Avval xabar berganimizdek, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Qoraqalpog'istonga tashrifning uchinchi kunida Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiq Toshboyev bilan birgalikda Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy nomidagi o'rta maxsus islom bilim yurtida bo'lib, u erda ustoz va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlarni ko'zdan kechirdilar.
Shuningdek, mehmonlar ilm dargohi yonida tashkil qilingan «Qur'oni karim va tajvid» kursi faoliyati bilan yaqindan tanishib, o'tgan yili foydalanishga topshirilgan 100 o'rinli yotoqxona, 200 o'ringa mo'ljallangan oshxona va kutubxonani ko'rdilar.
Tashrif davomida Muftiy hazratlari bilim yurti ustozlari hamda talabalari ishtirokida uchrashuv tashkil qilinib, dildan suhbatlashildi. Uchrashuvda muftiy hazratning arab tilida bergan savollariga talabalar ham arab tilida javob berishdi. Nuriddin domla hazratlari o'z so'zlarida tolibi ilmlarga ularni yana ham bilim olishga qiziqtirib, kelasi yili eng a'lo baholarga o'qigan 2 talabaning shartnoma pullarini to'lab berishni aytdilar.
Uchrashuv yakunida muftiy hazratlari mana shunday keng imkoniyatlarga ega bo'lgan va barcha qulayliklar yaratilgan bilim yurti bilan tanishar ekanlar, avvalo, ushbu ne'matlarga shukr qilish lozimligini, uning shukri esa ixlos va ishtiyoq bilan o'qish ekanini ta'kidladi. Kelajakda shu dargohdan, yurtiga, xalqiga, diniga xizmat qiladigan buyuk bobolarimizga munosib tolibi ilmlar etishib chiqishini tilab, duo qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihalari ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi (https://uzbekistan2030.uz/uzc/muhokama).
Davlat dasturi loyihasida 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 2025 yil uchun amaliy chora-tadbirlar, normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilmoqda.
Loyihada atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” masalalari, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy, davlat boshqaruvi, sud-huquq, xavfsizlik va tashqi siyosat yo‘nalishlarida 2025 yilga mo‘ljallangan keng ko‘lamli islohotlar nazarda tutilgan.
Loyiha 2025 yil 22 yanvarga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o‘tkaziladi.
Har bir yurtdoshimiz 2025 yilgi Davlat dasturi loyihasi muhokamasida faol ishtirok etib, o‘z takliflarini uzbekistan2030.uz onlayn portali va regulation.gov.uz veb-saytlari orqali bildirishlari mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati