Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Iyun, 2025   |   5 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:53
Peshin
12:27
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:45
Bismillah
30 Iyun, 2025, 5 Muharram, 1447

Sunnat va hadisni inkor etuvchi toifalar: tarixiy va zamonaviy o'xshashliklar (1-qism)

01.03.2022   1515   19 min.
Sunnat va hadisni inkor etuvchi toifalar: tarixiy va zamonaviy o'xshashliklar (1-qism)

Hadis ilmi tarixi va bu ilmning tadrijiy bosqichlarini o'rganish, sunnat va hadisga nisbatan noxolislik bilan bildirilgan fikrlarga qarshi munosib, ilmiy javob berish har bir davrning zaruriy talablaridan sanalgan. Zero, bu hadis ilmi Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ning muborak so'zlari, shariatning madori, Qur'oni karimning tafsiri, amallar ta'rifi bo'lgan Qur'oni karimdan keyingi ikkinchi asl manbadir. Islom shariatiga muvofiq ish tutgan salaf, xalaf olimlar barcha mo'min-muslimlar bu manbaning haqligi va sahihligiga ittifoq bo'lishgan. Sunnat va hadisning maqomi musulmonlar hayotida juda muhim bo'lib, Qur'oni karimni tushunish, uning ma'nolari mazmunini va daqiq masalalar hukmini hadislarsiz anglash mushkul bo'ladi.

Hadislarga nisbatan tanqidiy fikrlar bildirilishi sekin-astalik bilan musulmonlar ongiga singdirilishiga bo'lgan harakatlar bu mavzuni yanada kengroq o'rganishga sabab bo'lmoqda. Ayniqsa, bu tanqidlar “Sahih al-Buxoriy” asari atrofida bo'layotganligi, musulmon kishini yanada hushyor bo'lishiga undashi kerak. “Sahih al-Buxoriy”ga va undagi hadislarga nisbatan musulmon ummatida shak paydo qila olishsa, boshqa hadislar bo'yicha tasnif etilgan kitoblarda shak uyg'otish yanada osonroq kechadi. Bu “Sahih al-Buxoriy” asari sahihligi jihatidan Qur'oni karimdan keyingi manba sifatida e'tirof etilgan. Shuning uchun bu ta'na va tanqidlar butun hadis ilmiga, sunnati Nabiy (s.a.v.) nisbatan qaratilganligi ma'lum. Alloh taolo Qur'oni karimda Payg'ambar (s.a.v.) keltirgan narsani olish va qaytargan narsalardan qaytishga buyurgan.

وَمَآ ءَاتَىٰكُمُ ٱلرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَىٰكُمْ عَنْهُ فَٱنتَهُوا۟ وَٱتَّقُوا۟ٱللَّهَ إِنَّ ٱللَّهَ شَدِيدُ ٱلْعِقَابِ

Payg'ambar sizga nimani bersa, o'shani olinglar va nimadan qaytarsa, o'shandan qaytinglar. Allohdan qo'rqinglar. Albatta, Alloh azobi shiddatli zotdir.[1]

Shunday ekan qanday qilib, Rasululloh (s.a.v.)ning so'zi, amali, chiroyli xulqlarini o'zida jamlagan ming yillardan buyon hadislari eng sahih deb e'tirof etilgan asar “Sahih al-Buxoriy”ga shubha va ta'na bilan qarashlar vujudga kelmoqda.

Mazkur mavzu doirasida hadislarga nisbatan tanqidiy, ta'na va shubhaga asos bo'layotgan sabablarni keltirib o'tamiz. Musulmonlar fikrida sunnat va hadisga nisbatan shubha uyg'otish, bu orqali muqaddas dinidan uzoqlashtirish, islom shariatini ikkinchi manbasiga shak paydo qilishdan boshqa narsa emas. Zamonamiz olimlaridan Mustofo Zuhayli bu to'g'risida shunday deb ta'kidlagan: “Kim shariatni hadissiz o'rganishni da'vo qilsa u shariatni nuqsonga buribdi. Agar u shariatni Qur'onsiz o'rganishni da'vo qiladigan bo'lsa shariatni tomirini kesibdi”[2].

Bu kabi toifalar tarixi va kelib chiqishiga nazar tashlasak, barchasini maqsadi bir bo'lib, asl manbadan uzoqlashish, yoki uni tan olmaslik, o'zlarini g'oya va mafkurasiga, aqliy tafakkuriga to'g'ri kelmagan shariat manbalariga amal qilmaslikka bo'lgan targ'ibotlarni ko'rishimiz mumkin. Hadislarga tanqidiy yondashuvlar tarixda va hozirgi davrda ham ba'zi musulmon olimlari hamda g'arb olimlari tomonidan amalga oshirilgan. Musulmon olimlarini, xususan hadis ilmi mutaxassislarini maqsadi sunnat va hadisni to'qima, yolg'on, isnodi zaif hadislardan himoya qilish bo'lsa, ba'zi toifalar va g'arblik olimlarning maqsadlari sunnat hamda hadisni manba sifatida rad etganligini ham ko'rishimiz mumkin. Quyida hadis-sunnatga tanqidiy, shubha va ta'na qilish bilan e'tibor qaratgan toifa va oqimlarning tarixiy va zamonaviy toifalarining fikri bilan tanishamiz:

Birinchi toifa ular xavorijlar[3] bo'lib, o'zlarining botil e'tiqodlarida turish uchun sunnati nabaviyni tark etgan, sahobiylarni la'natlab, ularga ergashmagan islom tarixidagi ilk toifa bo'ladi. Sahobilarga ergashishlik ham sunnat ekanligini ular inkor etishdi. Payg'ambarimiz (s.a.v.)ning: “Mening sahobiylarim xuddi yulduz kabi ularning qaysi biriga ergashsangiz hidoyat topasiz”[4], degan so'zlariga amal qilmaganlar ham ushbu xorijiylardir. Muoviya ibn Sufyon va Ali ibn Tolib o'rtasidagi tahkim[5] voqeasiga rozi bo'lgan va bu ikki sahobaga ergashgan barcha sahobiylarni ham dinsizlikda va fisqda ayblaganlar ham ayni xorijiylar bo'ladi.

Shundan so'ng xorijiylar jumhur sahobiylar tomonidan rivoyat qilingan hadislarni rad qildilar, natijada ular o'zlarining mafkurasiga mos hadislarni olib, qolganlarini inkor etishdi. Bu birinchi Payg'ambarimiz (s.a.v.)ning hadis va sunnatlaridan yuz o'girgan toifa sifatida payda bo'ldi.

Ikkinchi toifa mu'taziliylar[6] bo'lib, ahli sunna e'tiqodi yo'nalishiga ko'p ixtilof qilgan toifa sanaladi. Bular sahobiylardan ko'plarini inkor etib, ular tomonidan aytilgan hadislarni ham rad etgan va o'zlarining aqliy qarashlariga hamda e'tiqodiga xilof kelgan hadislarni inkor etishgan. Bu hadislardan, shafoat, qabr azobi, qadar, Allohning qiyomatda ko'rish va Allohning sifatlari to'g'risida kelgan hadislar mu'taziliylar tomonidan rad etilgan.Sababi ularning e'tiqodiy qarashlarida aynan bu masalalar inkor etiladi va buning asosi bo'lgan hadislar ham rad etiladi.

Uchunchi toifa hadis va sunnatni rad etuvchilardan rofiziylar[7] bo'ladi. Bular ham bu borada eng haddan oshgan toifa bo'lib, Payg'ambar (s.a.v.)ning ashoblarini haqoratlash, ularning haqqiga nomaqbul so'zlarni aytish, ularni adolatsizlikda hatto ulardan ba'zilarini dinsizlikda ayblashlari ularning sunnatda ko'rsatilgan hukmlarga amal qilmasliklaridir. Ular o'zlari qaysi sahobiyni ayblashgan bo'lsa ular tomonidan rivoyat qilingan hadislarni ham rad etishgan. Hatto, ulardan Kulayni Abu Ja'farga isnodi bilan quyidagini rivoyat qilgan: “Payg'ambar (s.a.v.) vafotidan so'ng Miqdom, Salmon va Abu Zarrdan boshqa barcha insonlar murtad bo'ldi”, dedi[8]. Bu rivoyat ham tamoman sahobiylarni haqorat qilishdan boshqa narsa emas.

To'rtinchi toifa zindiqiylar[9] bo'lib, ularham o'z qarashlarini himoya qilish maqsadida islom dini manbalarini rad etib kelgan toifalardan hisoblanadi. Ularning asosiy maqsadi islomni zaiflashtirish, hadis va sunnatni haybatini ketgizish va islom dinida musulmonlarni chalg'itishdan iborat bo'lgan[10].

Bu toifalar ilk islom tarixida paydo bo'lib, o'zlarining botil g'oya va aqidalari bilan tanilgan e'tiqodiy va amaliy masalalrda adashgan botil oqimlardir. Bu kabi toifa va oqimlarni bugungi kunimizda ham paydo bo'lganligi o'zlarining botil g'oyalari, aniq maqsadga qaratilgan mafkuralari bilan sunnat va hadisga nisbatan noxolislik va ilmsizlik bilan yondashayotganligi, aynan yuqorida zikr etilgan botil oqimlarning zamonaviy ko'rinishlari hisoblanadi.[11]

Ulardan, qur'oniylar[12]ular faqat Qur'ongagina ishonamiz, zero, Alloh taolo faqat Qur'onnigina saqlashga va'da qilgan degan o'ta makkorona da'volarini ilgari surib, qancha-qancha ilmsiz kishilarni adashtirmoqda.Bu toifa aslida o'zlariga xavorijlarni yo'lini lozim tutib, Nabiy (s.a.v.)ning sunnatlarini to'liq inkor qilishadi. Ularning fikricha shariatda hukm chiqarishda hadisga muhtojlik yo'q. Barcha hukm Qur'oni karimdan olinishi kerak deb uylaydi va shu fikrni oldinga so'radi. Qur'oniylarning fikricha: “Hadislar Payg'ambar (s.a.v.)ning vafotlaridan 100-200 yil o'tib tasniflangan. Hadislar roviylar tomonidan to'qilgan yoki uzoq muddat o'tganligi sabab ular unitib yuborilgan yoki xato rivoyat qilingan”, deb hadis va sunnatga nisbatan yolg'on da'vo qilishadi[13].Ularning da'vosi Qur'oni karim turganda yolg'on, xato, shubhalardan holi bo'lmagan hadislar olinmaydi[14].

Bu fikrning umuman shariat ahkomlariga to'g'ri kelmasligi, hadis va sunnatga xiyonatdan boshqa narsa deb bo'lmaydi.

Keyingi zamonaviy firqalardan yana biri aqloniylar[15] bo'lib, ular mu'taziliylar fikridan ilhomlangan. Ular aqlni birlamchi deb, uni asosdan oldinga qo'yadi. Aqloniylarning aql yuritishi Qur'on va sunnatdan ham oldin turadi. Aqloniylar o'z fikri bilan sunnat va hadisni inkor etadilar, shuningdek, Imom Buxoriyning “Sahih al-Buxoriy” asarida kelgan hadislar ularning aqllari tarozisiga muxolif kelsa u hadis olinmaydi. Aqllari etmaydigan narsada, aqllilik qilishlarining o'zi ularning axmoqliklaridan boshqa narsa emasligi ma'lum. Ularning o'zlari ham adashgan va ularga ergashganlarni ham adashtiruvchi xatarli toifa hisoblanadi.

Uchunchi toif zamonaviy rofiziylardir. Bu toifa ham oldingi rofiziylar kabi, sunnati mutahharoga munkar balki ulardan ham ashaddiyroq haddan oshgan sunnat va hadisni tanqid qilishlik borasida. Oldingi rofiziylar mashhur sahobiylardan Abu Bakr Siddiq (r.a.), Umar ibn Hattob (r.a.) va Oysha (r.a.) va boshqalarni la'natlagan bo'lsa, yangi rofiziylar o'z tanqidlarini avvalo, ikki muhaddis Imom Buxoriy va Imom Muslimning sahihlariga qaratadi.  Bu toifa vakillari tomonidan Imom Buxoriy asarini tanqidiy o'rganib, unga nisbatan ta'na va tuhmatlar juda ko'p qilingan. Hatto, Imom Buxoriyni islom olamida obro'sini ketgazish, sahih asarining haybatini yo'qotish bo'yicha doimiy targ'ibotlar olib borib, bu to'g'risida maxsus kitoblar ham tasnif etishgan[16].

To'rtinchi toifa haddosiylar[17] bo'ib, ular zamonaviy fikrlar asosida tahlil qiladigan, g'arb islomshunosligi yo'nalishlarida faoliyat olib boradigan, boshqa dinlarning asos va manbalariga qiyoslab islom dini manbalariga ham tanqidiy nazar bilan qaraydiganlar toifasidan iborat. Ularning fikricha har bir narsa yangilanib turilishi lozim, shuningdek, shariat ahkomlari va uning manbalari ham zamonga qarab o'zgarib borishi kerak deb biladi. Bu toifa islom manbalari tarixga aylanib bo'ldi, ularning vaqti o'tdi deb gumon qiladi. Shu sabab ular hadis va sunnatlarga nisbatan hurmatsizlik qiladi va xususan Imom Buxoriyning asarlarini ham o'zlariga xos yo'nalishda inkor etishadi[18].

Beshinchi sunnat va hadisga tanqidiy nazar bilan qaraydiganlardan biri mustashriqlar (islomni sharqshunoslik jihatidan o'rganuvchilar) bo'lib, ular ham yuqoridagi toifalar kabi hadis va sunnatga nisbatan noxolislik bilan yondashadi. Bu kabi fikrlarni g'arblik shaqshunos I.Gol'dtsiyerning (1850-1920)[19] kitorblarida ko'rish mumkin. U hadis va sunnatga nisbatan o'zini tanqidiy qarashlari asosida kitoblar yozgan. Uning fikricha:“Hadislar islomning ikkinchi va uchunchi hijriy yillarida yozilgan bo'lib, u vaqtda Muhammad (s.a.v.)ning vafotidan keyin ko'p vaqt o'tgan. Hadis roviylari tomonidan hadislar uylab chiqilgan yoki to'qima hadislar to'plangan. Imom Buxoriyning “Sahih al-Buxoriy” asari bevosita abbosiy xalifalari ta'siri ostida ta'lif etilgan bo'lib, hadislar davr taqozosidan kelib chiqib to'qib yozilgan”, dedi[20]. Bu fikrlar olimning shaxsiy fikri bo'lib, islom tarixi va manbalariga mutloq nomuvofiq hisoblanadi. Zero, islom tarixi va shariat manbasini hadislarsiz tasavvur qilib bo'lmaydi.

Musulmon olamini yo'ldan chalg'itishga, hadis va sunnatdan uzoqlashtirishga qaratilgan g'oyalarga qarshi ma'rifiy kurashish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etayotganligini bugungi davr ham ko'rsatib turibdi.

Alloh taolo bu kabi fitnalardan O'zi asrasin, to'g'ri hidoyat yo'lidan adashtirmasin. Barcha ummatlarga birdamlikda shariatga amal qilishni, sunnatni mustahkam ushlab Payg'ambarimiz (s.a.v.)ning shafoatlarini nasib etsin!!!.

Davomi bor...

Shukurillo Umarov,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi direktori,

Hadisshunoslik ixtisosligi bo'yicha

  falsafa doktori.

___________________

Adabiyotlar:

[1]Qur'oni karim. Hashr surasi, 7-oyat.

[2] Zuhayliy. Al-Fiqhu va-l-Islom.. Bayrut, 2011. – B. 1/208.

[3]Horijiylar - ajralib chiqqan, isyonchilar bo'lib, 7-asrda islomdagi ilk oqim tarafdorlari.

[4] Hatib Bag'dodiy. Kifoya fiy ilmi rivoya. Misr. Dor Usmoniya, 2010. B. 48

[5] Tahkim - Halifa Ali ibn Abu Tolib bilan Muoviya ibn Sufyon o'rtasidagi bitim.

[6]Mu'taziliylar - ajralib chiqqanlar, uzoqlashganlar, islomdagi ilohiyot oqimlaridan biri. 8- asr o'rtasida Arab xalifaligida vujudga kelgan. Asoschilari Vosil ibn Ato va Amr ibn Ubayd.

[7]Rofiziylar - tark etish, rad etish, ba'zan maslagidan qaytish ma'nolarida, o'rta asrlarda sunniy islom ilohiyotida izchil islom yo'lidan chetga chiqqan oqimlar, xususan shialar (Abu Bakr (ra) va Umar (ra)ning xalifalik huquqini rad etganlar. 

[8] Kayloniy. Ravzatu-l-Kofiy. – B. 202.

[9]Zindiq - dinga ishonmaydigan, xudosiz, ateist, o'rta asrlarda islom ta'limotini rad etgan, boshqacha fikrlovchi oqimlar, dualistlar, moniylik, mazdaqiylik va xurramiylar ta'limoti vakillariga berilgan umumiy nom.

[10] Ahmad Hanbal. Ahkomu ahli milal va ridda. –B. 459.

[11]Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad. Ahkomu ahli milal va ridda.. –B. 409.

[12] Qur'oniylar – islom shariatini hadis va sunnatsiz olib borish tarafdorlari.

[13] Abdurahmon ibn Abdulaziz. Abrozu Ta'uniy-l-muosara fiy jomii-l-sahihi Buxoriy. Misr, Dor ibn Salam. 2010. B.10.

[14] Usmon ibn Muallim. Shubuhotiy qur'oniyya. B. 22-27.

[15] Aqloniylar – mu'taziliylarga o'xshab aqlni naqldan ustun quyadigan toifa.

[16] Lutfiy ibn Muhammad Zag'ir. Intiqodiy shiyati muosiriyn lil sahihayni. B. 8-12. Urdun. 2010. 

[17] Haddosiylar – islom shariatini doimiy yangilab borish tarafdorlari.

[18] Anas Suloymon misriy. Muntaloqu fikriyya va aqdiyya inda haddosiyna lil ta'ni fiy sahihayni. Urdun, 2010. – B. 4-27.

[19]Goldziher I. Muhammedaische Studien. Halle, B.I (1889). B.II (1890).

[20] Abdurahmon ibn Abdulaziz. Abrozu Ta'uniy-l-muosara fiy jomii-l-sahihi Buxoriy. Misr, Dor ibn Salam. 2010. B.10.

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Haj qildingizmi? Endi hayotingizda ham haj ko‘rinsin!

28.06.2025   6614   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Zayniddin domla Eshonqulov