بسم الله الرحمن الرحيم
الْحَمْدُ لِلَّهِ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِنَا رَسُولِ اللَّه، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّينِ أَمَّا بَعْدُ
Hurmatli jamoa! Ma'lumki, xulq-atvor insonga umr bo'yi hamroh bo'ladi va uning oxiratdagi darajasi qanday bo'lishi, jamiyatda o'z o'rnini topishida muhim ahamiyat kasb etadi. Yaxshi xulqlar sababli kishi katta yutuqlarga erishsa, yomon xulqlar doim uning oyog'iga “kishan” bo'ladi.
Dinimizda maqtalgan xulqlardan biri kamtarlik bo'lib, uning ziddi kibru havoga berilishdir. Kibr – o'zini o'zgalardan ustun ko'rishdir. Payg'ambarimiz alayhissalomning ta'birlari bilan aytganda: “Kibr – haqni inkor qilish va odamlarni kamsitishdir (Imom Muslim rivoyatlari). Kibr eng zararli qalb kasalliklaridan biri bo'lgani uchun uni davolashga dinimizda katta e'tibor qaratilgan.
Kibrning eng yomoni Alloh taoloning diniga va uning oyatlariga qarshi qilingani, kibr bilan uning ibodatidan yuz o'girilganidir. Birinchi sodir bo'lgan gunoh kibr sababli edi. Iblis u sababli Alloh taoloning buyrug'idan yuz o'girdi. Odam alayhissalomga ta'zim bajo keltirmadi, o'zini odamdan ustun va afzal deb bildi. U o'zining asli olovdan yaratilgani bilan kibrlandi, Odam alayhissalomning asli tuproq ekani sababli uni xor deb bildi. Vaholanki, uni vazifasi Alloh taoloning buyrug'iga itoat qilish edi. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:
قَالَ مَا مَنَعَكَ أَلَّا تَسْجُدَ إِذْ أَمَرْتُكَ قَالَ أَنَا خَيْرٌ مِنْهُ خَلَقْتَنِي مِنْ نَارٍ وَخَلَقْتَهُ مِنْ طِينٍقَالَ فَاهْبِطْ مِنْهَا فَمَا يَكُونُ لَكَ أَنْ تَتَكَبَّرَ فِيهَا فَاخْرُجْ إِنَّكَ مِنَ الصَّاغِرِينَ
ya'ni: “(Alloh) aytdi: “Senga buyurganimda sajda qilishingga nima monelik qildi?” U dedi: “Men undan yaxshiman, meni olovdan yaratgansan. Uni (Odamni esa) loydan yaratding”. (Alloh) aytdi: “Undan (jannatdan) chiq! U er (jannat)da senga takabburlik qilishing joiz emas. Bas, chiq! Albatta, sen (endi) haqirlardandirsan” (A'rof surasi 12-13-oyatlar).
Endi asli bir ota-onadan tarqalgan insonlar mol-dunyosi, mansabi, obro' e'tibori va nasli-nasabi sabab o'zgalardan o'zini yuqori olishi, boshqalarni erga urib kibrlanishi Iblisning kibrlanishiga o'xshashdir.
Barcha payg'ambarlarga ularning qavmidagi mutakabbir insonlar qarshi chiqishgan. Payg'ambarimiz allayhissalomga ham aksariyat Makka mushriklarining kattalari qarshi chiqishdi. Ularga Islomdagi adolat, tenglik va oddiy odamlar bilan bir safda turish juda og'ir botardi. Bunga kibrlari yo'l bermasdi. Demak, kibr insonni haqiqatni inkor qilishga etaklaydi.
Alloh taologa imon keltirishdan kibr qilgan va Payg'ambarimiz alayhissalom keltirgan dinni yolg'onga chiqargan odam abadiy badbaxtlikka mahkum bo'lishi oyati karimalarda bayon qilingan. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:
وَالَّذِينَ كَذَّبُوا بِآَيَاتِنَا وَاسْتَكْبَرُوا عَنْهَا أُولَئِكَ أَصْحَابُ النَّارِ هُمْ فِيهَا خَالِدُونَ
ya'ni: “Oyatlarimizni yolg'onga chiqargan va ulardan (o'zlarini yuqori tutib) kibr qilganlar – ana o'shalar do'zax ahlidirlar. Ular u erda mangu (qoluvchi)dirlar” (A'rof surasi 36-oyat).
Alloh taolo Isro surasida bandalarini bir nechta katta gunohlar: isrof, baxillik, bolalarni kambag'allikdan qo'rqib o'ldirish, zino, odam o'ldirish, etimni molini eyish, tarozudan urishdan qaytarib, ularning oxirida er yuzida kibrlanib yurishni ham sanaydi. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:
وَلَا تَمْشِ فِي الْأَرْضِ مَرَحًا إِنَّكَ لَنْ تَخْرِقَ الْأَرْضَ وَلَنْ تَبْلُغَ الْجِبَالَ طُولًكُلُّ ذَلِكَ كَانَ سَيِّئُهُ عِنْدَ رَبِّكَ مَكْرُوهً
ya'ni: “Yer yuzida kibr-havo bilan yurma! Chunki aslo erni teshib kira olmaysan va bo'y-bastda tog'larga eta olmaysan. Bularning barcha yomonlari Parvardigoringiz nazdida makruh bo'lgan gunoh(lar)dir” (Isro surasi 37-38-oyatlar).
Qur'oni karimda zikr qilinishicha solih banda Luqmoni hakim o'g'liga kamtar bo'lish, er yuzida kibrlanib yurmaslikni tavsiya qilganlar. Mutakabbirlarni Alloh taolo sevmasligini bildirganlar. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:
وَلَا تُصَعِّرْ خَدَّكَ لِلنَّاسِ وَلَا تَمْشِ فِي الْأَرْضِ مَرَحًا إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ كُلَّ مُخْتَالٍ فَخُورٍ
ya'ni: “Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va erda kerilib yurmagin! Chunki, Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi 18-oyat).
Payg'ambarimiz alayhissalom ham hadisi shariflarida bizni kibrning katta gunohligidan ogohlantirganlar. U zot sallallohu alayhi vasallam kibr haqida shunday deydilar:
﴿احْتَجَّتِ الجَنَّةُ والنَّارُ فقالتِ النَّارُفِيَّ الجَبَّارُونَ وَالمُتَكَبِّرُونَ. وَقَالتِ الجَنَّةُ: فِيَّ ضُعَفَاءُ النَّاسِ وَمَسَاكِينُهُمْ، فَقَضَى اللهُ بَيْنَهُمَا: إنَّكِ الجَنَّةُ رَحْمَتِي أرْحَمُ بِكِ مَنْ أشَاءُ، وَإنَّكِ النَّارُ عَذَابِي أُعَذِّبُ بِكِ مَنْ أشَاءُ، وَلِكلَيْكُمَا عَلَيَّ مِلْؤُهَا﴾ (رواه الامام المسلم عن أَبي سعيد الخدري رضي الله عنه)
ya'ni: “Jannat va do'zax o'rtasida munozara bo'ldi. Do'zax: “Jabr qiluvchilar va mutakabbirlar mendadir”, – dedi. Jannat: “Odamlarning zaiflari va miskinlari mendadir”, – dedi. Alloh taolo ularning o'rtasida hukm chiqarib shunday dedi: “Sen jannatsan, mening rahmatimsan, sen bilan xohlagan kishilarimga rahm qilaman. Sen do'zaxsan, sen bilan xohlagan kishilarimni azoblayman. Sizlarni o'zim to'ldiraman”” (Imom Muslim rivoyatlari).
Hadisi shariflarda zikr qilinishicha kishi doimo o'zini o'zgalardan ustun qo'yaversa, mutakabbir odamlar safiga yozib qo'yiladi va dunyo oxiratda ular olgan jazolarni oladi. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:
﴿لاَ يَزَالُ الرَّجُلُ يَذْهَبُ بِنَفْسِهِ حَتَّى يُكْتَبَ في الجبَّارِين ، فَيُصيبَهُ مَا أصَابَهُمْ﴾
(رواه الترمذي عن سَلَمةَ بنِ الأكْوَعِ رضي الله عنه)
ya'ni: “Kishi o'zini o'zgalardan ustun qo'yaveradi, qo'yaveradi, hatto jabr qiluvchilar safiga yoziladi. So'ngra ularga etadigan jazolar unga ham etadi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Payg'ambarimiz alayhissalom kibrni tark qilish va kamtarlikda chiroyli o'rnak edilar. U zot Alloh taoloning sevimli payg'ambari bo'lsalarda, martabalari juda yuksak ekani ma'lum bo'lsada, hech o'zlarini o'zgalardan ustun olmaganlar. Fazilatlarini aytish zarur bo'lgan o'rinlarda ham, “Bu bilan faxrlanish yo'q”, deb qo'yardilr. Sahobiylardan boylarimi yo kambag'allarimi bir taomga chaqirsalar rad qilmas edilar. O'zlarini xizmatlarini o'zlari qilar edilar, ibodatlarda o'zgalardan yordam olmasdilar. Kimni ko'rsalar unga birinchi bo'lib salom berardilar. Zaif va qariyalarni ahvoliga rioya qilardilar. Hech qachon o'zlari uchun qasos olmas, g'azablanmas edilar. Ularning g'azablanishi shariat hukmlari paymol bo'lganda bo'lardi. U zotga loyiq ummat bo'lish uchun biz ham bu xislatlardan o'rnak olishimiz, U zotning yo'llarini tutishimiz kerak.
Kibr qalbga kirib qolsa, undan qutilish qiyin bo'ladi. Shuning uchun u kiradigan yo'llarni yopish osonroqdir. Kibrni davolash yo'llari quyidagilar:
Kibrning bandaga bir qancha zararlari bor:
نَارُكُمْ جُزْءٌ مِنْ سَبْعِينَ جُزْءًا مِنْ نَارِ جَهَنَّمَ قِيلَ يَا رَسُولَ اللَّهِ إِنْ كَانَتْ لَكَافِيَةً قَالَ فُضِّلَتْ عَلَيْهِنَّ بِتِسْعَةٍ وَسِتِّينَ جُزْءًا كُلُّهُنَّ مِثْلُ حَرِّهَا﴾ (رواه الامام البخاري عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)﴿
ya'ni: “Bu olovlaringiz jahannam olovining etmishdan bir qismidir”. Odamlar: “Ey, Allohning Rasuli! Shu olovni o'zicha bo'lsa ham etarli edi”, – deyishdi. U zot: “Unga oltmish to'qqiz qism ziyoda qilindi. Har bir qismning issiqligi u(dunyo olovi)ning issiqligichadir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Yana ba'zi o'zidan “olim” yasab olib: “Ular ham ilm kishilari, biz ham ilm kishilari”, – deb, barcha islom ummati bir ovozdan qabul qilgan Ahli sunna val jamoaning fiqhiy mazhablarini, Ahli sunnaning e'tiqodini bir joyga yiqqan, kitob holiga keltirgan Imomi Moturidiy va Imom Ash'ariylarni inkor qilish, adashganga chiqarish ham, ayni kibrning o'zidir. Chunki bu quyoshdanda ravshanroq bo'lgan haqiqatni inkor qilishdir. Bunday kibrning ham natijasi ayanchlidir. Chunki bu jamoatdan ajralish bo'lib, kim jamoatdan chetlansa, do'zax tomonga chetlangan bo'ladi.
Alloh taolo barchamizga chiroyli xulqlar bilan xulqlanishni nasib qilsin! Kibrdan uzoq bo'lish, kamtarlikni lozim tutishni o'zi oson qilsin!
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.
Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.
Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.
Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.
“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.
Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.
Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.
Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.
Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.
Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.
Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.