Kunning ikkinchi yarmida Muftiy Nuriddin domla hazratlari va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiq Toshboyev Qoraqalpog'iston qoziyoti qozisi Shamsuddin Bauatdinov hamroxligida Nukus shahridagi Ko'zi ojizlar maktab-internatiga tashrif buyurib, u erda ta'lim olayotgan bolalar va jamiyat xodimlari bilan dildan suhbat qurdilar va hadyalar ila qalblariga quvonch ulashdilar.
Zero, Islom dinida ko'ngli o'ksik, bemor, jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarning holidan xabar olish, ularga yordam qo'lini cho'zishning savobi katta, ajri bisyor. Bu borada Davlatimiz rahbari tomonlaridan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar dinimiz ta'limotiga va insoniylik mezonlariga juda ham hamohangdir.
Shu ma'noda muftiy Nuriddin domla hazratlari va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Orolbo'yi mintaqasiga tashriflarining uchinchi kunida ana shunday yordamga muhtojlar holidan xabar olib, ular bilan samimiy muloqotda bo'ldilar.
Ular bilan suhbatda hukumatimiz tomonidan nogironlarga qaratilayotgan e'tibor, ularni qo'llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so'z yuritdilar. Tashrif asnosida ko'zi ojizlar jamiyatiga gaz plita, suv isitish aristoni kabi maishiy jihozlar hadya etildi.
Shuningdek, soha rahbarlari Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog'iston Respublikasi hududiy filiali shifoxonasida ham bo'lib, u erda davolanayotgan 16 nafar bolalar holidan xabar olib, ularga o'yinchoqlar va shirinliklar tortiq etdilar.
Har ikki tashrif chog'ida muassasalarga moliyaviy yordamlar ham qilindi.
Yakunda Muftiy hazratlari jannat rayhonlari bo'lgan bolalar haqqiga Alloh taolodan shifoi komil so'rab, duoyu-iltijolar qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 20 yanvar kuni poytaxtimizdagi "Wyndham Tashkent" mehmonxonasida "Tinchlik – dunyo dinlarining muhim tamoyili" mavzusida ilmiy-amaliy konferensiyasi boshlandi.
Nufuzli anjumanni O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov, Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatli vakili Andre Algermissen, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov va boshqa mutasaddi vakillar tabrik so‘zi bilan ochib berdi.
Konferensiyada dinshunos ekspertlar, islomshunoslar, etnik-madaniy birlashmalar, diniy konfessiya vakillari, shuningdek, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyat, milliy madaniy markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari va talabalari ham qatnashmoqda.
Konferensiya davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati