Insoniyat yashash davomida ezgu maqsadlarga etish uchun doimo izlanadi va harakatda bo'ladi. Ezgu maqsadli inson orzu-umidini amalga oshirishi uchun eng katta tayanch tinchlik va osoyishtalik muhitidir.
Odatda tinchlik so'zi kishini bezovta qilmaslikni, holatlarning tinch va osoyishta, urush-janjalsizligini, hayot va turmush tizimini bir me'yorida bo'lishligini ifoda etadi. Oilada tinchlik va osoyishtalik hukm sursa, oila bardavom va mustahkam. El-yurtda tinchlik va osoyishtalik davom etsa, mamlakat taraqqiyoti, farovonligi, yurt ahlining turmushi obod bo'ladi. Bularni aks ettiruvchi muqaddas qadriyatlarimiz, milliy urf-odat va rasm-rusumlarimiz, dinimiz bevosita xotirjamlik silsilasiga uzviy bog'liqdir.
Insoniyatga, dov-daraxtga, chorva-molga, qurt-qumursqaga havodek zarur bo'layotgan tinchlik-xotirjamlik, osoyishtalikdan ham ziyoda, mo''tabar ne'mat yo'q.
Darhaqiqat, Alloh asrasin, oila va yurt notinch bo'lsa, to'y-tomosha, ko'ngilxushlik, hazil-mutoyiba, hayot lazzatini tasavvur qilib bo'lmaydi. Inson biror luqmani xotirjam yutmaydi, har qanday koshona uy-joy, mol-mulk, bola-chaqa inson tanasiga og'irlik qiladi. Aytishlaricha, notinchlik, urush sababidan oxirgi besh ming yilda uch milliarddan ziyod odam hayotdan ko'z yumgan.
Urushlar sababidan mehr-oqibat, insoniylik unutiladi, har qanday ezgu amallar, ulug' maqsadlar poyoniga etmaydi. Yer qanchalik keng bo'lmasin, shunchalar tor va ziq ko'rinishga mubtalo bo'ladi.
Demak, xotirjamlik, osoyishtalik ne'matini so'rashlikda dono xalqimiz nechog'lik to'g'ri va go'zal yo'l tanlagan. Muqaddas dinimiz dasturi bo'lmish Qur'on oyatlarida tinchlik-osoyishtalikka katta e'tibor qaratilib, Alloh taolo: “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in'om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o'girib, o'z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag'allik kabi) biror yomonlik etsa, noumid bo'lur” (Isro, 83) deb, tinchlik-osoyishtalik to'g'risida marhamat qiladi.
Alloh taolo bandalarini o'zaro ittifoqlikda, ahillikda, tinchlik-omonlikda yashashga da'vat etib: “Agar mo'minlardan ikki toifa o'zaro urushib qolsalar, darhol ular o'rtasini isloh etingiz!” (Hujurot, 9) degan insonparvarlik tamoyilini yaratishga chaqiradi.
Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik barqarorligini ta'minlash yo'lida davlatimiz tomonidan katta ish olib borilayotgani bizning baxtimizdir. Shunga ko'ra, biz ham tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga etish, bu farovonlik, osuda turmushimizning barqarorligini ta'minlashlikda o'z hissamizni qo'shmog'imiz lozim. Bu orqali turmushimiz farovonligiga erishamiz.
Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilganidek, “Ikki eng aziz ne'mat boru, ko'plar buning qadriga etishmaydi, bular salomatlik va tinchlik-xotirjamlikdir” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati). Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro'y beradi.
Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qur'oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ'ib qilishini, shaytoniy yo'llarga ergashmaslik lozimligini ta'kidlab, bunday deydi: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara, 208).
Islom dini inson uchun tinchlik va omonlik dinidir. Alloh taoloning ismlaridan biri “As-Salom”dir. Qur'on nozil bo'lgan kecha ham salom kechasidir. Bu haqda Alloh taolo kalomi sharifida: “U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir”, deydi (Qadr, 5).
Dinimizning tinchlikka bo'lgan e'tibori nechog'lik katta bo'lishi bilan bir qatorda bag'rikenglik uning negizidir. Inson o'zidagi ne'matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne'matdan o'zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o'ylab ko'rish bilan his etadi.
Tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ilohiy ne'matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro'yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir.
Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga etib, shukrini ado etishlari, balki unga noshukrlik qilib putur etkazishdan ham saqlanishlari lozim. Zero, tinchlik va xotirjamlikning ulug' ne'matligi doimo kundalik xayriyatlarimizning boshida zikr qilinadi. Shuning uchun ham Payg'ambar alayhissalom, eng avvalo, inson dunyo va oxiratda tinch-omon bo'lishlikni so'rab, duo qilishlik to'g'risida Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ey, Parvardigor! Dunyo va oxiratda tinch va omonda qilgin” deb qilingan duodan ko'ra afzalroq duo yo'qdir”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Aynan shu mazmunni Anas roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “(Ey, Anas!) Alloh taolodan dunyo va oxiratda tinch va omonda bo'lishlikni so'ragin. Zero, senga dunyo va oxiratda tinch va omonda bo'lishlik berilsa, najot topibsan”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Shunday ekan, Yaratgandan bir-birimizga tinchlik, amniyat, xotirjamlik tilaylik!
Alloh taolo tinchlik-osoyishtaligimizni hamisha barqaror, yurtimizni tinch, mehnatsevar xalqimiz hayotini farovon aylasin!
Ulug'bek domla QOBILOV
Sirdaryo tumani «Ahmad ibn Malik»
jome masjidi imom-xatibi.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi