Hadis ilmi tarixi va bu ilmning tadrijiy bosqichlarini o'rganish, sunnat va hadisga nisbatan noxolislik bilan bildirilgan fikrlarga qarshi munosib, ilmiy javob berish har bir davrning zaruriy talablaridan sanalgan. Zero, bu hadis ilmi Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ning muborak so'zlari, shariatning madori, Qur'oni karimning tafsiri, amallar ta'rifi bo'lgan Qur'oni karimdan keyingi ikkinchi asl manbadir. Islom shariatiga muvofiq ish tutgan salaf, xalaf olimlar barcha mo'min-muslimlar bu manbaning haqligi va sahihligiga ittifoq bo'lishgan. Sunnat va hadisning maqomi musulmonlar hayotida juda muhim bo'lib, Qur'oni karimni tushunish, uning ma'nolari mazmunini va daqiq masalalar hukmini hadislarsiz anglash mushkul bo'ladi.
Hadislarga nisbatan tanqidiy fikrlar bildirilishi sekin-astalik bilan musulmonlar ongiga singdirilishiga bo'lgan harakatlar bu mavzuni yanada kengroq o'rganishga sabab bo'lmoqda. Ayniqsa, bu tanqidlar “Sahih al-Buxoriy” asari atrofida bo'layotganligi, musulmon kishini yanada hushyor bo'lishiga undashi kerak. “Sahih al-Buxoriy”ga va undagi hadislarga nisbatan musulmon ummatida shak paydo qila olishsa, boshqa hadislar bo'yicha tasnif etilgan kitoblarda shak uyg'otish yanada osonroq kechadi. Bu “Sahih al-Buxoriy” asari sahihligi jihatidan Qur'oni karimdan keyingi manba sifatida e'tirof etilgan. Shuning uchun bu ta'na va tanqidlar butun hadis ilmiga, sunnati Nabiy (s.a.v.) nisbatan qaratilganligi ma'lum. Alloh taolo Qur'oni karimda Payg'ambar (s.a.v.) keltirgan narsani olish va qaytargan narsalardan qaytishga buyurgan.
Payg'ambar sizga nimani bersa, o'shani olinglar va nimadan qaytarsa, o'shandan qaytinglar. Allohdan qo'rqinglar. Albatta, Alloh azobi shiddatli zotdir.[1]
Shunday ekan qanday qilib, Rasululloh (s.a.v.)ning so'zi, amali, chiroyli xulqlarini o'zida jamlagan ming yillardan buyon hadislari eng sahih deb e'tirof etilgan asar “Sahih al-Buxoriy”ga shubha va ta'na bilan qarashlar vujudga kelmoqda.
Mazkur mavzu doirasida hadislarga nisbatan tanqidiy, ta'na va shubhaga asos bo'layotgan sabablarni keltirib o'tamiz. Musulmonlar fikrida sunnat va hadisga nisbatan shubha uyg'otish, bu orqali muqaddas dinidan uzoqlashtirish, islom shariatini ikkinchi manbasiga shak paydo qilishdan boshqa narsa emas. Zamonamiz olimlaridan Mustofo Zuhayli bu to'g'risida shunday deb ta'kidlagan: “Kim shariatni hadissiz o'rganishni da'vo qilsa u shariatni nuqsonga buribdi. Agar u shariatni Qur'onsiz o'rganishni da'vo qiladigan bo'lsa shariatni tomirini kesibdi”[2].
Bu kabi toifalar tarixi va kelib chiqishiga nazar tashlasak, barchasini maqsadi bir bo'lib, asl manbadan uzoqlashish, yoki uni tan olmaslik, o'zlarini g'oya va mafkurasiga, aqliy tafakkuriga to'g'ri kelmagan shariat manbalariga amal qilmaslikka bo'lgan targ'ibotlarni ko'rishimiz mumkin. Hadislarga tanqidiy yondashuvlar tarixda va hozirgi davrda ham ba'zi musulmon olimlari hamda g'arb olimlari tomonidan amalga oshirilgan. Musulmon olimlarini, xususan hadis ilmi mutaxassislarini maqsadi sunnat va hadisni to'qima, yolg'on, isnodi zaif hadislardan himoya qilish bo'lsa, ba'zi toifalar va g'arblik olimlarning maqsadlari sunnat hamda hadisni manba sifatida rad etganligini ham ko'rishimiz mumkin. Quyida hadis-sunnatga tanqidiy, shubha va ta'na qilish bilan e'tibor qaratgan toifa va oqimlarning tarixiy va zamonaviy toifalarining fikri bilan tanishamiz:
Birinchi toifa ular xavorijlar[3] bo'lib, o'zlarining botil e'tiqodlarida turish uchun sunnati nabaviyni tark etgan, sahobiylarni la'natlab, ularga ergashmagan islom tarixidagi ilk toifa bo'ladi. Sahobilarga ergashishlik ham sunnat ekanligini ular inkor etishdi. Payg'ambarimiz (s.a.v.)ning: “Mening sahobiylarim xuddi yulduz kabi ularning qaysi biriga ergashsangiz hidoyat topasiz”[4], degan so'zlariga amal qilmaganlar ham ushbu xorijiylardir. Muoviya ibn Sufyon va Ali ibn Tolib o'rtasidagi tahkim[5] voqeasiga rozi bo'lgan va bu ikki sahobaga ergashgan barcha sahobiylarni ham dinsizlikda va fisqda ayblaganlar ham ayni xorijiylar bo'ladi.
Shundan so'ng xorijiylar jumhur sahobiylar tomonidan rivoyat qilingan hadislarni rad qildilar, natijada ular o'zlarining mafkurasiga mos hadislarni olib, qolganlarini inkor etishdi. Bu birinchi Payg'ambarimiz (s.a.v.)ning hadis va sunnatlaridan yuz o'girgan toifa sifatida payda bo'ldi.
Ikkinchi toifa mu'taziliylar[6] bo'lib, ahli sunna e'tiqodi yo'nalishiga ko'p ixtilof qilgan toifa sanaladi. Bular sahobiylardan ko'plarini inkor etib, ular tomonidan aytilgan hadislarni ham rad etgan va o'zlarining aqliy qarashlariga hamda e'tiqodiga xilof kelgan hadislarni inkor etishgan. Bu hadislardan, shafoat, qabr azobi, qadar, Allohning qiyomatda ko'rish va Allohning sifatlari to'g'risida kelgan hadislar mu'taziliylar tomonidan rad etilgan.Sababi ularning e'tiqodiy qarashlarida aynan bu masalalar inkor etiladi va buning asosi bo'lgan hadislar ham rad etiladi.
Uchunchi toifa hadis va sunnatni rad etuvchilardan rofiziylar[7] bo'ladi. Bular ham bu borada eng haddan oshgan toifa bo'lib, Payg'ambar (s.a.v.)ning ashoblarini haqoratlash, ularning haqqiga nomaqbul so'zlarni aytish, ularni adolatsizlikda hatto ulardan ba'zilarini dinsizlikda ayblashlari ularning sunnatda ko'rsatilgan hukmlarga amal qilmasliklaridir. Ular o'zlari qaysi sahobiyni ayblashgan bo'lsa ular tomonidan rivoyat qilingan hadislarni ham rad etishgan. Hatto, ulardan Kulayni Abu Ja'farga isnodi bilan quyidagini rivoyat qilgan: “Payg'ambar (s.a.v.) vafotidan so'ng Miqdom, Salmon va Abu Zarrdan boshqa barcha insonlar murtad bo'ldi”, dedi[8]. Bu rivoyat ham tamoman sahobiylarni haqorat qilishdan boshqa narsa emas.
To'rtinchi toifa zindiqiylar[9] bo'lib, ularham o'z qarashlarini himoya qilish maqsadida islom dini manbalarini rad etib kelgan toifalardan hisoblanadi. Ularning asosiy maqsadi islomni zaiflashtirish, hadis va sunnatni haybatini ketgizish va islom dinida musulmonlarni chalg'itishdan iborat bo'lgan[10].
Bu toifalar ilk islom tarixida paydo bo'lib, o'zlarining botil g'oya va aqidalari bilan tanilgan e'tiqodiy va amaliy masalalrda adashgan botil oqimlardir. Bu kabi toifa va oqimlarni bugungi kunimizda ham paydo bo'lganligi o'zlarining botil g'oyalari, aniq maqsadga qaratilgan mafkuralari bilan sunnat va hadisga nisbatan noxolislik va ilmsizlik bilan yondashayotganligi, aynan yuqorida zikr etilgan botil oqimlarning zamonaviy ko'rinishlari hisoblanadi.[11]
Ulardan, qur'oniylar[12]ular faqat Qur'ongagina ishonamiz, zero, Alloh taolo faqat Qur'onnigina saqlashga va'da qilgan degan o'ta makkorona da'volarini ilgari surib, qancha-qancha ilmsiz kishilarni adashtirmoqda.Bu toifa aslida o'zlariga xavorijlarni yo'lini lozim tutib, Nabiy (s.a.v.)ning sunnatlarini to'liq inkor qilishadi. Ularning fikricha shariatda hukm chiqarishda hadisga muhtojlik yo'q. Barcha hukm Qur'oni karimdan olinishi kerak deb uylaydi va shu fikrni oldinga so'radi. Qur'oniylarning fikricha: “Hadislar Payg'ambar (s.a.v.)ning vafotlaridan 100-200 yil o'tib tasniflangan. Hadislar roviylar tomonidan to'qilgan yoki uzoq muddat o'tganligi sabab ular unitib yuborilgan yoki xato rivoyat qilingan”, deb hadis va sunnatga nisbatan yolg'on da'vo qilishadi[13].Ularning da'vosi Qur'oni karim turganda yolg'on, xato, shubhalardan holi bo'lmagan hadislar olinmaydi[14].
Bu fikrning umuman shariat ahkomlariga to'g'ri kelmasligi, hadis va sunnatga xiyonatdan boshqa narsa deb bo'lmaydi.
Keyingi zamonaviy firqalardan yana biri aqloniylar[15] bo'lib, ular mu'taziliylar fikridan ilhomlangan. Ular aqlni birlamchi deb, uni asosdan oldinga qo'yadi. Aqloniylarning aql yuritishi Qur'on va sunnatdan ham oldin turadi. Aqloniylar o'z fikri bilan sunnat va hadisni inkor etadilar, shuningdek, Imom Buxoriyning “Sahih al-Buxoriy” asarida kelgan hadislar ularning aqllari tarozisiga muxolif kelsa u hadis olinmaydi. Aqllari etmaydigan narsada, aqllilik qilishlarining o'zi ularning axmoqliklaridan boshqa narsa emasligi ma'lum. Ularning o'zlari ham adashgan va ularga ergashganlarni ham adashtiruvchi xatarli toifa hisoblanadi.
Uchunchi toif zamonaviy rofiziylardir. Bu toifa ham oldingi rofiziylar kabi, sunnati mutahharoga munkar balki ulardan ham ashaddiyroq haddan oshgan sunnat va hadisni tanqid qilishlik borasida. Oldingi rofiziylar mashhur sahobiylardan Abu Bakr Siddiq (r.a.), Umar ibn Hattob (r.a.) va Oysha (r.a.) va boshqalarni la'natlagan bo'lsa, yangi rofiziylar o'z tanqidlarini avvalo, ikki muhaddis Imom Buxoriy va Imom Muslimning sahihlariga qaratadi. Bu toifa vakillari tomonidan Imom Buxoriy asarini tanqidiy o'rganib, unga nisbatan ta'na va tuhmatlar juda ko'p qilingan. Hatto, Imom Buxoriyni islom olamida obro'sini ketgazish, sahih asarining haybatini yo'qotish bo'yicha doimiy targ'ibotlar olib borib, bu to'g'risida maxsus kitoblar ham tasnif etishgan[16].
To'rtinchi toifa haddosiylar[17] bo'ib, ular zamonaviy fikrlar asosida tahlil qiladigan, g'arb islomshunosligi yo'nalishlarida faoliyat olib boradigan, boshqa dinlarning asos va manbalariga qiyoslab islom dini manbalariga ham tanqidiy nazar bilan qaraydiganlar toifasidan iborat. Ularning fikricha har bir narsa yangilanib turilishi lozim, shuningdek, shariat ahkomlari va uning manbalari ham zamonga qarab o'zgarib borishi kerak deb biladi. Bu toifa islom manbalari tarixga aylanib bo'ldi, ularning vaqti o'tdi deb gumon qiladi. Shu sabab ular hadis va sunnatlarga nisbatan hurmatsizlik qiladi va xususan Imom Buxoriyning asarlarini ham o'zlariga xos yo'nalishda inkor etishadi[18].
Beshinchi sunnat va hadisga tanqidiy nazar bilan qaraydiganlardan biri mustashriqlar (islomni sharqshunoslik jihatidan o'rganuvchilar) bo'lib, ular ham yuqoridagi toifalar kabi hadis va sunnatga nisbatan noxolislik bilan yondashadi. Bu kabi fikrlarni g'arblik shaqshunos I.Gol'dtsiyerning (1850-1920)[19] kitorblarida ko'rish mumkin. U hadis va sunnatga nisbatan o'zini tanqidiy qarashlari asosida kitoblar yozgan. Uning fikricha:“Hadislar islomning ikkinchi va uchunchi hijriy yillarida yozilgan bo'lib, u vaqtda Muhammad (s.a.v.)ning vafotidan keyin ko'p vaqt o'tgan. Hadis roviylari tomonidan hadislar uylab chiqilgan yoki to'qima hadislar to'plangan. Imom Buxoriyning “Sahih al-Buxoriy” asari bevosita abbosiy xalifalari ta'siri ostida ta'lif etilgan bo'lib, hadislar davr taqozosidan kelib chiqib to'qib yozilgan”, dedi[20]. Bu fikrlar olimning shaxsiy fikri bo'lib, islom tarixi va manbalariga mutloq nomuvofiq hisoblanadi. Zero, islom tarixi va shariat manbasini hadislarsiz tasavvur qilib bo'lmaydi.
Musulmon olamini yo'ldan chalg'itishga, hadis va sunnatdan uzoqlashtirishga qaratilgan g'oyalarga qarshi ma'rifiy kurashish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etayotganligini bugungi davr ham ko'rsatib turibdi.
Alloh taolo bu kabi fitnalardan O'zi asrasin, to'g'ri hidoyat yo'lidan adashtirmasin. Barcha ummatlarga birdamlikda shariatga amal qilishni, sunnatni mustahkam ushlab Payg'ambarimiz (s.a.v.)ning shafoatlarini nasib etsin!!!.
Davomi bor...
Shukurillo Umarov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi direktori,
Hadisshunoslik ixtisosligi bo'yicha
falsafa doktori.
___________________
Adabiyotlar:
[1]Qur'oni karim. Hashr surasi, 7-oyat.
[2] Zuhayliy. Al-Fiqhu va-l-Islom.. Bayrut, 2011. – B. 1/208.
[3]Horijiylar - ajralib chiqqan, isyonchilar bo'lib, 7-asrda islomdagi ilk oqim tarafdorlari.
[4] Hatib Bag'dodiy. Kifoya fiy ilmi rivoya. Misr. Dor Usmoniya, 2010. B. 48
[5] Tahkim - Halifa Ali ibn Abu Tolib bilan Muoviya ibn Sufyon o'rtasidagi bitim.
[6]Mu'taziliylar - ajralib chiqqanlar, uzoqlashganlar, islomdagi ilohiyot oqimlaridan biri. 8- asr o'rtasida Arab xalifaligida vujudga kelgan. Asoschilari Vosil ibn Ato va Amr ibn Ubayd.
[7]Rofiziylar - tark etish, rad etish, ba'zan maslagidan qaytish ma'nolarida, o'rta asrlarda sunniy islom ilohiyotida izchil islom yo'lidan chetga chiqqan oqimlar, xususan shialar (Abu Bakr (ra) va Umar (ra)ning xalifalik huquqini rad etganlar.
[8] Kayloniy. Ravzatu-l-Kofiy. – B. 202.
[9]Zindiq - dinga ishonmaydigan, xudosiz, ateist, o'rta asrlarda islom ta'limotini rad etgan, boshqacha fikrlovchi oqimlar, dualistlar, moniylik, mazdaqiylik va xurramiylar ta'limoti vakillariga berilgan umumiy nom.
[10] Ahmad Hanbal. Ahkomu ahli milal va ridda. –B. 459.
[11]Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad. Ahkomu ahli milal va ridda.. –B. 409.
[12] Qur'oniylar – islom shariatini hadis va sunnatsiz olib borish tarafdorlari.
[13] Abdurahmon ibn Abdulaziz. Abrozu Ta'uniy-l-muosara fiy jomii-l-sahihi Buxoriy. Misr, Dor ibn Salam. 2010. B.10.
[14] Usmon ibn Muallim. Shubuhotiy qur'oniyya. B. 22-27.
[15] Aqloniylar – mu'taziliylarga o'xshab aqlni naqldan ustun quyadigan toifa.
[16] Lutfiy ibn Muhammad Zag'ir. Intiqodiy shiyati muosiriyn lil sahihayni. B. 8-12. Urdun. 2010.
[17] Haddosiylar – islom shariatini doimiy yangilab borish tarafdorlari.
[18] Anas Suloymon misriy. Muntaloqu fikriyya va aqdiyya inda haddosiyna lil ta'ni fiy sahihayni. Urdun, 2010. – B. 4-27.
[19]Goldziher I. Muhammedaische Studien. Halle, B.I (1889). B.II (1890).
[20] Abdurahmon ibn Abdulaziz. Abrozu Ta'uniy-l-muosara fiy jomii-l-sahihi Buxoriy. Misr, Dor ibn Salam. 2010. B.10.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مُغَفَّلٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «نَفَقَةُ الرَّجُلِ عَلَى عِيَالِهِ صَدَقَةٌ».
Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishining ahli ayoliga qilgan nafaqasi sadaqadir», dedilar.
Sharh: Darhaqiqat, ahli ayolga nafaqa qilish sadaqadir. Chunki bunda kishi vojib ibodatni ado etadi. Zotan, shariat hukmi bo‘yicha ahli ayolning nafaqasi vojibdir. Bu Alloh taoloning amridir. Shariatda ko‘rsatilgan amalni Allohning amrini bajarish niyati bilan qilish Alloh taoloning yo‘lida qilingan ish bo‘ladi. Shuning uchun o‘z ahli ayolimga bersam, sadaqaning savobidan mahrum bo‘laman, degan tushuncha noto‘g‘ridir. Aksincha, yaxshi niyat bilan, shariatning buyrug‘ini, Alloh taoloning hukmini ado etyapman, ahli ayolimning nafaqasi menga vojibdir, shuni haloldan ado etaman, deb harakat qilgan kishi ahlining nafaqasi tufayli ulug‘ ajrlarga erishadi.
عَنِ الْحَسَنِ يَرْفَعُ الْحَدِيثَ قَالَ: «إِذَا أَنْفَقَ الرَّجُلُ عَلَى أَهْلِهِ مِنْ غَيْرِ إِسْرَافٍ وَلَا إِقْتَارٍ كَانَتْ نَفَقَتُهُ بِمَنْزِلَةِ النَّفَقَةِ فِي سَبِيلِ اللهِ».
Hasandan rivoyat qilinadi: «Kishi ahli ayoliga isrof ham qilmay, juda siqib ham qo‘ymay nafaqa qilsa, Allohning yo‘lidagi nafaqa o‘rnida bo‘ladi».
Sharh: Ahli ayolga, ya’ni qaramog‘idagilarga qilingan nafaqada isrof qilish ham, xasislik qilish ham durust emas. Balki o‘rtacha, bir me’yorda nafaqa qilib borish Allohning yo‘lidagi nafaqa bo‘ladi.
Ahli ayolning nafaqasida isrofga yo‘l qo‘yish barcha holatlardagi isrof kabi noshar’iy ish hisoblanadi. Shu bilan birga, bu ish ahli ayolning haddidan oshishiga, odobsizliklarga qo‘l urishiga sabab bo‘lib qolishi ham mumkin.
Ahli ayolning nafaqasini siqib qo‘yish baxillikning yorqin namunasidir. Bu nafaqadagi kishilarning haqqini poymol qilishdir.
Barcha ish va holatlardagi kabi, bu ishda ham o‘rtacha bo‘lish ma’qul. Zotan, dinimiz vasatiylik – o‘rtacha yo‘l tutish dinidir.
Alloh taolo Furqon surasida aytadi: «Infoq qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, bu ikkisi o‘rtasida mo‘tadil bo‘lurlar» (67-oyat).
Arab tilida «infoq» – «nafaqa» iboralari mol-pul sarflash ma’nosini anglatadi. Bizda «birovga sadaqa qilish», «ehson qilish» ma’nosida ishlatish odat tusiga kirib qolganligi oyatni noto‘g‘ri tushunishga, xayr-ehson, sadaqa qilganda mo‘tadil bo‘lishi kerag-u, boshqa vaqtlarda nima qilsa, o‘zi biladi, degan xayolga olib kelmasligi lozim.
Musulmon kishi mol-pul sarflashda doimo mo‘tadil bo‘lishi kerak. Mol-dunyoni hech qachon isrof ham qilmasligi va haddan tashqari xasis bo‘lib, zarur joyga va kerakli miqdorda sarflashdan bosh tortmasligi ham kerak.
Islomda shaxsiy mulkchilikka keng yo‘l ochib qo‘yilgan. Shu bilan birga, kishilarga shaxsiy mulklarini havoyi nafslariga binoan tasarruf qilishlariga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Avvalo, bu mulkni gunoh ishlarga, harom-harishga ishlatish man qilingan.
Shuningdek, mol-mulkni behuda sarflashga «isrof» degan nomni berib, musulmonlar isrofdan qaytarilgan. Mol-mulkini behuda, noo‘rin sarflaydigan odam «safiyh» – esi past deyiladi. Kim safiyh bo‘lsa, mahkamaning hukmi ila uning mol-mulki muzlatib qo‘yiladi. Kerak bo‘lganida, ma’lum miqdori beriladi, qolgani saqlab turiladi.
Shu bilan birga, o‘ta xasis odamga qarshi chora ham ko‘riladi. Bola-chaqasidan, nafaqasidagilardan qisib, ularga haqlari darajasida sarf qilmasa, mahkama ularning haqlarini olib beradi.
Isrofgarchilik va xasislikni tanqid etib, qoralovchi ko‘plab hadislar kelgan.
عَنْ أَبِي الْمُخَارِقِ قَالَ: خَرَجَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي غَزَوةِ تَبُوكَ فَطَلَعَتْ نَاقَتُهُ، فَقَامَ عَلَيْهَا سَرِيعًا، فَمَرَّ بِهِ رَجُلٌ، فَقَالَ لَهُ بَعْضُ أَصْحَابِهِ: مَا رَأَيْنَا كَالْيَوْمِ رَجُلًا أَجْلَدَ وَلَا أَقْوَى لَوْ كَانَ فِي سَبِيلِ اللهِ. فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «إِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى صِبْيَةٍ صِغَارٍ فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى وَالِدَيْهِ فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى نَفْسِهِ لِيُغْنِيَهَا فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى رِيَاءً وَسُمْعَةً فَهُوَ لِلشَّيْطَانِ».
Abul Muxoriqdan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Tabuk g‘azotiga chiqdilar. Tuyalari kelib qoldi. Unga tezda mindilar. Shunda oldilaridan bir kishi o‘tib qoldi. Hamma o‘sha kishiga qaradi. Shunda sahobalardan biri u zotga: «Bugungiga o‘xshash baquvvat, chapdast odamni hech ko‘rmagan edik. Qani endi u Allohning yo‘lida bo‘lsa», dedi.
Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Agar u o‘zining kichik bolalari uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u ota-onasiga yaxshilik qilish uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u o‘zining behojatligi uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar riyo va xo‘jako‘rsin uchun urinayotgan bo‘lsa, shaytonning yo‘lidadir», dedilar».
Sharh: Demak, mo‘min-musulmonlar riyokorlikdan, xo‘jako‘rsinchilikdan, falonchi gapiradi, pistonchi kuladi, falonchini qoyil qilib qo‘yay, kabi bandaning rioyasini qilishdan mutlaqo uzoq bo‘lishlari, hazir bo‘lishlari kerak. Balki har bir ishni sof niyat bilan, shariatda ko‘rsatilganidek, Alloh taolodan savob umidida ado etish lozim ekan. Shunda ham hojati ravo bo‘ladi, ham murod-maqsadiga yetib, boshqalarni xursand qiladi, eng muhimi, Allohning yo‘lida amal qilgan inson darajasiga ko‘tariladi.
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. O‘zining kichik bolalari uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
2. Ota-onasiga yaxshilik qilish uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
3. O‘zining behojatligi uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
4. Riyo va xo‘jako‘rsin uchun urinayotgan odam shaytonning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
قَالَ شُعْبَةُ: فَقُلْتُ لِعَدِيٍّ: عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ؟ فَقَالَ: عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «إِذَا أَنْفَقَ الرَّجُلُ عَلَى أَهْلِهِ نَفَقَةً يَحْتَسِبُهَا كَانَتْ لَهُ صَدَقَةً».
Shu’badan rivoyat qilinadi:
«Adiyga: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdanmi?» dedim.
«Ha, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan. U zot: «Qachon kishi ahliga savob umidida nafaqa qilgan bo‘lsa, uning uchun sadaqadir», dedilar», dedi».
Sharh: Ahliga, qaramog‘idagilarga savob umidida, bu Allohning hukmi, shariatning buyrug‘i, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalari, bu menga vojib, degan niyatda va albatta, halol-pok yo‘l bilan topilgan moldan qilingan nafaqa sadaqa o‘rniga o‘tib, ulkan ajr-savoblarga sabab bo‘lishi shubhasiz haqiqatdir.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz