Islom tarixiga nazar solar ekanmiz, shu kunga qadar e'tiqodiy muhim masalalarda to'g'ri yo'ldan og'ib adashgan, boshqalarni ham domiga tortib ketgan ko'plab toifa va oqimlarga guvoh bo'lamiz. Havorij, shia, jahmiya, mo''tazila, azoriqa, qadariya va hokazo nomlarni keltirish mumkin. Din dushmanlari tarafdan har bir davrda turlicha fitna ig'vo yo'llari bilan bu kabi oqimlar o'rtaga chiqavergan, ahli haq olimlar tomondan esa ommani ularning zalolatlaridan ogohlantirish, ularga qarshi ilmiy raddiyalar ham izchil amalga oshirib borilavergan. Shulardan biri “Hizbut-tahrir” oqimidir!
Hizbut-tahrirchilarning bid'iy qarashlaridan biri “inson amallari (har qanday hatti-harakatlari)ning yaralishi masalasi”ga doir bo'lib, ularning iddaosicha insoniyat o'z amallarini o'zi yaratadi, Alloh emas. Bu aqidaning asli egasi tarixda qolib ketgan “ummat majusiylari” degan jirkanch laqabga haqli ravishda ega bo'lgan jahmiylar bo'lib, ulardan Vosil ibn Ato boshliq mo''taziliylarga meros qolgan edi.
Bu guruhlar – ekstremistik guruhlardir. Ekstremizm — o'ta mutaassib guruhlarning ashaddiy reaktsion faoliyati bo'lib, hatto dinning o'ziga ham zarar keltiradi. Ularning asosiy maqsadi – dinni niqob qilib, hokimiyatni qo'lga olish, diniy talablarning ilk darajasiga xos “sofligi”ni qayta tiklash, diniy talablarga mos siyosiy tuzumni barpo etishdan iborat.
Ekstremizm va terrorizm odamlarning ertangi kunga bo'lgan ishonchiga putur etkazib, xalqaro miqyosdagi muammolarni, jumladan turli diniy e'tiqod vakillari bo'lgan xalqlar, tamaddunlar (tsivilizatsiya) orasidagi o'zaro ishonchga soya tashlamoqda, jahon taraqqiyotining tamal toshi bo'lgan xalqaro iqtisodiy va madaniy hamkorlikning rivojlanishiga to'siq bo'lmoqda. Ekstremizm, muqaddas dinimiz, xususan, eng mo''tadil mazhab bo'lmish hanafiy mazhabi aqidalariga zid keladi. Qur'oni karimda ta'kidlanadi: “Shunday qilib, Biz sizlarni o'rta ummat qildik!” (Baqara surasi: 143-oyat). Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ishlarning eng yaxshisi o'rtacha (mo''tadil) bo'lganidir” deya marhamat qilganlar. Nabiy alayhissalomning hayotlariga ibrat nazari bilan qaraydigan bo'lsak, u zotning naqadar mo''tadil, bag'rikeng inson bo'lganlarini ko'ramiz.
Bugungi kunda dinni o'ziga niqob qilib, hokimiyatni qo'lga olishga intilayotgan turli oqim va tashkilotlar o'z chirkin g'oyalarni targ'ib etishda har qanday ilg'or uslullardan, xususan internet saytlaridan, turli ijtimoiy tarmoqlardan foydalanyotgani hech birimizga sir emas.
“Kim hidoyatga chaqirsa, unga (o'z ajri bilan birga) ergashuvchilarning ajricha ajr bo'ladi, bu narsa ergashuvchilarning savobini kamaytirmaydi. Kim zalolatga chaqirsa, unga (o'z gunohi bilan birga) ergashuvchilarning gunohicha gunoh bo'ladi, bu narsa ergashuvchilarning gunohini kamaytirmaydi”.
Tinchlik, salomatlik katta ne'mat. Ular bor joyda rivojlanish, erkinlik bo'ladi. Vaholanki, shu kunlarda ham fitna o'choqlarida qurbon bo'layotgan, uy-joysiz qolib, qochoq bo'lib yurgan, urushdan qo'rqib, bolalarini maktabga ham chiqarmay qo'ygan millionlab insonlar bor. Bu voqealarni tafakkur qilgan kishi, aslida inson o'z uyida xotirjam istirohat olishi ham ulkan ne'mat ekanini anglaydi.
Alloh taolo fitna va qiyinchilikda qolgan insonlarga ham xotirjamlikni qaytarsin! Jonajon o'lkamizni turli xil fitna-fasod va balo-ofatlardan O'z hifzu himoyasida saqlasin.
Oxunjon domla Vosiyev.
Sayxunobot tumani“Abduolim ota”
jome masjidi imom xatibi:
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani doirasida sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan ustozlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan har jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida ilm-fanni taraqqiy ettirish, ajdodlar merosini o‘rganish, diniy ta’limni rivojlantirish va sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnunlik kayfiyati hukm surdi.
Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida samarali faoliyat yuritib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, soha rivojiga munosib hissa qo‘shish hamda dinimizning sofligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh pedagog va mudarrislar mehnati munosib e’tirof etildi.
Tadbir davomida sohadagi fidokorona va samarali mehnatlari uchun quyidagi ustoz va pedagoglar Faxriy yorliq hamda Umra yo‘llanmalari bilan mukofotlandi:
Shuningdek, anjuman doirasida diniy ta’lim tizimida namunali rahbarlik qilgan, fidokorona pedagogik va ilmiy-faoliyat olib borgan,ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, to‘garaklarni samarali tashkil etishdagi alohida xizmatlari uchun yana 15 nafar rahbar va o‘qituvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari — televizor, noutbuk va planshetlar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taqdirlangan barcha ustoz va xodimlarni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, ularning kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati