Shu kunlarda muftiy Nuriddin domla hazratlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining bir qancha tumanlarida bo‘lib, masjidlarda namozxonlarga diniy-ma’rifiy suhbatlar qilib bermoqdalar. Bunday manfaatli suhbatlardan qoraqalpoq ahli g‘oyat mamnun bo‘lib, muftiy hazratlariga o‘z minnatdorligini bildirmoqdalar.
Ana shunday go‘zal suhbatlardan biri 23 fevral kuni Tahiyatosh tumanidagi “Sariq Eshon” jome masjidida davom etdi.
Unda muftiy Nuriddin domla hazratlari xufton namozidan so‘ng jamoatga Allohga maqbul eng yaxshi amallar haqida mav’iza qilib, mavzu doirasidagi hadislardan o‘qib, uni sharhlab shunday dedilar:
– Jobir roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda odamlarning ichida Allohga suyuklisi o‘zgalarga foydasi, manfaati yetadigani, eng maqbul amali esa bir kishini qalbiga xursandchilik kirgizadigani, bir musulmonni dunyodagi qiyinchiligini, mashaqqatini ketkizadigani, yoki qarzdorning qarzini uzib qo‘yadigani, shu bilan birga qorni och odamni to‘ydiradigani deyilgan. Bugun biz bularning qay biriga amal qilyapmiz? Hozir shunaqa bo‘lib qoldiki, birortasi qarz so‘rasa bermaymiz. Yordam qilgimiz kelmaydi. Muhtojroq odamni ko‘rib qolsak, biror narsa so‘ramasin deb qochamiz. Bu chin mo‘minning ishimi? Qo‘lingizdan kelsa qarzdor odamni mushkulini oson qiling, muhtoj odamning hojatini chiqaring, bu kabi amallar Masjidi Nabaviyda bir oy e’tikof o‘tirgandan afzal deyilgan hadislarda. Haqiqiy, chin mo‘min bo‘lmoqchimizmi, unda mana shu amallarga e’tiborli bo‘lishimiz lozim.
Shuningdek, muftiy hazratlari haqiqiy mo‘min qanday duo qilishi haqida so‘z yuritib, faqat bu dunyoni so‘rayvermasdan oxirat yaxshiligini so‘rashni ham ta’kidladilar.
Dolzarb mavzuda qilingan ma’ruza yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirishi barobarida o‘ziga tegishli manfaat ham olishlariga sabab bo‘ldi. Jamoat muftiy hazratlarining tashriflaridan behad mamnun bo‘lib, go‘zal suhbatlaridan ruhiy ozuqa oldilar.
Ma’rifiy suhbat so‘ngida jamoat va xalqimiz farovonligi yo‘liga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Al-Kisoiy al-Kufiy 119/737 yil Kufada dunyoga kelgan.
To‘liq ismi: Ali ibn Hamza ibn Abdulloh ibn Bahman ibn Fayruzm al-Kisoiy al-Kufiy. Imom al-Kisoiy yoshligida ilm o‘rganishga juda intilardi, lekin boshlang‘ich davrda muvaffaqiyat qozona olmasdi. Bir safar Qur’onni yod olishda qiynalgach, ustoziga: “Men hech narsani yodlay olmayapman, charchadim”, dedi.
Ustoz unga sabr qilishni va Qur’onning barakasiga ishonishni tavsiya qildi. Shundan so‘ng, Imom al-Kisoiy sabr bilan harakat qilib, Qur’onni mukammal yod oldi va keyinchalik mashhur qiroat imomlaridan biri bo‘ldi. Bu voqea sabr va mehnatning samarasini eslatadi.
Hayoti: Al-Kisoiy Kufada tug‘ilgan va tilshunoslikda ham, qiroatda ham yuqori maqomga ega bo‘lgan. Undan nega «Kisoiy» deb nom olganligi haqida so‘rashganida u, – "chunki men hajda kisoda (kiyimda) ehrom bog‘laganman", deb javob bergan ekan. U asli fors bo‘lib, Bani Asad qabilasining qullaridan edi.
Ilmiy faoliyati: Uning asosiy ustozlari Hamza al-Kufiy va boshqa yirik qiroatchilar bo‘lgan. Bundan tashqari Kufa maktabini asoschisi hisoblanadi.
Muoz al-Harro va Abu Ja’far Ruasiylarda nahvdan tahsil oldi. Ular-dagi ilmlarni olib bo‘lib, ulardan qoniqmay qolgach, Basraga kelib Iso ibn Umar, Abu Amr ibn al-Alo va Al-Xalil ibn Ahmaddan ilm o‘rgangan. Qiroatni esa Sho‘ba ibn Hajjojdan ta’lim olgan.
U zot juda ko‘p asarlar ham yozgan: "Kitab muxtasar fi an-nahv" (Nahvga oid qisqa bo‘lgan kitob), "Kitab al-hudud fi an-nahv" (Nahvdagi hadlar oid kitob), "Kitob al-qiroat (Qiroatga doir kitob)", "Kitab al-adad (Sonlarga doir kitob)", "Kitab ixtilaf al-adad (Sonlarning ixtilofiga oid kitob)", "Kitab al-huruf (Harflarga oid kitob)", "Kitab maoniy al-Qur’an (Qur’on ma’nolari haqidagi kitob)" kabi ko‘plab kitoblar yozgan.
Nahvdan Farro uning xos shogirdlaridan hisoblanadi.
Kisoiy 189/805 yil Roy shahrida vafot etgan.
Matkarimov Nurmuhammad,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.