أَوۡ كَٱلَّذِي مَرَّ عَلَىٰ قَرۡيَةٖ وَهِيَ خَاوِيَةٌ عَلَىٰ عُرُوشِهَا قَالَ أَنَّىٰ يُحۡيِۦ هَٰذِهِ ٱللَّهُ بَعۡدَ مَوۡتِهَاۖ فَأَمَاتَهُ ٱللَّهُ مِاْئَةَ عَامٖ ثُمَّ بَعَثَهُۥۖ قَالَ كَمۡ لَبِثۡتَۖ قَالَ لَبِثۡتُ يَوۡمًا أَوۡ بَعۡضَ يَوۡمٖۖ قَالَ بَل لَّبِثۡتَ مِاْئَةَ عَامٖ فَٱنظُرۡ إِلَىٰ طَعَامِكَ وَشَرَابِكَ لَمۡ يَتَسَنَّهۡۖ وَٱنظُرۡ إِلَىٰ حِمَارِكَ وَلِنَجۡعَلَكَ ءَايَةٗ لِّلنَّاسِۖ وَٱنظُرۡ إِلَى ٱلۡعِظَامِ كَيۡفَ نُنشِزُهَا ثُمَّ نَكۡسُوهَا لَحۡمٗاۚ فَلَمَّا تَبَيَّنَ لَهُۥ قَالَ أَعۡلَمُ أَنَّ ٱللَّهَ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٖ قَدِيرٞ٢٥٩
259.Yoki tag-tugi bilan vayron bo'lgan qishloqdan o'tayotganni ko'rmadingizmi? U: "Alloh bu xarobani qanday jonlantirarkin?" dedi. Shunda Alloh uni yuz yilga o'ldirdi, so'ng tiriltirib: "Qancha yotding?" dedi. U: "Bir kun yo undan ham ozroq yotdim", dedi. "Yo'q, yuz yil yotding, taom va ichimligingga qara, buzilmagan, endi eshagingni ko'r. Bu seni odamlarga ibrat qilish uchun. Suyaklarni qanday tiklab, ularga go'sht qoplashimizni ko'r", dedi. Bular aniq bo'lgach: "Alloh hamma narsaga qodirligini bildim", dedi.
Bu voqea Uzayr alayhissalom bilan sodir bo'lgan edi. Alloh taolo O'z qudratini ko'rsatish uchun uning jonini oldi va eshagini ham o'ldirdi. Keyin yuz yil o'tkazib tiriltirdi. Uzayr alayhissalom anjir va sharobi buzilmay turganini, lekin minib kelgan eshagi o'lib, chirib ketganini ko'rdi. Alloh taolo Uzayr alayhissalom ko'z o'ngida eshagiga jon ato etdi, uni minib yangi tiklangan shaharga kirdi. Bu voqeani ko'rib, hamma hayratda qoldi. Uzayrning o'zida ham mushohada ilmi paydo bo'lib, Alloh taoloning hamma narsaga qodirligiga yana bir bor imon keltirdi.
Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.
Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.
“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.
Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.
“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).
Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.
Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.
“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).
Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.
“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).
Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.
“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.
“(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi, 19-oyat).
Davron NURMUHAMMAD