Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446

8-MAVZU: HANAFIY MAZHABIDA FOTIHADAN KYeYINGI “OMIN” OVOZ ChIQARMASDAN AYTILADI

24.03.2022   1146   10 min.
8-MAVZU: HANAFIY MAZHABIDA FOTIHADAN KYeYINGI “OMIN” OVOZ ChIQARMASDAN AYTILADI

To'rt mazhab ulamolarining nazdida namozda Fotiha surasidan keyin “Omin”ni aytish sunnat hisob­lanadi. Hanafiy va molikiy mazhabida “Omin” ovoz chiqarmay aytiladi. Bunga quyidagi ma'lumotlar dalil qilib keltiriladi:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:

"إِذا قَالَ الإِمَام : غير المغضوب عَلَيْهِم وَلَا الضَّالّين ؛ فَقولُوا : آمين ، فَإِنَّهُ مَنْ وَافَقَ تَأْمِينُهُ تَأْمِينَ الْمَلاَئِكَةِ غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِه” (رواه البخاري)

“Qachon imom: “G'oyril mag'duubi alayhim va laddooolliyn”, desa: “Aamiyn”, denglar. Chunki kimning so'zi farishtalar so'zi bilan muvofiq kelib qolsa, uning o'tgan gunohlari mag'firat qilinadi”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

Hanafiy va molikiy mazhabida namozxon “omin”ni ovoz chiqarmay, o'zi eshitadigan darajada aytadi. Buning hukmi barcha fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.

إذَا فَرَغَ مِنْ الْفَاتِحَةِ قَالَ آمِينَ وَالسُّنَّةُ فِيهِ الْإِخْفَاءُ كَذَا فِي الْمُحِيطِ الْمُنْفَرِدُ وَالْإِمَامُ سَوَاءٌ وَكَذَا الْمَأْمُومُ إذَا سَمِعَ

“Namoz o'quvchi Fotiha surasini qiroat qilishdan forig' bo'lsa, “Omin” deydi. “Omin” deyishdagi sunnat maxfiy qilishdir. “Muhit” kitobida ham shunday bayon qilingan. Yolg'iz namoz o'quvchi, imom hamda Fotiha surasini eshitgan muqtadiy “Omin”ni aytadi” (“Fatovoi Hindiya” kitobi).

Hanafiy va molikiy mazhabida “Omin”ni maxfiy aytish sunnatligi aytilgan bo'lsa, shofeiy va hanbaliy mazhablarida jahriy (ovoz chiqarib) aytish sunnatligi ta'kidlangan.

Shofeiy va hanbaliy mazhab ulamolari o'zlarining so'zlariga quyidagi hadislarni hujjat qilib keltirganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:

إِذَا أَمَّنَ الإِمَامُ فَأَمِّنُوا، فَإِنَّهُ مَنْ وَافَقَ تَأْمِينُهُ تَأْمِينَ الْمَلاَئِكَةِ غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ (رواه الامام البخاري)

“Qachon imom “Omin” desa, sizlar ham “Omin” deng­lar. Chunki kimning so'zi farishtalar so'zi bilan muvofiq kelib qolsa, uning o'tgan gunohlari mag'firat qilinadi”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam iqtido qiluvchilar “Omin”ni imomning “Omin”iga qo'shib aytishlarini aytmoqdalar. Bu esa orqadagilar imomning “Omin”ini eshitganliklariga dalolat qiladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi:

“تَرَكَ النَّاسُ التَأمِين وَكَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ إِذَا قَالَ ( غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيهِمْ وَلَا الضّالِينْ ) قَالَ آمِين حَتَّى يَسْمَعَها أَهلُ الصَّفِ الأَوَّلِ فَيرتج بِها المَسْجِد”
(رواه ابن ماجة)

Odamlar “Omin” deyishni tark qilishdi. Vaholanki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qachon “G'oyril mag'duubi alayhim va laddooolliyn” desalar: “Aamiyn”, derdilar. Hatto birinchi saf ahli uni eshitar, u bilan masjid larzaga kelardi”.

“Omin”ni ovoz chiqarmasdan aytish sunnat degan ulamolar bu hadislarga quyidagicha javob berganlar.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: Qachon imom “Omin” desa, sizlar ham “Omin” denglar, degan gaplarida ochiq-oydin ominni ovoz chiqarib aytishga dalolat yo'q. Ulamolar Nabiy sollallohu alayhi va sallamning ushbu hadisdagi: “Qachon imom “Omin” desa, sizlar ham “Omin” denglar, degan so'zlaridan, “Imom “Omin” deydigan o'rinda “Omin” deng-lar” degan ma'noni tushunish ham mumkin. Chunki yuqorida aytib o'tilgan boshqa hadisda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Qachon imom: “G'oyril mag'duubi alayhim va laddooolliyn”, desa: “Aamiyn”, denglar”, deganlar. Bu ikki hadisning o'rtasini jamlaydigan bo'lsak, imom “G'oyril mag'duubi alayhim va laddooolliyn”ni aytib, “Omin”ni aytadigan o'rinda imomga iqtido qiluvchi ham “Omin”ni aytadi, deganidir.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning “Omin” deganlarini birinchi saf eshitib, masjid larzaga kelishi haqidagi hadisning sanadida ham, matnida ham muammo bor. Uning sanadida Bishr ibn Rofe' bo'lib, Imom Buxoriy “Uning hadisiga ergashilmaydi”, deganlar.

Hadisning matnidagi muammoga kelsak, “U bilan masjid larzaga kelardi” degan jumla “Hatto, birinchi saf ahli uni eshitar edi” degan jumlaga ziddir. Chunki masjid larzaga keladigan darajada ovoz bo'lsa, uni faqat birinchi safdagilar eshitmagan bo'lar edi, balki barcha masjid ahli eshitar edi.

Imomga yaqin turgan yoki uning yonida turgan kishi imomning maxfiy o'qigan narsalarini gohida eshitishi mumkin. Bu bilan “jahriy qiroat qildi” de­yilmaydi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam sahobalarga peshin namozini o'qib berganlarida, ba'zan Fotihadan keyingi suraning bir yoki ikki oyatlarini eshittirib qo'yardilar.

Ma'lumki, maxfiylikning eng kami o'zi va o'ziga yaqin turgan kishining eshitishidir. Agar bir yoki ikki kishi eshitsa, u jahriy bo'lavermaydi (Manba: “Radd ul-muhtor” kitobi). Hanafiy ulamolarimizning nazdida bu boradagi barcha hadislar “Omin”ni ta'limi uchun aytilgani yoki roviyning ba'zi sahobalar eshitgan narsani umumiy qilib rivoyat qilgani ehtimoli mavjud.

“Ominni ovoz chiqarib aytish afzal” degan ulamolar yuqoridagilardan boshqa dalillarni ham keltirganlar. O'z navbatida, ushbu dalillariga
“Omin”ni maxfiy aytish sunnat” deydigan ulamolarimiz birma-bir javob berib chiqganlar. Biz bu erda barcha e'tiroz va raddiyalarni keltirmadik.

“Omin”ni maxfiy aytish sunnatligiga sahobai kiromlarning so'zlari va amallari ham dalil bo'ladi. Abu Voil roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar:

كَانَ عَلِيٌّ وَابْنُ مَسْعُودٍ لَا يَجْهَرَانِ بِبِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
وَلَا بِالتَّعَوُّذِ، وَلَا بِآمِينَ

(رَوَاهُ الإمام الطَّبَرَانِيُّ عَنْ أَبِي وَائِلٍ رضي الله عنه)

ya'ni:“Ali va Ibn Mas'ud raziyallohu anhumolar “(Namoz ichidagi) Bismillahir rohmanir rohiym” ni ham, “a'uuzu”ni ham, “omin”ni ham ovoz chiqarib aytmas edilar” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan
doimo birga yurgan Hazrati Ali va Abdulloh ibn
Mas'ud raziyallohu anhumo kabi nihoyatda ilmli sahobalarning “Omin”ni ichlarida aytishlari ham kuchli dalil hisoblanadi.

Boshqa bir rivoyatda Hazrati Umar roziyallohu anhuning ham “Omin”ni ichlarida aytib namoz o'qiganlari ta'kidlanadi.

Hanafiy ulamolar xuddi shu ma'noda, boshqa sahobai kiromlarning rivoyatlarini ham keltirganlar.

Ulamolarimiz “Omin”ni maxfiy aytish mandub ekanligiga oyati karimadan dalil keltiradilar. Unga ko'ra “Omin” lafzi duodir. Uning ma'nosi “Ijobat qil”, ya'ni “Duoni qabul qil”, demakdir. Qanday duo qilish haqida Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

ادْعُوا رَبَّكُمْ تَضَرُّعًا وَخُفْيَةً إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُعْتَدِينَ

ya'ni: “Rabbingizga zorlanib va xufyona (ovozsiz) duo qilingiz! Zero, U (duoda va boshqada) haddan oshuvchilarni yoqtirmagay” (A'rof surasi,
55-oyat).

Hadisi sharifda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bu haqda shunday deydilar:

خير الدعاء الخفى

ya'ni: “Duoning yaxshisi maxfiysidir” (Ibn Hibbon “Sahih”da rivoyat qilgan).

Demak, “Omin”ni ichimizda aytsak, mazkur oyat va hadislarga amal qilgan bo'lamiz.

“Omin” lafzi Qur'ondan emasligi hammamizga ma'lum. “A'uuzu billahi minashshaytonir rojiym” esa Qur'onda kelgan, Alloh taolo bizga Qur'on o'qiganimizda uni aytishni vojib qilgan. Shunday bo'lsa-da, “A'uuzu billahi minashshaytonir rojiym”ni namozda ichimizda aytamiz. Nima uchun endi “Omin”ni ovoz chiqarib aytishimiz kerak?!

Namoz juda ham ulug' ibodat hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namoz farz bo'lgan kundan boshlab har kuni besh vaqt namozni jamoat bilan o'qiganlar. Ul zotning har bir namozlari minglab kishilar tomonidan sinchkovlik bilan kuzatib borilgan. Agar “Omin”ni ovoz chiqarib aytish afzal bo'lganida, u zot bu narsani bayon qilgan bo'lar va orada hech qanday shubha qolmas edi. Holbuki, Nabiy sollallohu alayhi va sallamning o'zlari imomlik qilayotganlarida, ba'zan ta'lim uchun birinchi safdagilar eshitadigan qilib “Omin” deganlaridan boshqa hech bir dalil yo'q. Aynan imomga iqtido qilgan kishilarning “Omin”ni ovoz chiqarib aytganlari haqida hech qanday rivoyat ma'lum emas.

 

DINIY-MA_''RIFIY SUHBATLAR KITOBIDAN

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

20.06.2025   17725   3 min.
Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!
2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.

Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).


Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.


Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.

Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

Davron NURMUHAMMAD