بسم الله الرحمن الرحيم
OTA-ONANI ROZI QILISh – FARZANDLIK BURChI
Muhtaram azizlar! Alloh taolo er yuzida joriy qilgan odat shuki, odam bolalarining barchasi ota-onadan dunyoga keladi. Ota-onani tanlash imkoni yo'q, bu – ilohiy bir taqdir. Buning ustiga Alloh taolo ota-onaga itoat qilishni farz qilib qo'ygan. Shunday ekan, har bir shaxs Alloh taoloning amriga bo'ysunib, bu ilohiy qismatga rozi bo'lib, ota-onasiga chiroyli muomala qilishi, ularning roziligini olishi va itoat qilishi shartdir. Ota-onaga yaxshilik qilishning zarurligi va fazilati haqida Alloh taolo shunday deydi:
وَقَضَى رَبُّكَ أَلَّا تَعْبُدُوا إِلَّا إِيَّاهُ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا إِمَّا يَبْلُغَنَّ عِنْدَكَ الْكِبَرَ أَحَدُهُمَا أَوْ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُلْ لَهُمَا أُفٍّ وَلَا تَنْهَرْهُمَا وَقُلْ لَهُمَا قَوْلًا كَرِيمًا
(سورة الإسراء 23)
ya'ni: “Rabbingiz, Uning O'zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga etsalar, ularga “uf!” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so'z ayt” (Isro surasi, 23‑oyat).
“Ularga yoqimli so'z” deganda ota-onani nomi bilan chaqirmaslik, balki “otajon”, “onajon” kabi so'zlar bilan o'ziga xos muomala qilish, ularni ranjitadigan gaplarni gapirmaslik, ular oldida o'zini nihoyatda hokisor tutish kabilarni tushinish kerak.
Infoq-ehson qilishga ham eng haqli zotlardan biri – ota-onadir. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:
يَسْأَلُونَكَ مَاذَا يُنْفِقُونَ قُلْ مَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ خَيْرٍ فَلِلْوَالِدَيْنِ وَالْأَقْرَبِينَ وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَابْنِ السَّبِيلِ...
ya'ni: “Sizdan (ey, Muhammad!) qanday ehson qilishni so'raydilar. Ayting: “Nimaniki xayr-ehson qilsangiz, ota-ona, qarindoshlar, etimlar, miskinlar va musofirlarga qilingiz!...”” (Baqara surasi 215-oyat).
Ko'rib turganimiz kabi ehson qilinuvchilar ro'yxatining boshida ota-ona zikr qilingan. Shuning uchun ota-ona keksayib, farzandlar balog'atga etganda, ota-onaning nafaqa-ta'minoti bolalarning zimmasidadir. Ota-onani qarovsiz qoldirgan farzandlar qattiq gunohkor bo'ladilar.
Ota-onaga yaxshilik qilish Qur'oni karimda Alloh taologa ibodat qilish, unga hech narsani sherik qilmaslik bilan birga zikr qilingan. Qur'oni karimda shunday deyiladi:
وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا
ya'ni: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz!” (Niso surasi 36-oyat).
Alloh taolo O'zining roziligini ota-onaning roziliklariga bog'lab qo'ydi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:
رِضَا الرَّبِّ فِي رِضَا الْوَالِدَيْنِ وَسَخَطُهُ فِي سَخَطِهِمَا
رَوَاهُ الْاِمَامُ الطَبَرَانِيُّ عَنِ ابْنِ عَمْرٍو رضي الله عنه
ya'ni: “Alloh taoloning roziligi – ota-onaning roziligida, Uning g'azabi esa – ota-onaning g'azabidadir” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Demak, Alloh taoloni rozi qilaman degan kishi – ota-onasini rozi qilsin, Allohni g'azabidan qo'rqqan kishi – ota-onasini ranjitishdan qo'rqsin.
Ota-onaga oq bo'lish, turli ozorlar berish va ularni qarovsiz qoldirish – katta gunohlardandir. Ibn Umar raziyallohu anhu aytadilar:
بُكَاءُ الْوَالِدَيْنِ مِنَ الْعُقُوقِ وَالْكَبَائِرِ
(رواه الامام البخاري)
ya'ni: “Ota-onani yig'isi – oq bo'lish va katta gunohdir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Farzandlar bilib-bilmay ota-onasini yig'latgan, xafa qilgan bo'lsalar, hech kechiktirmasdan Alloh taologa tavba-tazarru qilib, ota-onalaridan kechirim so'rab, ularni xursand qilishga harakat qilishlari kerak.
Ota-onaga yaxshilik qilgan farzandning umri ziyoda va rizqi mo'l-ko'l bo'lishi haqida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
مَنْ سَرَّهُ أَنْ يُمَدَّ لَهُ فِى عُمْرِهِ وَيُزَادَ لَهُ فِى رِزْقِهِ فَلْيَبَرَّ وَالِدَيْهِ وَلْيَصِلْ رَحِمَهُ
(رَوَاهُ الْإِمَامُ أحمدُ بْنُ حَنْبَلٍ عن انس ابن مالك رضي الله عنه)
ya'ni: “Kimni umri uzun va rizqi keng bo'lishi hursand qilsa, ota-onasiga yaxshilik qilsin va silai rahm qilsin”, – dedilar” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Ota-onasiga yaxshilik qilgan farzandlarga jannat eshiklari ochilishi haqida Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:
مَا مِنْ مُسْلِمٍ لَهُ أَبَوَانِ، فَيُصْبِحُ وَهُوَ مُحْسِنٌ إِلَيْهِمَا إِلَّا فُتِحَ لَهُ بَابَانِ مِنَ الْجَنَّةِ
(رَوَاهُ الْإِمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَالْإِمَامُ ابْنُ مَاجَهْ)
ya'ni: “Qaysi bir musulmonning ota-onasi bo'lsa, ularga yaxshilik qilib tong ottirgan bo'lsa, Alloh taolo unga jannatning ikki eshigini ochadi”, – deganlar (Imom Abu Dovud va Imom Ibn Moja rivoyat qilganlar).
Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu Payg'ambarimiz alayhissalomdan so'radilar:
أيُّ العَمَلِ أحَبُّ إِلَى اللهِ تَعَالَى؟ قَالَ: الصَّلاةُ عَلَى وَقْتِهَا. قُلْتُ : ثُمَّ أي؟ قَالَ: بِرُّ الوَالِدَيْنِ
قُلْتُ: ثُمَّ أيٌّ؟ قَالَ: الجِهَادُ في سبيلِ الله
مُتَّفَقٌ عَلَيهِ
ya'ni: “Qaysi amal Alloh taologa sevimliroq?” U Zot alayhissalom aytdilar: “O'z vaqtida o'qilgan namoz”. “Keyin qaysi biri”, – deb so'radim. U Zot: “Ota-onaga yaxshilik qilish”, – dedilar. “Keyin qaysi biri”, – deb so'radim. U Zot: “Alloh yo'lidagi kurash”, – dedilar” (Muttafaqun alayh).
Ushbu hadisi sharifdan ma'lum bo'ladiki, vaqtida o'qilgan namoz amallarning afzalidir va ota-onaga yaxshilik qilish Alloh yo'lidagi kurashdan afzaldir. Bu ma'noni bir qancha hadislarni o'qib bilish mumkin.
Bir kishi Payg'ambarimiz alayhissalomning oldilariga kelib: “Sizning oldingizga hijrat qilish uchun bay'at bergani keldim va ota-onam yig'lab qoldilar”, – dedi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ularning oldiga qayt va ularni qanday yig'latgan bo'lsang, shunday qilib kuldirgin”, – dedilar (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Aholisi zolim bo'lgan ushbu qishloqqa kirish uchun tayyorgarlik ko'ringlar. Albatta, Alloh taolo uni sizlarga fath qiladi, inshaalloh – ya'ni Haybarni – Men bilan asov va nimjon tuya minganlar chiqmasin”, – dedilar. Abu Hurayra raziyallohu anhu onalarining oldiga bordilar va: “Meni jihodga tayyorlang, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam g'azotga tayyorgarlik ko'rishga buyurdilar”, – dedilar. Onasi: “Borasanmi, bilasanku, meni sendan boshqa hech kimim yo'q?!” – dedi. Abu Hurayra: “Men Rasulullohdan qolmasligim kerak”, – dedi. Shunda onasi ko'kragiga ishora qilib, uni shu ko'kragidan sut berib emizganligini pesh qildi. Shundan keyin yashirincha tarzda Rasulullohning oldilariga borib voqeadan xabar berdi. Rasululloh: “Boravering, aytganingizdek bo'ladi”, – dedilar. Abu Hurayra Rasulullohning oldilariga kelgan edi, Rasululloh undan yuzlarini burdilar. Abu Hurayra: “Ey, Rasululloh! Mendan yuzingizni buryapsizmi. Men haqimda biror noxush xabar etdimi?” – dedi. Rasululloh: “Senmi, onang ko'kragini chiqarib, seni ko'krak sutidan berib boqqanini pesh qilishga majbur qilgan. Ota-onasi yoki ulardan biri huzurida turgan qay biringiz o'zini fi sabililloh (Allohning yo'lida) emas deb biladi? Agar ota-onasiga yaxshilik qilsa, ularning haqqini ado etsa, albatta, u fi sabililloh (Allohning yo'lida) bo'ladi”, dedilar. Abu Hurayra raziyallohu anhu aytadilar: “Shundan keyin to onam vafot etgunicha, ikki yilgacha g'azotga chiqmadim” (Imom Abu Ya'lo va Imom Tabaroniylar Anas ibn Molikdan rivoyat qilishgan).
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Siqoyada (Makkadagi joyning nomi) edilar. Bir ayol o'g'li bilan keldi va: Mana bu o'g'lim g'azotga bormoqchi, men esa uni man qilyapman, dedi. Rasululloh: “Onang izn bermaguncha yoki vafot etmagunicha, uning oldidan jilmagin chunki, buning ajri kattadir”, dedilar (Imom Tabaroniy Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilganlar).
Ibn Sa'd Muoviya ibn Johima as-Sulamiydan rivoyat qilishicha, Johima Payg'ambarimiz alayhissalomning oldilariga kelib: “Ey, Rasululloh! G'azotga chiqmoqchi edim. Sizdan maslahat olgani keldim, dedi. Rasululloh: “Onang bormi?” – dedilar. U: “Ha”, – dedi. Rasululloh: “Uni mahkam tut, chunki, jannat uning oyog'i ostidadir”, – dedilar. Bu voqea ikki, uch marta har xil joylarda bo'ldi va o'sha gap aytildi (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Demak, hozirgi kunda o'zlarining fikrlaricha, falon joyda jihod bo'layapti, hamma musulmonlar o'sha erga borishi kerak, hijrat qilishi kerak, ota-onasi norozi bo'lsa, ularni hiyla qilib chalg'itib ketsa bo'ladi, deyayotganlar yuqoridagi hadisi shariflarning hukmiga zid gaplarni aytmoqdalar va bu gaplari mutlaqo e'tiborsizdir. Ota-ona ruxsat bermasa, farzand o'zga yurtlarga jihod uchun chiqib keta olmaydi, bu ish gunohga aylanadi
Shu o'rinda fitnachilarning so'zlari botil ekanini bildirish maqsadida Islomda jihodning hukmi haqida qisqacha to'xtalamiz.
Jihod ikki qismga bo'linadi: talab jihodi va mudofaa jihodi.
“Talab jihodi” – Islom dinini etkazish va Alloh taoloning kalimasini oliy qilish maqsadida kofirlar bilan jang qilishdir. Bu jihoddan maqsad Islomni o'zgalarga etkazishdir.
Ulamolar talab jihodining hozirgi kunda yo'qligiga ittifoq qilishgan. Hususan 2015 yil 25 mart kuni Islom fiqhi akademiyasi hozirda hamma davlatlar urushmaslikka kelishganlari va o'zaro aloqalar o'rnatib elchixonalar ochganlari sababidan bugungi kunda talab jihodi yo'q ekani borasida alohida qaror e'lon qilingan (Qaror raqami: 207 (3/22)).
Demak, hozirgi kunda musulmonlar Islomni o'zgalarga tinch yo'l bilan, turli tuman vositalar yordamida etkazish imkoniga ega bo'ldilar. Ko'plab ulamolar ilmiy maydonda odamlarga Islomni etkazish yo'lida samarali xizmat qilmoqdalar.
“Mudofaa jihodi” dushmanlar musulmonlar yashaydigan yurtga urush qilib, bostirib kirsalar, himoya uchun mudofaa jihodi farzi ayn bo'ladi. Ulamolarimiz mana shunday holatdagina vatanni himoya qilish uchun hech kimni ruxsati kerak bo'lmasligini ta'kidlaydilar.
Buning ustiga talab jihodini oddiy fuqarolar emas, balki podshoh, davlat rahbarlari tashkillashtiradi. Davlat tomondan harbiy safarbarlik e'lon qilingandagina fuqarolarga unga itoat etib harbiy amaliyotlarda qatnashish farz bo'ladi. Oddiy fuqaro yo qandaydir to'daboshining tashabbusi bilan shar'iy jihod tashkil etilmaydi.
Mo'min-musulmonlar bugungi kunimizdagi turli qo'shtirnoq ichidagi voizlarning har qanday “jihod”ga jim-jimador chorlovlari oldida shoshib qolmasliklar, balki hamma e'tirof etgan ulamolarga quloq tutishlari, ummat e'tirof etgan ulamolar atrofida birlashishlari zarurdir.
Bugungi kunda terrorchilik tashkilotlarining da'vatchilari tinch davlatda yashab kelayotgan yoshlarni xorijdagi jangarilar tayyorlovchi markazlarga jo'natish maqsadida dunyoviy davlat va jamiyatni dinsizlikda ayblab, go'yoki hijratga chiqish farz amal ekani, “buning uchun hech kimning, hatto, ota-onaning ruxsatini olish kerak emas” yoki “ota-onamiz bizni dunyoga kelishimizga sababchi bo'lgan xolos, hamma ishni ham ularni maslahatlari bilan qilmaymiz” degan soxta tushunchalarni dindor yoshlarga singdirishga harakat qilishlari o'rta asrlardagi xorijiylarning amalidir.
Vatanni sotish, o'z yurti va vatandoshlariga zarar etkazish, ota-onani norozi qilib “oq bo'lish” esa islom ta'limotida og'ir gunoh hisoblanadi.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda aytiladi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam huzurlariga bir kishi kelib: “Ey Allohning Rasuli, men ota-onamni yig'lagan holda tashlab, hijrat qilish uchun sizning huzuringizga keldim”, dedi. U zot alayhissalom esa: “Ota-onang oldiga qaytib, ularni qanday yig'latgan bo'lsang, shunday kuldirgin”, deb javob berdilar.
Masalaning muhim jihatlaridan biri shuki, go'yoki “hijrat” uchun Suriya kabi mamlakatlarga borayotganlar yaxshilik bilan shug'ullanayotgani yo'q. Aksincha, o'sha erda ularga qo'shilmaganlarni “kofir” deb e'lon qilib, uylarini tortib olib, o'zlarini o'ldirib yubormoqdalar, ayollar va bolalarga zulm qilmoqdalar. Bunday fitnalar, gunohi kabira ishlarga qo'l urgandan ko'ra, o'z yurtida tinchlikda, emin-erkinlikda farz amallarni, ibodatlarni bajarib, halol mehnat bilan oilasini boqib yurganlari afzal emasmi? Shu sababli, islomda, fitna davrida unga aralashmay ibodatda bo'lganlarga katta in'omlar va'da qilingan.
Shu nuqtai nazardan yoshlarimiz yuzlab musulmonlarning hayoti barbod bo'lishiga sababchi bo'lgan millat va din xoinlaridan ehtiyot bo'lishlari lozim.
Shunday ekan, yuqoridagi masalalar ota-onaning farzandda haqqi ulug'ligini bildiradi. Har bir ikki dunyo saodatini istagan farzand bu haqlarga rioya qilsin, ota-onasini rozi qilib o'ziga jannatdan joy hozirlasin!
Alloh taolo barchamizni solih farzandlardan qilib, doim ota-onalarimizga yaxshilik qiluvchilardan qilsin! Turli fitna va aldovlarga tushub qolishdan O'z panohida asrasin! Omin!
No‘monxon Yahyoxon
Toshkent islom instituti talabasi