Shu kunlarda yurtimizning bir guruh taniqli ulamolari poytaxtimiz masjidlariga tashrif buyurib Peshin, Asr va Hufton namozlarini jamoat bilan birga ado etib, yurtdoshlarimizga go'zal ma'naviy-ma'rifiy suhbatlar qilib bermoqdalar. Bunday jonli mav'izalardan mamnun bo'lgan hamyurtlarimiz o'z minnatdorligini ham bildirmoqda.
Yaqinda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Toshkent shahridagi Ko'kcha dahasida joylashgan “Shayx Zayniddin” jome masjidiga tashrif buyurib, peshin namozidan so'ng jamoatga bugungi kunning muhim masalalaridan biri: “Yoshlarni ijtimoiy illatlardan asrash – dinimiz talabi!” mavzusida mav'iza qilib berdilar.
Muftiy hazratlari farzand tarbiyasida ota-ona oldida turgan majburiyat haqida so'z yuritib bunday dedilar:
– Bola-chaqa bizga omonat berilgan. Ularni komil inson qilib voyaga etkazish gardanimizdagi vazifadir. Farzand tarbiyasida ota-onadan talab qilinadigan muhim omil bu – taqvoyu halollikdir. Imom Buxoriyni Imom Buxoriy qilgan narsa ham otalarining halolligi va onalarining taqvosidir. Nega bugun yurtimizdan Imom Buxoriy, Termiziylar, Ibn Sinolar chiqmayapti? Demak, bolalarimizga beradigan luqmamizga e'tibor berishimiz lozim. Halol bo'lsak, farzandimiz xaromdan qochsa, birovni haqidan, poradan, o'g'irlikdan hazar qilsa, ana o'sha bola jamiyat kutgan buyuk inson bo'lib etishadi. Ularni Allohga, Qur'onga, Vatanga muhabbatli qilib tarbiyalasak, qalbiga boshqa muhabbat kira olmaydi, – dedi muftiy Nuriddin domla hazratlari.
Muftiy hazratlari suhbatlari davomida yoshlarni turli ijtimoiy illatlardan asrash, ularni to'g'ri yo'naltirish haqida ma'ruza qilib, yoshlar orasida vaqtdan unumli foydalanish xususida alohida to'xtaldilar.
– Inson umri – uning eng qimmatli boyligidir. Uning bir soniyasini ham uzaytira olmaymiz. Ammo bugun yoshlar orasida u qadrsiz bo'lib qoldi. Kunini behuda ishlarga sarflab, isrof qilayotganlar etarlicha. Hayot nima uchun berilganini anglab etmayaptilar Umrini nimalarga sarflayotganini hisob qilmayaptilar. Yoshlik g'animat, bu davrda barcha amallarni ilm bo'ladimi, kasbkormi, ibodatmi hammasini mukammal qilish mumkin. Shunday ekan, har bir daqiqadan unumli foydalanib, xayrli ishlarga sarflashi kerak. Bo'lmasa afsuslanib qolishi hech gap emas.
Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi: “Ular u joyda: “Parvardigoro, bizlarni (azobdan) chiqargin – bizlar qilib o'tgan amallarimizdan boshqacha yaxshi (amallarni) qilaylik!” – deb faryod qilurlar. Axir, Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantiruvchi (payg'ambar) ham kelgan edi-ku!...” (Fotir surasi 37-oyat).
Rasul alayhissalom ham yoshlik kishining kamolot kasb etadigan, ko'p yutuqlarga erishadigan vaqti ekaniga ta'kidlab shunday deydilar: “Besh narsani besh narsadan oldin g'animat biling: keksalikdan oldin yoshlikni, kasallikdan oldin salomatlikni, kambag'allikdan oldin boylikni, bandlikdan oldin bo'sh vaqtni, o'limdan oldin tiriklikni g'animat biling!” (Imom Termiziy va Imom Bayhaqiylar rivoyat qilishgan).
Demak, yoshlarimiz hayotining bahori bo'lgan davrni turli bekorchi o'yin-kulgu, orzu-havsalar, gunoh ishlar bilan emas, ilm, kasbkor bilan ibodat va savobli ishlar bilan o'tkazishi lozim, – dedilar muftiy hazratlari o'z so'zida.
Shuningdek, muftiy Nuriddin domla suhbatlari davomida yoshlar orasida qimor va turli o'yinlarga berilish, ma'naviy buzuqlik, shafqatsizlik, kabi illatlar ko'payib borayotgani haqida so'z yuritib, internetdan to'g'ri foydalanish haqida ham fikr bildirdilar.
– Bugun nima savolimiz bo'lsa, ilmli kishilardan emas, internetdan izlaymiz. Uning javobi to'g'rimi, noto'g'rimi angamaymiz. Keyin esa turli tushunmovchiliklar girdobida qolamiz. Bir o'ylab ko'ring, bir kunda necha soatlab internetda o'tiramiz. Ota-onamizga, yaqinlarimizga ham shuncha vaqt ajratyapmizmi? Farzandimizga biror ilm o'rgatyapmizmi? Bir kunda bir mahal ota-onamizga vaqt ajartib ulardan hol-ahvol so'rab qo'ysak qancha xursand bo'ladi. Shu haqda ham mulohaza qilaylik, – dedilar muftiy hazratlari.
Suhbat yakunida Nuriddin domla hazratlari yurtimiz rivoji, yoshlarimiz kelajagi va jamoat haqiga xayrli duolar qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
muslim.uz
Insoniyat tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan buyuk allomalarimizdan biri Imom Abu Mansur Moturidiydir. Ul siymo faqat bir zamonning emas, balki barcha zamonlarning dolzarb va muhim masalalariga asosli hamda qat’iy javoblarni bera olgan mutafakkir olim.
U zotning dunyo ilm-faniga, ayniqsa, aqida ilmiga qo‘shgan hissasi, aql va naqlni uyg‘unlashtirishdagi o‘rni haqida zamondoshlari hamda muhaqqiq olimlar tomonidan yuksak baholar berilgan.
Ko‘pchilik «Abu Mansur» nisbasini eshitganda, u zotning o‘g‘li «Mansur» bo‘lganmi, degan savolga to‘xtaladi. Lekin manbalarda Imom Moturidiy rahimahullohning «Mansur» ismli o‘g‘li bo‘lgani aytilmagan. Ammo tadqiqotchilar manbalarga tayanib, u zotning qizi bo‘lganini ta’kidlagan. Lekin Imom Moturidiy o‘z tafsirida o‘g‘il farzandli bo‘lishni orzu qilganini va uni «Mansur» deb nomlashini aytib o‘tgan. Bu haqda «Ta’vilot al-Qur’on»da shunday deyiladi: «Abu Mansur» deb, unga «Mansur» ismli o‘g‘il tug‘ilishi umidida ishlatiladi».
Bu orzu amalga oshgan yoki yo‘qligi haqida tarixiy ma’lumot uchramaydi. Qayd etilgan jumla Imom Moturidiyning shaxsiy hayotidagi sodda bir orzuni ko‘rsatsa-da, uning tuyg‘ulari qanchalik samimiy ekanini bildiradi.
Imom Moturidiyning ilmdagi darajasi haqida u zotning shogirdlari va izdoshlaridan yetishib chiqqan yetuk olimlar yuksak baholar bergan. «Sayful-haq» (Haqiqat qilichi) degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan olim Abu Muin Nasafiyning ta’kidlashicha: «Agar ahli sunna olimlari orasida faqat Imom Abu Mansur Moturidiyning o‘zi bo‘lganida ham, yetarli bo‘lar edi». Bu ta’rif Imom Moturidiyning ahli sunna va jamoa asosini barpo etishdagi o‘rnini yorqin namoyon qiladi.
Undan tashqari, Abu Muin Nasafiy Imom Moturidiyga: «Ilm ummoniga sho‘ng‘ib, undagi noyob durlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan, dinning hujjat-dalillarini bayon etib, ularni o‘z fasohati, chuqur ilmi va yuksak aql-zakovati bilan sayqallashtirgan olim», degan ta’rifni bergan.
Ustozi Abu Nasr Iyoziyning u zotga nisbatan hurmati va e’tirofi ham juda ta’sirli. U dars majlislarida Moturidiy hozir bo‘lmaguncha gapirmas edi. Har gal uni uzoqdan ko‘rib, hayrat bilan nazar tashlar va Qur’oni karimdan quyidagi oyatni tilga olardi: «Parvardigoring xohlaganini yaratadi va ixtiyor etadi» (Qasos surasi 68-oyat).
Abdulhay Laknaviy «al-Favoidul-bahiya» asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.
Ayrim manbalarda Imom Moturidiy tariqat shayxlari tomonidan ham ummatni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi shaxs sifatida e’tirof etilgani aytiladi. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq ibn Solih Juzjoniy Imom Moturidiyning tasavvufdagi ustozlaridan biri bo‘lgan.
Zamonaviy moturidiyshunos olimlardan Ahmad Sa’d Damanhuriy o‘zining Imom Moturidiyga bag‘ishlab yozgan asarida shunday deydi: «Imom Moturidiy fiqh, ilm, taqvo, dinu diyonat, fazilat va yaxshilikda peshqadam bo‘lib, u bilan hamfikr yoki unga qarshi bo‘lganlarning barchasi uning benazir olim ekanini e’tirof etgan. U sunnatning keskir qilichi, bid’at va gumrohlikka qarshi kurashgan alloma bo‘lgan. Ul zot ko‘plab kitoblar yozib, islom dinini himoya qilgan, unga qarshi chiqqanlarni mag‘lub etgan».
Moturidiyshunos olim So‘nmas Qutlug‘ esa shunday deydi: «Imom Moturidiy Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulug‘ in’om, bebaho tuhfadir».
Ayrimlar «Kitob at-tavhid»ning kirish qismidagi aqliy dalillarga qarab, u zot faqat aqlga tayangan deb xulosa qiladi. Lekin Yaratuvchining mavjudligini inkor qilayotgan insonga o‘sha mavjudlikni aql orqali isbotlash tabiiy va zaruriy uslubdir. Imom Moturidiy naqlni chetlatmagan, balki uni o‘z o‘rnida ishlatgan. Aksincha, Imom Moturidiy ilmda naql va aqlni mukammal tarzda uyg‘unlashtira olgan olim edi. U zot o‘zining sog‘lom e’tiqodga bag‘ishlab yozgan «Kitob at-Tavhid» asarida Qur’oni karimning 77 ta surasining, 350 ta oyatidan foydalangan. Bu esa Moturidiyning aqida masalasida naqlga naqadar e’tibor qilganini ko‘rsatadi. Turk olimi Bakr To‘pol ushbu ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, hatto Imom Moturidiyning ishora qilib ketgan oyatlarini ham keltirgan va bu son yanada yuqori chiqqanini ta’kidlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingani, albatta, butun dunyo moturidiyshunoslarini cheksiz quvontirdi. Bu esa har bir insonning qalbida faxr va shodlik tuyg‘usini uyg‘otmay qolmaydi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Imom Abu Mansur Moturidiy – islom aqidasini himoya qilgan, ahli sunna val-jamoa ta’limotining ilmiy asoslarini tizimlashtirib, mustahkamlagan buyuk olimdir. U o‘z asarlari va ilmiy bahslari orqali turli bid’atchi toifalarning noto‘g‘ri aqidalarini rad etgan. Imom Moturidiy faqatgina raddiya beruvchi emas, balki aqidaviy masalalarga aql va naql asosida yechim topa bilgan buyuk shaxsiyat edi.
Ixtiyor Abdurahmonov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: uza.uz