Haddidan oshgan, o'zlaridan boshqa musulmonlarni adashganlikda ayblovchi toifalardan biri masjidda dars berayotgan edi.
Dars asnosida:
- Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan tavassul (vasila) qilish mumkin emas, - dedi.
Masjiddagilar:
- Nima uchun mumkin emas?, - deya savol berishdi.
U bo'lsa:
- Chunki, Alloh taolo mavjuddir. Alloh mavjud bo'la turib, qanday qilib payg'ambarga murojaat qilish mumkin bo'lar ekan, - deya javob berdi.
Bir kishi:
- Ko'plab ulamolar bu ishni joiz deyishgan-ku, - dedi.
U bo'lsa:
- U ulamolar tavhidni bilishmaydi. Dinda bid'atlar paydo qilishgan. Bid'atchilar zalolatda, zalolat esa do'zaxda bo'ladi. Biz ergashgan ulamolar haqiqiy tavhid ahli. Sof din ularga ergashish bilangina bo'ladi. Tavhid ahliga tog'utga sig'inadiganlar barobar bo'la olmaydi. Yana aytaman: payg'ambarni vasila qilish mutlaq nojoiz. Allohdan to'g'ri so'rayverish kerak, nima keragi bor o'rtaga bandani qo'yib, - deb aytdi.
Ushbu mutaassib kimsa tavassul to'g'ridan-to'g'ri bandaga murojaat qilish emas, balki, Alloh taologa payg'ambar orqali murojaat qilish ekanini bilmaydi yoki bilishni ham istamaydi.
Masjid ahli ichidagi yoshi ulug' bir kimsa gapirdi:
- Ey shayx, men o'qish va yozishni bilmaydigan omi odamman. Sizga savolim bor.
- Savollaringizni beravering, javob beraman. Mendan ahli tavhidlarning sof javoblarini eshitasizlar.
- Qiyomat kungi dahshatli vaziyatdan xalos topish uchun mahshargohda turgan barcha insonlar kimning oldiga borishadi?
- Darslarimda qatnashayotganmidingiz?
- Ha, qatnashayapman.
- Unda bu savolga avval ham sahih hadis bilan javob berganman, hozir ham shu javobni beraman. Qiyomat kuni insonlar o'ta qo'rqinchli vaziyatda, nochor qolishadi. Barcha insonlar va hatto payg'ambarlar ham o'zi bilan o'zi ovora bo'lib qolishadi. Shunda ular mavjud qo'rqinchi vaziyatdan chiqish uchun Muhammad sollallohu alayhi vasallam oldiga borib yordam so'rashadi. U zot hammaning shafoatchisi bo'ladi.
- Unda aytingchi, nega insonlar kiyomat kuni dahshatli holatlardan najot topish uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borib, u zotga murojaat qilishadi, vaholanki, Alloh mavjud-ku?! Nega Allohdan so'rab qo'ya qolishmaydimi?!
Axir Nabiysi oldiga borishni kim buyurgan? Bu amrni Allohning O'zi buyurgan-ku!
-----------
Yolg'onlar ana shunday fosh bo'ladi!
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday aytdilar: “Qiyomat kuni bo'lganida odamlar qayoqqa va kimning oldiga borishni bilmay qoladilar. Odam alayhissalomning oldiga kelishib: "Allohdan biz uchun shafoat so'rang”, deyishadi. Odam alayhissalom: "Men shafoat qilolmayman. Sizlar Ibrohimning oldiga boringlar", deydilar. Ular Ibrohim alayhissalomning oldiga borishib shafoat so'rashadi. Ibrohim alayhissalom ham: "Men shafoat qilolmayman, sizlar Musoning oldiga boringlar", deydilar. Ular Muso alayhissalomning oldiga kelishadi. Muso alayhissalom ham: "Men shafoat qilolmayman, sizlar Iysoning oldiga boringlar", deydilar. Ular Iyso alayhissalomning oldiga kelishadi. Iyso alayhissalom ham: "Men shafoat qilolmayman, sizlar avvalgi va keyingi gunohlari kechirilgan Muhammadning oldiga boringlar", deydilar. Ular mening oldimga kelishadi. Men Robbimdan izn so'rayman, menga izn beriladi. Men sajdaga yiqilaman. Sajdada Alloh xohlagancha qolaman. So'ng Alloh: "Boshingni ko'tar ey Muhammad. Gapir eshitilasan. Shafoat qil shafoating qabul qilinadi. So'ra senga so'raganing beriladi", deydi. Men boshimni ko'tarib: “Ummatim, ummatim”, deyman. So'ng menga: “Bor, qalbida zarra miqdoricha iymoni bo'lgan kishini do'zaxdan chiqar”, deyiladi. Men borib ularni do'zaxdan chiqaraman" (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Hozirda o'zlaridan boshqa barcha musulmonlarni adashganga chiqaradigan, garchi o'zlari juda ham ozchilik bo'lishsa ham, o'zlarini juda ham ko'pchilikdek ko'rsatayotgan toifalar bor. Ular nazdida o'zlarining yo'llaridan boshqa yo'lda bo'lgan barcha musulmonlar zalolatda. Ular yo'liga ergashmaganlar mushrik va tog'utning malayi.
Bu toifadagilar musulmonlarni hech bir taraddudsiz zalolat va shirkda ayblayverishadi. O'zlarini go'yoki Alloh taolodan faqatgina ulargina jannatiy bo'lishi va qolgan barcha do'zaxiy bo'lishiga vahiy kelganidek tutishadi. Huddi Nabiy alayhissalomdan to ular davrigacha barcha ummat olimlari-yu omilari zalolat-u shirkda bo'lishgan va ular paydo bo'lgachgina haqiqiy muvahhidlar vujudga kelgandek.
Nauuzu billah...
Nabiy sollallohu alayhi vasallam o'z huzurlariga kelib "La ilaha illallohu Muhammadun Rasululloh", degan har bir kimsani muvahhid ekani, agar shu aqidada sodiq bo'lib vafot qilsa jannatiy bo'lishini aytganlar. Bunga ko'plab hadislar bor.
Ammo o'zlarini "salafiylar" deb atab olgan-u, yo'llari salafi solihlar yo'liga mutlaq zid bo'lgan bu toifa "La ilaha illalloh"ni aytishning o'zi mo'min-musulmonlik uchun kifoya deb hisoblashmaydi. Musulmon bo'lish uchun tavhidning uch qismiga iymon keltirish shart, bo'lmasa musulmon bo'lmaydi deyishadi. Ularni yo'lboshchilaridan biri Ibn Abdulvahhob: “Mengacha bo'lgan barcha musulmonlar tavhidni asl sirini tushunishmagan. Alloh taolo menga hech kimga bermagan sirni anglatib qo'ydi, hattoki shayx (ustoz)larim ham buni bilishmagan”, deya iddao qilgan va minglab musulmonlarni kofirga chiqarib, qonini halol sanab o'ldirilishiga sababchi bo'lgan. Qarang-a? Bu illatga ko'ra tavhid siri faqat shu odamgagina berilib, boshqalar betavhid bo'lgan ekan. Hatto ustozlari ham tavhiddan bebahra qolgan ekan...
Azizlar ko'zni ochaylik. Har kimda o'zi yo'lini tanlash ixtiyori bor. Ammo aqidada o'ta yanglishib, ahli sunna va jamoaga zid va mujassimalik yo'lini tutib, Alloh taologa jism nisbatini beradigan, Payg'ambar alayhissalomni sevadigan musulmonlardan nafratlanib yashaydigan, o'zlaridan boshqalarni tog'ut malaylari, zalolatdagilar, do'zaxiylar, mushriklar deya ayblaydigan, o'zlari dunyodagi eng oz musulmonlar bo'lsa-da boshqalarni musulmon emaslikda ta'na qiladigan bu mujassimalar yo'li adashish, Nabiy sollallohu alayhi vasallam keltirgan, bir yarim ming yildan beri ummat u uzra qoim bo'lgan yo'lga ziddir.
Ibn Taymiya, Ibn Abdulvahhob, Alboniy va hokazolar musulmon bo'lishgan. Bunga shubxa yo'q. Zotan ahli sunna ulamolari "La ilaha illalloh" deya aytgan inson tavhid ahli hisoblanib, musulmonlardan bo'lishini aytishgan.
Ammo ular tutgan yo'lda ahli sunna ulamolarining juda ko'plab aqida masalalariga zid masalalari sababli bu yo'lga ergashish nojoiz.
Bunga doir bir necha masalalarni keltiramiz:
1. Ahli sunna nazdida "La ilaha illalloh" ni aytgan inson Nabiy sollallohu alayhi vasallam davridan to qiyomatgacha muvahhid musulmon hisoblanadi. "Salafiy"miz deb da'vo qiladiganlar nazdida esa "La ilaha illalloh"ni aytgan inson tavhidning rububiy, uluhiy va asmoi-sifot qismlariga ham iymon keltirsagina musulmon bo'ladi, bo'lmasam yo'q. Ajib-a?
2. "Salafiy"miz deya da'vo qiluvchilar nazdida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mavlid o'qish nojoiz, bid'at va gunoh. Malidni o'qigan inson bid'atchi bo'lib do'zaxiylar safiga kirib qoladi, chunki, payg'abmar alayhissalom va sahobiylar davrida bu ish bo'lmagan.
Ammo "salafiy"lar rahnamolaridan biri bo'lmish Muhammad Ibn Abdulvahhobni alohida marosimda eslab, maqtash joiz. Chunki bu bid'at emas, odat. Garchi bu ish ham Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va sahobiylar davrida bo'lmagan bo'lsa-da joiz.
Shuningdek ularning muftiysi bo'lgan Ibn Boz rahimahullohga mavlid qilish joiz va savobli. (Hohlaganlar internetdan ibn Bozga o'qilayotgan mavlid videolarini ko'rishlari mumkin).
Ajoyib-a? Payg'ambarimiz alayhissalomga mumkinmas bid'at, ularning olimlariga esa mumkin va savob...
3. "Salafiylar" musulmonlarni, xossatan moturidiy va ash'ariylarni adashgan deb jar solishadi, to'rtala mazhabga ergashishni nojoiz deyishadi. Moturidiy va ash'ariy aqidasidagi musulmonlar qo'shinlari ko'plab Islomiy fathlar, janglarda qatnashib Islom yoyilishiga munosib va katta xissa qo'shganlar. Islom uchun buyuk xizmatlar qilgan Usmoniylar, Salohiddin Ayyubiy, Safuddin Qutuz va hokazo buyuk shaxslar moturidiy va ash'ariy aqidasida bo'lgani uchun adashgan ekan-da, vujudga kelganidan buyon biron bor musulmonlardan boshqalar bilan jang qilmagan, faqatgina musulmon yurtlarni adashish va shirkda ayblab, kufrga chiqarib qonini to'kishdan boshqa ish qilmaganlar to'g'ri yo'lda ekan.
(Najddagi moturidiy va ash'ariy aqidasidagi minglab musulmonlarni kofir va mushrik deya qatl qilishgani tarix kitoblarida turibdi).
Juda ajoyib-a?...
4. Bir musulmon Qur'on va Sunnat asosida Imom Abu Hanifa, Imom Shofe'iy, Imom Molik va Imom Ahmad rohimahumulloh tuzgan yo'lni tutsa adashgan va bid'atchi bo'ladi.
Ammo aynan shuni o'zi bo'lgan, Qur'on va Sunnatdan Ibn Taymiya va Ibn Abdulvahhob tuzgan yo'lga ergashsa to'g'ri yo'ldagi musulmon hisoblanadi.
Juda ham ajoyib-a?...
5. Bu toifalar boshqa musulmonlarni jihod qilmaganlikda ayblashadi. Ammo o'zlarining "jihod"lari sababli qaysi yurt obod bo'lib rivojlanib ketganiga atigi bitta misol keltira olishmaydi. Ammo ularning "jixod"lari samarasi Liviya, Suriya, Iroq kabi boy va rivojlangan davlatlarni vayronalarga aylantirib tashlagani, u yurtda tinch xotirjam ibodatlarini qilib yashagan musulmonlar hozirda chayla va chodirlarda, och va tilamchilardek kun kechirashayotgani haqida o'ylab ham ko'rishmaydi. Aksincha, mana shunaqangi "jihod"ga odamlarni chaqirishib, bu haqidagi haqiqatlarni bayon qilganlarni saroy mullalari, sotqinlar deyishadi.
Bularni "jixod"i samarasini ko'rmoqchi bo'lsangiz, Suriya musulmonlarining axvoliga qarang.
Ajibdan ajib-a?
Bunaqa misollar ko'p. Inshaalloh navbati bilan taqdim etiladi.
Keyingi maqolamizda o'zlarini tavhid bilimdoni asliy tavhid soxiblari deb biladiganlarning tavhidi Ahli sunna tavhidiga to'g'ri keladimi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ummatga najot o'laroq taqdim etgan tavhid va "salafiylar" tavhidi bir narsami, shu haqida yozamiz.
Tavfiq - Allohdandir!
Sunnatulloh Abdulbosit
27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan diniy-ma’rifiy sohada samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi yurtdoshlarimizni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
Kirish nutqida mamlakatimizda mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, jamiyatda tinchlik-totuvlik, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan ulamolar, imom-xatiblar, mudarrislar va fidoyi xodimlarning munosib hissasi haqida alohida ta’kidlandi.
Tantanali tadbir davomida diniy-ma’rifiy sohada ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, yurtimizda ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, aholi o‘rtasida ma’rifiy tushuntirish ishlarini olib borishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyi yurtdoshlarga "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Esdalik nishonlarini topshirish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduhalikov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zokirovlar ishtirok etdilar.
Taqdirlash marosimida ta’kidlanganidek, mazkur esdalik nishoni mamlakatimiz taraqqiyotiga, uning tinchligi va barqarorligiga, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarga bildirilgan yuksak ehtirom va e’tirof ramzidir.
Tadbir yakunida taqdirlanganlar o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lidagi ezgu faoliyatlarini yanada sidqidildan davom ettirishlarini ta’kidladilar.
Barcha mukofot sohiblarini samimiy muborakbod etamiz!
Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati