Avval xabar berganimizdek, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Qoraqalpog'istonga tashrifning uchinchi kunida Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiq Toshboyev bilan birgalikda Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy nomidagi o'rta maxsus islom bilim yurtida bo'lib, u erda ustoz va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlarni ko'zdan kechirdilar.
Shuningdek, mehmonlar ilm dargohi yonida tashkil qilingan «Qur'oni karim va tajvid» kursi faoliyati bilan yaqindan tanishib, o'tgan yili foydalanishga topshirilgan 100 o'rinli yotoqxona, 200 o'ringa mo'ljallangan oshxona va kutubxonani ko'rdilar.
Tashrif davomida Muftiy hazratlari bilim yurti ustozlari hamda talabalari ishtirokida uchrashuv tashkil qilinib, dildan suhbatlashildi. Uchrashuvda muftiy hazratning arab tilida bergan savollariga talabalar ham arab tilida javob berishdi. Nuriddin domla hazratlari o'z so'zlarida tolibi ilmlarga ularni yana ham bilim olishga qiziqtirib, kelasi yili eng a'lo baholarga o'qigan 2 talabaning shartnoma pullarini to'lab berishni aytdilar.
Uchrashuv yakunida muftiy hazratlari mana shunday keng imkoniyatlarga ega bo'lgan va barcha qulayliklar yaratilgan bilim yurti bilan tanishar ekanlar, avvalo, ushbu ne'matlarga shukr qilish lozimligini, uning shukri esa ixlos va ishtiyoq bilan o'qish ekanini ta'kidladi. Kelajakda shu dargohdan, yurtiga, xalqiga, diniga xizmat qiladigan buyuk bobolarimizga munosib tolibi ilmlar etishib chiqishini tilab, duo qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati