan ekan. Hatto ustozlari ham tavhiddan bebahra qolgan ekan...

Azizlar ko'zni ochaylik. Har kimda o'zi yo'lini tanlash ixtiyori bor. Ammo aqidada o'ta yanglishib, ahli sunna va jamoaga zid va mujassimalik yo'lini tutib, Alloh taologa jism nisbatini beradigan, Payg'ambar alayhissalomni sevadigan musulmonlardan nafratlanib yashaydigan, o'zlaridan boshqalarni tog'ut malaylari, zalolatdagilar, do'zaxiylar, mushriklar deya ayblaydigan, o'zlari dunyodagi eng oz musulmonlar bo'lsa-da boshqalarni musulmon emaslikda ta'na qiladigan bu mujassimalar yo'li adashish, Nabiy sollallohu alayhi vasallam keltirgan, bir yarim ming yildan beri ummat u uzra qoim bo'lgan yo'lga ziddir.

Ibn Taymiya, Ibn Abdulvahhob, Alboniy va hokazolar musulmon bo'lishgan. Bunga shubxa yo'q. Zotan ahli sunna ulamolari "La ilaha illalloh" deya aytgan inson tavhid ahli hisoblanib, musulmonlardan bo'lishini aytishgan.

Ammo ular tutgan yo'lda ahli sunna ulamolarining juda ko'plab aqida masalalariga zid masalalari sababli bu yo'lga ergashish nojoiz.

Bunga doir bir necha masalalarni keltiramiz:

1. Ahli sunna nazdida "La ilaha illalloh" ni aytgan inson Nabiy sollallohu alayhi vasallam davridan to qiyomatgacha muvahhid musulmon hisoblanadi. "Salafiy"miz deb da'vo qiladiganlar nazdida esa "La ilaha illalloh"ni aytgan inson tavhidning rububiy, uluhiy va asmoi-sifot qismlariga ham iymon keltirsagina musulmon bo'ladi, bo'lmasam yo'q. Ajib-a?

2. "Salafiy"miz deya da'vo qiluvchilar nazdida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mavlid o'qish nojoiz, bid'at va gunoh. Malidni o'qigan inson bid'atchi bo'lib do'zaxiylar safiga kirib qoladi, chunki, payg'abmar alayhissalom va sahobiylar davrida bu ish bo'lmagan.

Ammo "salafiy"lar rahnamolaridan biri bo'lmish Muhammad Ibn Abdulvahhobni alohida marosimda eslab, maqtash joiz. Chunki bu bid'at emas, odat. Garchi bu ish ham Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va sahobiylar davrida bo'lmagan bo'lsa-da joiz.

Shuningdek ularning muftiysi bo'lgan Ibn Boz rahimahullohga mavlid qilish joiz va savobli. (Hohlaganlar internetdan ibn Bozga o'qilayotgan mavlid videolarini ko'rishlari mumkin).

Ajoyib-a? Payg'ambarimiz alayhissalomga mumkinmas bid'at, ularning olimlariga esa mumkin va savob...

3. "Salafiylar" musulmonlarni, xossatan moturidiy va ash'ariylarni adashgan deb jar solishadi, to'rtala mazhabga ergashishni nojoiz deyishadi. Moturidiy va ash'ariy aqidasidagi musulmonlar qo'shinlari ko'plab Islomiy fathlar, janglarda qatnashib Islom yoyilishiga munosib va katta xissa qo'shganlar. Islom uchun buyuk xizmatlar qilgan Usmoniylar, Salohiddin Ayyubiy, Safuddin Qutuz va hokazo buyuk shaxslar moturidiy va ash'ariy aqidasida bo'lgani uchun adashgan ekan-da, vujudga kelganidan buyon biron bor musulmonlardan boshqalar bilan jang qilmagan, faqatgina musulmon yurtlarni adashish va shirkda ayblab, kufrga chiqarib qonini to'kishdan boshqa ish qilmaganlar to'g'ri yo'lda ekan.

(Najddagi moturidiy va ash'ariy aqidasidagi minglab musulmonlarni kofir va mushrik deya qatl qilishgani tarix kitoblarida turibdi).

Juda ajoyib-a?...

4. Bir musulmon Qur'on va Sunnat asosida Imom Abu Hanifa, Imom Shofe'iy, Imom Molik va Imom Ahmad rohimahumulloh tuzgan yo'lni tutsa adashgan va bid'atchi bo'ladi.

Ammo aynan shuni o'zi bo'lgan, Qur'on va Sunnatdan Ibn Taymiya va Ibn Abdulvahhob tuzgan yo'lga ergashsa to'g'ri yo'ldagi musulmon hisoblanadi.

Juda ham ajoyib-a?...

5. Bu toifalar boshqa musulmonlarni jihod qilmaganlikda ayblashadi. Ammo o'zlarining "jihod"lari sababli qaysi yurt obod bo'lib rivojlanib ketganiga atigi bitta misol keltira olishmaydi. Ammo ularning "jixod"lari samarasi Liviya, Suriya, Iroq kabi boy va rivojlangan davlatlarni vayronalarga aylantirib tashlagani, u yurtda tinch xotirjam ibodatlarini qilib yashagan musulmonlar hozirda chayla va chodirlarda, och va tilamchilardek kun kechirashayotgani haqida o'ylab ham ko'rishmaydi. Aksincha, mana shunaqangi "jihod"ga odamlarni chaqirishib, bu haqidagi haqiqatlarni bayon qilganlarni saroy mullalari, sotqinlar deyishadi.

Bularni "jixod"i samarasini ko'rmoqchi bo'lsangiz, Suriya musulmonlarining axvoliga qarang.

Ajibdan ajib-a?

Bunaqa misollar ko'p. Inshaalloh navbati bilan taqdim etiladi.

Keyingi maqolamizda o'zlarini tavhid bilimdoni asliy tavhid soxiblari deb biladiganlarning tavhidi Ahli sunna tavhidiga to'g'ri keladimi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ummatga najot o'laroq taqdim etgan tavhid va "salafiylar" tavhidi bir narsami, shu haqida yozamiz.

Tavfiq - Allohdandir!

 

Sunnatulloh Abdulbosit

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

25.08.2026   2422   2 min.
Qariyb 50 mamlakat jurnalistlari yangi Imom Buxoriy majmuasi va Samarqandning asosiy yodgorliklarini ziyorat qiladi

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga yo‘l oladi. Ular yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Imom Buxoriy nomidagi Innovatsion muzey bilan tanishadi. Kunning ikkinchi yarmida esa ishtirokchilar uchun shaharning tarixiy-madaniy meros obyektlari, jumladan, YUNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar bo‘ylab maxsus dastur tashkil etiladi, xabar bermoqda iccu.uz.

Yodgorlik majmuasi Samarqand viloyati Payariq tumanida, buyuk muhaddis va ilohiyotshunos Muhammad al-Buxoriyning (810–870) dafn etilgan joyida joylashgan. U «Sahihi Buxoriy» to‘plami muallifi bo‘lib, mazkur asar sunniy islomdagi eng mo‘tabar hadis to‘plamlaridan biri hisoblanadi.

Keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng majmua 2026 yil bahorida ziyoratchilar uchun qayta ochildi. Uning umumiy hududi 45 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 10 ming kishilik masjid, ma’muriy va xizmat ko‘rsatish binolari, 154 ustunli ayvon, 14 ta moviy gumbaz va balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora barpo etilgan. Rekonstruksiyadan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan 65 ming nafargacha oshdi.

Majmuaning markaziy qismlaridan biri — to‘qqizta pavilondan iborat yangi Imom Buxoriy Innovatsion muzeyidir. Ekspozitsiya allomaning hayoti, hadisshunoslik tarixi va uning ilmiy merosiga bag‘ishlangan. Shuningdek, muzeyda Qur’onda zikr etilgan payg‘ambarlar, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Makka va Madinadagi hayoti hamda yozma hadis to‘plamlarining shakllanish tarixi haqida ma’lumotlar berilgan.

Majmua yaqinida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham faoliyat yuritadi. Markaz islom ilmiy va qo‘lyozma merosini, jumladan, Markaziy Osiyoning o‘rta asr olimlari asarlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar va tarjimalar tayyorlash, shuningdek, xalqaro ilmiy almashinuvni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Majmuaga tashrifdan so‘ng forum ishtirokchilari tarixiy Samarqand bilan tanishadi. Shaharning asosiy me’moriy yodgorliklari qatoriga Registon, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va Go‘ri Amir maqbarasi kiradi. YUNЕSKO ushbu to‘rt obyektni 2001 yilda «Samarqand — madaniyatlar chorrahasi» nomi bilan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shaharning asosiy yodgorliklari sifatida e’tirof etadi.

Samarqand bosqichi 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi dasturining bir qismi bo‘ladi.

Press-slujba Upravleniya musulman Uzbekistana

O'zbekiston yangiliklari