Erta tongda bolalar hali uyg'onmasdan ishga yo'l olib, tunda bolalar uyquga yotgan paytda ishdan qaytish ko'pchilikda kuzatiladigan holat. Hatto ba'zi azizlarimiz bir necha haftalar mobaynida farzandlarini uyg'oqligida ko'ra olishmayotgani, bir uyda yashab turib ularni sog'inib qolishayotganini aytib bunga echim so'rashadi. Balki sizda ham shunday bo'layotgandir. Farzandlaringiz bilan ko'proq vaqt o'tkazishni xohlaysiz, ularning o'qishlari, qiziqishlari haqida hadeb onasidan emas, o'zlaridan ham eshitgingiz keladi. Lekin nachora. Ishlamasa ham bo'lmaydi. Oilaviy ehtiyojlar tugamaydi. Lekin farzandlar tarbiyasini faqat onasiga yoki enagasiga tashlab qo'yish ham to'g'ri emas. Bunday vaziyatda eng to'g'ri echim bolangizni vaqti-vaqti bilan ishxonangizga olib borishingizdir.
Bundan nafaqat siz, balki, farzandingiz ham olam-olam foydalar oladi. U kechgacha sizni qayerda nima ishlar bilan band bo'lishingiz, kimlar bilan ko'rishishingiz, ishxonangiz qandayligi, umuman olganda kuningizni qanday o'tkazishingizga qiziqib kutib o'tiradi. Uni ba'zida o'zingiz bilan ish joyingizga olib borsangiz, u o'zini juda baxtiyor sezadi. siz oddiygina shu ishingiz bilan unga bo'lgan e'tiboringizni, unga befarq emasligingizni bildirgan bo'lasiz.
Qolaversa, farzandingiz kuni bo'yi ish vaqti davomida sizning qanday qiyinchiliklarga yo'liqishingizni o'z ko'zi bilan ko'radi. Siz uning ta'lim olishi, eb-ichishi, kiyinishi va boshqa barcha ehtiyojlari uchun odamlarning har turli gap-so'zlariga sabr qilib pul topayotganingizga guvoh bo'ladi. Bola bu narsalarni sizga o'zi tili bilan aytmasa-da qalban anglaydi. Buning isbotini bir necha hayotiy misollarda ko'rishimiz mumkin:
Birinchi hikoya. Bolaligimda marhum otam meni ishxonalariga o'zlarib bilan birga olib ketardilar. Bundan men juda xursand bo'lardim. Negaki, qachon ishxonalariga borsam, hamkasblariga mening yutuqlarimni aytib faxrlanardilar. Otam meni maqtaganlari sari, bola bo'lishimga qaramasdan, o'zimdagi mas'uliyat hissining ortib borayotganini sezardim. Shuning uchun otam menga biror ishni buyurishlaridan oldin o'sha ishni u kishi xohlaganlaridek bajarib qo'yishga intilardim. Qiblagohimning bu tadbirlari mening keyinchalik hayotda erishgan ko'plab yutuqlarimga tamal toshi bo'ldi. Hozirda ba'zi bir otalarning o'z do'stlari, hamkasblari yoki qarindoshlari oldida o'z farzandlarini kamsitishlarini, ularni noshudlikda, dovdirlikda ayblashlarini ko'rib hayron qolaman. Axir bu narsa guldek unib-o'sayotgan bolalarni so'ldirib, ularning jajjigina qalblaridagi umid urug'larini nobud qiladi-ku degan fikrlar o'tadi. Shunday paytlarda bunday otalarga tamoman teskari bo'lgan yuzlaridan mehr balqib turgan otajonimning siymolari ko'z o'ngimga keladi va qalbim to'la minnatdorlik tuyg'ulari ila u kishining haqlariga xayrli duolar qilaman.
Ikkinchi hikoya. Dadam avtobusda chiptachi bo'lib ishlardilar. Bir kuni dadam meni o'zlari bilan ishga olib ketdilar. Men avtobusga xuddi otamning shaxsiy mashinasiga o'tirayotgandek viqor bilan chiqib oynaga yondosh o'rindiqlardan biriga o'tirib oldim. Avtobus ichi sekin-asta yo'lovchilar bilan to'la boshladi. Haydovchi amaki avtobusni o't oldirdilar. Ha endi yursak kerak deb tursam, dadam yo'q. Qayoqqa ketibdilar ekan, deb haydovchi amakimdan so'rayman deb tursam, dadam qo'llarida salqin ichimliklar ko'tarib paydo bo'ldilar. Eh, yozning jazirama kunida salqin va shirin ichimlikni ichib avtobusda ketishga nima etsin!..
Avtobus bekatlarda to'xtab-to'xtab borar, dadam yo'lovchilardan yo'l kira haqini birma-bir yig'ib chiqardilar. Peshin yaqinlashgani sayin kun isigandan isib borardi. Tashqari shunchalik issiq bo'lgandan keyin avtobus ichini gapirmasa ham bo'ladi. Men avtobus ichiga tushayotgan quyoshdan qochib xali bu tarafga, hali u tarafga o'tib o'tirib olaman. Dadamga qarab qo'yaman. U kishi chipta sotib har gal yonimdan o'tsalar, “qalaysan” degandek ko'zlarini qisib kulib qo'yadilar. Cho'ntaklaridan dastro'mollarini olib peshonalaridan oqayotgan reza-reza terlarni artib qo'yadilar.
Tushlik payti bir bekatda to'xtab tez tayyor bo'ladigan ovqat sotib oldik. Avtobus shoxbekatga etib borganda haydovchi amakim, dadam va men uchchalamiz kamtarona tushlik qildik. Keyin avtobus yana yo'lga tushdi. Kun issig'idan ko'zim endigina ilingan ekan hamki, shovqindan uyg'onib ketdim. Bir ayol “Namuncha sekin yurasizlar, toshbaqaga o'xshab imillamay, tezroq yursa bo'lmaydimi!?” deb baqirayotgan ekan. Dadam esa bosiqlik bilan avtobuslar qatnovidagi oraliq vaqtga rioya qilish kerakligi, undan tez yurib bo'lmasligini, haydovchi imkon qadar tez haydayotganini tushuntirsalar ham ayol tushunishni xohlamasdi. Ovozi battar ko'tarilardi. Dadamning kayfiyati tushib ketgani shundoq yuzlaridan bilinib turardi. Men bo'lsa shu payt dadamga qarab turib, biz kunduzi issiq payt salqin uyda uxlab yotgan paytimiz dadam shunday jaziramada, odamlarning shunday ozorlariga chidab ishlar ekanlar-da degan o'ylar bilan band edim...
Qosh qorayguncha yo'lovchilar bilan bog'liq xuddi shu kabi dilisiyohliklar yana bir necha bor kuzatildi. Kun kech bo'lib ish tugab uyga qaytganimizda qattiq charchaganimni his qildim. Shu darajadaki, hatto kechki ovqatni ham emasdan uxlab qoldim...
Mana oradan o'ttiz yildan oshiq vaqt o'tdi. Lekin men o'sha kunning ham zavqli, ham g'amgin xotiralarini hali-hamon kechagidek eslayman. Otam bilan birga o'sha kuni tushlikda egan ovqatimizning mazasi haligacha og'zimda qolgandek go'yo. O'sha kuni otam bilan yurgan ko'chalarimizdan mashinamda o'tib qolsam, ko'zimda yosh bilan otamni eslayman. U kishini sog'inib haqlariga xayrli duolar qilaman...
Uchinchi hikoya. Maktabda 4-sinfda o'qib yurgan paytlarim dadam ishlaydigan fermaga tushliklarini olib borardim. Onam ovqat solingan tugunni qo'limga tutqazib “Boraqol, bolam, dadang biz uchun qanchalik ter to'kib mehnat qilayotganlarini ko'rib kelgin” der edilar.
Otam fermada oddiy xizmatchi bo'lib ishlardilar. Har safar tushlik olib borganimda dadam chang-tuproqqa belangan ust-boshlari bilan meni qarshi olardilar. Doim manglaylaridan ter quyilib turgan bo'lardi. Ko'rishganimizda dadamdan ter aralash go'ng hidi kelardi. Yuzlab qoramollar, qo'y-qo'zilar, parrandayu darrandalar boqiladigan fermada ishlaydigan odamda bunday holat bo'lishi tabiiy. Tushlikdan so'ng dadam meni uyga kuzatarkanlar elkamga qo'llarini qo'yib qilgan nasihatlari hech yodimdan chiqmaydi: “O'g'lim maktabda yaxshi o'qigin, darslaringni o'z vaqtida tayyorla, odobli bola bo'l. Men sening kelajakda katta olim bo'lishingni, ilmu ma'rifating bilan insonlarga foyda berishingni xohlayman. Men bu erda sen mehnat qilaman, sen u erda men uchun olim bo'lgin...”
Otamning bunday nasihatlari meni ilm olishga ilhomlantirardi. Har gal darslardan toliqib qolsam yoki dangasalik qilib dars tayyorlash o'rniga televizor ko'rgim kelsa, dadamning shu o'gitlari esimga tushib darrov o'zimni o'nglardim.
Oradan bir necha yil o'tib dadamning ishlari ham yurishib ketdi. Dadam chet elda ishlab bizga pul yuborib turdilar. Dadam yuborgan pullardan o'qishimga sarflardik. Bu pullar barakali bo'lib, er sotib oldik, uy qurdik.
Avval kollejni keyin esa institutda elektron muhandislik fakultetini tamomladim. Hozirda kunda men otamning duolari sharofatidan neft shirkatlaridan birining boshlig'iman. O'zimning shaxsiy samolyotim bor. Maoshim ham shunga yarasha. Allohga behisob shukrlar bo'lsinki, moddiy taraflama kamchiligimiz yo'q. Lekin men uchun shuncha boyligimdan ko'ra dadamning o'sha tuproqqa belangan kiyimlari, peshonalaridan oqqan terlari, menga qilgan nasihatlari qadrliroq va qimmatliroqdir. Chunki men ko'rgan o'sha manzaralar, men eshitgan o'sha nasihatlar shu yutuqlarga erishishimga sabab bo'ldi.
To'rtinchi hikoya. Bolaligimda juda injiq bola bo'lganman. Haddan tashqari erkatoy edim. O'zimizdan badavlatroq oilalarning sharoitini gapirib ota-onamga ko'p ozor berardim. Bir kuni ertalab otam maktabda tushlik qilishim uchun ozgina pul berdilar. Lekin bergan pullari arzonroq taom uchun etarli bo'lsa-da, boy o'rtoqlarim olib eydigan eguliklarga etmas edi. Jahlim chiqib pulni derazadan ko'chaga otib yubordim. Shamol pullarni uchirib ketdi. Ammo otam meni jazolamadilar. Uning o'rniga vazminlik “Ertaga seni bir joyga olib boraman” dedilar.
Ertasiga otam meni ish joylariga olib ketdilar. Dadamning ishxonalar xiyla uzoqda joylashgan ekan. Biz yarim soatcha piyoda yurdik. Men biroz toliqib qoldim. Lekin meni oldinda kutayotgan sarguzashtlarni o'ylab, yana charchaganimni dadam bilib, uyga qaytarib yubormasinlar deb charchaganimni bildirmadim.
Dadam ishlaydigan zavodga etib borganimizdan so'ng dadamning hamkasblari meni rosa izzat-ikrom qildilar. Hattoki zavod direktori mening kelganimni eshitib, meni o'z xonasiga taklif qildi va stoli ustidagi shirinliklar bilan rosa siyladi. Keyin asosiy vaqtimni dadamning dastgoh oldidagi ishlarini kuzatish bilan o'tkazdim. Dadamning metal zavodida ishlashlarini bilardim-u, lekin ishlari bunchalik og'irligini, mashaqqatliligini bilmasdim. O'zimcha kattalar ishxonaga borib o'tirib-o'tirib, o'rtoqlari bilan suhbatlashib pul topib kelishadi deb o'ylar ekanman. Dadamning qora terga botib, zilday temir bo'laklarini dastgohda qayta ishlayotganlarini ko'rganimda pul topish qanchalik qiyin ekanini his qildim.
Kechqurun ish vaqti tugagach, biz uyga tomon yana piyoda yo'lga tushdik. Bu safar yo'l rosa uzoq tuyuldi. Dadamga charchaganimni aytdim. “Mashinaga minsak bo'lmaydimi, dada?” dedim. Dadam esa tabassum bilan: “Eh bolajonim, men har doim mana shu yo'lni piyoda bosib o'taman. Senga, akalaringga beradigan pullarim yo'lkiraga ketib qolmasin deb, har doim ishxonaga piyoda qatnayman. Sen esa kecha yarim soat yurib sizlar uchun tejab qoladigan pulimni ko'chaga uloqtirib yubording...” dedilar. Shu topda peshonamdan muzdek ter chiqib ketdi. Nima deyishimni ham bilmay qoldim. Na “Kechiring dadajon, men bilmagandim” deyishni bilaman, na aytgan gaplaridan o'zimga kela olaman.
Yo'lning davomini dadam to'xtatgan mashinada bosib o'tar ekanmiz ikkalamiz ham jim ketamiz. Hayolimda esa o'sha derazadan otilgan, shamol uchirib ketayotgan pullar...
Eh otajon, Alloh sizni mag'firat qilsin! Hozir o'zim katta bo'lib, mehnat qilib pul topish nimaligini amalda ko'rganimdan so'ng yoshligimda sizga qanchalar bag'ritosh bo'lganimni anglayapman. O'shanda uyga qaytayotganimizda aytgan nasihatingiz sabab men butunlay o'zgargandim. Hayotdan noroziligim rozilikka, noshukrligim qanoatga aylangan edi. Bugun bolalar sizdek otalarga qanchalalr muhtoj...
Beshinchi hikoya. Otamning o'zlari sotuvchi bo'lib ishlaydigan do'konlari bor edi. Yozgi ta'tilda do'konga borib do'kon ishlarida otamga qarashardim.
Bir kuni do'konda o'tirganimizda otam meni oldilariga olib “O'g'lim, sen endi katta yigit bo'lib qolding. Erkak kishi ishidagi, ko'chadagi gaplarni uyga olib kirmasligi va xuddi shu kabi uydagi gaplarni ham ko'chaga olib chiqmasligi, ishxonasiga ko'tarib kelmasligi kerak” dedilar. Bu gap menga katta hayotiy saboq bo'ldi.
O'sha kundan keyin onam mendan do'konda nima ishlar sodir bo'lganini har qancha so'rasalar ham aytmaydigan bo'ldim. Do'konga har xil odam keladi, ba'zida dilxiraliklar ham bo'lib turadi. Lekin bularning hech birini onamga bildirmasdim. “Bolam, bugun nimalar qilding, do'konda bugun nimalar bo'ldi, qanday hodisalar bo'ldi?” deb so'rar edilar. Men “Hech narsa, hammasi joyida, kunim yaxshi o'tdi” deb qo'yar edim xolos. Dadamning birgina o'sha “O'g'lim, sen ham katta yigit bo'lib qolding” degan gaplari bilan men o'zimni katta odamlardek his qilardim. Birgina shu gaplari menga haqiqiy erkak kishining xislatlaridan biri bo'lmish sir saqlay olish fazilatini taqdim etgan edi.
Maktabni bitirib, kollejda o'qiyotgan paytlarim onamning ishxonalariga ham borib yordam berardim. Ota-onam o'zim ishlab pul topishimga ruxsat berishmasdi. “Hozir sen faqat o'qishing kerak. Pul haqida o'ylamasliging kerak. Belimizda madorimiz, quvvatimiz bor ekan, biz sening o'qib olim bo'lishing uchun, musulmonlarning taraqqiyotiga hissa qo'shishing uchun tinmay mehnat qilishga tayyormiz, sen o'qishdan chalg'ima” deyishardi. Ishxonada onamning qiynalib ishlayotganlarini ko'rganim sabab o'qishim uchun bergan pullarni tiyin-tiyinigacha zarur va kerakli o'rinlarga sarflar edim. Biror narsaga pul sarflamoqchi bo'lsam, etti o'lchab emas, ming o'lchab keyin kesishga harakat qilardim. Chunki men rohatlanib ishlatayotgan pullar otajonim va onajonimning peshona terlari evaziga topilayotgan pullar ekanini o'z ko'zim ko'rib guvohi bo'lardim.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Shu yil 8 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida vakillik tasarrufidagi masjid imom-xatiblari o‘rtasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” nomli intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyatidagi vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov kirish so‘zi bilan ochib, bellashuvning ma’naviy, ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosari Otabek domla Avezovga esa tanlov tartib-qoidalarini tushuntirdi.
Bellashuv quyidagi to‘rt shart asosida o‘tkazildi:
1. Taqdimot sharti
2. Moturidiy ta’limoti bo‘yicha savol-javob;
3. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatiga oid savol-javob;
Tanlov ishtirokchilari moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari, aqidaviy yechimlari va mantiqiy-ilmiy asoslari yuzasidan o‘z bilimlarini namoyon etdi.
Bellashuv yakunlariga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:
• 1-o‘rin: Moturidiy me’rosxo‘rlari;
• 2-o‘rin: E’tiqod durdonalari;
• 3-o‘rin: Aqida imomlari.
Mazkur tanlov Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib qilish va bu orqali sof e’tiqod, ilm va ma’rifat asoslarini jamiyatda mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati