So'nggi yillarda mamlakatimizda diniy-ma'rifiy sohaga qaratilayotgan alohida e'tibor tufayli imom-xatiblar o'rtasida ilmiy ish qilib, olimlik unvonini olayotganlar soni ko'paymoqda. Bu, albatta, quvonarli holdir.
Bugun Toshkent shahar Yunusobod tumani "Minor" jome masjidi imom-xatibi Rahmatulloh domla Sayfuddinov O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy Kengash a'zolari huzurida Islomshunoslik fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun «"Sahihul Buxoriy"da ijtimoiy-axloqiy hadislarning yoritilishi» mavzusida yozgan ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Ilmiy ish, haqiqatan, juda dolzarb va ahamiyatlidir. Chunki bugungi axborot makonida yoshlar tarbiyasiga befarq qarab bo'lmaydi.
Dr. Rahmatulloh domla Sayfuddinov ilmiy ishi himoyasida qatnashganlarning savollariga javob bera turib, har bir ota-ona juda oson va sodda tarzda o'z farzandlariga hadislarni o'rgatib, uqtirib borishlari kerak. Masalan, suv ichayotgan bolaga suvni o'tirib ichish sunnat ekanini, kiyim kiyishda o'ng tomondan boshlashni Nabiy alayhissalom tavsiya qilganlarini bolalarimizning ongu shuuriga quyib borsak, muborak hadislarni tinglab ulg'aygan bola odobli-axloqli va ilmli bo'ladi. Eng muhimi, ular turli aqidaparast, radikal va adashgan oqimlar ta'siriga tushib qolmaydi.
Olimlarning ta'kidlashlaricha, Movarounnahr zaminidan 7 mingdan ziyod buyuk mutafakkir va qomusiy allomalar etishib chiqqan. Bir zamindan ilf-fanning turli sohasida shuncha ko'p ulamoning etishib chiqqaniga omillar ko'p. Ulardan eng asosiysi odob-axloqdir.
Arab sayyohi Ibn Battuta o'zining “Sayohatnoma” asarida “O'zbek ahli axloqda mukarramdir” degan so'zlariga e'tibor qaratsak, Movarounnahr, xususan, O'zbekiston zaminidan juda ko'p qomusiy allomalar, buyuk mutafakkirlar etishib chiqqanining boisini anglaymiz.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Rahmatulloh domlaning ilmiy ishlari ahamiyati va qamrovi naqadar keng ekani namoyon bo'ladi.
Fursatdan foydalanib, Dr. Rahmatulloh domla Sayfuddinovni ilmiy unvon bilan samimiy muborakbod etamiz.
Bu ilmiy ish yurtimiz olimlariga, imom-xatiblarga, talabalarga, ota-onalarga va barcha mo'min-musulmonlarga birday manfaatli bo'lsin!

O'zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati